OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulombachcha

Bor ekanda yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir mamlakat bor ekan. U mamlakatning qoidasi bo‘yicha kambag‘allar o‘z bolalarini sotar ekanlar. Shu shaharda bir kambag‘al kampirning bir o‘g‘li bor ekan. Bu kampirning tirikchiligi tang bo‘lib, bir bolani boqishga ham ojiz ekan. Axiri shu bolasini bozorga olib chiqishga majbur bo‘libdi.
Podshohning ham bir qizi bor ekan. U ham yetti-sakkiz yoshlariga yetganda, bir kuni otasiga:
— Ey, otajon, menga bozordan bir qul sotib olib bersangiz, menga yugurdaklik qilsa, — debdi. Podshoh xizmatkorlarini chaqirib:
— Bozorga chiqib bir yaxshi, xushsurat, boaql bolani topib, sotib olib kelinglar, — debdi. Xizmatkorlar bozorga borib aylanib yurib shu kampirning bolasiga ko‘zlari tushib, bir-birlari bilan maslahatlashib “Podshoh aytgan bola shundan ortiq bo‘lmas, shu bolani savdo qilaylik”, deyishib, bolaga xaridor bo‘libdilar. Kampirdan:
— Ona, bolangizning bahosini ayting! — deyishibdi. Kampir bolasiga qarab achinib, xo‘rlanib, yig‘lamsirab:
— Ming tilla, — debdi, ularga kampirning o‘g‘lini nochor sotayotgani ta’sir qilib, uch hissa pul berishibdi. Kampirning qo‘lidagi bolani olib, podshoh o‘rdasiga qarab ketishibdi. Kampir bechora shu turgan joyida go‘yoki azroil jonini olayotganday bo‘lib, bellari munkayib, yosh o‘rniga qonlar to‘kib, falakning gardishidan shikoyatlar qilib o‘tirganicha bir necha soatlar o‘tirib qolibdi. Axiri o‘zini ustivor tutib uyiga kelibdi. Kampir bolasini yo‘qotgan qo‘ydek, yurish-turishlarini bilmasdan kunini o‘tkazib yuraveribdi. Kampir bu yerda tura bersin, ikki kalima so‘zni podshoh o‘rdasidan eshiting.
G‘ulombachchani podshoh o‘rdasiga olib borgandan keyin, podshoh bolani ko‘rib, xushnud bo‘libdi. Qizi ham ko‘rib, o‘zi istaganidek bola ekaniga suyunibdi. So‘ngra podshoh G‘ulombachcha bilan qizning ikkovini maktabga beribdi. Bir necha yillar maktabda o‘qib, uyda bir-birlariga xizmat qilib, katta bo‘lgan sari bir-birlariga muhabbatlari orta boshlabdi.
Podshohning bir maslahatdon vaziri bor ekan. Uning ham bir o‘g‘li bor ekan. Podshohning maslahatlarini shu vazir hal qilar ekan. Vazir vaqtni g‘animat topib, podshohning qizi bilan o‘z o‘g‘li to‘g‘risida gap ochib, “Qizingiz mening o‘g‘limga lozim” deb qo‘yar ekan. Xususan, podshohning qizi bilan G‘ulombachchaning balog‘atga yetishib, husnlarining bir-biridan ortiq bo‘lib ketayotganini ko‘rib, “Yo darig‘, avvalgi va’da podshohning yodidan chiqib ketayotganga o‘xshaydi” deb qo‘yar ekan. Bir qancha vaqtlardan keyin, vazir har kuni va har soatda qiz bilan G‘ulombachchaning birga yurganini ko‘rib, yuragi ezilar ekan. Bir kuni vazir podshohni uyiga chaqirib, ziyofat berib sharobxo‘rlik qilishibdi.
Vazir podshohga:
— Sizning qizingiz bilan mening o‘g‘lim bir yilda, bir oyda tug‘ilgan. Endi katta bo‘lib qolishdi. Ikkovimiz quda bo‘lsak, ikkovini topishtirsak, — debdi. Podshoh o‘ylanib turib bir vaqtdan keyin boshini ko‘tarib vazirga qarab:
— Ey, vaziri dono, mening ham yoshim keksaygan vaqtda ko‘rgan bittagina qizim bor, uni hali o‘qitayotibman. Lekin aytgan gapingni qizim bilan maslahatlashib ko‘ramiz. Agar qizimning ko‘ngliga to‘g‘ri kelib o‘z ixtiyoricha rozi bo‘lsa, u vaqtda men hech nima deya olmayman, — debdi. Bir necha kun o‘tgandan keyin podshoh xotini oldiga kirib, vazirning gapini aytibdi:
— Vazir shunday maslahat qilayotibdi. Men gapirsam qizim uyaladi. Sen gapir, qani, nima der ekan, — debdi. Xotini qizning oldiga kirib bo‘lgan voqeani bir-bir bayon qilibdi. Qiz birpas o‘ylanib turib:
— Ey, onajon, birinchidan, men hali yoshman, ikkinchidan, o‘qishda bo‘lsam, ilm o‘rgana olmasdan fikrim buzilib, o‘rgangan ilmlarimni ham esimdan chiqarib qo‘yaman. Necha yillar o‘rgangan ilmlarim suvga oqib ketadi. Shuning uchun bir necha yil o‘z ixtiyorimga qo‘ysanglar, — debdi. Onasi podshoh yoniga chiqib qizining gaplarini birma-bir aytib beribdi. Podshoh ham qizining fikriga qo‘shilib, qizga rahmatlar aytibdi. Vaziriga ham qizning ixtiyori o‘zida ekanligini aytibdi. Vazir dam urmasdan ketibdi-yu, lekin bu gapni vaqt-vaqti bilan podshohning yodiga solib turar ekan. Kunlardan bir kun podshoh bilan vazirning gaplari G‘ulombachchaning qulog‘iga chalinibdi. G‘ulombachcha maktabdagi bolalardan epchil, ziyrak, farosatli ekan, shuning uchun hamma unga ofarin aytar ekan. Ba’zilar: “Podshoh bir qulbachchani o‘qitib odam qildi”, desa, ba’zilari “Podshoh qizini o‘shanga beradiganga o‘xshaydi”, der ekan. G‘ulombachcha haligi gaplarni eshitib qiz bilan maslahatlashibdi. Qiz G‘ulombachchaga:
— Ey, do‘stim, mehribonim, men seni yoshligimda sotib oldim va o‘qitdim, o‘zimdan ziyoda tarbiyalatdim, har xil hunarlar o‘rgatdim. Hattoki jang asboblarini ham ba’zi podshohlar lashkaridan ziyodroq o‘rganding. Men sening bilan birga bo‘laman, va’damdan aynimayman, — deb tasalli beribdi.
