O‘tgan zamonda bir aqlli chol bor ekan. Cholning oldinma-keyin tug‘ilgan uch o‘g‘li bor ekan, o‘g‘illarining kattasi yigirma yoshda, o‘rtanchasi o‘n sakkiz yoshda va kichkinasi o‘n olti yoshda ekan. Kunlardan bir kun chol kasal bo‘libdi, kasali kundan-kunga og‘irlashibdi, cholning kasaliga tajribali tabiblarning ham, azayimxon mullalarning ham dori-davosi, dam-nafasi ta’sir qilmabdi. Chol endi o‘lar ekanman, deb dunyodan ko‘ngil uzibdi va bolalarini chaqirib ularga insofli, vijdonli bo‘lishni, halol kasb bilan kun kechirishni, birovning molidan hazar qilishni va yana bir qancha vasiyatlarni qilibdi-da, ularga chiqib ketish uchun ruxsat beribdi, keyin ularni bir-bir chaqirib, hammasiga bir sirni aytibdi.
Avval katta o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, bog‘dagi olmaning tagida bekitib qo‘ygan bir xumcha oltinim bor, bu darddan mening qutulishim qiyin. Ukalaring ham yosh, ular hali pul nimaligini bilmaydi, sen katta yigit bo‘lib qolding, har narsaga aqling yetadi, shu xumchadagi oltinni olib, ukalaring katta bo‘lib qo‘lidan ish kelguncha ularga yordam qilib tur. Mening o‘rnimga ularga ota bo‘l, — debdi. Cholning katta o‘g‘li otasidan minnatdor bo‘lib chiqib ketibdi va o‘zicha:
— Otam ukalarimga qaraganda meni ko‘proq yaxshi ko‘rar ekanlar bu sirni yolg‘iz menga aytdilar, — deb xursand bo‘libdi.
Chol o‘rtancha o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, bog‘dagi olmaning tagida bekitib qo‘ygan bir xumcha oltinim bor. Akang katta, uning qo‘lidan ish keladi, u endi o‘z nonini topib yeydi, ukang hozir kichkina, u pulning nimaligini bilmaydi, sen shu oltinni olgin, akang bilan ukangga yordam qilib tur, akangning so‘zidan chiqma, uni mening o‘rnimda ko‘r, hurmat qil, ukangga yaxshi tarbiya beringlar, uni o‘qitinglar, — deb uni ham chiqarib yuboribdi. Bu ham: “Otam meni akamdan ham, ukamdan ham yaxshi ko‘rar ekanlar, bekitgan dunyolarini faqat menga aytdilar”, deb xursand bo‘libdi.
Chol eng keyin kenjatoyini chaqirib:
— Bolam mening dardim yomon. Bog‘dagi olmaning tagida ko‘mib qo‘ygan bir xumcha oltin bor. Akalaring endi o‘z nonini topib yeyishi mumkin, endi ularning qo‘lidan ish keladi, ularga qaraganda sen hali yoshsan, hozircha sening qo‘lingdan ish kelmaydi, shu pulni sen olgin, akalaringga yordam qilib turgin, ularning gapidan chiqma, o‘qigin, ahil bo‘lib yashanglar! — deb bunga ham ruxsat beribdi. Bu ham: “Otam akalarimga qaraganda meni ko‘proq yaxshi ko‘rar ekanlar, bu sirni ularga aytmasdan yolg‘iz menga aytdilar”, deb xursand bo‘lib, otasining oldidan chiqib ketibdi.
Oradan ikki kun o‘tgach, chol o‘libdi. Uni ko‘mishibdi. Oradan bir hafta o‘tgach, katta o‘g‘il o‘rtanchasini chaqirib, undan:
— Nima uchun xafa ko‘rinasan, bir narsa bo‘ldimi yo bir joying og‘riydimi? — deb o‘smoqchilab so‘rabdi. O‘rtancha esa:
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, otamizning o‘limlari uchun faqat men emas siz ham xafasiz-da, — debdi.
Akasi ukasidan:
— Otam o‘lish oldidan meni chaqirib bog‘dagi olma tagida ko‘mib qo‘yilgan bir xumcha oltin bor, sen shu oltinni ol, degan edilar, kavlab qarasam, oltinlar yo‘q. Mabodo dadam senga ham aytgan bo‘lsalar shu oltinni sen oldingmi? — deb so‘rabdi.
— Haqiqatan ham dadam menga ham aytgan edilar, men ham kavlab hamma yoqni titib yubordim, yo‘q. Aka men sizga to‘g‘risini aytayotirman, — deb javob berdi o‘rtanchasi.
— Unday bo‘lsa, kenjaga ham aytgan bo‘lsalar kerak. Bor, ukangni chaqirib kel, — debdi.
