Bor ekan-u yo‘q ekan, qirq kal bor ekan. Kallardan biri juda rashkchi ekan. Uning oti Yuz Muhammad kal ekan. Kalning o‘rtoqlari uni shu nom bilan chaqirar ekanlar. U bir kun o‘rtoqlariga: “Agarda mening otimni o‘zgar-tirsalaring men bir sigirimni dangona qilib beraman”, debdi. O‘rtoqlari: “Otingni o‘zgartiramiz”, deb kalning nomini Yuz Mahamat qo‘yibdilar. Kal darrov sigirini so‘yib dangona qilib beribdi. O‘rtoqlari dangonani yeb bo‘lishgach, yana kalning ilgarigi ismi bilan Yuz Muhammad kal, deb chaqiraveribdilar. Shunda kalning achchig‘i kelib, so‘ygan molining terisidan tirkish qilib olibdi. Eshagiga minib bir qishloqqa boribdi.
— Тirkish keldi-yo, tirkish keldi-yo, — deb tursa, bir dehqon uning oldiga kelibdi. Dehqon qo‘sh haydayotganda tirkishi uzilib ketgan ekan. Dehqon kalga:
— Ho‘, yigit, bitta tirkishingdan ber, — debdi-da, belbog‘ini yechib kalga uzatib:
— Hu, anavi hovli mening uyim, shu belbog‘ni qo‘shchi berdi, desang senga xotinim g‘alla beradi, — debdi.
Kal:
— Xo‘p, — deb belbog‘ni olib, hovliga qarab ketibdi. Hovliga borib:
— Mana bu belbog‘ni qo‘shchi bobom berib yubordilar, mendan tirkish oldilar, haqiga g‘alla berar ekansiz, — debdi. Dehqonning xotini bir g‘alvir g‘allani olib chiqib, kalning belbog‘iga ag‘darayotganida, uning ko‘zi oshxonada bir erkak turganini ko‘ribdi. Kal darrov, “Bu qo‘shchi bobomning xotinining xushtori bo‘lsa kerak”, deb o‘ylab, belbog‘ining bir chetini qo‘yib yuboribdi. Belbog‘idagi g‘alla yerga to‘kilib ketibdi. Kal o‘tirib, bir chekkadan teraveribdi. Xotin qo‘rqib:
— Yana g‘alla beray, — debdi. Kal:
—Boshqa g‘allaning keragi yo‘q, shuning o‘zi yetadi, men rizqimni terib olib ketaman, — deb kechgacha g‘alla terish bilan ovora bo‘libdi. Kal oshxonadan hech ko‘zini uzmabdi. Ayol esa, haligi erkakni bir xumga solib, ustiga qopqog‘ini yopib qo‘yibdi. Shu payt qo‘shchi ishdan qaytib kelibdi. Qarasa, haligi yigit hali ham g‘alla terayotgan emish. Qo‘shchi xotinini qattiq koyibdi.
— Sen g‘alladan ko‘proq bermadingmi? Bechoraga juda azob beribsan-ku. Endi oshxonaga joy solib ber. Kech bo‘ldi. Shu joyda yotib qola qolsin, — debdi. Xotini “Xo‘p”, deb, oshxonaga joy qilib beribdi.
O‘zi esa, qo‘shchiga choy, non keltirib beribdi. Charchab horigan qo‘shchi darrov uxlab qolibdi. Haligi kal voqeani anglash uchun bu oqshom uxlamabdi. Ko‘zini yumib uxlagansimon bo‘lib yotibdi. Bir vaqt haligi ayol o‘rnidan turib xum tepasiga kelib, uni ochib:
— Ovqat yeysizmi? — deb so‘rabdi. Xumda turib haligi erkak:
— Yeyman, — debdi. Ayol darrov oshxonaga borib tuxum quymoq qilib, uni tovoqqa solibdi. Shu payt qo‘shchi uyg‘onibdi. Xotin yugurib qo‘shchining oldiga boribdi. Kal darrov o‘rnidan turib quymoqni paqqos yeb qo‘yibdi. Xotin qo‘shchini uxlatib oshxonaga boribdi, qarasa, tovoqda quymoq yo‘q emish.
— Bu savil qolgur ola pishak quymoqni yeb qo‘yibdi-ku, — deb uni urib quvibdi. Yana qozonga yog‘ solib, o‘choqqa olov yoqibdi.
Yog‘ qiziganida qo‘shchi yana uyg‘onibdi.
Xotin yana qo‘shchiga yuguribdi. Kal o‘rnidan turibdi-da, qozonga qarabdi. Yog‘ qizib yotgan emish. Kal darrov xumning qopqog‘ini ochib, qozondagi yog‘ni haligi odamning ustidan ag‘daribdi. Qopqog‘ini yana yopib, o‘z joyiga yotib, bahuzur uxlayveribdi.
Тong otibdi, xotin qo‘shchini nonushta qildirib, qo‘shga jo‘natibdi. Kelib xumni ochib qarasa, haligi erkak kishi osmonga qarab o‘lib yotgan emish. Xotin qo‘rqib kalni uyg‘otibdi. Kalga bo‘lgan voqeani aytibdi va:
— Xumdagi o‘lgan odamni go‘ristonga olib borib ko‘mib kel! Bir qop bug‘doy beraman, — debdi.
