OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jonon piyola

O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan.
Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan. Xizmatkor tilla sandiqni ochib, uning ichidan jonon piyolani olib borib podshoga topshirar ekan. Podshoning qo‘lidagi piyolaga kanizaklar hurmat bilan choy quyib turar ekanlar.
Podsho har choy ichayotganda piyolani aylantirib tomosha qilar ekan. Kunlardan bir kuni podsho xizmatkoriga piyolani keltirishni buyuribdi. Xizmatkor piyolani olib kelayotganida qoqilib ketib, qo‘lidagi jonon piyola chil-chil bo‘lib sinibdi. Xizmatkor esa podshodan qo‘rqib, qochib ketibdi. Podsho qancha kutsa ham xizmatkor kelmabdi. Uni topib kelgani bir necha odam yuboribdi. Ular ham qaytmabdi. Podsho vazirini yuboribdi, vazir ketayotib yo‘lda sinib yotgan jonon piyolani ko‘ribdi. “Ha, gap bu yoqda ekan, nega shu choqqacha ketgan odamlar qaytib kelmaydi desak, piyolani sindirib qo‘yib, podshodan qo‘rqib qochib ketishgan ekan. Agar qochmaganlarida podsho ularni to‘xtovsiz o‘ldirib yuborar edi. Men ham podshoga borib bu sirni aytsam o‘ldirib yuborar, kel, bo‘lgancha bo‘lar”, — deb vazir piyola siniqlarini yerdan terib olib, podshoning oldiga boribdi-da:
— Podshohim, g‘azablanmang, bir hodisa ro‘y beribdi, — debdi.
Podsho:
— Qanday hodisa, tez ayt! — degan ekan, vazir:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman! — debdi. Podsho:
— Kechdim, ayt! — debdi. Vazir:
— Тaqsir, jonon piyolangiz sinibdi. Xizmatkor piyolani olib kelayotganda qoqilib ketib sindirib qo‘yibdi. Xizmatkoringiz qo‘rqib qochib ketibdi. Qolgan odamlar ham qo‘rqib g‘oyib bo‘libdilar. Mana sizning jonon piyolangiz! — deb piyola siniqlarini podshoga topshiribdi.
Podsho juda xafa bo‘libdi. Xafaligidan bir necha kungacha ovqat yemay ozib ketibdi, nihoyat kasal bo‘lib yotib qolibdi. Oradan qirq kecha-yu qirq kunduz o‘tgandan so‘ng podsho o‘ziga kelib, Qo‘qon viloyatidagi butun kulollarni chaqirtiribdi. Kulollar yig‘ilgandan keyin podsho ularga qarab shunday debdi:
— Ey, kulollar, yer yuziga mashhur, eng chiroyli, jonimdan ham qimmat bo‘lgan jonon piyolam sinib qoldi. Kimda-kim shu jonon piyolamni ilgarigi holiga keltirsa, istagan narsasini beraman, agarda tuzatib beraman deb, tuzatib bera olmasa, u kishining boshi o‘limda, moli talonda. Qani, o‘ziga ishongan kulollar bo‘lsa chiqa bersin.
Kulollar maslahatlashib qirq kun muhlat so‘rabdilar va siniq jonon piyolani olib ketibdilar.
Oradan qirq kun ham o‘tibdi. Kulollar ko‘p boshlarini qotirib, qancha urinsalar ham piyolani tuzata olmabdilar. Shunda podsho darg‘azab bo‘lib ularning hammasini qilichdan o‘tkazibdi.
Bir tomondan piyolani tuzatish uchun kulollar kela beribdilar. Bir tomondan tuzata olmaganlarini podsho o‘ldira beribdi.
Qo‘qon viloyatidagi kulollarning hammasi podshoning qilichidan o‘tibdi. Podsho yig‘ilgan xaloyiqqa qarab:
— Yana hech qayerda kulol qoldimi? —deb so‘rabdi.
Shunda olomon ichidan bir kishi chiqib:
— Тaqsir, falon qishloqda qirqta kulol bor, lekin ular hali yaxshi kulollar qatoriga qo‘shilmagan. Shuncha nomdor kulollar nima bo‘ldi-yu, endi ular nima bo‘lar edi. Ulardan umid qilmasangiz ham bo‘ladi, — debdi.
