Bahorda qaldirg‘ochlar kelgan kuni ho‘kizni yetaklab, dalaga chiqdim, yetti qadam bosdim. Тo‘xtab, oyog‘im tagidagi yerni kovladim, bir parcha ko‘mir chiqdi. Ko‘mirni lattaga o‘rab, ho‘kizimning shoxiga bog‘ladim. O‘zim uyquga ketdim. Uyqudan turib, og‘ilxonaga borib, uni ochib qarasam, bir alvasti chiqdi. Novchadan kelgan, har ko‘zi tovoqday, og‘zi qulog‘ida, boshidagi telpagining qulog‘i bir qulochga yetgan, chiqdi-yu og‘ilga kirib yotdi, men qo‘rqdim. Birdan u o‘rnidan turib kelib, u yog‘imga o‘tdi, bu yog‘imga o‘tdi, boshini qiyshaytirib, sekin meni turtdi. Mening achchig‘im keldi-da, alvastining boshidagi telpagini yulib olib qochdim. Qarasam, u mening orqamdan quvib kelyapti. Oldimdan bir masjid chiqib qoldi, jon holatda o‘zimni masjidga urdim. Alvasti orqamdan kelib, masjidga kirolmay, bo‘sag‘ada turib, menga qarab:
— Endi meni sarson qilma, telpagimni ber, — deb yalina berdi.
Men “yo‘q” dedim-da, telpagini kiyib oldim. U meni ko‘radi, men uni ko‘raman, xolos. Axir u menga:
— Kel, ikkimiz do‘st bo‘laylik, — dedi. Men ham tantilik qilib: “Xo‘p”, dedim.
Masjiddan chiqdim, alvastining ketidan boraverdim. Bizlar bir-birimizni ko‘ramiz. Ammo bizlarni hech kim ko‘rmaydi. Alvasti menga:
— Do‘stim, men hozir seni bir boyning uyiga ziyofatga olib boraman. Yemasang ham, bizning hunarni tomosha qilib o‘tirgin, —dedi.
Alvasti meni bir boyning uyiga olib bordi. Ichkari-tashqari gumburlagan hovli. Po‘lat darvoza lang ochiq.
Alvasti oldin, men uning ketidan kirib bordim. Qarasam, har biri eshakdek keladigan ikki it cho‘zilib yotibdi. Sherigim bo‘lsa, itlarni tepib-tepib o‘tdi. Itlar seskanib, u yoq-bu yog‘iga qaraydi. Hech narsani ko‘rmaydi, yana mudraydi. Ichkari uyga kirdik. Bizlar bir-birimizni ko‘ramiz, ammo bizlarni hech kim ko‘rmaydi. Alvasti menga:
— Тo‘rga chiqib, sandiqning yonida o‘tirib, tomosha qil, — dedi. Men ham asta-asta o‘tib, sandiqning yonida o‘tira berdim. Sherigim poygohda turdi.
Qarasam, qorni katta boy ikki xotini bilan o‘tiribdi. Dasturxon yozilgan, bir lagan oshni endi yeyishib turgan ekan. Sherigim asta-sekin kelib ikki xotinning orasiga kirib o‘tirib oldi. Hadeb oshni tushiraverdi. Boy:
— Oshni oz qilibsizlar, to‘ymadim-ku, — deb, xotiniga:
— Bor, bir kosa suv keltir, — dedi. Shu paytda qarasam, alvasti yugurib borib, ko‘zaga tushib olibdi, boyning xotini suv olay desa, alvasti suv oldirmaydi. Bizlar bir-birimizni ko‘rib turibmiz, lekin ularning hech biri bizlarni ko‘rmaydi. Alvasti qo‘ynidan bir idish oldi, undan kosaga suyuq bir narsa solib berdi. Xotin kosani ikki qo‘llab boyga uzatayotganda, men qo‘limni cho‘zib, kosani turtib, tushirib yubordim. Boy hovliqib:
— Yo meni, yo seni jin chalgan, — dedi.
Boyning xotini:
— Siz o‘zingiz kosani ushlayolmay tushirib yubordingiz-ku, — dedi.
Shunday qilib men uch marta kosani turtib yubordim. Alvasti ko‘zadan chiqdi, qumursqaday bo‘lib laganga tushdi.
Boy xotiniga:
— Hoy, xotin, lagan ichiga buzoq tushib suzib yuribdi, sen pista po‘chog‘idan chiqayotibsan, — dedi.
Men alvastining ishini tomosha qilib, es-hushimni yo‘qotay deb turganimda boshimdan telpagimni tortib olib, alvasti qochib ketdi. Boy birdan meni ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— Xo‘sh, mening uyimda qaydan paydo bo‘lib qolding? — deb so‘radi.
Men boshimdan o‘tgan voqealarni birma-bir aytib berdim. Unga oxiri alvasti kosaga quyib bergan iflos suvni ichirmay to‘kib yuborganimni ham aytdim.
Boy mendan bu sirlarni hech kimga aytmaslikka va’da oldi. Menga bir sidirg‘a sarpo va pul berib uyidan jo‘natdi.