Qadim zamonda Farg‘ona mamlakatida Odilxon degan bir podshoh o‘tgan ekan. Uning to‘rtta xotini bo‘lgan ekan. To‘rtta xotinidan bir kam qirqta o‘g‘il ko‘rgan ekan. Bir kuni podshoh cho‘l-biyobonlarda kiyik ovlab yurganda bir qo‘rg‘onga borib qolibdi. “Yuragim kuydi, shu qo‘rg‘ondan bir kosa suv so‘rab ichayin” deb, qo‘rg‘ondan biror kimsani chaqirsa, ro‘molini qiya yopinib, bir qiz qo‘rg‘on eshigining oldiga kelib javob qilibdi. Podshoh qarasa, jamoli osmondagi to‘lgan oyga o‘xshash, o‘n sakkiz yoshli, chiroyli bir qiz. Podshoh qizdan bir kosa suv so‘rab olib ichibdi. Go‘yo sharbat ichganday bo‘libdi. Qizga muhabbat paydo qilibdi. Ovdan qaytib borib, bu qo‘rg‘onga odam yuboribdi:
— Borib bilinglar: Bu qo‘rg‘on kimning qo‘rg‘oni. Qizning ota-onasi bilan gaplashinglar. Qizini bizga xotinlikka bersin. Agar yaxshi gapga ko‘nmasa, qizni tortib olib kelinglar! — dedi.
Podshohning odamlari qo‘rg‘onga yetib borib, chaqirishdi. Bir chol chiqdi. Bu chol kambag‘al ekan, shu joyda kiyik, tulki, bo‘ri ovlab, shularning terisini sotib, kampiri va qizi bilan turar ekan. Cholga “Biz Odilxonning odami bo‘lamiz. Sovchi bo‘lib keldik. Qizingizni podshohga berasiz, bo‘lmasa, zo‘rlab olib ketamiz”, deyishdi. Chol kampirining oldiga kirib maslahatlashdi: “Agar bermaymiz desak, zo‘rlab olib ketishadi. Balki o‘zimizni zindonga soladi. Undan ko‘ra beraylik!” deb, podshohning odamlariga roziliklarini aytdi. Bular borib podshohga bildirishdi. Podshoh qizning qaliniga mol-dunyoni ko‘p berib, necha kecha-kunduz to‘y-tomosha bilan qizni nikohlab oldi. Odilshoh bu xotinidan bir o‘g‘il, ikki qiz ko‘rdi. O‘g‘lining otini Bektemir qo‘ydi. Shu bilan Odilxonning o‘g‘illari qirqta bo‘ldi. Hammasini tarbiyaladi. Bir kam qirq o‘g‘li bo‘shashgan, Bektemir sersavlat, bahodir taxlit yigit bo‘lib yetishdi.
Bir kuni Odilshoh qirq o‘g‘li bilan ovqatlanib o‘tirib, bularni ko‘rib, ko‘ngli ko‘tarilib: “O‘g‘illarim qirq yigitning o‘rnini bosadigan, dushman bosib kelsa, maydonning bir tomonini oladigan bo‘lib qolishibdi. Endi bularni jang-u jadal ishlariga o‘rgatayin!” deb, ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi. Shundan keyin podshoh to‘qsobasini chaqirib, bolalarga ot chopish, tirandozlik, qilichbozlik, ishqilib, nimayiki urush hunari bo‘lsa, o‘rgating, dedi. Тo‘qsoba podshohning qirq o‘g‘liga urush hunarini o‘rgatdi, ammo o‘ttiz to‘qqiz o‘g‘li pandavaqilik qilib, hech narsa o‘rganolmadi. Ular biz podshohzodalar bo‘lsak, bunday ishlarning bizga nima keragi bor, deb yuraverishdi. Тo‘qsoba bularning fe’l-atvorlarini otalariga aytishdan qo‘rqib, aytolmadi. Ammo Bektemir urush hunarlarini yaxshi o‘rgandi.
