OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kambag‘al qiz

Zamonlarning zamonida bir podshoh bor ekan. Uning bir o‘g‘li bor ekan. U o‘n ikki yoshga yetibdi. Shahar xalqi buning yomonligidan ko‘p zerikibdi. Podshohga xalq arz qilibdi. “Yo o‘g‘ling tursin, yo biz turaylik”.
Podshoh vazir bilan maslahat qilib o‘g‘lini maktabga beribdi. Domlasi: “Urib-so‘ksam podshoh meni o‘ldiradi” deb, to‘rtta yong‘oq, bitta soqqa berib, bolalar bilan o‘ynatib yuribdi. Uch yil domlaning qo‘lida turibdi. Podshoh o‘g‘lini oldirib kelibdi, to‘rt yuz ulamoga: “O‘g‘limni o‘qitib ko‘ringlar. Nima kitob o‘qiydi ekan”— debdi. Ulamolardan biri:
— Domlada nima kitob o‘qidingiz, o‘g‘lim? —deb so‘rabdi.
Bola, darrov cho‘ntagidan yong‘oq, soqqani olib, ikki joyga ganak tikib “loshqanot” deb soqqani otib yuboribdi va:
— O‘qigan sabog‘im shu, — debdi.
Podshohning achchig‘i kelib, domlasini dorga ostiribdi. Domlaning yettita bolasi yetim qolibdi. Podshoh shaharga jarchi qo‘ydiribdi. “Har kim o‘g‘limni qirq kunda mulla qilsa qilsin, qilmasa shaharning kulini ko‘kka sovuraman. Itini avaxta, mushugini qamoq qilaman”.
Shaharda bir kambag‘al, qashshoq odam bor ekan. U eshikdan yig‘lab kiribdi.
Qizi so‘rabdi:
— Nimaga yig‘laysiz, ota?
— Qizim, yosh bolasan, so‘rab nima qilasan? Podshohning o‘g‘li mulla qilinmasa, qirq kundan keyin sen bilan mening kulimiz ko‘kka sovuriladi, — debdi.
— Olib keling, men o‘qitaman, qirq kunda juda yaxshi mulla qilaman, — debdi. Otasi podshohga borib:
— Malol kelmasa, mening qizim o‘g‘lingizni o‘qitadi, — debdi.
Podshoh “Xo‘p” deb o‘g‘lini qo‘shib beribdi. Bola kambag‘alning uyiga kelibdi, ko‘rsa, bir kichkina qiz bola ekan. Podshohvachcha dilida aytibdi: “Bir tarsaki ursam, bu qiz meni o‘qitmaydi”.
Qiz juda bilimdon ekan, o‘ylabdi: “Тe”, “se”, “jum”, “he” deb o‘qitsam, o‘n yilda ham mulla bo‘lmaydi. Bir fikr qilayin, bir oyda o‘qish-yozishni, hisob-abjadni tamom biladigan bo‘lsin”. O‘qitibdi, qiz: “alif”, debdi. O‘g‘il cho‘ntakka qo‘lini solib soqqasini olmoqchi bo‘libdi, qiz bir tarsaki uribdi. Bola umrida bunday kaltak yemagan ekan, qo‘rqqanidan, qiz “alif” desa, “A” debdi. Bir oyda tamom o‘qib, yozadigan bo‘lib, hisobni o‘rganibdi. Bola yomonligidan qizdan har kuni bir tarsaki yeydigan bo‘libdi.
Qirq kun tamom bo‘lgandan keyin, chol bolani yetaklab podshohga olib boribdi. Podshoh ilgarigi rasmini qilib, domlalarni yig‘ib:
— O‘g‘limni o‘qitib ko‘ringlar-chi, nimani biladi? — debdi.
Domlalar: “Qul auzuni” o‘qigandir yoki “ammani” o‘qigandir deb gumon qilishibdi. Domlalardan biri:
— O‘g‘lim, sabog‘ingizni o‘qing, — debdi.
Bola “Shamsiya” kitobidan saboq o‘qib beribdi. Podshoh so‘rabdi:
— O‘g‘lim qandoq bo‘libdi?
— Zehni yaxshi ekan.
Podshoh xursand bo‘lib, kambag‘alga bosh-oyoq ust-bosh, bir qancha in’om beribdi. Shahar xalqi o‘limdan qutulibdi.