Mehmonxonaga o‘rtanchasi bilan kenja oldinma-ketin kirib kelibdilar, kattasi ularga o‘tirishni buyuribdi. Kenjadan olma tagida ko‘milgan xumchani so‘rabdi. Kenja ham o‘rtanchaga o‘xshab, dadasi unga ham aytganini, u ham borib kavlab topolmaganini aytibdi. Katta o‘g‘il o‘ylab turib:
— Yo‘q, ukalarim, otam bizni aldamagan, shu pulni uchalamizdan birimiz olganmiz. Agar sizlar iqror bo‘lmasanglar qoziga boramiz, u albatta topib beradi. Ertagacha sizlarga muhlat — o‘ylab ko‘ringlar, — debdi va uchovlari tarqalishibdi.
Ertasi kun ertalab uchovlari qozixonaga qarab yurishibdi.
Shu shaharda tajribali bir qozi bor ekan. Aka-ukalar shu qozining oldiga kiribdilar, unga ta’zim qilib turibdilar, qozi ularga joy ko‘rsatib, o‘tirish uchun ruxsat bergach, o‘tirishibdi. Qozi keluvchilarga qarab:
— Kelinglar, bolalarim, qanday xizmat bilan keldinglar? Marhamat, xizmatlaringga tayyorman,— deb muloyimlik bilan murojaat qilibdi.
Kattasi o‘rnidan turib:
— Iltifotingiz uchun rahmat, arzimagan bir janjal bilan oldingizga kelgan edik. Mumkin bo‘lsa aytar edik, — deb qoziga ta’zim qilibdi.
Qozi ishora qilgach, kattasi:
— Biz uchalamiz tug‘ishgan aka-ukalarmiz, shu shaharning falon mahallasida turamiz. Bundan olti kun muqaddam otamiz vafot etdilar, o‘limlaridan bir kun burun bog‘imizning bir joyiga ko‘milgan bir xumcha oltin to‘g‘risida har birimizni alohida-alohida ogohlantirdilar. U kishining vafotlaridan keyin har birimiz shu joyni borib kavlab pulni topa olmadik. Otamiz bizni aldamasalar kerak. Pulni shu uchalamizdan birimiz olganmiz, lekin hozircha iqror bo‘lmasdan turibmiz. Sizning o‘tkir tajribangiz shu narsani olgan odamni iqror qildirar, deb ishonib keldik, — deb so‘zini tamom qilib o‘tiribdi.
Qozi bolalarning oldiga dasturxon yozdirib, har xil noz-u ne’matlar qo‘ydiribdi va ovqatga taklif qilibdi. O‘zi bularga bir hikoya aytmoqchi bo‘libdi.
— Ilgari zamonda, — deb so‘z boshlabdi qozi, — bir yigit, bir qiz bilan gaplashib yurar ekan. Bular bir maktabda o‘qib yurgan davrda bir-birlariga muhabbat qo‘ygan, maktabni bitirgandan keyin ham aloqani uzmay tez-tez ko‘rishib turishgan, ikkalasi turmush qurishmoqchi bo‘lgan ekan. Yigit qiznikiga sovchilar yuborgan, qizning ota-onasi qizini bu yigitga bermasdan boshqa bir yigitga bermoqchi bo‘lgan. To‘y yaqinlashgach, qiz yigitning oldiga kelib:
— Meni kechirasiz, taqdirimiz qo‘shilmagan ekan, otam bilan onam rozi bo‘lmagach, men bilan sizning qo‘limizdan nima ham kelar edi. Shu urf-odat, qoida va qonunlarga bo‘ysunmasdan ilojimiz bormi, bir narsa deb qarshilik qilsak ikkalamizni ham toshbo‘ron qilishadi. Bizlardan keyin balki o‘z erkiga o‘zi egalik qiladigan zamonlar ham kelar, men siz bilan xayrlashgani keldim,— degan ekan. Yigit qizga:
— Gapingiz to‘g‘ri, lekin mening sizdan bir iltimosim bor, agar shu iltimosimni bajarishga va’da bersangiz aytaman va shundan keyin siz bilan xayrlashaman, bo‘lmasa o‘zingiz bilasiz, — debdi. Qiz:
— Ayting, agar qo‘limdan kelsa, albatta bajaraman, — debdi.
Yigit:
— Nikoh kuni kechasi to‘yingizning hamma marosimi o‘tgach, mening oldimga bir kelasiz, shunda siz bilan xayrlashaman, — debdi. Qiz ham “Xo‘p”, deb va’da beribdi.
Тo‘y bo‘lib, qizni nikohdan keyin kuyovnikiga olib ketishibdi, kelinni o‘sha vaqtning urf-odatlari bilan yasatilgan uyga olib kelishib to‘y marosimini ado etishgach, uyni chet kishilardan xoli qilib, kuyovni kirgizishib, boshqalar tarqalishibdi.
Kuyov kelinning oldiga kelib, ikkalasi gaplashib o‘tirganda kelin xayol surib turgan ekan, kuyov kelindan:
— Nega siz xafa ko‘rinasiz, biz ikkalamiz uchun bugun shodlik kuni-ku? — deb xafalik sababini so‘rabdi.