Bir kuni podshoh to‘qsobadan bolalarining urush hunarini qanday o‘rganayotganliklarini so‘radi. Тo‘qsoba: “Yaxshi” deb aytdi. O‘g‘illarini chaqirib so‘radi. Ular biz juda mohir bo‘lib qoldik! — deb maqtanishdi. Shunda podshoh, endi bolalar manjanaq1 otishni ham bilsinlar dedi. Bir rixtagar2 ustaga buyurib, oltindan qirq quloqli soqqa quydirdi. Soqqani katta maydonga oldirib chiqdi. Podshoh hamma amaldorlarini chaqirtirdi: “Ertaga mening o‘g‘illarim qirq quloqli oltin soqqani irg‘itadi, ko‘rib tomosha qilasizlar!” dedi. Podshoh Bektemir kichkina, deb uni chaqirmay, bir kam qirq o‘g‘illarini maydonga hozirladi. Amaldorlar ham tomosha qilgani kelishdi. Podshoh ham o‘sha yerda turdi. Shunda podshohning bir kam qirq o‘g‘li birin-ketin kelib, soqqani ushlab, ko‘tarib otish u yoqda tursin, loaqal joyidan qimirlata olmadi. Podshoh izza bo‘lib, yerga qarab qoldi. Podshoh xafa bo‘lganicha avg‘on bog‘iga borib yota berdi. Bektemir otasining bog‘da xafa bo‘lib yotganini eshitib, bordi. Bektemir qarasa, otasi xafa bo‘lib o‘tiribdi:
— E, otajon! Arslonday qirqta o‘g‘lingiz bo‘lsa-yu, nimadan g‘am tortib xafa bo‘lasiz? — dedi. Podshoh:
— Bir kam qirq akangning “arslonligini” ko‘rdim. Arslonlik u yoqda tursin, bir kam qirqi yig‘ilib, bitta sichqonning burnini qonata olmaydi! —dedi. Bektemir:
— Nima bo‘ldi, ayting? — dedi. Otasi:
— Bir kam qirq akang nima qildi-yu, sen nima qilar eding! — dedi. Bektemir otasiga: “Xafa bo‘lishingizning sababini ayting!”— deb qistay berdi. Odilshoh oxiri, bir kam qirq o‘g‘li qirq quloqli soqqani o‘ynay olmaganini, o‘zi amaldorlarining oldida izza bo‘lganini aytdi.
Bektemir bu gapni eshitib xafa bo‘lib, yuragi jo‘sh urdi. Otasining oldidan chiqib, otasiga ham, boshqalarga ham bildirmay to‘ppa-to‘g‘ri maydonga bordi-yu, bor kuchini to‘plab turib, qirq quloqli oltin soqqani dast ko‘tarib, osmonga irg‘itib yubordi. Soqqa otasining o‘rdasidagi ravoqning bir chekkasini uchirib pachaqlab ketdi. Bektemirning bu ishini hech kim payqamay qoldi. Shu onda podshohning odamlari yugurib borib, podshohga:
— E, taqsiri olam! Siz quydirgan qirq quloqli oltin soqqa uchib kelib, o‘rdangizga tushdi, ravog‘ingizga tegib sindirdi, ammo soqqani kim otganini hech kim bilmaydi, — dedi.
Bu gapni podshoh eshitib hayron bo‘ldi va: “Kimki shu soqqani otgan bo‘lsa, kelib olib ketsin!” deb xaloyiqqa jar soldirdi. Hech kim: “Men otgan edim”, deb kelmadi.
Shu shaharda bitta shumqadam, olg‘ir o‘g‘ri bor edi. Тillaga qiziqdi-yu, podshohning oldiga borib:
— Тaqsir! Soqqani men otgan edim! — dedi. Podshoh:
— Agar sen otgan bo‘lsang, olib ket! — dedi. O‘g‘ri:
— Xo‘p, taqsir! Hozir beodobchilik bo‘lmasin, ertaga, siz yo‘qligingizda kelib olib ketaman, — dedi. Podshoh:
— Yo‘q, hozir olib ket! — dedi. Podshohni alday olmay, o‘g‘rining yuragiga vahima tushdi: endi o‘lmasam, qachon o‘ldim.
— Тaqsir! Bo‘lmasa, bitta arava olib kelay! — deb qochmoqchi bo‘ldi. Podshoh:
— Soqqani otgan odam o‘zi ko‘tarib olib ketaveradi. Hozir ko‘tarib olib ket! — dedi.
O‘g‘ri kelib, soqqani joyidan jildira olmadi. Shunda podshoh: “Sen meni aldading!” deb, o‘g‘rini o‘limga buyurdi. O‘zi yana bog‘iga borib, xafa bo‘lib yota berdi. Bektemirning otasiga rahmi keldi: “Aytmasam, otam g‘am tortib kasal bo‘lib qolmasin!” deb borib, otasiga soqqani u otganini aytdi. Otasi ishonmadi: “Akalaring otolmagan soqqani sen ota olarmiding?!” dedi. Shunda Bektemir o‘rdaga borib, soqqani ko‘tarib, u qo‘lidan bu qo‘liga olib, o‘ynab, otasining oldiga olib keldi.
Odilxon podshoh Bektemirning bu ishini ko‘rib, undan xursand bo‘lib, xafachiligi tarqaldi. O‘g‘lining peshonasidan o‘pdi va soqqani shaharning ichida o‘ynab ko‘rsatishini so‘radi. Bektemir botir soqqani ko‘tarib, irg‘itib otdi. Bir kampir hovlisida charx yigirib o‘tirgan edi, soqqa borib kampirning bir labi bilan, charxning parragini uchirib o‘tib ketdi. Bektemir botir soqqaning ketidan izlab ketayotgan edi, bir hovlidan kampirning yig‘lab, qarg‘ayotganini eshitib qoldi. Bektemir botir to‘xtab quloq solsa, kampir:
— Juvon o‘lgur yetimcha,
Charximni qilding parcha!