Bir necha kunlardan keyin vazir haligi gapni podshohga aytibdi. Podshoh qizining oldiga kelib:
— Ey, qizim, vazir shu xususda ko‘p gapiryapti. Yana nima deysan? — debdi. Qiz:
— Ey, ota, menga kim talab bo‘lsa, shu mamlakatdan chiqib ketib, safardan qaytishda obro‘mand, dunyodor bo‘lib qaytib kelsin. O‘shandan keyin ixtiyorimni o‘sha odamga beraman, — debdi. Bir kuni vazir yana shu haqda gapiribdi. Podshoh qizining gapini vaziriga aytibdi. Vazir o‘ylanib, uyiga qaytib o‘g‘li bilan maslahat qilibdi. Bu gaplar arkoni davlatga eshitilibdi. Lashkarbo-shisining o‘g‘li ham bu qizdan umid qilar ekan. Vazir bilan lashkarboshi maslahatlashib:
“Qiz to‘g‘ri aytibdi, bo‘lmasa, men sovchi qo‘ysam, sen xafa bo‘lar eding, sen sovchi yuborsang, men xafa bo‘lar edim, endi bolalarning baxti. Podshoh qizining aqli raso ekan,” deyishibdi. Uylariga borib, o‘g‘illarini yaxshi kiyintirib, bir ot, bir taraqi xurjun, xurjunga har xil javohirlardan to‘ldirib berishib, podshoh huzuriga olib kelishibdi. Podshoh bularni ko‘rib qiziga xabar beribdi. Qiz ham G‘ulombachchani o‘sha yigitlardek kiyintirib, qo‘liga otasining shamshirini va bir uzuk beribdi. Uzuk bilan shamshirni bir-biriga “urishtirib” Hamma vaqt men seniki, sen meniki. Bu va’dadan sen ham chiqma, men ham chiqmayman”, deb qiz uzukni o‘ziga olib qolibdi. Oq fotiha berib, yigitni tashqariga chiqarib yuboribdi. Podshoh uchovini ham yo‘lga rost qilib: “Ey o‘g‘illarim, bu ajoyib bir baxt sinashdir, baxtlaring ochilsin”, deb duo qilib yigitlarni yo‘lga solibdi. Uchovi “Hayyo huv” deb yo‘lga ravona bo‘libdilar. Qancha ko‘llardan, qancha daryolardan, bir qancha tog‘lardan oshib, uch kundan keyin, uch yo‘lning boshiga yetishibdi. Qaysi biriga borishlarini bilmay, to‘xtab turganlarida bir toshga yozib qo‘yilgan xatni ko‘rishibdi. Xatda “Birinchi yo‘l “Borsa kelar”, ikkinchisi “Borsa xatar”, uchinchisi “Borsa kelmas” deb yozilgan ekan. Xatni o‘qiganlaridan keyin G‘ulombachcha yigitlarga:
— Ey, birodarlar, shu “Borsa kelmas” yo‘lga ketishga ruxsat beringlar, — debdi. Ikki yigit bir-biriga “Ey, og‘ayni, ko‘ngildagiday bo‘ldi-ku”, deb G‘ulombachchaga ruxsat beribdilar. G‘ulombachcha bular bilan xayrlashib, borsa kelmas yo‘lga kiribdi. Shu ketganicha yo‘l yurib, kechasi ham boshqa bir tomonga tushmasdan keta beribdi. Axiri oti charchab, yurishga holi ham qolmabdi. Otidan tushib, otini yetaklab bir qancha yo‘l yurgandan keyin bir xaroba qishloqqa borib qolibdi. Qaysi uyga borib qarasa ham, hech jon zoti ko‘rinmasmish. Bir joyga borsa, katta suv shaldirab oqib turganmish. Suvning yonida tegirmon, pastligida bir katta hovuz bormish. G‘ulombachcha tegirmonga kiribdi. Qarasa, tegirmonning ichida tegirmon toshi bilan g‘alladoni turganmish. Тegirmon toshiga otini bog‘lab, o‘zi g‘alladonning ichiga kirib yotibdi. Birozdan keyin haligi hovuzning girdiga har xil vahshiy hayvonlar yig‘ilishib bir-birlari bilan olishib, ba’zilari bir-birlarini yeyishib, keyin yana har tomonga tarqalib ketishibdi. G‘ulombachcha g‘alladon ichida yotib tush ko‘ribdi. Тushida bir odam: “Ey yigit, shu qishloqning narigi chekkasida bir tepalik bor. Shu tepalikda ajdarning makoni bor. Bu ajdar kunduzi uxlaydi, kechasi chiqib hamma qishloqlarni aylanib, nima to‘g‘ri kelsa tutib yeydi. Bu qishloqning xarob bo‘lishiga shu ajdar sababchi. Sen ertaga o‘rmonga borib, bir qancha yog‘ochlarni yig‘ib, shu jar ustiga olib chiq. Xuddi shu ajdar uyasining ustiga ko‘mma qilib ichki tomonini bir-biriga matashtirib qo‘y. Yog‘ochlarning har qaysi uchini iр bilan bog‘la, o‘rtasiga tosh qo‘y. Ajdar chiqadigan vaqtda haligi iрlarni birdaniga kesib yubor. Yog‘ochlar tegib ajdarning boshi yarador bo‘ladi, o‘lsa