OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ayyor bilan sodda

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir ayyor bilan sodda bo‘lgan ekan.
Kunlardan bir kuni ular safar qilmoq uchun yo‘lga chiqishibdi. Yo‘lda ketayotib, bir xumcha oltin topib olishibdi. Oltinni ikkovi bo‘lib olmoqchi bo‘lishibdi. Biroq ayyor soddaga oltinlarni berishni xohlamabdi-da, soddani aldash yo‘liga tushibdi. Ayyor soddaga shunday debdi:
— Agar biz oltinlarni shaharga olib kirsak, kishilar bilib qolib, oltinlarni tortib olishadi. Yaxshisi ularni ko‘maylik-da, kerak vaqtida, oz-ozdan, olib sarflaylik.
Shunda sodda bunga ko‘nibdi. Oltinni ko‘mibdilar.
Kunlar o‘tib, soddaga oltin kerak bo‘lib qolibdi. Buni ayyorga kelib aytgan ekan, ayyor:
— Menga ham kerak edi, — debdi. Shunda ikkisi birga oltin ko‘milgan joyga borib qarasalar, ko‘milgan oltin yo‘qmish. Ayyor oltinni o‘zi o‘g‘irlab, berkitib qo‘ygan ekan. Lekin shunga qaramasdan, soddaga tuhmat qilibdi. Shundan so‘ng, ikkisi qozi oldiga borishibdi. Butun voqeani qoziga aytib berishibdi. Qozi ayyorning gapiga ishonmabdi.
— Biz oltinni daraxt ostiga ko‘mganmiz, ishonmasangiz o‘sha daraxt guvohlik beradi, — debdi ayyor, keyin uyiga kelib, qari otasiga:
— Siz guvoh bo‘lasiz, — debdi. Otasi unga unamabdi. Ayyor, otasiga yalinib yurib, oxiri uni ichi po‘k daraxt ichiga kirgizib qo‘yibdi. Sodda qozini yetaklab daraxt tagiga boribdi. Shunda qozi so‘rasa, daraxt ichidan:
— Oltinni qo‘ygan odam olib ketgan, — degan ovoz kelibdi, Shunda qozi, "bu daraxt ichida shayton borga o‘xshaydi", deb daraxt tagiga o‘t qo‘ydiribdi. O‘t yoqilgach, daraxt ichidagi chol "dod" solib:
— Meni qutqaringlar, meni o‘g‘lim majbur qilgan, — deb baqiribdi, o‘tni o‘chirishibdi cholni olib chiqsalar, u o‘lib qolgan ekan.
Qozi soddaga oltinlarning hammasini beribdi. Shunday qilib, ayyorlik bilan "oltinni olaman" degan ochko‘z ayyor, o‘z otasidan ham, oltinlardan ham ayrilib qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.