OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dono qiz

Qadim zamonda bir podsho o‘tgan ekan. Kunlardan bir kun podsho o‘z eliga ikkita savol beribdi.
— Shirindan shirin nima? Achchiqdan achchiq nima?
Podsho bu savolni yechish uchun odamlarga qirq kun muhlat beribdi: «Agar hech kim savolni yecha olmasa, yurtga qirg‘in solaman», debdi. Bu savolga hech kim to‘g‘ri javob topa olmabdi. Podsho zulmidan qo‘rqqan xalq boshqa tomonlarga qarab qochib keta boshlabdi.
Shu mamlakatda bir kambag‘al chol qizi bilan kun kechirar ekan. Ko‘chadagi shovqinlarni eshitib, qiz tashqariga chiqib qarasa, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib qochib ketyapti. Qiz ulardan nima sababdan qochayotganliklarini so‘rabdi. Shunda qochayotganlardan biri shunday debdi: «Podsho butun xalqqa savol bergan. Savolini yechish uchun qirq kun muhlat qo‘ygan. Agarda hech kim yecholmasa, yurtga qirg‘in soladi».
Shunda qiz otasini chaqirib, unga:
— Otajon, siz podshoning oldiga borib savolini yeching va yurtni zulmdan qutqaring. Birinchi savolga:— Shirindan shirin — bola shirin. Ikkinchi savolga: Achchiqdan achchiq — o‘lim achchiq, deng, — debdi.
Chol podshoning oldiga borib, savoliga javob beribdi. Podsho choldan kim aytganini so‘rabdi. Chol o‘z qizining aytganini ma’lum qilibdi. Chol qizining donoligiga podsho hayron qolibdi. Qizning donoligini yana sinash uchum podsho odamlariga: «Borib ayt, o‘sha qiz ho‘kizni bolalatib bersin», — debdi. Bir qancha kundan keyin podsho odamlari qizning oldiga kelib: «Ho‘kizni bolalatdingmi?» deb so‘rabdilar. Shunda qiz: «Dadam hammomga tuqqani ketgan, kelsa javobini aytaman», debdi. Kelgan odamlar qah-qah urib kulishib: «Hech vaqt erkak kishi ham tug‘adimi?» deganda, qiz: «Ho‘kiz bolalaganda, nima uchun erkak kishi tug‘masin?» deb odamlarni mot qilibdi.
Bu gapni odamlar podshoga aytib beribdilar. Podsho qizning aqlliligiga qoyil qolibdi va qirq kechayu qirq kunduz to‘y-tomosha berib qizga uylanibdi.
Kunlarning birida podsho ovga ketibdi. Darvozaning oldida odamlarning janjallashayotgan tovushi qizning qulog‘iga eshitilibdi. Qiz qarasa, ikkita qo‘ychivon mojaro qilib turgan ekan. Shunda qiz ulardan janjalning sababini so‘rabdi. Har ikkisining ham ikkiqat qo‘yi bor ekan. Kechqurun bittasining qo‘yi tug‘ib, ikkinchi qo‘yning tagiga yotib olibdi. Qiz ikkovining mojarosini to‘xtatib turganda podsho kelib qolibdi. Xotinining ko‘chaga chiqib turganini ko‘rib, g‘azablanibdi va saroydan xohlagan narsasini olib otasining oldiga jo‘nashini aytibdi. Shunda qiz ketmasdan turib, podsho bilan oxirgi marta o‘tirish qilib, ziyofat berishni so‘rabdi. Podsho rozi bo‘libdi.
Qiz xilma-xil nozu ne’matlarni podshoning oldiga qo‘yib, rosa ichiribdi. Shunda podsho mast bo‘lib, yotib qolibdi. Qiz soyabon aravaga podshoni yotqizib, aravakashga bozorlarni aylantirib yurishni aytibdi. Bir vaqt podsho ko‘zini ochib qarasa, xotini bilan aravada bozorlarni aylanib yurgan emish. Shunda podsho xotinidan:
— Nima uchun meni bunday qilib olib yuribsan? — deb so‘rasa, u shunday debdi:
— Ey podshohim, o‘zingiz uydan xohlagan narsangni olib, otangnikiga ket, dedingiz. Uy ichidan xohlaganim siz edingiz, endi uyga olib ketyapman, — debdi.
Podsho qizning donoligiga, aqlliligiga qoyil qolib, u bilan yana turmush kechiravergan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.