ham ajab emas”, debdi. G‘ulombachcha uyg‘onib atrofiga qarasa, oldida hech kim yo‘q, tong otib qolibdi. G‘ulombachcha joyidan turib, otlanib ohista-ohista haligi o‘rmon tomonga jo‘nabdi, borib yetgandan keyin o‘rmonga kirmasdan otining oyog‘ini bog‘lab, o‘tlash uchun qo‘yib yuborib, o‘zi yotib birpas uxlabdi. O‘rnidan turib qarasa, juda vahimali, baland chakalakzor o‘rmon, bir tomonidan shamol chiqqanday bo‘libdi. Shiрirindilar, daraxt barglari xuddi ajinaning girvotidek bir g‘ordan chiqib, yana bir g‘or ichiga kirib ketarmish. Yaqinroq borib qarasa, ajdarhoning burnidan chiqqan nafasi ekan. Shamol hatto o‘zini ham olib ketgudaymish. G‘ulombachcha shamoldan uchib ketmaslik uchun yerga yotib, daraxtlarni ushlay-ushlay o‘z yo‘liga qaytibdi. Otining hamma yog‘ini tikanli daraxtlar bilan bekitibdi. O‘zi bir daraxt ustiga chiqibdi. Undan ikkinchi daraxtga sakrab, daraxtma-daraxt yurib haligi g‘orning orqasiga o‘tibdi. Kunduzi ko‘p daraxtlarni kesib tepaning ustiga olib chiqib ko‘mma qilib qo‘yibdi. Daraxtlarning uchiga iр bog‘labdi. O‘rtasiga tosh qo‘yibdi. Bir necha kun shu ishni qilgandan keyin tepaning ustiga chiqib ajdarning chiqishini poylab o‘tiribdi. Qosh qoraygach, ajdar pishqira-pishqira o‘rmonni larzaga keltirib qichqirib chiqa boshlabdi. G‘ulombachcha o‘q-yoyini tayyorlab turib, ajdarhoning ko‘zini ko‘zlab chunon o‘q uzibdiki, ajdarning ko‘zi ko‘r bo‘lib, og‘rig‘iga chidamay tepaga qarab hamla qilibdi. G‘ulombachcha vaqtni g‘animat topib haligi iplarni darhol kesib yuboribdi. O‘rtaga qo‘ygan toshlar birin-ketin ajdarning ustiga tushib, kallasiga, tanasiga urilib, go‘yoki tepa yiqilganday bo‘lib bosib qolibdi. G‘ulombachcha ajdarho ustiga yiqilgan daraxtlarga o‘t qo‘yib yuboribdi. Ko‘zi ko‘r, yaralangan ajdarho to‘lg‘ana-to‘lg‘ana olovda omuxta bo‘lib, o‘z yog‘i bilan o‘zi qovurilib ketibdi. G‘ulombachcha o‘z ishidan xursand bo‘lib, bir joyga borib yotib uxlab qolibdi. Ertalab turib qarasaki, ajdarning yarmi kuyib, kul bo‘lib ketibdi. Bir chekkada kallasi qolibdi. Qariyalardan “Ajdarhoning kalla mag‘izi bilan ko‘hna kasallarni davolasa, shifo topadi” degan gapni eshitgan ekan. Shu gap ko‘ngliga kelib, tezda shamshirini sug‘urib olib ajdarhoning boshini yorib kalla mag‘zini bir shishaga to‘ldirib olibdi. Ajdarhoning uyasiga qarasa behisob dunyo, mol turibdi. G‘ulombachcha “Kerak bo‘lib qolar” deb g‘orning og‘zini mahkamlab bekitib qo‘yib, qilgan ishlaridan ko‘ngli tinib, otiga minib, “Bir odamli joy toparmikanman?” deb jo‘nab ketibdi. Bir qancha yo‘l yurganidan keyin bir baland qirga yetibdi. Otini to‘xtatib atrofga qarab, uzoqdan bir daraxtzorni ko‘ribdi. Shu daraxtzorni ko‘zlab borsa, u yerdagi odamlar G‘ulombachchani kutib olib, hol-ahvol so‘rashib: “Ey yigit, qaydan kelasan, qayerga borasan? Odamzodmisan yo parimisan? Bu tog‘lardan odamzod hech chiqqan emas. Sen qanday qilib kelding?” deyishibdi. G‘ulombachcha boshidan o‘tgan voqealarni aytibdi. Haligi kishilar podshohning xabarchilari ekan. G‘ulombachchani izzat-ikromlar bilan podshoh oldiga olib boribdilar. Podshohga ham bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Podshoh “Ey nodon bola, o‘zing kichkinagina bo‘lsang ham bunday uydirma gaplarga usta ekansan-da, yolg‘on ham evi bilan bo‘ladi. Men u joyga uch martaba lashkar yuborgan edim, qaytib kelmadi. Sen bir o‘zing qanday o‘tding?” debdi. Podshoh o‘z navkarlarini chaqirib:
— Bu bola shu yerda tursin, sizlar bir guruh lashkar bo‘lib o‘sha joyga borib, haqiqiy ahvolni bilib kelinglar. Agar shu bolaning gapi haq bo‘lsa, ko‘nglimga kelgan ishni qilaman, agar yolg‘on bo‘lsa, boshini kesib dorga tortaman. Yolg‘onchilarga ibrat bo‘lsin, — debdi.