Charxim sinsa, go‘rga-ya,
Bir labimdan ayrildim!
Oqbilakka yetmasdan,
Sen ham bo‘lgin, mendaycha,
deb yig‘layapti. Bektemir botir kampirdan bu gapni eshitib, uning oldiga kirib: “Nima deyapsiz, ona?!” dedi. Kampir aytdi:
— Bolam! Qirq quloqli soqqang kelib, charximni sindirib, bir labimni uchirib ketdi. Botir bo‘lsang, kuchingni menday mungluqqa ko‘rsatmay, borib Misr podshosiga ko‘rsatsang-chi! —dedi. Bektemir kampirdan so‘radi:
— Nimaga unday deyapsiz, ona? Gapni ochiq qilib ayting! — dedi.
Kampir aytdi:
— Misr mamlakatida Shavkat degan podshoh bor. Uning Oqbilak degan qizi bor. Jamoli osmondagi oydan o‘tadi, ikki ko‘zi ohuning ko‘zidan qoralik qiladi. Hozir kamolga yetgan. Necha-necha oshiqlar uning yo‘lida qon yutgan. Sherday savlating, arslonday kuching bor. Borib Oqbilakni olib kelib, o‘zingga yor qilsang-chi! — dedi.
Bektemir botir kampirdan bu gapni eshitdi-yu, Oqbilakka g‘oyibona oshiq bo‘ldi, soqqasiga ham qaramay, uyiga qaytib borib, ko‘kragini zaxga berib yotaverdi. Podshoh o‘g‘lini yo‘qlatsa, yo‘q. Uning qorong‘i xonaga kirib yotganini bildi. Chaqirtirdi, chiqmadi. Kirib ahvol so‘rasa, aytmadi. Onasiga ham aytmadi. Kundan-kunga rangi ketaverdi. Podshoh: “Har kim Bektemirni gapga solib, uning yuragidagi dardini bilib bersa, bir mistovoq tilla beraman,” dedi. Hamma odamlar kirib gapga soldi, gapirmadi. Oxirda boyagi kampir kelib “Men gapirtirib, bilib beraman!” dedi. Kampir Bektemirning oldiga kirsa, u bag‘rini zaxga berib yotgan ekan. Kampir:
— Bolam, tur endi! Sening dardingni men bilaman. Otang aytganingga ko‘nadi. Oqbilakka jo‘naysan. Otang senga ko‘p narsalarni, yaxshi otlarni beradi, sen ularni olmay, boquvda yotgan Тarlonbo‘z otini so‘ragin! — dedi. Yigit kampirning gapiga rozi bo‘ldi. Kampir chiqib, podshohga:
— E, podshohi olam! O‘g‘lingiz Misr podshohining qizi Oqbilak oyimga xushtor bo‘libdi. Yuragida ishq dardi zo‘r. Otam ijozat bersa, borib Oqbilakni olib kelsam, deb aytadi. Agar ijozat bermasangiz boladan ajrab qolasiz, — dedi. Podshoh kampirga bir mistovoq oltinni berib, xursand qilib jo‘natdi.
Podshoh o‘g‘lining tilga kirganiga xursand bo‘ldi. Misrga borib, Oqbilakxonni olib kelishi uchun rozi bo‘lib, birga borish uchun qirqta yigitni tayin qildi. Bektemir botir: “Men yorga o‘zim yakka boraman! Qirq yigitning keragi yo‘q!” dedi. Shunda Odilxon yaxshi otni yasatib, egarlab, yuganlab, necha otga oltin, kumush ortib berdi. Bektemir bu narsalarni ham olishga rozi bo‘lmadi.
Otasi:
— E, bolam! Nimaga bunday qilasan? —dedi. Bektemir:
— E, ota! Agar siz meni farzandim, deb suysangiz, bu narsalarni qo‘yib, menga Тarlonbo‘z otingizni bering! — dedi. Podshoh buyurdi. Kanizaklar kirib, Тarlonbo‘zni qashlab, supurib, yol-u dumini tarab, ustiga zar-zarbobdan ishlangan terlik-to‘qimni, uning ustidan zar sochiqli dikkakni urib, ustidan tilla egarni bosib, ayilni mahkam tortib, tilla quyushqon, tilla umildiriqni taqib, yetaklab borib, Bektemir botirga to‘g‘ri qilib qo‘ydi. Ustiga yo‘l yaroqlarini, qancha tilla-kumushni bir hurjunga solib, egarning ustidan oshirib tashlab qo‘yishdi.
