Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Ularning ikki qizi va uch o‘g‘li bor ekan. Chol-kampir ro‘zg‘or tebratishga juda qiynalar ekan, bolalari esa hali yosh ekan.
Bir kuni o‘zlari ham, bolalari ham juda och qolishibdi. "Nima qilsak ekan", deb rosa bosh qotirishibdi, hech bir yo‘lini topa olishmabdi.
Shunda kampir:
— Chol, bir ilojini qiling! Bizga baribir chetdan yordam kelmaydi, — deb turib olibdi.
Chol o‘ylay-o‘ylay, oxiri kechasi o‘g‘irlikka tushishga qaror qilibdi, bundan o‘zga chora topa olmabdi.
Chol yarim kechasi o‘rnidan turib, o‘g‘irlik qilishga chiqib ketibdi.
Qishloqdagi bitta oqsoqolning juda ko‘p qo‘ylari bor ekan. Chol o‘shaning bitta qo‘yini o‘g‘irlabdi. Ular qo‘yni so‘yib, go‘shtini qozonda qaynatishibdi. Bolalarini uyg‘otishdan avval chol kampiriga:
— Kampir, endi bir amallab, shu go‘shtlarni bolalar uyqusirab yotganlarida yedirib yuborish kerak, — debdi.
— Buni qanday qilamiz? — deo so‘rabdi kampir.
Chol:
— Hozir bolalarning ustiga suv sepamiz. Keyin, "yomg‘ir yog‘ib yubordi" deb, ularni choponlariga o‘rab ayvondan uyga olib kiramiz. Uyda esa, ular uyqu aralash go‘shtni tez-tez yeb oladilar, — debdi. Go‘shtni bolalarga yedirib, o‘zlari ham yeb, yana uyquga ketishibdi.
Ertasiga qishloq oqsoqoli bitta qo‘yning yo‘qolganini hamma yoqqa jar solibdi. Keyin ikki-uchta odamni olib, eshikma-eshik axtarishga tushibdi. Ular chol-kampirlarnikiga ham kelib, bolalaridan so‘rashibdi:
— Kecha kechasi uylaringda go‘sht yedilaringmi? Shunda bolalardan biri:
— Ha, biz go‘sht yedik, — deb yuboribdi.
Bundan chol-kampir sarosimaga tushib qolishibdi. Shunda kampir darrov o‘zini tutib olib, chaqqonlik bilan:
— Hoy, juvonmarg bo‘lgur, qachon senga go‘sht bergan edik? — debdi.
Shunda bola yig‘lamsirab:
— Huv, yomg‘ir yoqqan kuni, otam uyga olib kirib go‘sht bergan edi-ku! — debdi.
Chol oqsoqolga qarab:
— Hurmatli oqsoqol, bola rost gapirdi. Ancha vaqt bo‘ldi, birda shaharga tushib go‘sht olib kelgan edim. O‘sha kuni yomg‘ir yoqqan edi. Yosh bola-da, so‘raganingizga, o‘sha yeganini aytayapti, — debdi.
Oqsoqol va u bilan birga kelgan odamlar indamay chiqib ketishibdi. Chol bilan kampir esa jazodan qutulib qolishibdi.