Lashkarboshi o‘rnidan turib, bir qancha lashkar to‘plab bahyaga qarab ketishibdi. Bahyaga yetgandan keyin ohista-ohista yurib borib, ajdar jasadi yoniga borishibdi. Ajdarning kuygandan qolgan yarim jasadini ko‘rib qaytib kelishibdi. Podshohga ajdar o‘lganligi rost ekanligidan xabar berishibdi. Podshoh G‘ulombachchadan xursand bo‘lib, quchoqlab, “Barakalla, seni o‘stirgan ota-onangga rahmat”, debdi. G‘ulombachchani shahar o‘rtasiga olib chiqib, ustidan tilla, javohirlar sochibdi, shundan keyin har bir shahar podshohlari kelib, u podshohning ajdar kulfatidan qutulganligi bilan muborakbod qilishibdi. Bir kuni muborakbodga kelgan bir podshoh o‘g‘lining olti yildan beri og‘ir kasalga yo‘liqib qolganini gapirib o‘tirganda, bu gapni G‘ulombachcha eshitib: “O‘g‘lingizning kasali qanday?”— debdi. Podshoh o‘g‘lining kasalini bayon qilib beribdi, G‘ulombachcha:
— Agar otamiz, podshoh ijozat bersalar, men o‘zim borib bolani davolayman. Mening tabiblik hunarim ham bor, — debdi. Podshoh boladan bu gapni eshitib:
— E, podshohim, shu o‘g‘lingizni menga qo‘shib yuborsangiz, keyin o‘zim keltirib qo‘yaman. Shoyad shu bolaning qo‘lidan shifo topib, yaxshi bo‘lsa ajab emas, — debdi.
Podshoh G‘ulombachchaga javob beribdi. Mehmon bo‘lib kelgan podshoh G‘ulombachchani shahariga olib ketib, o‘z o‘rdasida izzat-ikromlar bilan bir necha kun ziyofat qilibdi. Keyin o‘rdasiga olib kirib o‘g‘lini ko‘rsatibdi. Тashqariga chiqqandan keyin G‘ulombachcha:
— Bugundan boshlab hammom qizitilsin. Ertaga o‘g‘lingizni hammomga solaman. Issiq xolida sulayganicha yotqizib, o‘tkir dorilar bilan davolayman. Agar yaxshi bo‘lsa baxtingiz, yomon bo‘lsa mendan xafa bo‘lmaysiz, — debdi. Podshoh rozi bo‘lib hammomchilarga hammomni qizitishga buyuribdi. Ertasi yigitlari podshohning o‘g‘lini hammomga olib kirib, issiq toshning ustiga cho‘ziltirib yotqizib qo‘yishibdi.
Hammom shunchalik issiq bo‘libdiki, shahzodaning yigitlari chiday olmasdan qochib chiqib, “G‘ulombachcha tabibmisan yoki odamkushmisan? Bu issiqqa odamzod dosh bera olmaydi. Shahzoda o‘lishga yaqinlashdi”, deyishibdi. G‘ulombachcha haligi ajdarhoning miyasini shahzoda-ning badanlariga surtib, xizmatkorlariga uqalattiribdi. Shahzoda tez orada hushiga kelib, o‘rnidan turibdi. Uni hammomdan boshqa uyga olib chiqishibdi.
Podshoh o‘g‘lining shifo topganidan xursand bo‘lib, G‘ulombachchani shahar o‘rtasiga olib borib ustidan tilla socha beribdi. Xalq G‘ulombachchaning shahzodani davolaganiga xursand bo‘libdi. Podshoh o‘g‘lining yaxshi bo‘lganligiga to‘y-u tomoshalar beribdi. G‘ulombachchani o‘z o‘g‘lidek ko‘rib:
— E, o‘g‘lim, nima muroding bo‘lsa tila, hech uyalma. Agar o‘zimda bo‘lmasa, sening uchun gadolik qilurman, istasang, o‘z o‘rnimni ham berurman, — debdi.
G‘ulombachcha o‘rnidan turib, ta’zim-tavoze’ bilan:
— Ey, podshohim, podshohligingiz o‘zingizga va shahzoda birodarimga nasib bo‘lsin. Menga oq yo‘l bersangiz, shu kifoya. Lekin menga biroz muhlat bilan o‘z pulimga o‘n ming tuya, o‘n ming qoramol va bir qancha beva-bechora fuqaroyingizdan bersangiz, — debdi. Podshoh:
— Ey, kamhimmat o‘g‘lim, bu narsalar sal narsadir. Bu narsalar uchun og‘zingni ham bulg‘ama. Bundan ziyodroq narsa so‘ra, — debdi.
