OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aqlsizga ming so‘z oz

Bor ekan-u yo‘q ekan, bir chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Ularning bitta-yu bitta o‘g‘li bo‘lgan ekan. Bir kuni chol:
— Ey kampir, shu o‘g‘ilni uylantirsak, sen ham, men ham qaridik, ro‘zg‘or ishlarini kelin bajarsa, qanday bo‘lardi, — debdi. Kampirga bu gap ma’qul tushibdi, bular darrov hamsoyalarini chaqirib maslahat qilib, bir qizga sovchi yuborishibdi.
Borgan sovchilar qizdan, otasi va onasidan rozilik olishibdi-da, to‘y to‘g‘risida maslahat qilibdilar. Quda tomon:
— To‘yda palov qilish uchun mayiz, yog‘ va go‘sht uchun kichikroq bir go‘sala yuborasizlar, — debdi. Sovchilar bu voqeani kelib yigitning ota-onasiga aytishibdi. Chol-kampir:
— Bisotimizda bor-yo‘g‘i bir inak bor. Xayr, mayli, inakni sotamiz, mayda-chuyda olamiz, go‘salani go‘sht uchun beramiz, — deb rozi bo‘lib, aytilgan narsalarni to‘g‘rilab, sovchilardan berib yuborishibdi.
Oradan uch kun o‘tgach, to‘y boshlanib ketibdi, palov damlanibdi. Borgan kishilar to‘yni o‘tkazib qaytishibdi. Kuyovni qizning yoniga — chimildiqqa olib kirishibdi. Qiz tomon kuyov oldiga chimildiqqa narsalar tortiq qilishibdi. Biri birinchdan qilingan sut solingan shirbirinch, biri tuxum, biri shirmoyi kulcha, shunga o‘xshash yana biri varaqi. Bu narsalar bilan kelin va kuyovning oldilari chosh bo‘lib ketibdi. Shundan keyin ertasi kuyovning hovlisiga kelishibdi va u yerda ham shu marosimlar — chimildiq, ovqat, xullas, kelin hovlisida bo‘lgan hammasi kuyovning hovlisida ham takrorlanibdi.
To‘rt kun o‘tibdi hamki, kelin uydan chiqmasmish, o‘n kun ham o‘tibdi, qaynona ishini yengil qilish o‘rniga kelin uydan chiqmay yotaveribdi. Oradan ikki oy o‘tibdi, kelin hech bir ishga qo‘l urmasmish. Chol va kampir maslahat qilishibdi:
"Kelin qildig-u, hali ham har kuni hovlini o‘zim supuraman, kelin qilib nima ko‘rdik, — debdi kampir. Chol aytibdi:
— Ertalab turib sen hovlining yuzini supuraver, men boramanda, "Menga jo‘ropni ber, o‘zim supuraman", deyman. Sen bo‘lsang, "Yo‘q, o‘zim supuraman", deysan, orada janjal ko‘taramiz. Qani, kelin nima der ekan.
Shu yo‘l bilan bir kuni ertalab chol-kampir janjallashib qolishibdi. Bir vaqt kelin uydan chiqibdi-da:
— Nima gap? — debdi. Shunda chol:
— Bechora kampir har kuni erta bilan hovli ishlarini qilib charchabdi. Bellari egri-bugri bo‘lib qolibdi, shuning uchun "jo‘ropni menga ber" desam, "yo‘q o‘zim supuraman" deb bermayapti, — desa, kelin:
— Shunga ham janjalmi, bir kun birovingiz supuring, ikkinchi kun birovingiz supuring, — deb, qaytib ichkariga kirib ketibdi.
Shunday qilib, chol bilan kampirning ahvoli shu tariqa o‘zgarmay qolaveribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.