Podsho ularni ham chaqirtiribdi.
Navkarlar zo‘rg‘a tirikchilik qilib yurgan qirq kulolni podsho huzuriga keltiribdi.
Podsho ularga siniq piyolani ko‘rsatib:
— Mana shu piyolani tuzatsangiz ham tuzatasiz, tuzatmasangiz ham tuzatasiz! — debdi. Kulollar:
— Bu ish bizning qo‘limizdan kelmaydi, — debdilar. Biroq podsho majbur qilgach: ”Xo‘p bo‘lmasa, bir bosh qotirib ko‘ramiz”, deb piyolani olib qishloqqa jo‘nab ketibdilar. Ular yo‘lda:
— O‘ziga inongan usta kulollar nima qildi-yu, biz nima qilar edik, — deb so‘zlashibdilar.
Ular qishloqqa borgach, maslahatlashibdilar, lekin piyolani tuzatish chorasini qancha o‘ylasalar ham topolmabdilar. Qirq kulolning ichida Nosir kal degan shogird bola bor ekan. Kulollarning so‘zlashib, tortishib turganlari ustiga kelib qolibdi:
— Ey, ustalar, nega diqqat bo‘layotibsizlar, nima gap? — deb so‘rasa, ular:
— Bor, toshingni ter, ishing bo‘lmasin. Qulog‘ingning tagida shavla qaynatmasimizdan jo‘nab qol! — deb uni haydab yuboribdilar.
Oradan o‘n besh kun o‘tibdi, kal yana ustalarning xunob bo‘lib qovoq-tumshuqlarini solib, xayol surib o‘tirganini ko‘ribdi: “Ajabo, bularga nima bo‘ldi ekan, jin tegdimi, qiladigan ishlarining tayini yo‘q-ku, bekordan-bekorga g‘ijillashadi. Jinni-pinni bo‘lib qolishdimikan, har kuni bir joyda o‘tirib olib, och qolib bo‘lsa ham o‘ylashadi, tortishadi. Nima uchun bu sirni menga aytishmaydi”.
— Ey, ustozlarim, o‘zi nima gap, o‘ylaysizlar, tortishasizlar, sababini menga aytmaysizlar, menga aytsangizlar, balki birorta chora toparman, — debdi.
Ular shunchalik xayolga cho‘mgan ekanlarki, kalning kelganini ham sezmay qolibdilar. Ulardan biri kalni ko‘rib qolibdi-yu, cho‘chib o‘rnidan turib, kal bolani yana haydab yuboribdi. Kal yana kelibdi.
— Yana nega kelding. Bizning ishga aralashma, tezroq ket, kaltakdan o‘lasan, — deb o‘shqirgan ekan, ikkinchisi:
— Og‘aynilar, har kallada har xayol, kal shogirdimiz diqqat bo‘lib o‘tirganimizni ko‘rib yonimizga ikki marta keldi, birinchisida haydab yubordik. Endi haydamaylik. Axir u kal bo‘lgani bilan es-hushi joyida-ku, necha yildan beri biz bilan ishlab keladi. Ishi yomon emas-ku. Mana, o‘ttiz kun o‘tib, o‘n kun qoldi. O‘ylab bir fikrga kelolmayotibmiz. Bu kalga ham bildirib, maslahat solib ko‘raylik, balki bundan biror foydali fikr chiqib qolar, — debdi.
Boshqa kulollar bu fikrni ma’qullabdilar. Ulardan biri:
— Ey, kal, podsho bizni chaqirib, mana shu siniq piyolani qo‘limizga berib, ”Тuzatsalaring ham tuzatasanlar, tuzatmasalaring ham tuzatasanlar”, dedi. Biz qo‘rqqanimizdan rozi bo‘lib qirq kun muhlat oldik. Mana bugun o‘ttiz kuni o‘tdi. Ko‘p kulollar bu piyolani tuzata olmay, podshoning qilichi damidan o‘tdi. Endi navbat bizga keldi, shuni tuzata olmay, hayron bo‘lib turibmiz. Bu ahvolda qirq kunda emas, qirq yilda ham tuzata olmaydiganga o‘xshaymiz, — debdi.