G‘ulombachcha:
— Men bundan ziyod narsa tilamayman, bersangiz shu, bermasangiz, oq yo‘l so‘rayman, ketaman, — debdi. Podshoh:
— Ey, jonim, qachon desang sening aytganingni beraman, — deb G‘ulombachchaga ijozat beribdi. G‘ulombachcha podshohdan ijozat olib, ilgarigi podshoh oldiga boribdi. U podshohdan ham o‘z shahariga ketishga ruxsat so‘rabdi. Podshoh:
— Ey, o‘g‘lim, mendek otang bo‘lsa-yu, tag‘in qayerga borasan. Agar zerikkan bo‘lsang, shaharlarni aylanib tomosha qil, — debdi. G‘ulombachcha ko‘nmasdan:
— Yor-do‘stlarimni sog‘indim, — debdi. Podshoh:
— Bo‘lmasa tila tilagingni, hech kim tilagan narsalardan bo‘lmasin, — debdi. G‘ulombachcha o‘rnidan turib, qo‘l qovushtirib:
— Agar ijozat bo‘lsa, shu ajdarho o‘lgan tomondagi o‘rmonlar, xaroba qishloqlar hamda o‘sha tepalik, jazira-yu cho‘l-biyobonlarni mening ixtiyorimga bersangiz. Men shu vayronalarni tiklab, o‘sha yerlardan ajdarho zulmidan qochib ketgan xalqlarni o‘z joylariga qaytarsam, ilgari qishloq bo‘lgan joylarni obod shaharga aylantirsam, — debdi. Podshoh:
— Ey, himmati past o‘g‘lim, dunyoga kelib shu arzimagan narsa uchun og‘iz ochdingmi. Men senga podshohligimni bersam, deb umid qilgan edim. Xayr mayli, sening xohlaganing bo‘lsin, — deb G‘ulombachcha nomiga shu joylarni o‘tkazish uchun ahdnoma yozib muhr bosibdi. G‘ulombachcha podshohdan ijozat olib, bir necha kundan keyin kasaldan tuzalgan shahzodaning otasi oldiga borib, ilgari va’da qilgan narsalarni talab qilibdi. Podshoh o‘z odamlarini ko‘chalarga chiqarib “Kimki falon bahyadan qochgan bo‘lsa, kambag‘al, bebisot odamlar bo‘lsa, G‘ulombachcha bilan borsin”, deb jar chaqirtiribdi.
G‘ulombachcha kambag‘al-bechoralarni yig‘ib, tuya va qoramollarni olib podshohning ijozati bilan shu bahyaga jo‘nabdi. G‘ulombachcha bahyaga borgandan keyin, avval tepalikka podshoh o‘rdasidek baland devor tiklatibdi. Тartibi bilan katta imoratlar qurdiribdi. Kambag‘al-bechoralarga tilla-javohirlar, yeyishlariga ovqat beribdi. Yaxshi uylarga qo‘yibdi. Xalq G‘ulombachchani juda sevarkan, qarilar o‘z farzandidek, yoshlar esa aka-ukalaridek ko‘rar ekan. Shaharning obodonchiligi kundan-kunga orta boribdi. Boshqa shaharlardan naqqoshlarni yig‘ib kelib har xil saroylar, bog‘lar, maktablar, hammomlar barpo qilibdilar. Har shaharlardan podshohzodalar kelib shaharni tomosha qilar ekanlar.
Kunlardan bir kuni ikki kishi G‘ulombachcha oldiga kelib ish talab qilishibdi. G‘ulombachcha taniganday bo‘lib razm solib qarab tursa, haligi o‘zi bilan birga yo‘lga chiqqan vazir o‘g‘li bilan lashkarboshining o‘g‘liga o‘xshabdi. G‘ulombachcha o‘zining odamlarini chaqirib yigitlarni hammomga olib borib, yaxshi kiyimlar kiygizib, kechqurun mehmonxonaga olib borib bazm qilishga buyuribdi. Hamma ishni G‘ulombachcha aytganicha qilishibdi. Bazm qizigan vaqtda G‘ulombachcha kelibdi. Biroz o‘tirgandan keyin yigitlardan:
— Ey, do‘stlarim, sizlar qayerdan bo‘lasizlar? — debdi. Yigitlar o‘zlarining uch kishi bo‘lib yo‘lga chiqqanliklarini, uch yo‘l uchrab uchovi uch yo‘lga ketganliklarini, bular yana ikkovi uchrashib qimorbozlik qilib, mol-u dunyodan ayrilib, shaharma-shahar yurib, axiri shu shaharning hukmdori mehribon, xalqparvar deb eshitib kelganliklarini birma-bir gapirib berishibdi. G‘ulombachcha bularning o‘zi bilan birga yo‘lga chiqqan yigitlar ekanini aniq bilib olibdi, ertasi kuni o‘zini tanitmasdan ularni yaxshi ishlarga joylashtirib, o‘zi amaldorlardek yura beribdi. G‘ulombachcha ularni ziyofat qilib turar ekan.
Bir kuni bazm vaqtida G‘ulombachcha yigitlardan:
— Sizlarni uylantirib qo‘ysam nima deysizlar? — debdi. Yigitlar o‘ylanib turib, bir fursatdan keyin biri o‘rnidan turib:
— Ey birodar, bunchalik mehr-shafqat qilib, bizlarday musofirning ko‘nglini olsangiz, albatta, biz ham xursand bo‘lamiz. Biz hozir o‘z kiyim-boshimizni o‘zimiz yuvib, ba’zi bir ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zimiz qilamiz. Agar uylantirib qo‘ysangiz bu qilgan yaxshiligingizni unutmaymiz, — debdi.
G‘ulombachcha shu shahardagi qizlardan o‘zlari xohlaganini to‘y-tomosha qilib olib beribdi. Bular shu shaharda bir necha yil yashab ikkitadan farzand ko‘ribdilar.
