OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dangasa chol

Burungi zamonda bir chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Ularning birgina sigirlari bor ekan. Shu sigirga yem-xashak solish, suv berishga chol-kampir juda erinar ekanlar.
Bir kuni chol-kampir bu ishni bir-birlariga buyurib, sansalor qilib, aytishib qolishibdi. Shundan keyin ular, "kim birinchi bo‘lib so‘zlasa, o‘sha sigirga suv beradi" deb kelishib olishibdi.
Ikkovlari so‘zlashmay o‘tiraveribdilar. Oxiri kampir zerikkanidan qo‘shnisinikiga chiqib ketibdi. Chol esa uyda qolibdi. Shu payt eshik taqillabdi. U bir devona ekan. Hech kim javob bermagandan keyin, devona uyning ichiga kirib kelibdi. Chol shunda ham og‘iz ochmabdi. Devona uydagi ko‘zga ko‘ringan narsalarning hammasini ko‘tarib chiqib ketibdi. Cholning indamaganiga hayron bo‘lib, uning soqol-mo‘ylovlarini ham qirib tashlabdi. Bir oz vaqt o‘tgach kampir kelibdi. Qarasa, uydagi narsalarning ko‘pi yo‘q, cholning soqol-mo‘ylovlari olib tashlangan. Shunda kampir:
— Nimalar qilib o‘tiribsiz? Uydagi jihozlar qani? O‘zingizga nima qildi? — deb baqirib ketibdi.
Shunda chol suyunib:
— Ana, endi sigirni o‘zing sug‘oradigan bo‘lding, — debdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.