Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, burungi zamonda chol-kampir bor ekan. Dunyoda farzand yuzini ko‘rmay, juda ham kambag‘al yashagan ekanlar. Chol o‘tin sotib, puliga chorak g‘alla olib kun o‘tkazar ekan. Daladan o‘tin tashiy-tashiy orqasi jovur bo‘lib ketibdi. Shuning uchun kampiri uni Jovur chol deb chaqirar ekan. Kunlardan bir kuni Jovur chol daladan sakkiz quchoq o‘tin terib, yaxshilab bo‘g‘ib bog‘lab bozorga ko‘tarib kelayotsa, bir tulki inidan boshini chiqarib:
— Jovur chol, Jovur chol, men sening o‘g‘ling bo‘laman, — debdi.
Jovur chol:
— Ey xudoyo tavba, tulki ham gapirar ekan-da, — deb picha qo‘rqibdi.
Tulki:
— Chol ota, qo‘rqmang, men sizga farzand bo‘lmoqchiman, — debdi.
Jovur chol ko‘nib:
— Mayli bo‘lmasam, yur uyga, — debdi. Tulki Jovur cholning oldiga chopib kelib:
— Ota-ota, o‘tiningizni men ko‘taray, — debdi. Chol hayron bo‘lib:
«Buncha o‘tinni tulki holati bilan qanday ko‘tarar ekan», deb o‘ylab, o‘tinni yerga qo‘yibdi. Qarasa, tulki shuncha o‘tinni chumchuqni ko‘targanday qilib ko‘tarib ketibdi, uyiga kelgandan keyin chol-kampir tulkini juda yaxshi ko‘rib qolishibdi. Shu kundan boshlab tulki Jovur chol otasiga har kuni o‘tin tashib berib, bir g‘aram qilib qo‘yibdi. Bir kuni oqshomda tulki Jovur cholning qo‘ynidan chiqib ketayotsa, chol unga:
— Tulkicha-yu, tulkicha, tunda qayga borasan? — debdi.
Tulki debdi:
Momam uyiga boraman.
Ch o l:
Momang senga ne berar?
T u l k i:
Echki sog‘ib, sut berar.
Ch o l:
Echkisining suti yo‘q,
Kadisining tegi yo‘q.
T u l k i:
Meni, ota, aldamang,
Borgandan so‘ng bilaman.
Sut bo‘lmasa mayliga,
Momamni ko‘rib kelaman, —
deb tulki jo‘nab ketibdi. Tomma-tom chiqib, hammaning mo‘risidan qarab keta beribdi Axiri, podshoning tomiga yetib, mo‘risidan qarasa, uy ichini yorug‘ qilib podshoning qizi uxlab yotganmish. Tulki qizni ko‘rib oshiq bo‘lib qolibdi. Yana tomma-tom sakrab Jovur chol qoshiga kelibdi. Jovur chol tulkining orqasini silab erkalatib:
Kechga qolding, tulkicham,
Kech keldimi echkicham? —
debdi.
T u l k i:
Borib edim qidirib:
Keldim momamni ko‘rib,
Momam bo‘libdi jinni,
Qilib berdi g‘ilmindi, —
debdi.
Chol:
Ne kelmading shungacha?
Momang bo‘pma jengacha?
Yo bo‘ldimi o‘yinchi,
G’ilmindidan keyincha?
T u l k i:
Momam aytdi, bor dedi,
Cho‘pchak terib kel, dedi.
O’rdan terdim o‘n quchoq.
Qirdan terdim qirq quchoq.
Soydan-chi, sakkiz quchoq.
Shuytib keldim kechga choq, —
debdi.
Tong otibdi. Tulki Jovur cholga:
— Ota-ota, menga xotin olib bering, — debdi.
Jovur chol:
— O’g‘lim, kimning qizini olib beray? — debdi.
Tulki:
— Podsho bobomning qizini olib bering, — debdi.
Jovur chol:
— O’g‘lim, podsho bobong qizini senga berarmikan, — debdi.
Tulki:
— Bersa ham, bermasa ham: «Bir tulki o‘g‘lim bor, shunga qizingizni bering», deb bir so‘rang, — debdi.
Jovur chol tulkini juda yaxshi ko‘rar ekan. So‘zi yerda qolmasin deb podshonikiga borib:
— Podsho bobo, mening tulki o‘g‘limga qizingizni bering.— debdi.
Podshoning achchig‘i kelib:
— Men senday qashshoq bilan quda bo‘lmayman, o‘g‘ling tag‘in tulki bo‘lsa, — deb darrov jallodlarga buyurib, cholni o‘ldirtirib yuboribdi.
Tulki bir kun podshoning oldiga kelib:
— Otam qani? — debdi. Podsho:
— Otangni o‘ldirib yubordim, — debdi. Tulki bir joyga borib:
— Jovur chol, Jovur chol! — deb qichqiraveribdi. Jovur cholning suyaklari u yoqdan, bu yoqdan shaldirab yig‘ilib kelib tirilibdi:
— Ha, o‘g‘lim, balli, meni tiriltirding, — debdi Jovur chol.
Tulki yana Jovur cholni podsho oldiga yuboribdi. Bu safar ham podsho Jovur cholni: «Senday Jovur cholga qizimni berar emishmanmi, o‘g‘ling tag‘in tulki bo‘lsa», deb o‘ldirtirib yuboribdi. Tulki yana bir joyga borib chaqirib Jovur cholni tiriltiribdi. Uch martaba tiriltirgandan keyin, podsho tulkining bunday karomatlarini ko‘rib qizini tulkiga beribdi.
Tulki qiz yoniga kirgandan keyin po‘stinini yechib qoziqqa osib qo‘yibdi, o‘zi chiroyli bir yigit bo‘libdi. Podshoning qizi yigitni sevib qolibdi. Tulki bo‘lib yurganini yoqtirmay, bir kuni tulki uxlab yotganida po‘stinini o‘tga tashlab kuydiribdi. Tulki uyg‘onib po‘stinini so‘rabdi. Xotini: «Sizning tulki bo‘lib yurganingizni yoqtirmadim. Chiroyli husningizga po‘stin yarashmaydi. Shuning uchun o‘tga solib kuydirdim», debdi.
Tulki:
— Bo‘lmasa sen menga yo‘q, men senga yo‘q, — deb chiqib ketibdi.
Xotini orqasidan:
— Men sizni izlasam qaerdan topaman? — debdi.
Tulki:
— Meni izlab sarson bo‘lma, agar juda topmoqchi bo‘lsang temir choriq kiyib, temir hassa tayanib izlaysan. Hassang ignaday, chorig‘ing qog‘ozday bo‘lib qolsa, shundagina topasan, — deb jo‘nab ketibdi. Tulkining xotini ham podsholikni tark qilib temir choriq kiyib, qo‘liga temir hassa ushlab, boshiga qalandar kuloh kiyib, darvishlikni ixtiyor qilib, tulkini qidirib ketibdi. Tulkini izlay-izlay temir choriq qog‘ozday bo‘libdi, temir hassa ignaday ingichka bo‘lib ketibdi. Bu orada bir qancha yillar o‘tibdi. Bir tog‘dan borayotsa, tulki ko‘p jo‘ralari bilan ov ovlab yurgan ekan, xotinini ko‘rib, tanib otidan tushibdi. Xotini bilan ko‘rishib, so‘rashib, xotinini o‘z shahriga olib boribdi. Aslida tulki bir katta podshoning o‘g‘li ekan. U o‘z sevgani bilan qovushgach, murod-maqsadiga yetibdi.