Gaplashib yurgan yigit bilan ikkalasining o‘rtasidagi yoshlik vaqtidan do‘stlikni, otasi qizni u yigitga bermasdan hozirgi kuyovga berganini, bundan bir hafta ilgari shu yigitning oldiga xayrlashgani borganini va nihoyat yigit undan shu bugun kechasi xayrlashish uchun va’da olganini, so‘zining ustidan chiqolmaganini, va’daga xilof qilganini kelin eriga aytibdi va “Agar menga ishonsangiz shu yigit bilan xayrlashib kelish uchun ruxsat bersangiz”, deb eridan iltimos qilibdi. Kuyov:
— Agar va’da bergan bo‘lsangiz borib keling, — deb ruxsat beribdi.
Qiz shu zamon o‘rnidan turib yigitning hovlisiga qarab yuribdi.
Qiz yigitning oldiga kelgach, yigit hayron bo‘lib:
— Qanday qilib eringizdan ruxsat so‘radingiz, u sizga qanday qilib ishondi? — debdi.
Qiz eriga butun voqeaning rostini aytganini, shundan keyin eri ruxsat berganini aytibdi.
Yigit qizning yuziga tikilib turib:
— Eringiz sizga ishonib mening oldimga yuborgan bo‘lsa, mayli, xayr, eringizning mardligi meni o‘z niyatimdan qaytishga majbur qildi, yaxshi boring, qo‘sha-qaringlar, sizlarga baxt-saodat tilayman, — deb ochiq yuz bilan xayrlashibdi.
Qiz yigit oldidan xayrlashib chiqib kuyovnikiga qarab yurarkan, o‘g‘rilar qo‘liga tushibdi. O‘g‘rilar qizdan nima uchun bunday kech bo‘lganda ko‘chada yurishining sababini so‘raganda, qiz ularga voqeani aytib beribdi va yigit bilan xayrlashib eri oldiga qaytib kelayotganini aytibdi. O‘g‘rilar:
— Eringiz ham, gaplashib yurgan yigitingiz ham zo‘r mardlik ko‘rsatganliklari uchun biz ham sizga nisbatan bir mardlik qilaylik, eringizning hovlisi qaysi mahallada, bizdan keyin boshqa o‘g‘rilarga uchramasligingiz uchun biz sizni eltib qo‘yaylik, — deb qizni erinikiga keltirib qo‘yishibdi. Shu yerda qozi hikoyasini to‘xtatibdi:
Noma’lum otliq Qo‘ldoshdan:
— Sizning fikringizcha qiz gaplashib yurgan yigitnikimi, kuyovnikimi yoki o‘g‘rilarnikimi, qaysi birlari maqtashga loyiq? — deb so‘rabdi. Qo‘ldosh:
— Kuyovning mardligi ustun, u har qanday maqtashga loyiq, chunki u faqat o‘z mardligini ko‘rsatib qolmay, gaplashib yurgan yigitni ham mardlikka boshladi. Balki u yigitning niyati yomon edi, uni yomon niyatlardan qaytarib, mardlik tomonga undadi, — debdi.
Noma’lum kishi ma’qul ishorasini qilgach, hikoyasini davom ettiribdi:
“Shulardan qaysi birlari mard ekan?” deb so‘rabdi qozi. Kattasi: “Gaplashib yurgan yigit mard ekan, chunki qiz uning oldiga ikki marta kelibdi, yigit vijdonli bo‘lgani uchun qizni qaytargan”, debdi. O‘rtanchasi: “Kuyov mard ekan, sinamagan bir qizning gapiga ishonib, unga ruxsat beribdi”, debdi. Kenja: “O‘g‘rilar mard ekan, bular vaqti kelganda bir pul uchun odam o‘ldirishdan ham qaytmaydi-yu, molning o‘zi o‘z oyog‘i bilan bularning oldiga kelganda, kelinning kiyimlarini olish u yoqda tursin, uni o‘z uyiga eltib qo‘yishibdi”, debdi.
Qozi turib: “Mana janjal ham hal bo‘ldi, o‘g‘rini mudofaa qilgan kishi o‘g‘ri. Kenjatoy, xumchadagi oltinni akalaringiz bilan bo‘lib oling, otangizning vasiyatlariga muvofiq bularga yordam ham qilishingiz kerak”, debdi.
Kenjatoy rozi bo‘libdi, bular qozining usta tajribasiga hayron bo‘lib, xursand bo‘lib chiqib ketibdilar.