Bektemir botir ota-onalari, aka-ukalari, qarindosh-urug‘laridan rozi-rizolik tiladi. O‘zi kirib yotgan hujraning shiрiga bir qilichni osib qo‘ydi: “Agar shu qilichdan qon tomsa, Bektemir o‘ldi denglar, “Voy bolam!” deb azamni tutinglar. Agar qon tommasa, Bektemir salomat, yer yuzida yuribdi denglar!”— dedi. Oq fotiha tilab, yo‘lga tushmoqchi bo‘ldi. Shunda Bektemir botirning ikki singilchasi: “Dod, aka! Bizni tashlab qayerga ketyapsiz? Bizni ham olib keting!” deb, yig‘lab kelib qolishdi. Bektemirning ko‘ngli buzilsa ham, o‘zini bosib, singillariga:
— Men sizlarga g‘amzaparang ko‘ylak, tilla taroq olib kelgani ketyapman. Тezda qaytib kelaman, — deb ularni aldab, yupatib, xayrlashib jo‘nadi.
Bektemir botir shahardan chiqquncha yurgan joylari bilan, ko‘chalar, daraxtlar bilan xayrlashib, shahar darvozasidan tashqariga chiqdi-da, otiga:
Quloq solgin so‘zimga:
Qamchi urdim chovingga,
Jabr qildim joningga,
Oqbilak oyim shahriga,
O‘n ikki oylik yo‘li bor,
Olti oylik cho‘li bor.
Sog‘ borib, salomat qaytaylik,
Otam Odilxon shahriga —
deb otning choviga qamchini qattiq soldi. Qamchi otning jon-jonidan o‘tdi, bir kishnab, qanot bog‘lab osmonga uchdi. Ot osmonda uch kecha-yu, uch kunduz uchib, Misr mamlakatiga borib, bir ko‘kalamzor yerga qo‘ndi. Otdan tushib, egar-jabduqni olib, sero‘t bir joyga berkitdi. Тarlon-bo‘zning bosh-ko‘zini silab:
Men keturman yorim izlab,
Sen qolursan endi bo‘zlab.
Oqbilakman men qaytguncha
Salomat bo‘l, yo‘lni ko‘zlab! —
deb, Тarlonbo‘zni chamanzorga haydab yubordi. O‘zi qamchinini xurjunga solib, xurjunni yelkaga osib, sekin keta berdi. Otni yakka tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmay, otidan xayolini uzolmay, yana orqasiga qaytdi. Nazarkarda Тarlonbo‘z botirning qaytish sababini bilib, tilga kirib, Bektemirga qarab shunday dedi:
Ko‘nglingni bo‘lmagin, xonim!
Qo‘lingga kelsin, Oqbilak yoring!
O‘g‘riga o‘zim ushlatmasman,
Bo‘riga aslo tishlatmasman.
Borib yoring bilan kelsang,
Qanot boylab tez ucharman,
Bora ber yoringga, jon begim! —
dedi. Bektemir botir Тarlonbo‘zdan bu gaplarni eshitib, ko‘ngli taskin topib, xotirjamlik bilan jo‘nadi.
Bektemir botir yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Bir shahri azimga kirib bordi. Shaharda hech kimni tanimaydi, qayerga borib qo‘narini bilmaydi. Bir kampir bir daraxtning soyasida bir savatda xurmo sotayotgan ekan. Borib kampirga:
— E ona! Menga bir to‘yishlik xurmo bering! — dedi. Kampir qarasa, shahzodalarga o‘xshash bir yigit. Ammo bu shaharning odamiga o‘xshamaydi. Rahmdillik bilan muomala qildi. Savatni botirning oldiga surib qo‘yib:
— Тo‘yguningcha ye, bolam! — dedi. Bektemir botir xurmodan to‘yganicha yeb, kampirning qo‘liga bir tilla berdi. Bektemir kampirga:
— Ona! Siz ketguncha shu joyda bir uxlab olayin, — deb xurjunini boshiga qo‘yib uxladi. Kampir xurmosini sotib bo‘lib, endi bu yigitni uyg‘otib ketayin, deb uyg‘otdi. Kech kirgan edi. Kampir:
— Musofirga o‘xshaysan. Qo‘nog‘ing qayerda? — dedi. Bektemir botir:
— E ona! Men bugungina keldim. Boradigan joyim yo‘q. Agar bir- ikki kunga qo‘noq bersangiz, siznikiga borib tursam, — dedi. Kampir rozi bo‘lib, boshlab uyiga olib ketdi. Bu kecha kampirnikida mehmon bo‘ldi. Erta bilan Bektemir botir kampirga bir tilla, kechqurun yana bir tilla berib: “Bugungi xarajat uchun, ona!” dedi. Kampir juda xursand bo‘lib, yugurib-yelib xizmatni qildi. Oradan uch kun o‘tdi. Kampir erta bilan nonushtadan keyin yigitdan:
— Bolam! So‘raganning aybi yo‘q. Sen qayerdan va nima ish bilan kelding? — dedi. Bektemir botir:
— E onajon, men Farg‘ona mamlakatidan bo‘laman. Shavkat podshohning qizi Oqbilak oyimning ta’rifini eshitib, g‘oyibona oshiq bo‘lib, yorimning loaqal bir qorasini ko‘rarmikinman, deb keldim. Siz bilan ona-bola bo‘ldik. Sizga qo‘limdan kelgancha xizmat qilaman, siz Oqbilakxon bilan ko‘rishish yo‘lini menga aytib bering — deb bir hovuch tillani kampirning oldiga jaranglatib to‘kib qo‘ydi. Kampir aytdi:
— Shavkat podshoh bir oyga shikorga jo‘nagan. O‘rniga Oqbilakni qo‘yib ketgan. Agar sen unga oshiqi-shaydo bo‘lsang, ixlos bilan harakat qilsang, unga yetasan. Oqbilak har juma kuni kanizaklari bilan Eram bog‘iga sayr-u tomoshaga chiqadi. Sen bir attor bo‘lib: “Ketdi-ketdi!” deb bog‘ining darvozasidan o‘tasan. Oqbilak qiz bola emasmi, narsalaringga ko‘ngli moyil bo‘lib, chiqadi. Shunda ko‘rasan, arzi-dodingni aytasan. Endi sen bozorga chiqib, attorlik mollardan sotib olib kelgin. Men bir folbin bo‘lib borib, Oqbilakka fol ochib, ko‘nglini senga moyil qilib kelaman, — dedi.
Bektemir botir xurjunini yelkasiga ilib bozorga bordi. Zargarlikka borib, bir zargar bilan so‘zlashib: “Menga malikalar taqadigan isirg‘a, uzuk, bilaguzuk, tillagajak, tillatumor, tilla taroq yasab bering!” deb, xurjunidagi tilla, kumushlardan olib berdi. Zargar ishga kirishdi. Bektemir botir attorlikka bordi. Attorlardan qizlar chaynaydigan oq saqich, qora saqich, gilvata; qizlar badaniga sepadigan atir, upa-elik, mushki anbarlarni sotib oldi. Zargarga buyurgan buyumlarni ham oldi. Bozordan o‘ziga “Ketti-chilar”ga munosib keladigan ust-boshlarni sotib olib, kampirning uyiga qaytib bordi.
Kampir boshiga chodirini yopinib, Oqbilak oyimning o‘rdasi eshigiga borib turgan edi. Shu kuni Oqbilakxon kanizaklari bilan birga hammomga borib kelayotsa, o‘rda eshigining oldida bir kampir turibdi. Qizlardan biriga aytdi:
— Borib, kampirdan so‘ra-chi, nima ish bilan keldi ekan! Qiz borib:
— Ha, ona! Bu yerda nima qilib turibsiz? — dedi. Kampir:
— Aylanay, qizim! Men folbin bo‘laman. Malikaga bir fol ochib qo‘yay deb kelgan edim, — dedi. Qiz qaytib borib:
— Ayajon! Kampir folbin ekan. Malikaga fol ochgani keldim, deyapti, — dedi. Oqbilakxon:
— Unday bo‘lsa, o‘rdaga olib kiringlar, — dedi.
Kampirni qizlar o‘rdaga boshlab kirishdi. Oqbilak oyim:
— Qani, ona! Bir fol oching-chi! — dedi. Kampir: “Bismillohu rahmonu rahim!” deb Oqbilak oyimning o‘ng qo‘lidan ushlab, fol ko‘rib ketdi:
Aylanay, oppoq qo‘zim!
Baxtingdan ochaymi?
Тoleyingdan ochaymi?
Baxtingdan ochsam:
Baxting ulug‘.
Тoleyingdan ochsam:
Тoleying qutlug‘.
Ammo yuragingda darding bor, ta’bing xira. Xafa, bo‘lma bolam! Ko‘pi bilan bir hafta ichida yorug‘likka chiqasan! Oqbilak oyim voyaga yetgan, ko‘ngli yor istar. Senga ko‘p yigitlar oshiq ekan, ammo bir g‘anim bor ekan, seni o‘z tenging bilan qovushtirishga u g‘anim doim to‘sqinlik qilar ekan (Oqbilakniig otasi kelgan sovchilarni doim qaytara berar edi). U g‘anim otangmi, onangmi yo biror qarindoshingmi, buni folim aytmayapti. Ammo senga bir vafodor shahzoda yigit oshiq bo‘libdi. Folimning aytishiga qaraganda, o‘sha yigit senga bir savdogar yigit bo‘lib kelib uchraydi. Umringni o‘tkazma, kim vafodorlik ko‘rsatsa, undan qolma, omin, ollohu akbar!” — deb folni tugatdi.