Bir kuni bular bir joyda sharobxo‘rlik qilib o‘tirganda, ikkovi bir-biri bilan gaplashib “Bizning podshohimiz ko‘p saxiy kishi, nimaiki so‘rasak beradi. “Bir necha tuya bilan bir qancha dunyo bersangiz. Biz aslida savdogarmiz, savdogarchilikni puxta bilamiz. Shaharma-shahar yurib bergan narsalaringizni ziyodroq qilib kelarmiz. Ham o‘sha shaharlardagi hunarmand, kambag‘al kishilarni oldirib kelamiz”, desak, uning bergan mollarini olib, xotin bola-chaqalarimizni tashlab ota vatanimizga qaytib ketsak, bizlarni qayerdan topadi, gardimizni ham topa olmaydi”, deyishib maslahatlashishibdi.
Bir kuni ikkovi G‘ulombachcha oldiga kelib maslahatlashgan narsalarini so‘rabdi. G‘ulombachcha:
— Bu fikrlaring juda yaxshi, xohlaganlaringcha mol-dunyo beraman, lekin mening bir shartim bor. Bo‘ynilaringga olsanglar. Shartim shundan iboratki, orqangizga muhr bosaman. Siz shunga rozi bo‘lsangiz, men ham roziman, — debdi. Yigitlar bir-birlariga qarashib, o‘ylanib turib o‘zaro “Bizning shahrimiz juda uzoq safarlik yo‘l. Qancha daryolar, jazirama tog‘lar o‘tib borish kerak. Shuncha uzoq joyga qanday topib boradi”, deyishib rozi bo‘lishibdi. G‘ulombachcha muhrni olovda qizitib ikkovining ham orqasiga bosibdi. Ertasi bularga bir qancha tuyalarda zari-zevar, istaganlaricha tilla tanga beribdi. G‘ulombachcha bilan xayrlashib ketishibdi. Ular o‘z shaharlariga yetibdilar. Oydan oy o‘tib, kundan kun o‘tib bir kechasi G‘ulombachcha tushida podshohning qizini ko‘ribdi. Qiz G‘ulombachchaga qarab: “Xalq orasida va’da qarzdir degan gap bor. Va’daga vafo qilmading-ku”, deb g‘oyib bo‘libdi. G‘ulombachcha cho‘chib uyg‘onib qarasa, yonida hech kim yo‘q, azon vaqti bo‘libdi. Joyidan turib, xalqini yig‘ib:
— Mening ota-onam, el-u xeshlarim bor edi. Shularni borib ko‘rib, sayohat qilib qaytsam, nima deysizlar, — deb maslahat qilibdi.
Shahar xalqi rozi bo‘lishibdi. G‘ulombachcha shahar xalqiga:
— Bulg‘ordan bir baland qo‘rg‘on yasanglar. Bir joydan bir joyga ko‘chib yurganda yig‘ib olib ketadigan bo‘lsin. Hovuzlari, rasta-rusta bog‘lar, bozorlar, hammomlar, hammasi bulg‘ordan bo‘lsin. Qachonki bir joyga borib tushib qo‘ndirsak, bir shahri azim bo‘lsin, — deb amr qilibdi. Ustalar xuddi aytganidek va undan ham ziyodroq qilib tayyor qilishibdi. G‘ulombachcha shahar xalqining yarmini o‘zi bilan olib, qo‘rg‘onni va mol-u dunyoni tuyalarga yuklab, shaharda qolgan odamlar bilan xayrlashib jo‘nabdi. Yo‘l yuribdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yuribdilar, suvsiz cho‘l yuribdilar. Bir kuni G‘ulombachcha kechasi tekislik joyni mo‘ljallab tushib qarasa, o‘z shahriga yaqin kelib qolishibdi. G‘ulombachcha xizmatkorlariga:
— Ey, birodarlar, shu kechasi tong otguncha qo‘rg‘onni va rasta-rustalarni, hovuz, hammomlarni, rost ko‘cha va past ko‘chalarni barpo qilinglar. Ko‘rgan odamlar hayron qolsin. Go‘yoki osmondan tushgan deb bilsinlar, — debdi. Xizmatkorlar to erta tonggacha aytilgandek shaharni taxt qilib qo‘yishibdi. Erta bilan shu shahar podshosi turib atrofiga qarasa, ikki tomondan kun chiqqanday bo‘lib turibdi. O‘z-o‘zicha: “Vo ajabo, bu nima sir ekan. Тushimmi-o‘ngimmi. Bir tomondan chiqqan o‘zimizning kun, bu ikkinchi tomondagisi qanday shu’la ekan”, deb xizmatkorlarini chaqirib, ular bilan maslahatlashibdi:
— Shu ishning haqiqatini bilib kelinglar, — debdi. Xizmatkorlar asta-sekin borib Bulg‘or shahriga yaqinlashib qarasalar, bir shahri azim rasta-yu bozorlar, rost ko‘cha-yu past ko‘chalar, qancha hovuzlar, suvi to‘lib turibdi, bozorlarda odamlar savdo-sotiqlar qilib yuribdi. Bular ham qiziqib, shaharga kirib, rost ko‘cha-yu past ko‘chalarni tomosha qilib yurib, bir joyga borib shohona imoratlar, baland-baland ko‘shklarni ko‘rib, tomosha qilishibdi. Bularga yosh yigitlar uchrab bir katta imoratga olib kirib, oldilariga taomlar qo‘yib ziyofat qilibdilar. Bir tomonda sozandalar, bir tomonda hofizlar ashula aytib turibdi. Bularga in’om-ehsonlar berib, xo‘shlashib, kuzatib qo‘yibdilar. Xizmatkorlar podshoh huzuriga qaytib, ko‘rgan voqealarini bir hissaga yuz hissa qo‘shib hikoya qilishibdi. Podshoh bu gaplarni eshitgandan keyin qalam-siyoh olib “Ey, podshoh, qayerdan va nima uchun ruxsat so‘ramay kelding? Shu noma borgandan keyin bu yerga kelganingning sababini va do‘stmisan, dushmanmisan hammasini ayon-bayon qilib, uch kun ichida javobini ber. Agar uch kun ichida javobini berib, kelgan yo‘lingga qaytmasang urush boshlayman, o‘lgan odamlarning xuniga zomin bo‘lasan. Maqsadingni bildirib noma yoz”, deb noma yozib muhr bosibdi. Xatni bir vaziriga berib, ahli donishmand akobirlarni hamroh qilib Bulg‘or shahriga jo‘natibdi. Bular yo‘lda bora bersin, endi gapni G‘ulombachchadan eshiting.
