OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aka-uka

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir aka-uka bor ekan. Akasi kunda ertalab chiqib ketib, kechqurun qaytar ekan. Ukasi uyda qolar ekan.
Bir kuni akasi kechqurun kelganida ukasi:
— Aka, siz har kuni erta ketib, kech qaytasiz. Ertaga o‘zingiz bilan meni ham birga olib keting, — deb iltimos qilibdi.
— Seni olib ketardim-u, lekin menga xalaqit berasan-da, — debdi akasi.
— Yo‘q, xalaqit bermayman, — debdi ukasi. Akasi rozi bo‘libdi. Ertalab aka-uka yo‘lga otlanishibdi. Ular yurib-yurib charchashibdi, och qolishibdi. Bitta boyning eshigiga kelib, yeyishga biror narsa berishini o‘tinib so‘rashibdi. Boy ularga yarimta suvi qochgan non beribdi. Aka-uka nonni yeb bo‘lishgach, akasi:
— Omin, bundan boy bo‘lmagin, — debdi.
Yana yo‘lga ravona bulishibdi. Yurib-yurib kunni ham kech qilishibdi. Yo‘lda bir kampirning uyiga kirishibdi.
Kampir o‘zi juda qarib qolgan bo‘lib, kambag‘al yashar ekan. Uyida bitta sog‘in echkisidan boshqa hech narsasi yo‘q ekan.
Kampir aka-ukalarni xursand bo‘lib kutib olibdi, echkining sutidan sog‘ib beribdi. Ular kampirnikida yotib qolishibdi. Ertalab turib, kampirnikidan chiqib ketishayotganida, akasi:
— Omin, kampirning echkisi o‘lib, echkisiz qolsin, — debdi.
Ukasi yana hayron bo‘libdi, lekin indamabdi. Yana yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Yurib-yurib bir joyga kelishsa, bitta eski hovlining ichida ikkita bola — aka-ukalar yig‘lab o‘tirishgan ekan. Akasi ukasiga:
— Mana bu devorni itaraylik, devor yiqilsin, — debdi.
Ukasi hayron bo‘lib, akasidan so‘rabdi:
— Bu nima deganingiz, hovlining devori yiqilsa, yaxshi bo‘ladimi? Bularning ahvolini ko‘rib turibsiz-ku! — debdi.
Shunda akasi:
—Menga xalaqit berasan, demaganmidim? — debdi.
Ukasi indayolmay qolibdi. Yana yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Yurib-yurib bir joyga kelishsa, ko‘chada ikkita qiz o‘tirgan ekan. Ularning biri juda chiroyli, ikkinchisi xunuk ekan. Akasi chiroyli qizga qaramabdi ham, xunuk qizga esa:
— Omin, baxtingni bersin, — debdi.
Ukasi yana hayron bo‘libdi. Ular uylariga qaytib kelgach, ukasi bo‘lgan voqealar haqida akasidan so‘rabdi. Akasi:
— Birinchi to‘xtagan hovlimizdagi boy juda ham boyib, o‘zidan ketgan, hamma narsani unutgan. Kampir esa haqqa yetishib qolgan, faqat bitta echkisiga ilhaq. Agar echkisi o‘lsa, kampir ham o‘ladi, jannatga tushadi. Eski hovlidagi aka-ukalar esa, devorning tagini kovlasalar, tilla topishadi, so‘ng o‘z kunlarini ko‘raverishadi. Chiroyli qizning doim xaridori ko‘p bo‘ladi, xunuk qizga esa e’tibor berishmaydi. Shuning uchun uning baxtini tiladim, — debdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.