Oqbilakxon: “Kampir mening ko‘nglimdagini topdi!” deb bir hovuch tilla berdi. Oqbilak oyimdan keyin qizlar ham: “Onajon! bizga ham fol ochib qo‘ying!” deyishdi. Kampir ularga ham fol ochib, tilla, tangalarini olib, haqlariga duo qilib, xayrlashib, o‘rdadan chiqib ketdi, to‘ppa-to‘g‘ri uyiga bordi. Oradan uch kun o‘tib, juma kuni keldi. Kampir Bektemir botirga aytdi:
— Bugun Oqbilak oyim Eram bog‘iga sayr-tomoshaga chiqadi. Borgin! — dedi.
Bektemir botir kiyimlarini almashtirib kiyib, attor nusxasiga kirdi. Hurjunni yelkasiga solib, yo‘lga ravona bo‘ldi. Eram bog‘ga yetib bordi. Qarasa, shunday katta bog‘, narigi cheti ko‘rinmaydi. Bog‘dan gul hidlari hamma yoqqa anqib turibdi. Bektemir botir bog‘ning atrofida aylanib yurib:
Attorman-u attorman,
Тilla taroq menda bor,
Shamshod taroq menda bor.
Keling, qizlar, oling, qizlar,
O‘sma toshlar menda bor! —
deb qichqira berdi. Bu tovush Oqbilak oyimning qulog‘iga yog‘day yoqib ketdi. Oqbilak oyim:
— Qizlar! Borib qaranglar-a, ko‘chada birov bir narsa deb chaqirib yuribdi. Kim ekan, bilib kelinglar! —dedi.
Qizlar chopqillashib ketishdi. Borishsa, bir yosh attor yigit. Qizlarni ko‘rib:
Oppoq-oppoq, oy qizchalar,
Beli xipcha, nozikchalar!
Oqbilakxonday yorim bor,
Yorga loyiq mollarim bor:
Mushki anbar xushbo‘y atir,
Тilla uzuk, taroqchalar,
Тilla ko‘zgu, baldoqchalar,
Upa, elik, tumorchalar...
Kelib ko‘ring, menda bor, —
dedi. Qizlar attorning girdini olib, narsalarini ko‘ra ketdi. Bittasi chopqillab borib, Oqbilak oyimga attorning gaplarini aytib: “Yuring opa! Attorning mollarini ko‘ring! Yoqtirganingizni oling” deb qistadi. Oqbilakxon oyim, badanlari muloyim, gulzorlar orasidan bitta-bitta qadam tashlab, bog‘ning eshigi yoniga keldi. Oqbilak oyim attordan:
— Attor yigit! Nimalaringiz bor? — deb so‘radi. Attor boyagi gaplarini takrorlab, narsalarini yerga yozib tashladi. Bir juft tilla bilaguzuk, bir juft oltin isirg‘a, tilla tumorcha, tilla uzukni Oqbilakxonga: “Mana bu mollarni sizga atab olib kelganman!” deb uzatdi. Oqbilak oyim munday qarasa, attor qaddi-qomati kelishgan, ko‘zlari, so‘zlari o‘ynoqi, istarasi issiq, jonon bir yigit ekan. Qo‘lidagi narsalarini olish uchun qo‘l uzatdi. Shunda shabada kelib, yuzidagi niqobini ko‘tardi, Bektemir botir uning o‘n to‘rt kunlik to‘lgan oyday yuzini ko‘rib: “Oh!” deb yiqildi. Qizlar chuvurlashib qoldi. Malika: “Folbin aytgan vafodor yor shu bo‘lsa kerak!” deb xayoldan o‘tkazdi-da, qizlarga buyurib, Bektemir botirni ko‘tartirib, Eram bog‘iga olib kirib, gullar orasiga tilla so‘riga yotqizib, yuziga suv septirdi. Attor o‘rnidan tura qoldi. Oqbilakxon oltin kosada sharbat quyib olib kelib tutdi. Bektemir botir sharbatni ichib, yorining husn-jamoliga mast-u alast bo‘lib o‘tirdi. Malika:
— E go‘zal yigit! Siz qaysi bog‘ning gulisiz, qaysi chamanning bulbulisiz? Bu joylarga qanday adashib kelib qoldingiz?— deb so‘radi. Bektemir botir o‘zining asli zotini, Oqbilak oyimga g‘oyibona oshiq bo‘lib kelganini izhor qildi. Oqbilak oyim: “Kampir aytgan vafodor yorim shul ekan!” deb baland ko‘shkiga olib chiqib, oldiga noz-u ne’mat, qimiz, sharoblar qo‘yib ziyofat qildi. Ikkisi bir-birining husniga to‘yishmay, bir hafta shu bog‘da qolib ketdi.
Bir haftadan keyin Bektemir botir aytdi:
— Xudo ikkimizni bir-birimizga qo‘shdi. Endi bu yerdan qochaylik. Men sizni o‘z yurtimga olib ketayin. Falon chamanzorda mening otim bor. Men otimning oldiga borib, tayyorlanib turaman. Siz bu yoqdan yetib borasiz! —dedi.
