Kunlardan bir kuni Eshchonboyning jo‘xorisiga Matchonboyning tuyasi kiribdi. O‘sha zamonlarda anchayin gapga ham qozining oldiga boraverishar ekan. Tuyani uch kishi tutib turibdi, bir kishi qozining oddiga borib:
— Qani, qozi buva, Eshchonboyning jo‘xorisiga Matchonboyning tuyasi kiribdi, haydab chyqaylik desak, jo‘xorini bosqilab tashlaydi, shu bachchag‘arni qanday qilib jo‘xoridan chiqarsak? — deb so‘rabdi. Qozi:
— Ertaga kel, — debdi. Odamlar tuyani yotqizib, oyoqlarini bog‘lashibdi-da, ertasi kuni yana qoziga kishi yuborishibdi. Qozi o‘ylab turib:
— Tuyani yiqitib, to‘rt oyog‘idan to‘rtingiz sudrab chiqing, — debdi.
To‘rt odam tuyani jo‘xorining ichidan sudrab chiqishibdi. Jo‘xori esa beshbattar payhon bo‘libdi.