OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Botir echki

O’tgan zamonda bir faqir er-xotin bo‘lar ekan. Ularning bisotida faqatgina bitta echkisi bor ekan. Echkisiga har kuni bir siqim quruq xashakni berib, yelinlariga mushtlab kuniga bir kosa sut sog‘ib olishar ekan. Ularning kunlik ovqati shu bir kosa sut bilan o‘tar ekan. Lekin bechora echkiga har haftada bir kun dam berishar ekan. Echki shu dam oladigan kuni bo‘shalib borib, erkin tirikchilik qilar ekan.
Echki erta bahorda, qishloqqa yaqin bir o‘rmonzorda o‘tlab yurarkan, nogahon unga bir sovluq qo‘y kelib salom beribdi. Echki bunday qarasa, shu sho‘ring qurg‘ur sovluq bechoraning holi xarob, bag‘ri kabob ko‘rinibdi. Oriq, terisi borib suyagiga yopishib, har qovurg‘asi «mana men», deb sanalib turibdi. Echki sovluqning salomiga alik olib, unga aytibdi:
— Ko‘zing o‘zini yerga solib, yuzingga boqqani uyalib, po‘stingda unda-muda bir tuk, u ham bo‘lsa, o‘zingga og‘ir yuk, — debdi. Echkidan bu gapni eshitib, sovluq izza bo‘lib, uning yuziga qarab:
— O’rtoq echki, sen oldin o‘zingga boq, so‘ngra o‘zgaga boq. «O’zingni bil, o‘zgani qo‘y», degan gapni eshitganing yo‘qmi, ishtoni yo‘q, tizzasi yirtiqqa kulmay qo‘ya qolsin. Bu aytgan bayting o‘zingga mos keladi, — debdi.
Shundan keyin bular bir-birlari bilan tanish-bilish bo‘lib, gaplashib ketibdilar. Har ikkalalari o‘zlarining boshlaridan o‘tganlarini aytishibdilar. Echki:
— Mening xo‘jayinim bor. Xo‘jayinimning mendan boshqa hech narsasi yo‘q, yeydigan ovqati ham yo‘q, faqat er-xotin menga zo‘rg‘a bir tutam quruq xashak topib berib, yelinimga mushtlab urib, bolam uchun tayyorlagan bir kosa sutimni sog‘ib olib, ovqat qilishadi. Haftasiga zo‘rg‘a bir kun erkinlikka chiqaradi. Faqat juma kuni erkin yurib o‘ynayman, yuragimning chigilini ancha yozib ketaman, — debdi.
Echkidan keyin sovluq qo‘y ham boshidan o‘tganlarini gapiribdi. Uning turmushi ham echkining turmushiga o‘xshash ekan. Uni ham faqat juma kuni boshvog‘ini olib, dam berib qo‘yib yuborar ekanlar. Shunda bular xo‘jayinlarining jabr-zulmlaridan qutulish yo‘lini axtaribdilar. Axiri bular bir joyga qochib ketishga maslahat qilishibdi.
— Endi qaerga qochamiz? — debdi sovluq.
Echki butun atrofga qarab olib:
— Mening otam: «Hu, o‘sha ko‘ringan tog‘ juda ham o‘tloq joy, suvlari yaxshi, havosi undan ham yaxshi, bolam, bir iloj qilib o‘sha joyga yetib borsak, umrbod rohatda o‘tardik, bu yerda ko‘rgan azoblarimiz ham esimizdan chiqib ketardi», deguvchi edi. Lekin otam rahmatli u yerga yetolmay, bizni ham yetkizolmay, olamdan o‘tib ketdi. Otam menga: «Agar mening bolam bo‘lsang, o‘sha joylarga barsang, keng yaylovlarda men uchun ham u yoq-bu yoqqa yugurib, mening arvohimni shod qilib qo‘yasan», deb vasiyat qilib ketgan edi. Endi shu joyga borsak, ko‘p yaxshi bo‘ladi, — debdi.
Bu gap sovluqqa ko‘p ma’qul kelibdi. Ikkalasi hayyo-hu, deb o‘sha ko‘ringan toqqa qarab jo‘nashibdi.
Bular yo‘lda ketayotganda, uzoqdan bir narsaga ko‘zlari tushibdi. «Bu qanday narsa ekan», deb turishganda, u narsa bir ho‘kiz bo‘b chiqibdi. Ho‘kizning tinkasi qurigan, sekin-sekin qadam bosib ketayotgan ekan. Echki bilan sovluq bu yoqdan yetib borib qarashsa, bir qo‘ng‘ir ho‘kiz shoxi xuddi bir quloch keladi. Juda ham oriqlab ketgan. Ko‘zlari shokosaday, shafaq bosgan, bo‘yni qing‘ir tolday yerga egilgan, cho‘qqisi qirday irg‘ib chiqqan, gapirishga ham madori qolmabdi. Echki salom bergan ekan, bechora ho‘kiz boshini bir likanglatib, arang alik olibdi. Gapirgani majoli ham qolmabdi. Ho‘kiz bulardan «ha bolalar, yo‘l bo‘lsin?» deb so‘rabdi. Echki:
— Ulug‘imiz sizdan bo‘lsin? — debdi.