Otliqlar kecha-yu kunduz yo‘l yurib bir shaharga kelishibdi. Bir karvonsaroyga tushib, uch-to‘rt kun dam olib, karvonsaroy yaqinidan bir hovli sotib olishibdi, hovlini ro‘zg‘or asboblari bilan tuzatib, noma’lum otliq Qo‘ldoshga mahalladan mahalla oqsoqoli bilan besh-olti kishini chaqirib kelishni buyuribdi. Qo‘ldosh ularni kechqurunga taklif qilib kelgach, noma’lum otliq:
— Mehmonxonani tuzatib qo‘ydim, mehmonlarni yaxshi kuting, ovqatdan keyin ayting, bizni nikoh qilib qo‘yishsin, bugundan boshlab siz shu hovlining va oilamizning boshlig‘i, men bo‘lsam sizning xotiningizman, — deb o‘zining xotin kishi ekanligini Qo‘ldoshga bildiribdi.
Nikoh ziyofati o‘tgach, xotin Qo‘ldoshga:
— Endi siz bu shahardan oshno-og‘ayni orttiring, shohning saroy kishilari bilan tanishing, ularni hovlimizga chaqiring, ular chaqirsa, siz ham boring va ularni vosita qilib shohning saroyiga ishga kirib oling! — debdi. Qo‘ldosh oradan bir-ikki oy o‘tgach, shoh saroyiga ishga kirib olibdi. Shoh tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajargani uchun obro‘ topibdi va Musofirbek deb nom chiqaribdi.
Shunday qilib, Musofirbekning ishi kundan-kun rivojlanib, uning do‘stlari ham, dushmanlari ham ko‘paya boribdi. Musofirbekning katta obro‘ qozonishi saroy amaldorlariga yoqmabdi. Ular:
— Bu musofir yaqinda kelib ko‘p martaba shohning in’omini oldi, biz bo‘lsak shohning in’omini ko‘rmaymiz, — deb dushmanlik qila boshlabdilar.
Bir kuni Musofirbekning xotini unga:
— Shohning ko‘p martaba in’omlarini oldingiz, shohni saroy amaldorlari bilan ziyofatga chaqirsangiz, — debdi. Musofirbek bu fikrga qo‘shilib, shohni saroy amaldorlari bilan birga ziyofatga taklif qilibdi, ziyofatga katta tayyorgarlik ko‘ra boshlabdi.
Mehmonga borishdan bir kun avval podshoh amaldorlaridan biriga:
— Sen borib Musofirbekning hovli-joylarini ko‘rib kel, joylari tuzukmi, borib sharmanda bo‘lmaylik, — deb buyuribdi. Amaldor kelib ichkari hovliga mo‘ralab qaragan ekan, ko‘zi Musofirbekning xotiniga tushibdi. Xotin juda chiroyli va kelishgan ekan. Amaldor esa, Musofirbekning dushmanlaridan ekan. U podshoh oldiga borib, Musofirbekning xotinini maqtay boshlabdi, bunday chiroyli xotin sizga loyiq, — deb o‘z fikrini ma’qullayveribdi.
Ziyofatdan keyin podshoh vazirlarini yig‘ib qanday qilib Musofirbekning xotinini olish to‘g‘risida maslahat qilibdi. Musofirbekni og‘ir ishga buyurib, uni halok qilishmoqchi, keyin esa uning xotinini shohga olib bermoqchi bo‘lishibdi.
Ertasiga podshoh qizining kasalligini va unga yo‘lbarsning suti kerakligini Musofirbekka aytib, bu xizmatni sizdan boshqa hech kim bajara olmaydi, shu xizmatga bel bog‘lang va tayyorgarlik ko‘ring,— debdi. U esa xotinining maslahati bilan podshohdan qirq kun muhlat va qirqta qo‘y so‘rabdi. Podshoh Musofirbekning talabini qondiribdi.
Musofirbek o‘ttiz sakkiz kun o‘z hovlisida xotini bilan yashabdi. O‘ttiz to‘qqizinchi kuni xotini bir varaq qog‘ozga xat yozib beribdi va:
— Shahardan kun chiqar tomonga qarab uch tosh yurganingizdan keyin chap qo‘lga qarab bir yolg‘iz oyoq yo‘l ketadi, shu yo‘l bilan yarim tosh yurganingizdan keyin ro‘paradan keng bir maydon chiqadi, shu maydon o‘rtasiga borib kun chiqar tomonga qarab xatni ochasiz, xatni ochishingiz bilan to‘g‘ringizdan bir urg‘ochi yo‘lbars paydo bo‘ladi, xatni ushlaganingizcha o‘rningizda bir aylansangiz atrofingizni urg‘ochi yo‘lbarslar o‘rab oladi. Xatni bir qo‘lingizda ushlaganingizcha otning boshini kelgan yo‘lingizga qarab burasiz va to‘ppa-to‘g‘ri podshoh saroyiga qarab yurasiz, podshohga:
— Podshohim, mana bu urg‘ochi yo‘lbarslardan istaganingizcha sut sog‘ib olishingiz mumkin, men olib kelsam, balki yetmasa ikkinchi martaba ovora bo‘lmayin, — deb bularning o‘zini boshlab keldim, deysiz, — deb o‘rgatibdi.