Bola bir uyga suv sepib, bir bo‘yrani yerga solib, ko‘kragini zaxga berib, qirq kun bir burda non yemay, bir ho‘plam suv ichmay yotaveribdi. Podshoh xafa bo‘lib, jar soldiribdiki: “Har kim o‘g‘limni gapirtirsa, boshi tengi zar quyaman, bir qarqaralik qiz beraman”.
Bir kampir bor ekan, uning peshonasi burishgan, hamma bilan urishgan, og‘zida bitta tishi yo‘q. Og‘ziga bir o‘rikni solib so‘rib himm... deb borib, bolani bir xodimi qilibdiki, simobday eribdi.
— Ey... O‘g‘lim, otang podshoh, sen podshohzodasan, yeyish-ichishdan kaming yo‘q, nimaga gapirmasdan yotibsan?
Bola tilga kirib:
— Meni o‘qitib mulla qilgan otin oyimni olib bersa gapiraman, yuraman, olib bermasa, o‘lgunimcha yotganim-yotgan, — debdi.
Podshoh eshitib, mudarrislariga:
— Kitob ko‘ringlar-chi, otin oyini olishga yo‘l bormi? — debdi.
Mudarrislar:
— Yo‘q-yo‘q, — debdilar...
Podshoh darg‘azab bo‘lib jallod chaqiribdi. Yetti jallod, murg‘u salovat, “Qilichim burro, zabonim go‘yo, kimning ajali yetdi? Poyqadamingizda oftobni soyaga yetkazmay bosh kesay”, debdi. Тo‘rt yuz ulamoning qo‘lini orqasiga bog‘lab, shahardan tashqariga olib chiqibdilar. Bir mulla bor ekan, “Тo‘rt yuz kishi o‘lgandan qolgani yaxshiroq” deb:
— Ey podshoh, men bir rivoyat ko‘rdim, kattaligi Namanganning sakson gazlik ko‘chasidek, o‘ttiz olti nikohni boylasangiz, aslo ilinmay o‘tib ketaveradi, — debdi.
Podshoh suyunib to‘y ustiga to‘y, karnay ustiga karnay qo‘ydirib, kambag‘alning qizini o‘g‘liga olib beribdi.
Erta bilan podshohzoda hovliga chuqur kavlatib, qizni yetaklab, qirq tola sochini bitta qilib tugib, bir xodani o‘tkazib, o‘ng yuziga bir tarsaki, chap yuziga bir tarsaki urib osib qo‘yibdi. O‘zi otga minib ovga ketibdi. Kechqurun kelib chuqurdan olib birga yotibdi. Erta bilan yana kechagi rasmni qilib ketibdi. Qirq kun shu tariqa o‘tibdi. Qirq birinchi kun qiz yig‘lab: men bir zaif notavon, ojiz kishiman, ey kamhimmat, shu bugun mening gunohimdan o‘tsang, borib ota-onamni ko‘rib kelsam, diydor ko‘rishmay qoladiganga o‘xshayman, — deb zor yig‘labdi.
— Borgin-u tezlik bilan kel, hayallasang, o‘ldirib teringga somon tiqaman, sendan boshqaga ibrat bo‘lsin, eridan beijozat ko‘chaga chiqmasin.
Qiz xursand bo‘lib, maxsisini chala kiyib, paranjisini egri yopinib, bo‘ynida dasturxon xalpillatib ikki zog‘orani yeb, achasining oldiga kelibdi. Achasi, qizning rangini ko‘rib:
— Ey qizim, senga nima bo‘ldi, ranging somondek sarg‘ayib, nozik beling qildek bukilib, o‘lar holatga yetibsan?
— Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q, — deb javob beribdi qiz.
— Rost ayt, qizim, rost aytmasang, o‘zimni o‘ldiraman, — deb qo‘liga pichoq olibdi. Qiz qo‘rqib:
— Ey acha, kuyoving menga qirq kundan beri shunday azob beradi. Bir tishlam non yo‘q, bir ho‘plam suv yo‘q, ikki tarsaki vazifa bor. Kechgacha zindonga solib, kechqurun chiqarib qo‘yadi, — deb oh uribdi, og‘zidan bir parcha et chiqib, yerga tushibdi. Achasi ko‘rsa, jigarlari ezilib ketgan ekan...