— Unday bo‘lsa, — debdi Nosir kal, — men buning chorasini sizlarga aytaman. Shundagina qirq kulolning rangiga qon yuguribdi.
— Rostdan ham chorasi bor degin, aytaqol, uka! — deyishibdi.
— Rost! — debdi kal, qirq kundan keyin podshoning odamlari kelganda sizlar ularga: “Mana bu kalning otasi eng eski, mashhur kulollardan edi. Shu jonon piyolani ham o‘sha ishlagan. Kal otasi hunarining eng nozik tomonlarini o‘rganib olgan, jonon piyolani shu tuzatmoqchi edi”, deysiz.
Kulollardan biri:
— Bizga baribir, agar kal piyolani tuzata olmasa, podsho uni o‘ldiradi, — debdi. Bu gap hamma kulolga ma’qul tushibdi. Qirq kun muhlat o‘tgandan keyin podshoning odamlari kelibdi. Qirq kulolning hammasi to‘planibdi:
— Piyolani tuzatdingizmi? — deb so‘rabdi navkarlardan biri.
Kulollardan biri aytibdi:
— Ey, podsho hazratlarining hurmatli kishilari, podshoning jonon piyolasini mana shu kalning otasi ishlagan ekan. Bu kal otam ishlagan piyolani mendan boshqa hech kim tuzata olmaydi, faqat o‘zim tuzataman, deb turibdi. Otasi qanchalik usta bo‘lsa, u ham shunchalik usta. Bizga ham kulollikni shu kal o‘rgatgan.
— Тuzatasanmi, kal? —debdi podshoning odami.
— Albatta tuzataman, — debdi kal.
— Тuzatsang, yur, oldimizga tush, podshoga borib shu gapingni ayt.
— Yo‘q, podshoning oldiga bormayman, — debdi kal.
— Nimaga bormaysan? Borib piyolani qanday qilib tuzatishingni aytishing kerak, — debdi navkar.
— Bularning hammasi otda borsin-u, men piyoda boramanmi? Boradigan bo‘lsam, men ham otda boraman — debdi kal.
Kulollardan biri:
— Kel, mening otimga mingashib ol, — debdi.
— Ovora bo‘lmanglar, bormayman dedim, bormayman. Men birovning orqasiga mingashib boramanmi? Keta beringlar, boradigan bo‘lsam, bir o‘zim yakka otni minib boraman, — debdi kal.
Qirq kulol:
— Shu kal o‘lgurga bittangiz otingizni bera qoling, — deb podshoning odamlariga yalinib-yolvoribdi. Podshoning navkarlaridan biri otiga kalni mindirib, o‘zi uning orqasiga mingashibdi. Biroz vaqt o‘tgach, otliqlar saroyga kirib borishibdi. Podsho qarasa, eng ishongan, hurmatli kishisi qayoqdagi bir kalni otga mindirib, o‘zi uning orqasiga mingashib kelayotgan emish. Podshoning achchig‘i kelib:
— Ha, la’nati, seni nima jin urdi. Mening obro‘yimni to‘kib bu nima qilgan ishing! Bu kalni nega saroyga olib kirding, — debdi.
— Ey, hurmatli podshohim, — debdi navkar.— Kechirsinlar, bu kalni bir maqsad bilan olib keldik.
— Qanday maqsad? — deb so‘rabdi podsho.
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman, — debdi navkar.
Podsho:
— Bo‘ldi, kechdim, ayt! — debdi.
— Bu kalning otasi, — debdi navkar, — eng mashhur kulollardan ekan, sizning jonon piyolangizni ishlagan kishi ham o‘sha ekan. Bu qirq kulol piyolangizni tuzata olmasdan shu kalga beribdi.
Podsho kalga qarab:
— Тuzatasanmi? —deb so‘rabdi.
— Тuzataman, — deb javob beribdi kal.
Podsho unga qirq kun muhlat beribdi. Kal:
— Bekordan-bekorga tuzataveramanmi? —debdi.
— Xizmatingga nima talab qilasan? — debdi podsho.
— Mening gapimni yaxshilab eshitib oling: ixtiyoringizdagi ot, mol, qo‘y va boshqa hayvonlardan, parrandalardan qirq donadan ajratib berasiz. Xazinangizdagi boyliklardan: tilla, kumush, oltin va har xil qimmat toshlardan qirq xachirdan uyimga eltib berasiz, ana o‘shandan so‘ng piyolani talab qilasiz, — debdi.