Musofirbek xotini aytgan yo‘l bilan yurib, aytilgan joyga boribdi va yo‘lbarslarni podshohnikiga boshlab kelibdi.
Podshoh boshliq butun saroy ahli bu voqeani ko‘rib qo‘rqqanidan tol bargidek titrabdilar. Podshoh Musofirbekka:
— Rahmat, men sizni imtihon qilish maqsadida bu ishga buyurgan edim, bular fuqaroga zarar keltirmasin, qaytaring! — deb yalinibdi.
Musofirbek yo‘lbarslarni shahardan tashqariga olib chiqibdi va qo‘lidagi xatni yopibdi. Yo‘lbarslar ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Shundan keyin podshoh vazirlari bilan yana maslahatga o‘tiribdi. Uzoq muzokaradan keyin shunday fikrga kelibdilar: Ertalab xazinachi podshohga kelib xazinadan to‘rt dona oltin g‘isht yo‘qolganini ma’lum qiladi, podshoh esa Musofirbekka:
— Siz shu yo‘qolgan narsani topasiz, — deb buyuradi.
Ertasiga ertalab Musofirbek xizmatga otlanar ekan, xotini unga: “Mabodo podshoh yana kechagiga o‘xshagan xizmat buyurib qolsa, qirq kun muhlat va qirqta qo‘y so‘rang!” deb tayinlabdi.
Musofirbek saroyga kelib o‘z o‘rniga o‘tirgach, kechagi maslahat bo‘yicha xazinachi shohga oltin g‘ishtlar voqeasini aytibdi. Podshoh Musofirbekka:
— Siz shu yo‘qolgan narsani topasiz! — deb buyuribdi. Musofirbek shohga ta’zim qilib, undan qirq kun muhlat va qirqta qo‘y so‘rabdi. Qo‘ylar uchun hujjat olib uyiga ketibdi va yana o‘ttiz sakkiz kun rohatda yashabdi. O‘ttiz to‘qqizinchi kuni xotini unga bir xat yozib beribdi va qay tarafga borishni va kimga uchrashni aytibdi, Musofirbek yo‘lga chiqib tayinlangan joyga yetib boribdi.
Qarasa, bir chamanzor, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, tiр-tiniq suvlar ariqlardan oqmoqda. Hamma yoq ko‘m-ko‘k maysazor, lekin hech kim yo‘q. Gulzorni tomosha qilib yurib, uzoqdan qiz-larning ashula aytgan ovozini eshitibdi, ovozlar yaqinlasha boshlabdi va nihoyat qizlar Musofirbek turgan joyga kelishibdi. Musofirbek o‘zini bir chetga olib, ularning husn-u jamoliga hayron bo‘lib turgan ekan, boshlig‘ining ko‘zi Musofirbekka tushib uni o‘z oldiga chaqiribdi va undan hol-ahvol va qayerdan, qanday maqsad bilan kelganini so‘rabdi. Musofirbek qizning muomalalaridan xursand bo‘lib, xatda tayinlangan qiz shu bo‘lishiga ishonch hosil qilibdi va yonidagi xatni chiqarib ta’zim bilan unga uzatibdi. Qiz uning qo‘lidan xatni olib o‘qibdi va to‘satdan: “Iye, siz bizning pochchamiz bo‘lar ekansiz-ku”! — deb Musofirbekni darrov mehmonxonaga taklif qilibdi va shu kuni kechgacha uni ziyofat qilishibdi.
Kechqurun xatning mazmunini muhokama qilishib, qiz va ikki kaniz Musofirbek bilan yo‘lga chiqishibdi. Yo‘l yurib, sog‘-salomat Musofirbeknikiga yetib kelishibdi. Opa-singillar bir-biri bilan hol-ahvol so‘rashib, o‘sha kuni dam olib yotishibdi. Qirqinchi kuni sahar turib opa-singil hovli o‘rtasiga tushib, duolar o‘qib, ikkalasi baravar qadam tashlab yurganda oyoqlarining tagidan oltin g‘ishtlar paydo bo‘libdi, bir zumda hovli yuzi oltin g‘ishtlar bilan to‘libdi. Podshohga olib borish uchun o‘ttizta oltin g‘isht yasab berishibdi.
Musofirbek to‘rtta g‘ishtni o‘zi olib, yigirma oltita g‘ishtni bir hammolga ko‘tartirib podshohning huzuriga jo‘nabdi.
Hammolni eshikda qoldirib, o‘zi ikki juft oltin g‘ishtni olib podshohning oldiga kiribdi va ta’zim qilib oltin g‘ishtni shohning oldiga qo‘yibdi. Oltin g‘ishtni ko‘rgan podshoh:
— Yana ikki juft yo‘qolgan, hammasi to‘rt juft edi, — debdi.
Musofirbek hammasi bo‘lib to‘rt juftmidi yoki ko‘proqmidi, — deb so‘rabdi. Podshoh:
— Hammasi to‘rt juft edi, — deb takrorlabdi.