— He bolalar, hafta ishladik, ertaga shanba bo‘lsa, bukun bir hordiq chiqarib, sal tiklanib olay deb kelyapman, — debdi. Undan keyin echki bilan sovluq ham boshlaridan o‘tkazganlarini aytib, axirida xo‘jayinlari bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, toqqa qarab ketayotganliklarini aytishibdi. Shunda ho‘kiz turib aytibdi:
— Dunyoning g‘am-g‘ashidan juda chiqdim. Sahardan to namozshomgacha ishlaysan, ancha-ancha yerni haydaysan, kech kirib juda darmoningdan ketganingda qo‘shdan chiqaradi, o‘lganing ustiga ko‘mgan deganday, ketishda quruq ketmasin bir arava cho‘p-cho‘makni ham yuklab ketishadi. Uyga borsang tuzuk-quruq ovqat yo‘q. Endi badanda jir tugadi. Quvvat ketdi. Bu jabr-zulmlardan qanaqa qilsam qutular ekanman, deb ko‘p vaqtlardan beri o‘ylanardim. Yaxshi bo‘pti. Sizlar shu maslahatni topibsizlar. Endi men ham sizlar bilan ketaman, — debdi. Ular: «xo‘p, bo‘pti», — deyishibdi.
Shunday qilib, bular uchalasi toqqa qarab jo‘nashibdi.
Bular yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, mo‘l yursa ham ko‘l yurib, axiri bir kun toqqa yetishibdi. Tokqa borishsa, bu tog‘ echki aytganday, juda ham obod ekan. Istagan ovqat topilarkan. Havosi juda baland, suvlari tiniq. Bular borishi bilan yaxshilab qorinni to‘qlab, adirlikdagi katta chinorning tagida makon qurib yota berishibdi. Shu kuni kechasi oyoqlarini uzatib uxlashibdi. Saharga borganda echki uyqusida bosinqirabdi. Uning tushiga xo‘jayinlari kirib: «Sen qayoqqa yo‘qolding, sendan necha kunlik sutni sog‘ib olaman», deb uni tushovlab, sog‘a boshlabdilar. Bir kosa sut chiqqandan keyin, sut chiqmay qolibdi. Shunda xo‘jayini: «Sen qolgan sutlarni nima qilding», deb qo‘liga katta so‘yilni olib hadeb urgani turibdi. Shunda echki ovozining boricha «dod» deb qichqiribdi. Buning ovozini sovluq bilan ho‘kiz eshitib, bunga nima bo‘ldi, deb uyg‘otishibdi. Echki uyg‘onib darrov ichiga tupurib:
— Xudoga shukur-ey, tushim ekan! Tushimda hadeb xo‘jayinim uryapti, — debdi.
Ho‘kiz aytibdi.
— Bu tushing bo‘lmay, nima bo‘ladi, endi xo‘jayining xam yo‘q. Xo‘jayinning katta so‘yili ham o‘zi bilan birga qoldi, — debdi. Shunday qilib bular bu yerda juda yayrab qolishibdi. Kundagiday sahar uyg‘otish, bo‘yniga arqon solish yo‘q. Ovqat serob, tergaydigan odam yo‘q. Bular tez kunda juda ham tozarib, semirib ketishibdi. Ho‘kiz juda ham semiribdi. Uning savlatini ko‘rganda har qanday yovvoyi hayvonlar ham qochadigan bo‘libdi.
Bir kuni ho‘kiz sheriklariga aytibdi:
— Men har kuni ichkarida yotib, issiqlab qolayotibman, bu kun chinorning tagida yotaman, — debdi.
Shu kuni echki bilan sovluq ichkarida yotishibdi. Xo‘kiz tashqarida yotibdi.
