OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Har kim qilsa, o‘ziga

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir kampir bor ekan. U kampir bo‘z to‘qib tirikchilik qilar ekan. U doim "Har kim qilsa, o‘ziga" deb yurar ekan. Hatto bo‘z to‘qib o‘tirganda ham shu gapni takrorlayverar ekan. Qo‘ni-qo‘shnilari bu kampirni juda yomon ko‘rishar ekan.
Kunlardan bir kuni qo‘shnilari podshoning yoniga borib, kampirning ustidan arz qilishibdi, uni toza yomonlashibdi:
— Podshohim, bizning ko‘chamizda bir kampir, o‘zi bo‘z to‘qiydi, yursa ham, tursa ham, bo‘z to‘qib o‘tirganida ham "Har kim qilsa, o‘ziga" deb o‘zicha javrayverib, quloq-miyamizni qoqib qo‘limizga beradi. Podshoxim, shu kampirni bir iloj qilib yo‘qotsangiz, deb keldik.
Podsho bir oz o‘ylanib turibdi, keyin ularga qarab:
— Sizlar o‘z uyinglarga borgandan keyin bir tovoq oshni "shohimiz kecha ziyofat bergan edi, bizlar borib ziyofatni yeb keldik. Bormaganingiz uchun podshohimiz sizning nasibangizni berib yubordi", deb aytinglar, — debdi. Kampirning qo‘shnilari uylariga borib, palov pishirishibdi, bir tovoqqa oshni solib, kampirnikiga olib boribdilar. Kampirga:
— Shunday-shunday, mana shu palovni podsho berib yubordi, — deyishibdi. Kampir:
— Har kim qilsa, o‘ziga, har kim qilsa o‘ziga, — deb qo‘shnilarining qo‘lidan palovni olibdi-da, katning ustiga qo‘yibdi. Keyin yana: "Har kim qilsa, o‘ziga, har kim qilsa, o‘ziga", deb o‘z joyiga borib, bo‘zini to‘qiyveribdi.
Podshoning ikki o‘g‘li bor ekan. Ular kampir yashaydigan joyga yaqin yerda bir mulladan saboq olishar ekan. Bolalar o‘qishdan qaytayotganlarida kampirnikiga kirib, bo‘z to‘qishini tomosha qilishar ekan, cho‘llaganda kampirdan suv so‘rab ichar ekanlar. O‘sha kuni podshoning o‘g‘illari o‘qishdan qaytib kelayotib, yana kampirnikiga kirishibdi, suv so‘rabdilar, suvni ichib bo‘lgandan keyin qarasalar, katning ustida bir tovoq palov turibdi. Bolalarning qorni och ekan. "Oshdan bering", deb turib olishibdi. Kampir bo‘lsa: "— Har kim qilsa, o‘ziga, har kim qilsa o‘ziga", — deb turib, bolalarga:
— Yeya qolinglar, — debdi. Bolalar palovni o‘rtaga qo‘yib, paqqos tushirishibdi, o‘rinlaridan turmasdan yiqilibdilar. Kampir dod-faryod ko‘tarib, podshoning huzuriga yugurib boribdi va bo‘lgan gapni birma-bir aytib beribdi. Podshoning buyrug‘i bilan haligi qo‘shnilar ovqatga zahar solib berishgan ekan.
Podshoning bolalari til tortmay o‘lib qolibdi. Shundagina podsho kampirning "Har kim qilsa, o‘ziga" deganining ma’nosini tushunibdi. Ha, u kampirga yomonlik qilgani uchun o‘zi ikki bolasidan ajralibdi. Kampirning qo‘shnilariga jazo beribdi, lekin foyda bermabdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.