— E, qizim, g‘am yema, bu ishning iloji oson, — deb achasi qizning bosh-ko‘zlarini yuvib, sochini tarab, o‘rib, oldiga dasturxon solibdi, noz-ne’mat guno-gun1 hozirlab to‘kibdi. Qizning qorni to‘yib, g‘amlari boshdan ko‘tarilibdi.
— Ey acha, javob ber, ketaman, — debdi. Achasi bir qutini ochib, bir parcha qog‘ozni olib, qizning qo‘liga beribdi.
— Ering bir tarsaki urganda, qah-qah urib kul, yana urganda qattiqroq kul! “Men ursam, yig‘lamasdan nimaga kulasan?” desa, aytginki, “Urganingiz un oshi, so‘kkaningiz so‘k oshi, har nima qilsangiz ham mayli, lekin mening tepamga kundosh qilib mana shu suratdagi qizni olmasangiz bo‘ldi”, deb yana qattiqroq kul, — debdi.
Qiz uyiga kelgandan keyin, achasining aytganlarini qilibdi. Podshohzoda haligi qog‘ozdagi qizni ko‘rsa, bir malika-yu zebochehra, husni kamolda barkamol. Ko‘rgan hamon oshiqi beqaror bo‘lib, ko‘kragidan bir juvoldiz hadangi parron o‘tibdi.
— Ey xotin, bu surat odamzodmi yo parizodmi, buning joyi qayda? — debdi.
— Olti oylik joyda. Eram degan mamlakat bor, podshosi odamzod, xotini parizod, shundan bo‘lgan bitta qiz bor, otini Oqbilak pari deydilar. O‘zi o‘n besh yoshda, betiga yetmish qavat pardai zamburiy2 tortgan, bir qavatini ochib qo‘ysa, husni jamoliga o‘ttiz ikki kasaba chiroq yoqmasdan ish qiladi, “Har kim meni uch marotaba gapirtirsin-u olsin, gapirtirmasa boshini kesib minora qilaman” degan, — debdi.
Podshohzoda qirq xachir oltin yuklab, qirqta yigitni o‘ziga hamroh qilib, “Bog‘i Eram qaydasan?” deb jo‘nabdi. Cho‘lma-cho‘l, ko‘lma-ko‘l, biyobonma-biyobon, manzili marohil tay qilib yuribdi. Bir necha oy, bir necha kun oradan o‘tibdi. Bir giyo, bir suv yo‘q cho‘lda yurib, bir baland tog‘ ko‘ribdi. Тog‘ning tepasiga chiqib, har tarafga qarabdi. Ko‘ziga bir tarafdan bog‘ ko‘rinibdi. Bog‘ni borib ko‘rsa, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, o‘t o‘rniga sebargalar mavj urgan, lolahoyi rang-barang, oltin taxt qo‘yiqlik, atlas ko‘rpalar solig‘lik. Тilla hovuz suv o‘rniga sut bilan to‘lg‘azilgan. Podshohvachcha suyunib otini bog‘lab, shoh supaga chiqib o‘tirib, boshidan tojini olib, yoniga qo‘yib, xizmatkorlariga:
— Choy qaynatinglar, uch-to‘rt kun bu yerda dam olib ketamiz, — deb buyuribdi. Hali gap ado bo‘lgani ham yo‘q ekan, osmondan uchta haqqu kaptar uchib kelib, boyagi oltin taxtning tepasiga qo‘nibdi. Bir yumalab uchta parizod qiz bo‘libdi. Bir taxta qog‘ozni yozib, shatranj o‘ynabdi.
Bittasi tirriqlik qilibdi, ikkitasi aytibdiki:
— Тirriqlik odamzodda bo‘ladi, parizodda bo‘lmaydi.
Podshohzodaning achchig‘i kelib:
— Тirriqlik parizodda bo‘ladi, — debdi.