Shu kuni qattiq sovuq bo‘lib ho‘kiz yotgan yerida shamday qotib qolibdi. Erta bilan o‘rtoqlari chiqib, ho‘kizni chaqirsa hech tovush bermabdi. Nima bo‘ldi ekan, deb borib qarashsa, sovuqdan shodiyangqoqi bo‘lib, muzlab qolibdi. «Endi nima qilamiz» deyishibdi. Axiri buni o‘tga qizitmasak bo‘lmaydi deb, echki darrov chinorning ustiga chiqib u yoq-bu yoqqa qarabdi. Qarasa yaqin bir pastlikdagi o‘ngurdan tutun chiqib turibdi. Chinordan darrov tushibdi, tushib sovluq ikkalasi ho‘kizni arang suyashib tutun chiqqan tarafga boshlashibdi. Yo‘lda ketayotsa, bir joyda bir yo‘lbars, bir bo‘ri, yana bir tulkining terisi yotibdi. Echki terilarni olib ho‘kizning ustiga yopibdi. Yana jo‘nashibdi. Bular tutun chiqqan yerga borib qarashsa, bu joy butun vahshiy hayvonlar o‘tiradigan joy ekan. Bular shu yerda to‘planib olib, gap yeyishar ekan. Sovluq bilan ho‘kiz qo‘rqib orqalariga qaytmoqchi bo‘libdilar. Echki ularni to‘xtatib ho‘kizning ustidagi boyagi yo‘ldan topgan terilarini olib, ungurning og‘ziga tashlab, ichkariga salom berib kiribdi. Ho‘kiz bilan sovluq ham kiribdi. Kirishsa ichkarida bo‘ri, arslon, tulki, qoplon va sherdan tortib hamma vahshiy hayvonlar bor. Yo‘lbars podshoh ham taxtda o‘tiribdi. Shu kuni tulki gap beradigan ekan. Tulkini o‘rtaga olib juda ham siqib: «Nimaga bu kun ovqat topib kelmading?» deb turishgan ekan. Tulki: «Hamma joyni qidirib keldim, sira ham ovqat uchramadi, xudo o‘zi yetkazmasa, bandasi nima qiladi», deb turgan ekan. Shunda birdan bular kirishib qolishibdi. Bularni kirishi bilan tulki juda xursand bo‘lib ketib, bir baytni aytibdi.
Tulkining baytini eshitib, echki ham cho‘nqayib, podshohga qarab bayt aytibdi.

Namangan shahrida qassob edim, do‘stlar,
Oltmish yo‘lbars, oltmish bo‘ri, oltmish tulki
So‘yishga qo‘l qo‘ygan pudratchi edim.
Xudoyimdan o‘rgilay endi keldim koniga.
Ishonmasang chiqib qara, endi bo‘ldi bittadan, —

debdi.
Shundan keyin, undagi vahshiy hayvonlar birin-ketin chiqib qarab boyagi terilarni ko‘rib ichkariga qaytib kirmasdan, shundan nari ketaveribdilar. Axiri yo‘lbars podshoh o‘zi yakka qolib, qo‘rqqanidan u ham chiqib ketayotgan ekan, ho‘kiz yugurib yo‘lbarsning qornidan suzib borib, jarga taqab turib qolibdi. Buni ko‘rib echki bilan sovluq ham hurishga kiribdi. Ular ham borib tisarilib turib, oldinga qarab yugurib, yo‘lbarsni suza boshlabdi. Yo‘lbars qarasa, bular o‘ldirib qo‘yadi. Axiri yalingani turibdi. Yo‘lbars aytibdi:
— Jon akalar, endi bundan buyoq sizga hech da’vogarlik qilmayman, sizlar turgan joyga birorta hayvonning qadamini bostirmayman. Meni qo‘yib yuboringlar, — debdi.
Ular yo‘lbars podshohdan va’dani olib, urib-surib haydabdilar. Vahshiy hayvonlar ketgandan keyin bular bu joydagi o‘ljalarni olib, ho‘kizga yuklashib joylariga qarab ketibdilar.
Boyagi vahshiy hayvonlar ulardan qochib borib, bir yerga to‘planishibdi. Ular: «Shu uchta go‘shtdan qochdikmi?» deb, qochganlariga pushaymon qilib, yana ularni quvib bormoqchi bo‘lib jo‘nabdilar. Echki ularning kelayotganini bilibdi. Echki darrov qo‘y bilan ho‘kizning oldiga kelib, ularni chinorga yuboribdi. O’zi bir balandlikka chiqib turibdi. Echki qo‘y bilan ho‘kizga agar haligi vahshiy hayvonlar bizni izlab topolmay, shu yerda o‘tirib qolishsa, qattiq ovoz qilib chinordan o‘zlaringni tashlanglar, deb gap o‘rgatgan ekan. Boyagi vahshiy hayvonlar izlab kelib qolibdi. Ular chinorning tagiga kelganda tulkiga yalinibdilar:
— Ana biz ularni topolmadik. Sen romchi eding, bir rom qarab qo‘ygin, ular qayda ekan? — deyishibdi.
Tulki ham cho‘nqayib o‘tirib rom qarab ketibdi. Tulki rom qarab, hamma hayvonlar uning og‘ziga tikilib o‘tirgan ekan, birdan yuqoridan allaqanday bir ovoz chiqib, bir narsalar tushib kelib qolibdi. Ular boyagi ho‘kiz bilan qo‘y ekan. Shu holda birdan narigi yoqdan:
— Romchisini ushla, romchisini ushla, — deb ovoz kelib qolibdi.
Bu ahvoldan qo‘rqib vahshiy hayvonlar orqa-oldiga qaramasdan qochib ketishibdi. Bundan keyin ular bu joylarga butunlay kelmaydigan bo‘lib ketibdilar. Shu bilan ho‘kiz, echki, qo‘ylar bu joyda umrbod yashab qolishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.