Musofirbek o‘tirgan saroy amaldorlariga ham shohning fikrini tasdiqlatib olgach, hammolni chaqirib, mana bu o‘n uch juft, avvalgi ikki juft bilan o‘n besh juft — o‘ttiz dona bo‘ldi, podshohim, yana nima da’voingiz bor! — deb so‘rabdi. Buni ko‘rgan podshoh bilan uning vazirlari uyalganlaridan yerga qaraganlaricha:
— Boshqa da’vomiz yo‘q, rahmat, — debdilar.
Kechqurun podshoh yana maslahat majlisi chaqirib:
— Endi nima maslahat berasizlar, bir balo qilib Musofirbekni yo‘q qilmasanglar, bu ishq meni o‘ldirishi mumkin, — debdi.
Bir vazir shohdan ruxsat so‘rab o‘z fikrini bayon qilibdi:
— Ulug‘ shohim, kaminaning miyasiga bir fikr keldi, ruxsat berilsa, aytsam,— deb ta’zim qilibdi. Podshoh ijozat bergach, vazir aytibdi:
— Ertalab Musofirbek saroyga kelganda siz ham, bizlar ham juda xafa bo‘lib o‘tiraylik. Musofirbek bu xafalikning sababini albatta so‘raydi. Shunda siz unga qarab: “Ey, Musofirbek, bu dunyoning g‘am-u g‘ussasidan sira qutulmadim, birini bir yog‘liq qilsam, ikkinchisi chiqadi, bu dunyo shunday bir g‘amxona ekan. Bugun men bir tush ko‘rdim, shu tushimdan juda xafaman, tushimning ta’birini bu o‘tirgan vazirlarga aytsam, bu maxluqlardan bir ma’qul fikr chiqmadi, o‘ylaymanki, bu mushkulimni ham siz oson qilarsiz va bu g‘amdan meni qutqararsiz. Тushimda otam, onam va buvimni ko‘rdim, ularning hech qaysisi mening yuzimga qarashmadi, mendan yuz o‘girishdi, endi siz u dunyoga borib mendan nima uchun xafa bo‘lganlarining sababini bilib kelsangiz”, deb uni narigi dunyoga borishga ko‘ndirasiz va shu xizmatning badaliga katta mukofotlar va’da qilasiz. Mana janoblariga bo‘lgan sadoqatim, albatta narigi dunyoga borgan odam qaytib kelmaydi, shundan keyin janobi oliylari u parining vasliga yetishadilar, — deb so‘zini tamom qilibdi.
Bu gap hammaga ma’qul tushibdi.
Ertalab Musofirbek xizmatga kelayotganda xotini unga:
— Podshoh sizga yana biror mushkul xizmatni tayyorlab qo‘ygandir, qanday xizmat buyursa ham, avvalgidek qirq kun muhlat bilan qirq bosh qo‘yni olib kelavering, — deb tayinlabdi.
Musofirbek shoh saroyiga kelganda podshoh narigi dunyoga borib, ota-onasining xafa bo‘lish sabablarini bilib kelishni buyuribdi. Musofirbek shohga ta’zim qilib:
— Xizmatingizni jonim bilan ado etaman, qirq bosh bo‘rdoqi qo‘y, bir yaxshi ot va qirq kun muhlat berishingizni so‘rayman, — debdi. Podshoh uning talabini qondirib, jo‘nashga ruxsat beribdi.
Musofirbek qo‘ylarni olib kelib o‘ttiz to‘qqiz kungacha uyda xotini va qayni singlisi bilan rohat qilib yotibdi. Qirqinchi kunga o‘tar kechasi xotini bilan qayin singlisi shahardan chiqibdilar. Eski kiyimlar kiyib kechasi bir keng joyga kul yig‘ishibdi. Musofirbekka kuygan chopon kiygizib, yuzlariga qorakuyalar surtib, uni yarim belidan kulga ko‘mibdilar, podshohning ota-buvasi, katta buvisi, avlod-ajdodi nomidan shohga la’nat xati yozishibdi, xatning chetlaridan to‘rt-besh joyini kuydirishibdi-da, bir uchidan Musofirbekka tutqizishibdi, aytadigan gaplarni o‘rgatib keyin bir afsun o‘qib kulga suf-kuf qilishibdi.
Musofirbekka:
— Qani, podshoh saroyiga qarab yuring! — deb oq yo‘l va muvaffaqiyat tilab qolishibdi. Musofirbek:
— Dunyo-dunyo u dunyo, yaramasdir bu dunyo, dunyo-dunyo u dunyo, falokatdir bu dunyo, dunyo-dunyo u dunyo, kasofatdir bu dunyo... tilim lol-u dilim beholdur! — deb baqirib-chaqirib saroyga kirib boribdi, shohga ta’zim qilib, xatni uning qo‘liga beribdi.
