Bir boyning uch o‘g‘li bor ekan. Boyning katta bog‘i ham bor ekan. Bog‘ida bir tup chinori bor ekan. Bu chinor tilladan ekan. Har kuni bir bargi yo‘qolib qolar ekan. Boy g‘azablanib, katta o‘g‘lini poylatibdi. Ertasiga o‘rtanchasini poylatibdi. Uchinchi kuni eng kichkinasini qo‘yibdi. O‘sha kuni bir tilla qush kelib, chinorning bitta bargini uzib ketibdi. Kichik o‘g‘li:
— Ota, bir tilla qush kelib, bargini uzib ketdi. Otishga ko‘zim qiymadi, — debdi.
Otasi uch o‘g‘liga g‘azab qilibdi:
— Topsalaring topganing, topmasalaring boshlaring o‘limda, — debdi. Ikki o‘g‘li kulcha-ko‘machini g‘amlab, yo‘lga ketibdi. Eng kichigi hech narsa olmasdan yig‘lab ketibdi.
Uch ayrilish yo‘lga borishibdi. U yerda bir tosh bor ekan, u toshga: “borsa kelmas”, “borsa kelar”, “borsa xatar” deb yozib qo‘yilgan ekan. Eng kattasi “borsa kelar”ga, o‘rtanchasi “borsa kelmas”ga, kichigi “borsa xatar”ga ketibdi. Kichigi bir suvning bo‘yiga borib, bir dona nonni suvga tegizib yeb o‘tirgan ekan, bir cho‘loq bo‘ri kelib qolibdi. Qo‘rqqanidan nonning yarmini bo‘riga beribdi. O‘rnidan turgan vaqtda:
— Qayoqqa borasan? — deb so‘rabdi bo‘ri.
— “Borsa xatar”ga boraman, — debdi u.
Bo‘ri:
— “Borsa xatar” olti oylik yo‘l, yetolmassan. Ustimga mingin, ko‘zingni yumgin, olti hatlab yetkazay, — debdi. Bola shunday qilibdi. Bo‘ri:
— Ko‘zingni och, — debdi. Bola ko‘rsa, taxt tagida turibdi. Bo‘ri:
— Qirq pog‘onali shotiga chiqasan, qushni olsang, chakkasini1 olma, — debdi. Bola qushni olibdi. “Uzoq yo‘lda yerga qo‘yamanmi”, debdi-da, chakkasini ham olibdi. Chakkasida qo‘ng‘iroqlar bor ekan, jarang-jurung qilibdi. Vazirlar bolani qo‘lga tushirib olib, podshohning oldiga olib kiribdilar. Podshoh:
Sen qaysi eldan kelding? — debdi.
— Bog‘bondan keldim, — debdi bola.
— Nima uchun kelding? — debdi podshoh.
— Qush uchun keldim, — debdi bola.
— Qush uchun kelgan bo‘lsang, Mag‘ribda bir podshohning qizi bor, olib kelib bergin, qushimni beraman, — debdi podshoh.
Bola qaytib pastga tushibdi. Cho‘loq bo‘ri:
— Kallasi katta boyvachcha, nima ish qilding? — debdi.
Bola bo‘lgan voqealarni aytib beribdi. “U qizning shahri sakkiz oylik yo‘ldir. Ustimga min, ko‘zingni yum!” debdi bo‘ri va sakkiz hatlab bolani yetkazibdi. Bola o‘zini taxt tagida ko‘ribdi.
— Qizni olsang, ro‘molini olma, ro‘molini olsang, qizni olma, — deb gap o‘rgatibdi bo‘ri. Bola chiqib, qizni uxlab yotgan yeridan olibdi.
“Uzoq yo‘lda boshyalang olib ketamanmi”, deb ro‘molini ham olibdi.
Тag‘in qo‘lga tushibdi. Uni podshohning oldiga olib kirishibdi. Podshoh: “Falon joyda yalmog‘iz kampirning bir oti bor, shuni olib kelib bersang, so‘ng qizimni beraman”, debdi. Bola bo‘rining oldiga chiqib:
— Тo‘rt oylik yo‘lda bir ot bor, shuni olib kelib bersang, qutulasan, deydi, — debdi.