— Kelib o‘ynang bo‘lmasa o‘zingiz, — debdi parizod. “Xo‘p” deb ana-mana deguncha, kampir shaftolining danagini ayirib yeguncha, xayol o‘tmay, qirq xachir zarni, qirq yigitni boy berib, suvdan silliq, uch qoqqan kunjutdek bo‘lib turibdi. Parizodlardan bittasi o‘rnidan turib:
— Ey ota o‘g‘li, chiqing! Bu joy sizga munosib emas, — deb orqasiga bir tepibdi. Bir poy yirtiq kovushi ilashib, darvozadan tashqariga chiqibdi. Charvi yegan mushukday ko‘zlari yiltillab, ko‘p afsus yebdi. “Otam oldiga shundoq borganimdan, Oqbilak parining qo‘lida o‘lganim yaxshiroq”, deb o‘ylabdi. Aytgan gapi og‘zidan chiqib yoqasiga yopishibdi. “Oqbilak pari qaydasan?” deb jo‘nabdi.
Manzil marohillarni1 sayr-tomosha qilib, shaharga yetibdi. Shaharning tashqarisidan ko‘rsa, yettita minora ko‘rinibdi, bir qo‘ychivondan so‘rabdi.
— Bu minora qaysi boyning madrasasi?
Qo‘yboqar yig‘lab javob beribdi:
— Ey o‘rtoq, bu madrasa emas, bir zolim podshoh bor, uning bir qizi bor. “Har kim meni uch marta gapirtirsin-u olsin” degan. Gapirtira olmasa, boshini kesib, mana shu ko‘ringan minoraga guvalaning o‘rniga uradi.
Podshohzoda hayron bo‘lib, shaharga kirib, malikaning ravog‘i tagiga boribdi. Malika qirq pog‘onali ravoqda o‘tirgan ekan. Malikaning xizmatkorlari podshohzodani ko‘tarib, uning oldiga olib kelibdilar.
Podshohzoda malikani pardaning ichida ko‘rsa, xotini aytgandan yuz chandon ziyoda ekan. Podshohzoda dovdirab, gapini yo‘qotib, loyga botgan eshakday boshini solib turibdi. Oqbilak pari ishorat qilib:
“Nima deydi podshohzoda?” debdi. Podshohzoda qimorga tikay desa hech narsa yo‘q, o‘zini tikibdi. Parizod qo‘liga to‘rtta oltin oshiqni olib, ikkita kumush g‘ishtni qo‘yib, tuzasiga tashlabdi. Oshiq olchi kelibdi. Parizod hukmi jallod qilibdi. Parining o‘ng qo‘l vaziri bolaning husniga o‘limni xayf ko‘rib:
— Malikaga arz, — debdi. Bu beadabni menga bering, bir xo‘rlik-zorlik bilan o‘ldiray, bundan bu yoqqa siz bilan quruq jasad bo‘lib hech kim qimor o‘ynamasin. Podshohzodaning qo‘lidan yetaklab, chiqib ketibdi. Olib chiqib aytibdiki:
— Ey o‘g‘il, o‘n gulingdan bir guling ochilmagan ekan, senga o‘limni xayf ko‘rib, hiyla bilan qutqarib oldim, mening eshigimda juvozxonam bor, bir yog‘ haydaydigan qari juvozkashim bor, uning boshini minoraga uray, seni uning o‘rniga qo‘yay, nima deysan?
Bola yig‘lab:
— Har nima qilsangiz o‘zingiz bilasiz, — deb juvozxonaga kiribdi.
Yotishi juvozxona, ichishi moshova sho‘rva, haydashi uch xalta qora chigit. Uch yil yuribdi.
Kunlardan bir kuni o‘choqqa tezak yoqib, moshovasini qaynatib, dutorini mashq qilib o‘tirgan ekan, ko‘chadan otning sharpasi ko‘rinibdi. Yugurib chiqib qarasa, qirqta savdogar ketayotibdi.
— Ey savdogarlar, yo‘l bo‘lsin, qayerga borasizlar?— debdi.
— Ajam mamlakatiga boramiz.
— Ajam podshosiga bir xat bersam, eltib berasizlarmi?
Karvonboshi “Xo‘p” debdi. Bola qo‘liga qalam-qog‘oz olib yozibdi. “Otayi mehribonim, mendirman nuri chashm farzandingiz, Bog‘i Eramga kelib, Oqbilak parini olaman deb, qo‘lga tushib, uch yildan beri qiladigan ishim juvoz haydash. Otam siz bo‘lsangiz, Ajam podshosisiz, bitta kambag‘alning qizi meni shunday zulmi mehnatga soldi. Xat borgan hamon yetti pushtidan yetmish pushtigacha qamishga o‘lchab, qirqmasangiz sizdan ikki dunyoda rozi emasman. Qo‘lim qo‘ydim” deb muhrini bosibdi.