Mana, janoblarining ota-bobolari xafa bo‘lishining sabablarini shu xatga yozib berishdi, ey, taqsirim, dunyo-dunyo u dunyo, yaramasdur bu dunyo, — deb yuqoridagi so‘zlarni takrorlabdi.
— U dunyoda rohat-u bu dunyo kulfat, u dunyo farog‘at-u bu dunyo mashaqqat, u dunyoda aysh-ishrat-u bu dunyoda azob-uqubat, u dunyoda sayr-sayohat-u bu dunyoda balo-yu ofat, janobi oliy hazratim menga tezroq ruxsat bering, o‘sha dunyoga ketaman, bu dunyoda turolmayman, — deb o‘zini devonalikka solib “dunyo-dunyo”sini ayta beribdi.
Xatni o‘qigach, podshohning ko‘ngli buzilib yig‘lab yuboribdi. Musofirbekdan narigi dunyo haqida so‘ray boshlabdi. Musofirbek unga bir-ikki og‘iz gapirib, yana “dunyo-dunyo”ni ayta beribdi.
Podshoh Musofirbekdan qanday qilib u dunyoga borib kelganini, yo‘lda qiynalgan-qiynalmaganini aytib berishini iltimos qilib: “Biz ham borib kelsak bo‘ladimi?” deb so‘rabdi.
Musofirbek podshohga:
— Siz falon maydonga yuz sarjin o‘tin, uch yuz pud kunjara yig‘diring, ularni yaxshilab taxlasinlar. Agar yomon taxlashsa yo‘lda qulab ketishingiz mumkin, chunki sizlar ko‘pchiliksiz, ustiga joy solib chiqib o‘tirasizlar-da, pastdan birov o‘t qo‘yib yuboradi. Shunda menga o‘xshab qirq kunda borib kelishingiz mumkin, — debdi. Yana “dunyo-dunyo” deb saroydan chiqib ketibdi.
Podshoh Musofirbek aytgan o‘tin va kunjaralarni belgilangan joyga tashita boshlabdi. O‘zi, xotinlari, vazirlari va maslahatchilari hammasi sakson kishi bo‘libdi. Musofirbek aytgandan uch martaba ko‘proq o‘tin bilan kunjara tashilibdi.
Ketadigan kuni podshoh Musofirbekni o‘z o‘rniga qoldiribdi. Xotin-bolalari, vazirlari va maslahatchilari bilan o‘tin bilan kunjaraning ustiga chiqishibdi. Pastdan turib Musofirbek o‘tni yoqib yuboribdi. Ularni borsa kelmas abadiy dunyoga jo‘natibdi.
Musofirbek o‘qimishli odamlar bilan, ish ko‘rgan donishmandlar bilan, xalq ichidan chiqqan bilimdon kishilar bilan, davlati bo‘lmasa ham aqli bor odamlar bilan maslahat o‘tkazib, uzoqni ko‘ruvchi xalq va vatanga chin qalbdan xizmat qiluvchi, davlat va mamlakat ishini boshqaruvchi kishilardan o‘ziga vazirlar, maslahatchilar tayinlabdi va mamlakatning obodonchiligi, farovonligi yo‘lida hormay-tolmay xizmat qilibdi.
Kunlardan bir kun Musofirbek bir yoshli o‘g‘ilchasi Shodmonni o‘ynatib o‘tirgan ekan (xotini bilan qayni singlisi ham yonida o‘tirishgan edi), birdan yoshlik vaqtlarida tortgan azob-u uqubatlari, onasi birovlar eshigida o‘lib ketgani, otasining o‘limi, podachiligi, do‘sti Yo‘ldoshning tushini sotib olgani esiga tushib kulib qo‘yibdi.
Xotini undan kulishining sababini so‘rabdi, u avval aytmabdi, qistagach, ilgari podachilik qilib yurganini, Yo‘ldosh degan o‘rtog‘i uning ko‘rgan tushini sotib olganini aytibdi va endi o‘ylab ko‘rsam, osmondan tushgan ikki yorug‘ yulduz siz ikkalangiz ekan, kichkina yulduzcha bo‘lsa mana bu Shodmonbegingiz ekan. Тushning ta’birini to‘g‘ri topdimmi? —deb so‘rabdi. Ular “Ha, topdingiz” deyishibdi. Musofirbek Yo‘ldosh o‘rtog‘iga yordam berishni va’da qilganini aytib:
— Yo‘ldosh o‘rtog‘imni topsam, biron vazifaga tayinlasam va shu singlingizni unga bersak nima deysiz? — debdi.
— Biz opa-singil biroz o‘ylab ko‘raylik, uch kundan keyin javob beramiz, — deyishibdi.
Oradan uch kun o‘tgach, Musofirbek ularning fikrini so‘ragan ekan:
— Singlim ham, men ham sizning fikringizga qo‘shilamiz. Mayli, do‘stingizga odam yuborib, uni toptirib keling!— debdi.