Bu gap kalga yoqmabdi, bir yog‘iga ag‘darilib yotaveribdi. Yana xotin kelib:
— Ko‘mib kel, baraka topkur, — deb yalinibdi. Kal:
— Bir sanoch tilla bersang, ko‘mib kelaman, — debdi. Xotin bir sanoch tilla berishga rozi bo‘libdi. Kal bir sanoch tillani olib, o‘likni xumdan tortib olib orqasiga ko‘taribdi. Kal o‘likni darvozaga olib chiqib, belini bog‘lab, qo‘liga tayoq berib ketibdi. Kal o‘z qishlog‘iga borsa, jo‘ralari uni o‘rab olishibdi.
— Ey, jo‘ralar, — debdi kal, — sizlar menga juda yaxshi ish qildinglar. Dunyoda tirkish pul ekan. Molimning terisini mana shuncha tillaga sotdim, — debdi. Haligi jo‘ralari tillani ko‘rib, o‘lguday alam qilib, hammasi uyiga borib, molini so‘yibdi, terisini tirkish qilib olibdi. Qishloqqa borib:
— Тirkish keldi-yo, tirkish keldi-yo, — deb yuraveribdilar. Qishloq odamlari ularni ko‘rib ermak qilibdi. Ular bitta ham tirkish sotolmabdilar. Hammasining achchig‘i chiqib, endi uning kapasini kuydirib tashlaymiz, u bizni aldagan ekan, deb kalning kapasiga o‘t qo‘yibdilar. Kal Yuz Muhammad darrov kapasining kulini qopga solib, eshagiga minib ketaveribdi. Kal uzoq yo‘l yuribdi. Bir joyga borsa, yo‘lda bir boyning xotini charchab qolib, dam olib o‘tirgan ekan. Kal uni ko‘ribdi. Boyning xotini kalga:
— Ey, kal, bizni kira qil, — debdi. Kal shunda:
— Mening eshagimga ortilgan narsa nozik narsa, xotin kishi minsa, kul bo‘lib qoladi, —debdi. Boyning xotini:
— Agarda kul bo‘lib qolsa, nozik narsangga narsa beraman, — debdi. Kal ko‘nibdi. Kal eshagiga boy xotinini mindirib uyiga olib borib qo‘yibdi. Kal darrov xotinni eshakdan tushirib:
— Shoshmang, qopni ochib ko‘ray-chi, — debdi. Qopning og‘zini ochib qarasa, bir qop kul emish:
— Minma, dedim, minding. Bir qop tillam kulga aylanibdi, — debdi. Boy xabardor bo‘lib:
— Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi, — deb yugurib chiqibdi. Boobro‘ boy ekan, “Odamlar bilsa uyatga qolaman”, deb bir qop kulning o‘rniga bir qop tanga beribdi.
Kal tangani eshagiga ortib, yana qishlog‘iga jo‘nabdi. Jo‘ralari yana kalni o‘rab olishibdi. Kal:
— Yana yaxshi ish qildinglar, dunyoda kul pul ekan. Bir qop kulimni bir qop tangaga sotdim, —debdi. Jo‘ralari bir qop tangani ko‘rib, o‘lguday izza bo‘lib, hammasi kapasini kuydiribdi. Qishloqma-qishloq yurib:
— Kul keldi-yo, kul keldi-yo, — deb yuraverishibdi. Qishloq xalqlari:
— Kulni kultepaga to‘k-da, — deb ermak qilishibdi. Ularning juda achchiqlari chiqib, “Endi kal Yuz Muhammadni o‘ldiramiz,” deyishibdi. Bu ish kalga oldindan ma’lum ekan. Ularni ko‘rgach, bir cho‘lga qarab qochibdi. Yo‘lda unga bir podachi uchrabdi. Podachi kaldan:
— Nimaga buncha qochasan? — deb so‘rabdi.
— Meni qozi qilmoqchilar. Men xohlamay, qochib kelayotibman, — debdi kal. Podachi:
— Sen mening suruvimni boqib tur, men qozi bo‘laqolay, — debdi. Kal darrov ust-boshini yechib, podachining kiyimlarini kiyib olibdi. Podachiga:
— Qochaver, — debdi. Podachi qochaveribdi. Jo‘ralari yetib kelib podachini ushlab kal Yuz Muhammad shu, deb daryoga oqizishibdi. Hammasi endi bu kaldan qutuldik deb, bazm-ziyofat qilishibdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, haligi kal bir qo‘ton qo‘y-echkini haydab o‘z hovlisiga kirib kelibdi. Jo‘ralari hayron bo‘lib, “Bu qurg‘ur daryodan ham tirik chiqibdi-ya”, deb turishganda kal jo‘ralariga shunday debdi:
— Meni tashlagan daryoning tagida qo‘y-echkining koni bor ekan. O‘zim yakkalik qilib ozgina haydab chiqdim. Agarda ko‘pchilik bo‘lsak, ko‘p qo‘y haydab chiqar edik, — desa, jo‘ralari ishonib:
— Bizlarni ham o‘sha joyga olib bor, — deyishibdi.
Kal qo‘y-echkiga suv bermay, qantaribdi. Ularni daryoga qarab haydabdi. Jo‘ralari ham uning ketidan borishibdi. Suv ichmagan qo‘y, qo‘zi, echkilar o‘zini birdan suvga uribdi. Тiniq bo‘lib oqayotgan suv ichidan qo‘y, echkilar ko‘rinibdi. Birdan bir kam qirq kal o‘zini oldinma-ketin qo‘y-echki olaman, deb daryoga otibdi. Hammasi suvga botib ketibdi. Yuz Muhammad sog‘ qolib, murod-maqsadiga yetibdi.