— Ustimga min, ko‘zingni yum!— debdi bo‘ri.
Тo‘rt hatlab unga ham olib boribdi. Ko‘zini ochsa, o‘zini bir Changalimozandaronda ko‘ribdi. Bo‘ri:
— Yer tagidan teshib kirasan, oxurning yonidan chiqasan. Bosh chiqargan vaqtingda ot bir kishnaydi. Kampir yotgan yeridan bezovta bo‘lib chiqib, otini uradi. “Haromgina o‘lgur, sen nimaga kishnay berasan, nimani bilding”, deb urib-urib kirib ketadi, — debdi.
Bola shularning hammasini aytganidek bajaribdi. Otni olib chiqibdi. Cho‘loq bo‘ri ikkalasi podshohning oldiga jo‘nabdi. Yo‘lda bo‘ri:
— Ey, kallasi katta boyvachcha, shu otni podshohga berasanmi? — debdi.
— Nima qilamiz? —debdi bola. Bo‘ri:
— Bir yumalab bundan ham yaxshi ot bo‘laman. “Bitta ot deb edingiz, ikkita qilib keldim”, deysan. “Тanlab oling”, deganingda, meni tanlab oladi. Sen qizni mingashtirib olib ketasan. Orqangdan men ko‘k kaptar bo‘lib uchib, yetib olaman, — debdi.
Bola bo‘ri aytganini bajo keltiribdi. Podshohning oldiga kiribdi.
— Ikki otdan bittasini tanlab oling, — debdi. Podshoh cho‘loq bo‘rini tanlab olibdi. Yigit qizni olib ketibdi. Orqasidan ko‘k kaptar bo‘lib bo‘ri yetib olibdi.
— E, kallasi katta boyvachcha, shu qizni podshohga berasanmi? — debdi.
— Nima qilamiz bo‘lmasa?
— Men bir yumalab bir qiz bo‘lay. Podshoh meni tanlaydi. Sen qizni ham, qushni ham olib keta berasan. Men orqangdan ko‘k kaptar bo‘lib uchib boraman, — debdi.
Bola shunday qilibdi. Bola:
— Bitta qiz deb edingiz, ikki qiz keltirdim, tanlab oling, — debdi.
Podshoh cho‘loq bo‘rini tanlab olibdi. Uchalasini olib yigit jo‘nab keta beribdi. Bola qush, qiz va otni olib, boyagi yeriga — non yegan joyiga yetibdi. Bo‘ri ham yetib kelibdi. Cho‘loq bo‘ri:
— Bir qush deb eding, shuncha narsali qilib qo‘ydim, bergan yarimta noningga rozi bo‘lgin, — deb ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Bola akalarini istab, “borsa kelar”, “borsa kelmas” ko‘chalarga kiribdi. Ularni topibdi. Biri oshpazga o‘t yoqar, biri hammomda go‘loh ekan. Akalarini chaqirib:
— Endi ketaylik, — debdi.
Yo‘lga tushibdi. Yo‘lda ikkala akasi ukasini o‘ldirishga maslahat qilibdi. Ukasining ko‘zini o‘yib, bir chuqurga tashlabdilar. Bari narsalarini olib jo‘nabdilar. Otalarining oldiga boribdilar. Otasi kichik o‘g‘lidan bexabar, to‘y-tomoshalarni qilib beribdi. Qiz, qush, otlar ovqat yemay, yig‘lasharmish.
— Nimaga bunaqa qilasizlar? — deb so‘rabdi boy. Bilsaki, bularni kichkina o‘g‘li olib kelgan ekan. Akalari uning ko‘zini o‘yib, chuqurga tashlab kelgan ekanlar.
Qiz ularni boyning kichik o‘g‘li yotgan joyga boshlab olib boribdi. Qarasalar, bola chala o‘lik bo‘lib yotgan ekan. Olib kelibdilar, tabibga ko‘rsatib davolagandan so‘ng, boy ikkala katta o‘g‘lini jazolashga buyuribdi. Boy qizni kichik o‘g‘liga beribdi. Xiyonat qilganlar jazolarini tortibdilar. Bular murod-u maqsadiga yetibdilar.