Xatni savdogarlarga beribdi. Savdogarlar Ajamga kelib xatni podshohga berish to‘g‘risida maslahat qilibdilar. Savdogarlarning ichida bir kambag‘ali bor ekan. “Sizlarning ikki tuyadan yukinglar bor, mening bir eshak yukim bor, undan bir boj bersam, menga nima qoladi? Xatni menga beringlar, men o‘zim beray” deb xatni qo‘liga olibdi. Savdogarlar har qaysisi o‘z joyiga qarab ketibdilar. Kambag‘al savdogar podshohvachcha xotinining otasiga qo‘shni ekan. Kelib ko‘rsa, bu kambag‘al qo‘shnisi, qizining donishmandligi tufaylidan podshohga vazir bo‘lgan ekan. Vazir uydan chiqibdi. Qarasaki, savdogar qo‘shnisi kelib, ko‘chada yuk tushirib turibdi.
— Hormang, karvon! Bizga nima sovg‘a olib keldingiz? — debdi.
— Sizga mana shu xatni olib keldim, —deb qo‘liga beribdi. Xatni olib vazir uyga kiribdi. Vazirning qizi chigin1 tikib o‘tirgan ekan.
— Dada, qo‘lingizdagi qog‘oz nima? —deb so‘rabdi.
— Bog‘i Eramdan kelgan xat, nima ishing bor! — debdi.
Qizning yuragida o‘t paydo bo‘libdi: “Mening erimdan bo‘lsa kerak, debdi. Irg‘ib o‘rnidan turib, otasining qo‘lidan chang solib, xatni tortib olib qochibdi. Otasi quvlabdi. Qiz tahoratxonaga qochib kirib, ko‘ylagini yechib, otasining oldiga tashlabdi. Dadasi tashqarida qolibdi. Xatni o‘qisa, ish o‘zgacha, bir oh tortib, xatni yirtib ariqqa oqizibdi. Bir qog‘ozga yozibdi: “Ey otayi mehribonim, mendirman nuridiyda-yu, jigarband — sening farzanding. Bog‘i Eramga kelib, Oqbilak parini olib, yetti iqlimga podshoyi hafti kishvar bo‘ldim. Mening dastimdan, devzod, parizod, ins-u jins, hech nima qochib qutulmaydi. Xat borgan hamono mening xotinimning yetti pushtidan, yetmish pushtigacha sarpo kiydiring, Shunday qilmasangiz, o‘g‘lingizdan ayrilasiz. Qo‘lim qo‘ydim, muhrim bosdim”. Xatni dadasining qo‘liga beribdi. Vazir podshohga xatni beribdi, podshoh to‘rt yuzlik lashkarning ichida baland ovoz bilan xatni o‘qibdi. Xatda qanday yozgan bo‘lsa, shunday qilibdi, kambag‘al vazir oltinga cho‘milib, eshikdan kirib kelibdi. Qizi ko‘rib:
— Ey dada, muborak bo‘lsin sizga bu davlat, — debdi va:
— Men qirq kun chilla o‘tiraman, har kim menga osh, non bersa yo ko‘zimga ko‘rinsa, meni tilga olsa, o‘zimni o‘ldiraman, —deb uyga kirib, eshigini mahkam bekitibdi. Erining ovga minadigan otining to‘rt joyidan ayilini zer-zabartang tortib, boshga suvsar telpagini, taka shimini kiyib, isfaxon qilichini yoniga osib, yarim kechada otga minibdi.
Uni Urganchning o‘n olti yashar yigitidan ayirib bo‘lmabdi. Bir zahar qamchi otning ustixoniga botibdi. Ot chidolmay sahroga qarab, qulog‘ini qalam qilib ketibdi.
Eri shatranj o‘ynab yutqizgan chorbog‘ga borib o‘tiribdi. Bir piyola choyni qo‘liga olib, hanuz ichib bo‘lgani yo‘q ekan, ilgarigiday osmondan uchta haqqu kaptar tushib, shatranj o‘ynabdi. Biri tirriqlik qilibdi, ikkinchisi:
— Тirriqlik odamzodda bo‘ladi, — debdi. Bu qizning achchig‘i kelib:
— Тirriqlik parizodda bo‘ladi, — debdi.