Podsho kalning istagan hamma narsasini tayyorlab uyiga yetkazib beribdi. O‘limdan qutuldik, deb sevinib yurgan qirq kulolga podsho: “Kalga kafilsanlar, piyolani tuzata olmasa, senlar ham o‘lasanlar”, deganida ular tashvishga tushib qolibdilar.
Kal uyiga borgandan keyin podshodan olgan narsalarini qirq kulolga taqsim qilib beribdi-da, ularga shunday debdi:
— Ey, ustalarim, shu olgan narsalaringizni qirq kun ichida yeb-ichib tamom qilib yuboringlar, qirq kun ichida piyolani tuzatib bo‘laman, so‘ng sizlarga yana bir umr tamom bo‘lmaydigan boylik olib beraman. Xotirjam bo‘linglar! — debdi.
Kal o‘zining kichik hujrasida yashayveribdi. Piyolani tokchaga tashlab qo‘ygancha qo‘liga ham olmabdi. Uni tuzatish xayoliga ham kelmabdi, beparvo bo‘lib yura beribdi. Kulollar esa, “U piyolani tuzatadi, tashvishlanish kerak emas”, deb yaxshi kiyimlar kiyib, noz-ne’matlardan yeb, xursand bo‘lib yura berishibdi.
Oradan yigirma kun o‘tgandan keyin kulollar: “Kal qurg‘ur piyolani tuzatdimi, yo‘qmi”, deb xabar olgani kalning hujrasiga borishibdi. Ichkariga kirishsa, kal bemalol yonboshlab yotgan emish. Piyola esa hali ham tokchada, qanday qo‘yilgan bo‘lsa, shunday chang bosib yotgan emish. Ular hayron bo‘lishibdi. Ulardan biri:
— Ho‘, kal, piyolani tuzatmabsan-ku, qachon tuzatasan? — debdi.
— Bir kun tuzataman-da, — debdi kal, — sizlar bemalol ayshingizni qilib yura beringlar!
Kulollar ortiqcha gapirib o‘tirmay, hujradan birin-sirin chiqib ketibdilar. Oradan qirq kun ham o‘tibdi. Kechqurun kulollar kalning hujrasiga kiribdilar. Qarasalar, kal hali ham cho‘zilib yotgan emish.
— Badbaxt kal, — debdi kulollardan biri, — piyolani hali ham tuzatmadingmi, tur o‘rningdan, tuzat!
— Тuzataman-da, — debdi kal ustalariga pinagini buzmay. Kal o‘rnidan turib ularga ko‘rpacha solibdi.
Kulollar o‘tirishibdi.
— Xo‘sh, — debdi kal, — odam degan biroz o‘ylashi kerak-da, sizlar mening ustam, men sizlarga shogirdman.— Bu gapni eshitish bilan qirq kulolning yuragi shuv etib ketibdi. Kal so‘zida davom etib: — Axir ustasi qila olmagan ishni shogirdi qanday qilsin, ustasi tarang-u, shogirdi garang-da. O‘sha kuni podsho oldida indamay turganimda bekorga o‘lib ketar edinglar. O‘sha kunlari qoq suyak bo‘lib qolgan edinglar. Men sizlarni ota-bobosi kiymagan ust-boshlarni kiysin, hech kim yeb-ichmagan taomlarni yeb-ichsin, oriqlab o‘lguncha, semirib o‘lsin, dedim. Yana mening oldimga nima deb keldingizlar? Aytinglar-chi, bundan boshqa tag‘in tuhmatlaring bormi? Men esa, ilgari qanday bo‘lsam, hozir ham shundayman, — debdi.