G‘ulombachcha ko‘nglida “Podshohning yuborgan xizmatchilariga shahrimni tomosha qildirib, ziyofat qilib yubordim. Bizning shahrimizda bo‘lgan narsalar uning shahrida yo‘q edi. Bu yerdagi ajoyib hashamatli binolar, bog‘lar, hovuzlarni xizmatkorlar podshohga borib gapirganlaridan keyin podshoh albatta rashk qilib bir shulturni1 boshlasa ham ajab emas”, deb yo‘lga bir qancha poyloqchilarni qo‘yibdi. Xizmatchilariga:
— Podshoh tomonidan bir qancha ahli suluklar1, donishmandlar kelib qolsa, yo‘llariga poyandoz solib, ustlaridan tilla-tangalar sochib, izzat-u obro‘lar bilan shaharga olib kirib ziyofat qilinglar. Bu yog‘ini o‘zim to‘g‘rilayman. Agar podshoh tomonidan dovul qoqilib lashkarlari urush uchun kelsa, u vaqtda yetti yoshdan yetmish yashargacha tig‘javorlaringni ko‘tarib, ulardan ilgari shahardan chiqib saf to‘g‘rilab taxt bo‘lib turinglar, — debdi. Xizmatkor ham lashkarlar yo‘lga chiqib nima voqea bo‘lar ekan, deb tursalar, shahar darvozasidan ahli suluk akobirlar birin-ketin asta-asta kela boshlabdilar. G‘ulombachcha ularni ko‘rib poyandozlar soldirib bir qancha qariyalarni chaqiribdi. Qarilar, yoshlar qo‘l qovushtirib turibdi. Ular yaqinlashganda G‘ulombachcha peshvoz chiqib, otidan tushib, odob bilan salomlashib, shaharga taklif qilib, saroyga olib boribdi. Saroydagi kashta bilan yasatilgan saroy devorlarini, ko‘m-ko‘k suvlarning bulg‘or hovuzlarga tushib turganini ko‘rib, akobirlarning hushi boshidan uchganday bo‘lib, bir-birovlariga: “Bu yerlar dashti-biyobon edi, bir shahri azimga aylanibdi. Bu qanday sir ekan. Bu shahar podshohi sehrgarmi, yo jodugarmi. Har qanday bo‘lsa ham o‘z oyog‘imiz bilan kelib o‘z bo‘ynimiz bilan tuzoqqa ilindik. Agar sehrgar yoki jodugar bo‘lsa, shu bilan umrimizning oxiri bo‘ladi, deyishibdi. G‘ulombachcha ularni hushyorlik va sezgirlik bilan joy-joyiga o‘tqazib:
— Bizdek bir kambag‘al kamina farzandlarini aziz podshohning shunday akobirlari yo‘qlab kelgani uchun xush ko‘rdik, — deb ziyofat boshlabdi. Xushsurat yigitlar har xil taom, mevalar olib kelib, mehmonxona o‘rtasiga keltirib, dasturxonni to‘ldirib tashlabdi. Biroz ovqat yeganlaridan so‘ng mehmonlardan biri G‘ulombachchaga qarab:
— E, o‘g‘lim, bizlarni shunchalik izzat-e’zoz qildingiz. Endi bizga ijozat bersangiz. Sizga birozgina so‘zimiz bor edi. U ham bo‘lsa podshohimiz bir kichkina noma yuborgan edi, shuni o‘qib, javobini aytsalar, — debdi. G‘ulombachcha o‘rnidan turib, odob bilan nomani qo‘liga olib, javob xati yozibdi: “Ey, podshohi oliyjanob, sizning yozgan nomangizni olib o‘qidim. Men yo‘lda o‘tkinchi bir baxt qidiruvchiman. Baxt qushimni qo‘limdan uchirib, sargardon bo‘lib, kecha-yu kunduz beorom-u beqaror bo‘lib yurgan bir kamina qulman. Ruxsat bersalar bir necha kun shu yerda turib qaytib ketsam, agar ruxsat bermasalar, biz bir o‘tkinchi odammiz, o‘z yo‘limizga ketamiz. Maqsadlari xusumat qilish bo‘lsa, u vaqtda bir iloj qilarmiz”, deb muhrini bosib, nomani ikki buklab qo‘llariga beribdi va podshohni taklif qilibdi. Ziyofat tamom bo‘lgandan so‘ng mehmonlarga tovoqlarda tilla javohirlar ulashibdi. Podshoh akobirlari ijozat olib, o‘z podshohlari oldiga qaytibdi. Podshohga bo‘lgan voqeani gapirib, o‘zini taklif qilganini aytib, nomani qo‘liga beribdilar. Podshoh nomani o‘qibdi. So‘ngra o‘ziga xos kishilarni olib, qirq kishi bo‘lib Bulg‘or shahriga ketishibdi. G‘ulombachcha podshohni poyandozlar solib kutib olibdi, ustidan tilla sochib shaharga olib kiribdi. Podshoh umrida ko‘chma shaharni ko‘rgani ham, eshitgani ham yo‘q ekan. Podshoh go‘yoki jannatga kirganday bo‘lib, o‘ziga-o‘zi “Hay darig‘, shunday yigitga qizimning taqdiri ketgan bo‘lsa edi”, deb qo‘yibdi. G‘ulombachcha bilan birga ketgan ikkita yigit shu ziyofatga podshoh amaldori, vazirlari bilan birga kelgan