OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iskandarning shoxi bor

Iskandar Zulqaynarning ikki chakkasida shoxi bor ekan. Qachon sochini oldirmoqchi bo‘lsa, sochini olgan sartaroshni birovga aytib qo‘yishidan qo‘rqib, darrov boshini kesar ekan. Iskandarning har sochini olganda bittadan sartarosh o‘lib, sartarosh kamayib ketibdi. Iskandar bir kuni sartaroshga:
— Mening shoxim borligini sira birovga ayta ko‘rma. Agar birov "Iskandarning shoxi bor" desa, xili xishting bilan yo‘qotib yuboraman, — debdi. Sartarosh ham:
— Xo‘p, bu sirni hech kimga aytmayman, — debdi. Iskandar:
— Agar sen bu sirni maxfiy tutsang, mening sochimni doimo sen olasan. Seni dunyolikdan beniyoz qilaman, — debdi. Sartarosh bu sirni yuragiga sig‘dirolmabdi. "Iskandarning shoxi bor", deb aytay desa, o‘limdan qo‘rqibdi. Xullas, bu sirni ichiga solaverib, kundan-kunga rangi ketaveribdi. Bora-bora juda o‘ladigan bo‘libdi.
Bir kuni o‘z-o‘ziga, "bir toqqa chiqay, hech kim yo‘q joyda "Iskandarning shoxi bor", deb aytay" debdi, lekin aytgani qo‘rqibdi. O‘sha yerda bir quduq bor ekan. Quduqqa boshini tiqib turib, "Iskandarning shoxi bor", "Iskandarning shoxi bor" debdi. "Iskandarning ho‘kiz shoxi bor" deganida, og‘zidan zardob tomib quduqqa tushibdi, shundan keyin yuragi bo‘shabdi. Bir yil o‘tgandan keyin o‘sha quduqdan bir tup qamish ko‘karib chiqibdi.
Tog‘dagi cho‘ponlardan biri haligi qamishni olib puflagan ekan. Qamishdan "Iskandarning shoxi bor" degan ovoz chiqibdi. Keyin kim o‘sha qamishdan olib chalsa, "Iskandarningshoxi bor", deb ovoz kelaveribdi. Bu Iskandarning qulog‘iga borib yetibdi. Iskandar "kim aytdi" deb surishtira ketibdi. Kimdan so‘rasa: "falon tog‘da bir quduq bor, undan bir tup qamish ko‘karib chiqqan, uni kim olib chalsa, "Iskandarning shoxi bor" degan ovoz keladi", deyarmish. Shundan so‘ng, Iskandar sartaroshni chaqiribdi:
— Agar rost gapirsang, o‘limdan qutulasan, sen bu sirni quduqqa aytibmiding? — deb so‘rabdi.
Sartarosh:
— Taqsir, bu sirni yuragimga solaverib juda o‘ladigan bo‘ldim. Yuragimni bo‘shatish uchun sekingina quduqqa aytgan edim. Shu dam og‘zimdan quduqqa zardob tomdi, o‘sha suvdan qamish ko‘karib chiqqan bo‘lsa kerak. Endi nima qilsangiz qilavering, rost gap shu, — debdi.
Iskandar:— Mayli endi, bo‘lar ish bo‘ldi, — deb sartaroshni o‘limdan ozod qilgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.