Kulollar o‘zlarini qo‘ygani joy topolmay “Avval o‘lmasak ham endi o‘ldik” deyishib jon-ponlari chiqib tarqalib ketibdilar. Kun kech bo‘libdi. Kal atrofni aylanib kelib hujrasiga kirib yotibdi. Yarim kechada kulollarning piri kelib kalni hassasi bilan uyg‘otibdi. Kal ko‘zini ochib qarasa, hech kim yo‘q, endi piyolani yasamasam bo‘lmas ekan-da, deb o‘rnidan turib, muzdek suvga yuvinib kelibdi. Asboblarini qo‘liga olib astoydil ishga kirishibdi. U bitta piyola yasabdi. Podsho piyolasidan o‘n baravar chiroyli bo‘libdi. Lekin kalning ko‘ngliga yoqmabdi. “Ko‘nglimdagidek bo‘lmadi”, deb yerga bir urib chil-chil qilibdi-da, boshqasini yasabdi. Bu ham kalga yoqmabdi, yerga urib sindiribdi. Yana boshqa bir piyola yasabdi, bu hammasidan chiroyli bo‘libdi, qaragan kishining ko‘zi qamashib ketarkan. Podshoning jonon piyolasi kalning bu piyolasi oldida sopol kosaga o‘xshab qolibdi. Bu piyolaning sirti ajoyib gullar bilan bezatilgan, ichida esa yer yuzidagi bor narsalarning aksi tovlanib ko‘rinar ekan. Piyola bir chertilsa jaranglagan tovushini hamma eshitar ekan. Uning bir xislati: o‘ng tomonga qarab aylantirilsa shu xildagi piyoladan yettita piyola bo‘lib qolar ekan. Chap tomonga qarab aylantirilsa yettita piyola bitta bo‘lib qolar ekan. Piyolani kal qo‘liga olib: “Ha, mana bu ko‘ngildagiday bo‘ldi”, deb uni bir dokaga o‘rab qo‘yibdi. Тong ham otibdi. Podshoning navkarlari ot choptirib qishloqqa kirib, to‘g‘ri borib kalning eshigini taqillatibdilar. Kal ularni xursandlik bilan qarshi olibdi.
— Тuzatdingmi, kal? — deb so‘rabdi navkarlardan biri.
— Тuzatdim, — debdi kal.
Navkarlar kalni podsho saroyiga olib ketibdilar. U saroyga borib taxt tagida otdan tushmay qarab turibdi. Podsho kalning xursandligini ko‘rib “Piyolani tuzatibdi-da”, deb ich-ichidan sevinib:
— Тuzatdingmi, kal, yo tuzatmadingmi? — deb so‘rabdi.
— Тuzatdim, podshohim, — debdi kal.
— Qani, bo‘lmasa ol-chi! — debdi podsho.
Kal otdan tushib, dokaga o‘ralgan piyolani podshoning qo‘liga topshiribdi. Podsho piyolani ochayotganida tirnog‘i tegib ketibdi. Piyola jaranglabdi, uning tovushi butun saroyga yoyilibdi. Saroy ahllari bu qanday tovush, deb hang-mang bo‘lib qolibdilar.
Podsho piyolani oq doka ichidan olib ko‘rishi bilanoq, uning chiroyligiga, gul bilan ishlanishiga qoyil qolibdi. Boshi osmonga yetib, vaziridan:
— Kalga nima bersak ekan? —deb so‘rabdi.
— Hech narsa berish kerak emas, podshohim, — debdi vazir.
— Axir, — debdi podsho, — bu piyolani aytganimizdan ziyoda qilib tuzatib keldi, unga biror narsa berish kerak-da.
— Kal bunaqa piyolani har kimga qilib beraveradi, — debdi vazir.
— Nima qilamiz bo‘lmasa, — debdi podsho.
— Nima qilar edik, shu piyoladan ikkita edi. Birini yo‘qotib o‘g‘rini topa olmagan edik. Ikkinchisini esa, sindirib qo‘ygan edik.
Hozir o‘g‘ri topildi. O‘g‘ri mana shu kal ekan. Bu kal bizdan siniq piyolani tuzatgani olib, o‘rniga o‘g‘irlab ketgan piyolani keltirib berdi, deb “Jallod, ushla!” desangiz ish tamom, vassalom, sizdan nima ketibdi. Shu bilan siz ham tinch-u, biz ham tinch. Piyolani tuzatmasdan avval ham bir qancha narsalar berib yuborgan edingiz.
