Qadim zamonda bir boyning uch o‘g‘li bo‘lgan ekan. Boy juda badavlat ekan. Boy o‘zining hayotligida o‘g‘illarini uylantiribdi. Katta kelin juda janjalkash, o‘rtancha kelin mol dunyoga hirs qo‘ygan, kichik kelin esa juda xushfe’l ekan. Boy o‘lganidan so‘ng, o‘g‘illari otasidan qolgan dunyoni bo‘lishib olishibdi va shu bilan uchala kelin ham o‘zlaricha mol taqsimlab olishibdi.
Boyning davlati shu bilan ketibdi. Davlat ketibdi-yu, lekin bir narsasini qoldirib ketganday bo‘libdi. U yana shu hovliga kirib, kelinlar bilan xo‘shlashmoq uchun avval katta kelinning oldiga boribdi. U:
— Men ketmoqchiman, mendan nima istaging bo‘lsa, talab qilib olgin, — debdi. Katta kelin kerilib-burilib:
— Ketar emish!.. Ketsang ketaver, menga mana shu dunyo umrimning oxirigacha yetib ortadi, — deb uyidagi narsalarini ko‘z-ko‘z qilibdi.
Davlat xafa bo‘lib hovlidan chiqibdi-da, o‘rtancha kelinning hovlisiga kirib aytibdi:
— Kelin, men ketmoqchiman, mendan nima istasang, olib qolgin.
Kelin:
— Menga yaxshi-yaxshi kiyimlar, bir necha yilga yetadigan pul qoldirib ketsang, men sendan roziman, — debdi. Davlat o‘rtancha kelinga shu zamon bir necha yilga yetguday pul-dunyo, yaxshi-yaxshi kiyimlar tayyor qilibdi-da, xo‘shlashib chiqib, kichkina kelinning hovlisiga kiribdi.
Kirib qarasa, kichik kelin xafa bo‘lib o‘tirganmish. Davlat sekin kelib, uning qarshisiga o‘tiribdi.
— Nega boshingni yerga solib o‘tiribsan? — deb so‘rabdi Davlat.
— Nega xafa bo‘lmas ekanman, axir boy otam dunyodan o‘tib ketdi-yu, ro‘zg‘orimiz bo‘lindi, og‘iz birligimiz yo‘qoldi, — debdi kichik kelin. Shunda Davlat kichik kelinga:
— Men ham sen bilan xayrlashish uchun keldim. Mendan nima tilagish bo‘lsa tilab olgin, men ketaman, — debdi.
Bu so‘zni eshitgan kichik kelin xafa bo‘libdi-da, Davlatga qarab:
— Agar maqsadingiz mendan ketish ekan, sizdan tilab olgan narsa men uchun umrlik bo‘larmidi? Menga hech narsa kerak emas. Agar elim, erim bilan kunim og‘iz birlikda, rostgo‘ylikda o‘tsa, halol mehnatimiz bilan yashasak, shuning o‘zi mening sizdan tilagan tilagim bo‘ladi, — deb jimgina yerga qarabdi. Shunda Davlat xushvaqt bo‘lib, kelinning boshini silab, peshonasidan o‘pib shunday debdi:
— Men ketib sendan a’loroq joyni toparmidim? Men ham qaerda og‘iz birlik, rostgo‘ylik, halol mehnatli kishilar bo‘lsa, shu yerga boraman. Men ana shu kishilarning boyligiman, xafa bo‘lma, men sen bilan qolaman.
Kelin ko‘zlaridan sevinch yoshlarini to‘kib turganida eshikdan eri kirib kelibdi. Kelin erini yaxshi muomalalar bilan kutib olibdi, eri ham xotinining peshonasidan o‘pibdi. Bularning yaxshiligini, o‘zaro ahilliklarini ko‘rib turgan Davlat shod bo‘lib, ularning hovlisida yashab qolgan ekan.