ekan. Vazirlar podshohga: “Bizning o‘g‘illarimiz badavlat bo‘lib keldi. Endi qachon to‘y qilamiz”, deb qistar ekanlar. Podshohning qizi “Qachon shu ketgan uch yigit bir joyga yig‘ilsa, kimga tegishim o‘shanda aniq bo‘ladi, hozir hech kimga tegmayman”, debdi. Bu gapni eshitgan amaldor vazir-vuzarolar: ”Bu uchovining ketganiga yetti yil bo‘ldi. O‘z va’dalariga binoan o‘g‘illarimiz dunyodor-badavlat bo‘lib keldi. U yigit balki o‘lib ketgandir, agar tirik bo‘lsa kelar edi. Agar qizini bersa, shu vazirzodadan ziyodroq kishi bu shaharlarda bo‘lmaydi. Podshoh ham ahmoq, qizi ham ahmoq, deb gapirar ekanlar. G‘ulombachchaning saroyida katta ziyofat boshlanib, sozandalar soz chala, hofizlar hofizlik qila boshlabdi. G‘ulombachcha o‘rnidan turib, ta’zim bilan podshohga:
— Ey, podshohi olam, sultoni bokaram, ko‘nglimga bir gap keldi, ijozat bersangiz gapirsam, lekin shu yerda o‘tirgan akobirlar, vazirlaringiz xafa bo‘lmasa, — debdi. Podshoh:
— Nima gapingiz bo‘lsa gapiring, — deb ijozat beribdi. G‘ulombachcha:
— Mening ikkita xizmatkorim bor edi. Ular mendan olti oyda qaytib kelamiz, deb qancha oltin-javohirlar olib ketib, muddatlari o‘tganda ham qaytib kelmagan edilar. Hozir shu ikkita xizmatkorni shu ziyofatda ko‘rdim, — deb ikkita o‘zi bilan birga ketgan vazirbachchalarni ko‘rsatibdi. Yigitlarning otalari bu gapni eshitib o‘rinlaridan turib, go‘yoki tuklari kiyimlarini teshib chiqqanday bo‘lib jahl bilan: “Senday shahzoda ziyofatga chaqirib, oxiri-oqibat shu bo‘ldimi, bizni sharmanda qilishni istaysanmi”, deyishibdi. Shahzoda:
— Men xafachilik bo‘lmasin, deb aytib qo‘ygan edim, — debdi.
Podshohning aqlli kishilaridan biri turib:
— Ha, birodarlar, bir haqiqat bordir. Agar shahzodaning gapi to‘g‘ri bo‘lsa, bir nishonalari bordir, bo‘lmasa o‘zlari sharmanda bo‘ladilar, — debdi. Podshoh:
— Ey, shahzoda, buning uchun biror nishona yoki guvohingiz bormi? — debdi. G‘ulombachcha:
— Ey, podshohi olam, albatta, nishonam ham, dalillarim ham bor. Shularni asos qilib gapirdim. Shu ikki yigitni o‘zim uylantirdim, joylantirdim. Bularning xotin-bolalari bor. Ularni birga olib yuribman. Agar ishonmasangiz xotin-bolalariga ro‘para qilamiz. Agar unga bo‘yin egmasalar, boshqacha nishonam bor. Shu ikki yigitning o‘zlaridan so‘ranglar, — debdi. Ikki yigit bir-biriga qarab: “Ey, jo‘ra, qofiya tang keldi-ku, ziyofatga kelmay o‘laylik, yeganlarimiz burnimizdan chiqdi. Yaxshisi haqiqatni aytaylik. Agar aytmasak haligi muhrni ko‘rsatishni buyursa, sharmanda bo‘lamiz”, deyishib, shahzoda oldiga borib ko‘rishib, “Haqiqatan biz xizmatkoringizmiz” deb bo‘yin egib turishibdi. Vazir bilan qushbegining yegan ziyofatlari zaharga aylanib, pushaymon qilishibdi.
G‘ulombachcha ziyofatdan keyin boshidan o‘tganlarini gapirib, o‘zini oshkora qilibdi. Podshoh G‘ulombachchaning qilgan ishlaridan xursand bo‘lib, o‘z odamlari bilan jo‘nashibdi. Ertasi G‘ulombachcha podshohga sovchi yuboribdi. Podshoh katta-kichiklar bilan maslahatlashib, “Qo‘sha qarisinlar” deb duo qilib, non ushatibdilar. G‘ulombachcha o‘zi ajdarhodan qutultirgan shahar podshosi bilan o‘g‘lini tabiblik qilib sog‘aytirgan podshohni to‘yga taklif qilibdi. Ular ham ko‘p sovg‘alar olib kelibdi. Podshoh katta to‘y-tomoshalar qilib, qizini G‘ulombachchaga beribdi. Ikki oshiq bir-birovining visollariga yetibdi. G‘ulombachcha podshoh o‘rniga podshoh bo‘libdi. Bir necha farzand ko‘ribdi. Gohida onasi bo‘yniga iр solib sotib yurganlari esiga tushib, bag‘ri ezilib, badanlari susayib ketar ekan.
G‘ulombachcha umrining oxirigacha baxtli bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi. Bizlar ham yetaylik murodga, sizlar ham yeting murodga, o‘qib, eshitganlar ham yetsin murodga, dushmanlar qolsin uyatga.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.