Musofirbek saroy amaldorlaridan birini chaqirib, unga do‘sti Yo‘ldoshning turar joyini, nima ish bilan shug‘ullanishini, xususiyatlarini va xulq-atvorini tushuntirib beribdi va do‘stini topib kelishni buyuribdi. Amaldor podshohdan bu topshiriqni olgach, safar tayyorgarligini ko‘ribdi va belgilangan vaqtda o‘z hamrohlari bilan jo‘nabdi, tayinlangan qishloqni topib boribdi. Bir-ikki kun dam olib, qishloqdagi chollardan surishtirib qidirgan kishisini topibdi.
Yo‘ldosh bir boy dehqonda chorakor bo‘lib yurgan ekan.
Saroy amaldorlari Yo‘ldosh bilan gaplashib, uni o‘z yerida teng sherik bo‘lib ishlashga ko‘ndi-ribdi. (Musofirbek voqeani hozircha ma’lum qilmaslikni buyurgan ekan.)
Yo‘ldosh ikki-uch kun ichida o‘z ishlarini bitiribdi va boy bilan hisoblashib, undan javob olibdi, oshno-og‘aynilari bilan xayrlashib, saroy amaldori bilan jo‘nabdi.
Saroy amaldori Yo‘ldoshni olib kelgach, podshohga ma’lum qilibdi. Bir necha kundan so‘ng Yo‘ldoshni shoh huzuriga olib kelibdilar.
— Xo‘sh, yigit, keling, — deb gap boshlabdi Musofirbek.
— Keldim, janobi oliylari.
— Qayerdan keldingiz va nima maqsadda keldingiz?
— Meni shu yerga olib kelgan kishi, ikkimiz birga dehqonchilik qilamiz,— degan edi.
— Kasbingiz dehqonchilikmi?
— Shunday, taqsir!
— Boshqa hunaringiz ham bormi?
— Yo‘q, taqsir, dehqonchilik tamom bo‘lganda mardikorchilik qilaman.
— Necha yildan beri shu ishlarni qilib kelasiz?
— Esimni taniganimdan beri.
— Hech narsa orttirdingizmi?
— Orttirish qayoqda, ko‘pincha, mardikorchilik qilib qarz uzaman, yer haydashga ho‘kizim yo‘q.
— Sizning Qo‘ldosh degan bir do‘stingiz bormidi?
— Ha bor edi, Qo‘ldosh podachi, siz uni qayerdan bilasiz?
— Uni ko‘rmaganingizga qancha bo‘ldi?
— Ikki-uch yil bo‘lib qoldi, yaxshi odam edi.
— U qayoqqa ketgan?
— Uning ketishiga men sababchi bo‘ldim.
— Qanday qilib?
— Bir kun men tush ko‘rdim, tushimda osmondan ikkita katta yorug‘ va bir kichik yulduzcha tushib mening qo‘ynimga kiribdi.
— Xo‘sh, — debdi Musofirbek.
— Shu tushimni Qo‘ldoshga aytgan edim, u esa menga:
— Shu tushingni sotmaysanmi? — dedi, men:
— Iye, sen tentakmisan, tushni ham sotadimi? — dedim, u esa:
— Jon o‘rtoq, shu tushingni sot!— deb qo‘ymadi.
— Xo‘p, sotay, nima berasan? — dedim. U esa menga:
— Bir g‘unajinim va bir toyim bor, orttirganim shular, — deb qo‘ynidan yarimta qatirma chiqarib berdi-da, qo‘limni olib “Boriga baraka”, deya berdi. Men ham ”Boriga baraka”, deb berib yubordim. Shundan keyin g‘unajin bilan toyini menga berdi, o‘zi podalarini egalariga topshirdi-da, bir tomonga qarab ketdi. Shu kungacha bedarak, deb bir xo‘rsinib qo‘yibdi.
— Siz uni ko‘rsangiz taniysizmi?
— Тaniyman, ko‘r bo‘libmanmi, u bilan necha yil bir ko‘rpada yotganman.
— Qayerdan taniysiz, u balki juda o‘zgarib ketgandir.
— Тaniyman-taniyman, uni siz bilasizmi, u shu yerdami?
— Xo‘sh, uning biron nishoni bormidi?
— Ha-ha bor edi, uning o‘ng qo‘l tirsagining ustida bir xoli va chap oyog‘i tizzasining ustida tirtig‘i bor edi — o‘sha yerini sigir suzgan edi.
Musofirbek qo‘lidagi xolini ko‘rsatgan ekan, Yo‘ldosh o‘rnidan irg‘ib turib do‘stini quchoqlab o‘pa boshlabdi.
Oradan bir oycha o‘tgach, podshoh do‘stiga qayin singlisini to‘y-tomosha qilib olib beribdi va uni shaharning hokimi qilib tayinlabdi.
Kambag‘aldan chiqqan ikki do‘st mamlakat obodonchiligiga, mehnatkashlarni yorug‘likka chiqarishga harakat qilibdilar, bu ishda ularga xotinlari katta yordam beribdilar.