— Gaping to‘g‘ri, men bunga bir ko‘rsatib qo‘yay, — debdi podsho va taxt atrofida yig‘ilgan odamlarga qarab:
— Bizning jonon piyola aslida ikkita edi, bittasini o‘g‘irlatib qo‘ygan edik. O‘g‘ri topilmagan edi. Bittasi esa sinib qolgan edi. Hozir o‘g‘rini topdik, o‘g‘ri qarshimizda bezrayib turgan mana shu kal ekan. Singan piyolani tuzatmoqchi bo‘lib olib, o‘rniga o‘g‘irlab ketgan piyolani keltirib beribdi. Piyola mana! Jallod, ol o‘g‘rining kallasini! — deb qichqiribdi.
“Qilichimiz qonsiragan, bormisan qurbon”, deb jallodlar qilichlarini yalang‘ochlab kelishibdi. Kalning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, so‘yish uchun yotqizishibdi. Shu payt kal:
— Ey, podshohi olam, sultoni bokaram, bir iltimosim bor, — debdi.
— Qanday iltimosing bor, o‘g‘rida iltimos nima qilsin, — debdi podsho. Lekin biroz o‘ylab turib, — qani, iltimosingni ayt-chi, vaqt o‘tmasin, — debdi.
— Iltimosim shuki, — debdi kal. — Qo‘limni sal bo‘shatishsa, baribir qochib keta olmayman, mening ikki og‘iz so‘zim bor, aytsam, so‘ngra o‘ldirsangiz armonim yo‘q.
Podsho buyrug‘i bilan kalning qo‘lini bo‘shatib qo‘yibdilar.
— Ey, podshohi olam, sultoni bokaram, — deb so‘z boshlabdi kal. — O‘sha qo‘lingizdagi jonon piyolangizni menga bersangiz, men o‘lim oldida uni bir marta qo‘limga olib tomosha qilsam, keyin o‘lsam ham armonim yo‘q.
Podsho piyolani kalning qo‘liga beribdi. Kal piyolani qo‘liga olib u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rib, tomosha qilib podshodan so‘rabdi:
— Ey, taqsir! Shu piyola o‘zingiznikimi?
— Ey, badbaxt, albatta o‘zimniki! — deb javob beribdi podsho.
— Piyolangiz nechta edi? — deb so‘rabdi kal.
— Ikkita edi, — debdi podsho.
— Bittasi o‘g‘irlangan, bittasi singan edi, shundaymi? — deb so‘rabdi kal.
— Shunday, — debdi podsho.
— Тag‘in yolg‘on chiqib qolmasin? — debdi kal.
— Rostini aytmay, yolg‘onni aytamanmi, rost! — deb javob beribdi podsho.
— Тag‘in yolg‘on chiqib qolmasin? —debdi kal.
— Hoy, la’nati o‘g‘ri, men rost aytmay, yolg‘on gapirarmidim. Gapni ko‘p cho‘zma, piyolam ikkitadan ortiq emas edi.
— Ey, xaloyiq, eshiting! Podshoning piyolasi ikkita bo‘lib, biri o‘g‘irlangan-u, ikkinchisi singan ekan, — debdi kal.
Har tomondan “Eshitdik, eshitdik”, degan tovushlar kelibdi.
Shunda kal qo‘lidagi piyolani o‘ng tomonga burgan ekan, bitta piyola yettita bo‘lib qolibdi. Podsho, vazir va saroyga yig‘ilgan kishilar hayron bo‘lib qolibdilar. Kal xotirjamlik bilan podshoga qarab:
— Ey, podshohi olam, mana bu singan piyolangiz, buni siz oling! Mana bu yo‘qolgan piyolangiz, buni vaziringizga bering. Mana bu piyolani xotiningizga, bunisini qizingizga, mana bularini esa bittadan vaziringiz xotini bilan qiziga bersin, mana bu qolgan bittasini singlingizga bering, — deb yettita piyolani qator qilib tizib qo‘yibdi. Buni ko‘rgan podshoning betlari qizigan tandirdek qizarib, yer yorilmabdi-yu, yerga kirib ketmabdi.
Xalq oldida sharmanda bo‘lgan podsho g‘azablanib, vazirining kallasini oldiribdi.
— Kalni ozod qilib yuboringlar, — debdi u. Kalga zarbof kiyimlar, qimmatbaho narsalar berib, xursand qilib jo‘natibdilar.
Kal qishloqqa qaytib borib, podshodan olgan in’omlarini kulollarga bo‘lib beribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.