OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikki savdogar

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bitta boy savdogar bilan bitta kambag‘al savdogar bo‘lgan ekan. Ular juda qalin do‘st ekanlar. Kambag‘al savdogar uzoq safarga savdo vaji bilan ketmoqchi bo‘libdi. Qimmatbaho temir buyumlarini boy savdogar do‘stinikida qoldiribdi.
Bir qancha vaqt o‘tgach, kambag‘al savdogar safardan qaytib kelibdi va do‘stinikiga borib qoldirgan qimmatbaho temir buyumlarini qaytarib berishini so‘rabdi. Boy savdogar esa uning barcha buyumlarini sotib yuborgan ekan. Shuning uchun qanday qilib bo‘lsa ham, biror bahona topib, undan qutulish yo‘lini axtaribdi.
— Sizning qimmatbaho buyumlaringiz ustida bir baxtsiz hodisa ro‘y berdi, — deb yig‘lamsirab gap boshlabdi.
— Ha, nima bo‘ldi? — deb so‘rabdi kambag‘al savdogar.
— Men ularni bug‘doy omboriga berkitib qo‘ygan edim. U yerdagi sichqonlar hammasini yeb qo‘yibdi. Men buyumlaringizni sichqonlar qanday qilib yeganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Agar gapimga ishonmasangiz, yuring, men sizga ularni qiymalab tashlagan parchalarini ko‘rsataman, — debdi.
Kambag‘al savdogar esa: — Ko‘rishning nima keragi bor? Men shunday ham sizga ishonaman. Men sichqonlar har doim temirni qirqishlarini bilardim, — deb jo‘nab ketibdi. U yo‘lda ketayotib savdogarning o‘ynab yurgan bolasini ko‘rib qolibdiyu U shartta bolani ko‘tarib, uyiga olib ketibdi.
Ertasi kuni boy savdogar haligi kambag‘al savdogarni yo‘lda uchratib qolibdi. Boy savdogar boshiga tushgan falokatni aytib yig‘labdi va undan:
— Mening bolamni ko‘rmadingizmi? — deb so‘rabdi.
—Ha, ko‘rdim, ko‘rganda qandoq! Kecha men sizning yoningizdan chiqib ketayotganimda, bir qirg‘iy kelib, bolangizni ko‘tarib, uchib ketdi, — debdi kambag‘al savdogar.
Uning bu gaplaridan boy savdogar achchig‘lanib:
— Siz meni mayna qilmoqchimisiz? Qirg‘iyning bolani ko‘tarib uchmasligiga kimning aqli yetmas ekan? — debdi.
— Yo‘q, men sizni mayna qilmoqchi emasman. Sichqonlarning temir buyumlarni yeyishi maynabozchilik bo‘lmagan, qirg‘iyning bolani ko‘tarib olib qochishi maynabozchilik bo‘larmidi? — deb javob beribdi kambag‘al savdogar. Bu gaplardan keyin boy savdogar:
— Temir buyumlarni sichqon yeb qo‘ygan emas, men sotib yuborgan edim. Senga ularni ikki hissa qilib qaytarib beraman, — debdi.
— Ha, unday bo‘lsa, sizning bolangizni ham qirg‘iy olib qochgani yo‘q. U mening uyimda. Men ham sizga qaytarib beraman, o‘g‘lingizni, — debdi kambag‘al savdogar.
Boy savdogar bir qancha buyumlarini unga beribdi, u ham uning o‘g‘lini qaytarib beribdi. Ular orani ochiq qilibdilar. Bu voqeadan keyin ular bir-birlari bilan boshqa do‘stlashmabdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.