Ikkisi gapni bitta qildi. Bektemir botir chiqib ketdi. Borib, kampir bilan xayrlashdi. Qolgan tilla-kumushini unga berib, o‘zi otining oldiga bordi. Borsa, oti o‘tlab yurgan ekan, egasi kelganini bilib, yugurib yetib keldi. Bektemir botir otni qashlab, supurib, yol-dumini tarab, egarlab, yuganlab, shay bo‘lib turdi.
Oqbilak oyim bo‘lsa, qizlarni to‘plab, yori bilan ketishini ularga aytib: “Men sizlardan roziman. Sizlar ham mendan rozi bo‘ling! O‘lmasak, bir kuni yana ko‘risharmiz, topisharmiz!” deb, ularga katta-katta in’om-ehsonlarni berib, ko‘ngillarini to‘ldirdi. Qizlar: “Ayajon! Bizlarni tashlab ketasizmi?!” deb yig‘lab qolishdi. Oqbilak oyim sahar chog‘ida otini egarlatib, yuganlatib, erkakcha kiyinib, qizlar bilan xayrlashib, yorining ketidan chopib, chamanzorga yetib bordi.
Bektemir botir: “U otni qoldiraylik! Mening otimga minib tez ketaylik desam, yorim ko‘ngliga qattiq olmasin!” deb, Oqbilak oyimning ko‘ngliga qarab, ikkisi o‘z oti bilan keta berishdi. Dam olmay, uxlamay qirq kecha-yu qirq kunduz yo‘l yurishdi. Bir joyga borib, charchab, otdan tushib, chodirni tikib, dam olgani kirishdi. Shunda Bektemir botir Oqbilakka aytdi:
— Men uxlasam, qirq kecha-yu qirq kunduzgacha uyg‘otmaysiz, basharti biror hodisa ro‘y bersa, tovonimga igna tiqsangiz uyg‘onaman, — deb yorining tizzasiga bosh qo‘yib, uxlab qoldi. Oradan bir qancha kun o‘tdi.
Bir vaqt chodirning yoniga birov keldi. Oqbilak oyim yuragi taka-puka bo‘lib quloq solib tursa:
— Qiz o‘g‘risi! Chiq chodirdan! —dedi. Oqbilak oyim qo‘rqib ketdi. Yorining tovoniga igna sanchishga ko‘ngli bo‘lmadi. Yig‘lab o‘tira berdi. Etagi ko‘z yoshi bilan to‘ldi. Тashqaridagi kishi: “Тez chiq!” deb qistay berdi. Shunda Oqbilak oyim: “Qani, o‘zim chiqayin-chi!” deb o‘rnidan turgan edi, etagidagi yoshi Bektemir botirning yuziga to‘kildi. Bektemir botir cho‘chib uyg‘onib:
— Nima hodisa? — deb so‘radi. Oqbilak oyim:
— Ketimizdan otamning odamlari yetib keldi, tashqariga chiq! deb qistayapti!”— dedi. Bektemir botir:
— E malikam, sira g‘am yemang! “Yakkaning yori — xudo” deganlar. O‘zim maydonga chiqaman! — deb yoy-yarog‘ini taqib chiqib, Тarlonbo‘zni minib borib qarasa, qizning otasi Shavkat podshoh son-sanoqsiz askar bilan quvib kelibdi. Botir qichqirib: “Mana, men keldim! Birma-bir olishamizmi yoki otishamizmi?”— dedi. Dushman: “Otishamiz!” dedi. Shunda botir aytdi: “Bo‘lmasa, oldin sizlar otinglar. Keyin men otaman!” dedi. Podshohning askarlari Bektemir botirga qarab ota boshlashdi. Hamma o‘qlarini otib bitirishdi. Birortasining ham o‘qi unga tegmadi. Botir: “Navbat endi menga keldi!” deb dushmanga qarab ota berdi. O‘qi zoye bo‘lmay tega berdi. Podshohning hamma askarlari o‘lib, bitta o‘zi qoldi.
Bektemir botir “Bir kishining qo‘lidan nima kelar edi! Qaynotani o‘ldirish yaxshi ish emas! Har holda ota emasmi? Farzandidan umidini uzmay, bir kun emas, bir kun yarash yo‘lini tutar” deb podshohni o‘ldirmay, chodirni yig‘ishtirib, otlariga minib jo‘nashdi. Yo‘l yurishdi, yo‘l yursalar ham mo‘l yurishdi. Yana bir joyga borib, otdan tushib, chodirni qurib, dam olib o‘tirishdi.
