Bir tog‘ etagidagi g‘orda bir shahzoda, bir ayiq, bir tulki va bir burgut yashar ekanlar. Burgut butun dunyodagi burgutlarning podshohi ekan. Ayiq ham butun dunyodagi ayiqlarning podshohi ekan. Tulki ham dunyodagi barcha tulkilarning podshohi ekan. Kunlardan bir kuni tulki va burgut bir shaharga kelibdilar. U shahar podshohining bir go‘zal qizi bor ekan. Tulki aylanib yurib, shu qizni ko‘rib qolibdi va g‘orga kelib shahzodaga qizni juda yaxshilab ta’riflab beribdi. Shahzoda shohning qiziga g‘oyibona oshiq bo‘libdi. Qizning vasliga yetolmay, ko‘p vaqt xafa bo‘lib yuribdi. Shu vaqtda burgut, ayiq va tulkilar undan nima uchun xafa ekanligini so‘rabdilar. Shahzoda: «Menga o‘sha shohning qizini olib bersalaringiz shunda mening vaqtim chog‘ bo‘ladi», debdi. Burgut o‘rnidan turib: «E shahzodam, aslo tashvish qilmang, bu ishni tulki bilan ikkimiz bajaramiz», debdi.
Shahzoda juda xursand bo‘libdi. Tulki va burgut shaharga kelibdilar. Tulki shohning saroyiga kirib, qizning oldida dumini qilpillatib yuribdi. Burgut esa, qizning ravog‘i ustida poylab turibdi. Shohning qizi tulkini ko‘rib quvlabdi, tulki sekin-sekin qizni aldab ko‘chaga olib chiqibdi. Shunda burgut osmondan kelib qizni ko‘tarib uchibdi va shahzodaning oldiga olib kelibdi. Tulki ham sekin kirib kelibdi. Oxiri qizni yigitga nikoh qilibdilar. Shahzoda va qiz baxtli hayot kechira boshlabdilar. Ular har kuni qizni g‘orga qo‘yib, ayiqni unga poyloqchi qilib, o‘zlari o‘rmonga ov qilgani ketishar ekan. Oradan oz vaqt o‘tgach, qizning otasi shaharga jar chaqirtiribdi. Biroq, u qizidan darak topa olmabdi. Shunda bir jodugar kampir shohning oldiga kelib: «Shohim, qizingizni men topib beraman, sevinchisiga nima berasiz?» debdi. Shoh: «Nima maqsading bo‘lsa, shunga yetkazaman», debdi. Kampir shohdan bir uchar ot olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Kampir borib-borib, haligi qiz turadigan g‘orning ro‘parasidagi o‘rmonga yetibdi. Jodugar otini o‘rmonga yashirib, o‘zi bir musofir odam bo‘lib, qizning oldiga kelibdi. Shu vaqtda shahzoda, burgut va tulkilar kelib qolibdilar. Kampir ularga hiyla qilib: «Men musofirman, pulim, molim yo‘q, meni sizlar shu yerda olib qolinglar, men sizlarning ovqatlaringizni pishirib berib yuray», deb yig‘labdi. Shahzodaning kampirga rahmi kelib, g‘orga olib kirib ketibdi. G’orda har kuni kampir bilan qiz qolib, ular esa ovga boribdilar. Kunlardan bir kuni kampir, qizni o‘rmonga tomosha qilish uchun olib chiqibdi. Sungra jodugar qizga uchar otni ko‘rsatib: «Qani, shu otga bir minib ko‘raylik-chi», deb qizni mindiribdi va o‘zi ham minib, qizni otasi — shoh oldiga olib kelibdi. Qiz shahzodadan ayrilganiga juda xafa bo‘lib yuribdi. Kechqurun shahzoda, ayiq, tulki va burgutlar ovdan qaytishib qarasalarki, qiz va kampir yo‘q. Shahzoda yana xafa bo‘lib tursa burgut va tulkilar avvalgidek qilib, yana qizni olib kelibdilar. Bular yana farovon turmush kschira boshlabdilar.
Shoh ko‘rsaki, qizi yana yo‘q. U darhol butun askarlarini to‘plabdi. Jodugar kampir yo‘l ko‘rsatibdi, so‘ngra shoh barcha askarlari bilan g‘or oldiga kelibdi va: «Hoy, shahzoda! Nima uchun sen mening qizimni olib qochding, kel, urush qilamiz, qani, askarlaringni chaqir!» deb dahshat solibdi. Shahzoda boshini quyi solib turarkan, ayiq bir uvillabdi, butun dunyodagi ayiqlar to‘planishib, bir tomonga saf tortib turibdilar. Tulki ham bir uvillagan ekan, hamma tulkilar kelib bir tomonda turibdilar. Burgut esa, bir qichqirgan ekan, butun dunyodagi burgutlar tog‘lardan toshlarni ko‘tarib kelib tepada turibdilar. Shu vaqt shoh vaziriga ayiq va tulkilarni ko‘rsatib: «Askari oz ekan urushni boshlaymiz», debdi. Vazir dono ekan, yuqoriga qarab, burgutlarni ko‘rib, yuragi yorilguday bo‘libdi. Vazir shohga qarab:
— Shohim, tepangizga qarang! Uni ko‘ryapsizmi? Urush qilmaymiz, shahzoda bilan yarash qilamiz, — debdi. Shoh bu holni ko‘rib, darrov shahzoda bilan yarashibdi va u shahzodani o‘z yurtiga kuyov qilib olib ketibdi. So‘ngra hammalari murod maqsadlariga yetibdilar.