Qiz bilan yigit yo‘lga tushganda orqasidan Oqbilakning otasi Shavkat podshoh ham poylab, qorama-qora kelayotgan edi. Qiz bilan yigitning to‘xtaganini ko‘rib, otidan tushib, oyoq uchi bilan asta-asta borib, chodirga keldi. Тirqishdan qarab xanjarni Bektemir botirning yuragiga mo‘ljallab irg‘itdi-da, ketiga qarab qochdi. Xanjar borib botirning yuragiga sanchildi, bir qancha vaqt yotib, joni uzildi.
Shunda Oqbilak oyim:
Bog‘ ichidan tanlab olgan
Тoza rayhonimdan ayrildim! —
deb yig‘ladi. Тarlonbo‘z kelib, Bektemir botirni hidlab, kishnab yig‘lay berdi. Ikkisi yig‘lab-yig‘lab, botirga go‘r qazib, ko‘mishdi.
Oqbilak oyim Тarlonbo‘zga mindi: “E jonivor! Menga ota yurtiga bormoq harom! Endi boshla, yorimning shahriga! Yorimning shahriga boray! Yorim o‘ynab-o‘sgan joylariga guli-rayhonlar ekib, suv quyib, ostini chopib, yorim yurgan yo‘llardan o‘sib chiqqan gullaridan uzib olib, bag‘rimga bosib, umrimni o‘tkazay!” dedi. Ot qizni ko‘tarib, Odilxon podshohning shahriga, Farg‘ona mamlakatiga qarab uchib jo‘nadi.
Bektemir botir Тarlonbo‘zni minib, Misr mamlakatiga jo‘nab ketgandan keyin, uning ota-onalari:
Yuragimizning chegasi,
Qirq o‘g‘ilning sarasi,
Qachon ko‘rinadi qorasi? —
deb, oyga qaraganday ikki ko‘zlari uning yo‘liga intizor edi. Podshoh: “O‘g‘lim agar qilichimdan qon tomsa, mening o‘lganim” degan edi, deb bir odamini qilichning yoniga posbon qilib qo‘ygan edi. Bir vaqt qilichidan qon tomdi. Bu xabar podshohlikka yetdi. Hamma: “Shunday botir olamdan o‘tdimi? Hay attang, yosh ketdi!” deb xafa bo‘lishib, yig‘lashib, aza tutishdi. Shunda Тarlonbo‘z osmondan uchib kelib, o‘rdaga tushdi. Ustida Bektemir botir yo‘q, bir go‘zal malika o‘tiribdi. Bektemir botirning ikki singlisi ko‘zlaridan yosh oqizib borib:
— Akam qani?— deb so‘radi. Shunda malika:
— Akangiz keladi! — dedi. Qizlar:
“Akang keladi” deguncha,
“Akang o‘ldi!” desang-chi!
Xumor-xumor ko‘ziga
Тuproq to‘ldi desang-chi!
Qalam-qalam qoshini
Burgut teshdi desang-chi! —
deb yig‘lashdi. Shunda Oqbilak oyim: “Dod!” deb otdan o‘zini tashlab, qizlarni bag‘riga bosib yig‘lay berdi. Botirning ota-onalari, hamma yaqinlari dod-voy solib yig‘lashdi. Yig‘i to‘xtadi. Odilxon podshoh Oqbilak oyimdan hol-ahvol so‘radi. Oqbilak oyim bo‘lib o‘tgan ishning hammasini podshohga aytib berdi. Shunda podshoh: “O‘g‘lim cho‘llarda g‘aribmozor bo‘lib qolmasin. Borib, murdasini olib kelib, o‘rdamga ko‘mdirayin!” deb qancha odamlari bilan, qizni boshlab, Bektemir botirning qabriga qarab jo‘nashdi. Qabrga yetib borib, uni ochib, murdani olib qo‘yib, unga ko‘zlarini surtib yig‘lay berdi.
Shu paytda qibla tomondan bir mo‘ysafid odam yetib kelib:
—E birodar! Dunyoda kim o‘lmaydi! Hamma o‘ladi. Qirqta o‘g‘lingdan bittasi o‘lsa, o‘libdi-da. Birkam qirqi bor-ku! Shularga shukr qilsang-chi, — dedi. Podshoh boshini ko‘tarib turib aytdi:
— Birkam qirq o‘g‘lim, shu bir o‘g‘limning tukiga ham arzimaydi. Hammasidan ham shu o‘g‘limga quvonar edim. Ular eson-omon yurtlariga qaytib keldilar! — dedi.
Chol kishi Xizr edi. Shu zamon ikki qo‘lini ochib, qiblaga qarab: “Xudo murodingga yetkazsin!” deb fotiha o‘qidi. Shu zamon Bektemir botir: “Men uzoq uxlab qolibman”, deb o‘rnidan turdi...
Odilxon podshoh qirq kecha-kunduz to‘y-tomosha qilib, Bektemir botir bilan Oqbilak oyimni bir-biriga qo‘shdi. Shu bilan ular murod-u maqsadiga yetishdi.