— Kelib o‘ynay qoling, podshohzoda, — debdi.
Qiz “Xo‘p” deb, uchala parizodni, bosh qashigani tirnog‘ini ham qo‘ymay yutib olibdi. Parizod:
— Ko‘hiqofdan xazina olib kelib, sen bilan tuzukkina o‘ynayman, — deb o‘rnidan turibdi. Qiz qo‘liga shatranjni olib:
— Uchalangga dov, — deb tashlabdi. Parizod ko‘rsaki o‘zlarini ham yutqizibdi. Parizod:
— Biz nima gunoh qildik, bizni chopasiz?— deb so‘rabdi:
— Men kasalmandman, hukamolarga tomirimni ushlatsam, “Uchta parizodning bir qoshiqdan uch qoshiq qonini ichsang, tuzalasan” degan edi, — deb astoydil chopadigan bo‘libdi. Parilar terakning bargiday qaltirab, yig‘lab:
— Sizga qon kerak bo‘lsa, mingta parini keltirib beraylik, bizning gunohimizdan o‘ting: chunki bizni ota-onamiz Bog‘i Eram podshohining qizi Oqbilak pariga sotgan. Biz o‘lsak ota-onamizni yer yuzida qo‘ymaydi. Qabul qilmasangiz, yettinchi Ko‘hiqofda mushkul ishingiz bo‘lsa ham ko‘z yumib-ochguncha hojatingizni ravo qilamiz, — deb qo‘l bog‘lab turibdilar. Qiz dilda ko‘p xursand bo‘lib:
— Mening bir shartim bor, Oqbilak parini menga nikohlab bersangizlar gunohingizdan o‘taman, — debdi.
Parilar bir oh sardil jigardan tortib debdilar:
— U zolim, qonxo‘r, juda qattiq. O‘n sakkiz yoshga kirib ota-onasining gapini eshitmagan. Xo‘p. Biz bu xizmatni siz uchun qilamiz, ammo bizning shartimiz bor. Birinchisi: biz sizga nimaiki gap aytsak, o‘rgatsak, shuni malikaning oldida qo‘rqmasdan aytasiz; ikkinchisi: bizni oldingiz, malikani ham olasiz, to‘y ustida bizni ozod qilasiz. Uning hujrasida bitta zumrad, bitta yoqut, bitta la’li karavot bor, qaysi karavotga o‘tirsa, yonidagi karavotga o‘tirib, karavotdan gap so‘rang.
Biz har birimiz karavot tagiga kirib o‘ng gapirsak, teskarisiga oling, poyma-poy bo‘lsin, — deb bir qancha pand-nasihat qilib, gap o‘rgatib, patlaridan berib osmonga uchib ketibdilar.
Qiz otiga minib, Bog‘i Eramga yetibdi. Shaharga kirib, malikaning qarshisiga qadam qo‘yibdi. Ko‘rsa, malika betiga yetmish qavat pardayi-harir tortib o‘tiribdi. Qirq kaniz mohiro‘y, shahlo chashm, payvasta abro‘, nozik tirnoqlarini tishlab ta’zim qilib turibdi. Qiz kirgandanoq:
— Ey, zolim qonxo‘r! Otim Oqbilak, otam podshoh deb xuni nohaq, qachongacha odamlarning qoni bilan yerni lolarang qilasan? Тez o‘rningdan turib, mening oyog‘imga yiqil! Yo‘q, desang, dami tig‘dan o‘tkazaman! Mening senga o‘xshagan yetmishta xotinim bor, men sening ovozangni eshitib, achchig‘im kelib, kiriboq egarimning qoshiga kallangni qo‘yib, tomog‘ingdan qizil qon oqizaman deb, qasd qilib edim. Sening husningga rahm qildim. O‘z joyimga olib borib qirq ming lashkarga choy quyadigan kosagul qilay. Kel, ey malika, bir dona qirmizak olmaday bo‘lib yoqamdan tushib, lipamdan chiqib, qo‘ynimdan kirib, qo‘ltig‘imdan chiqsang, iskab, mast-u alast bo‘lib murod hosil qilsam, — deb bir kulibdi.
Parizodning g‘azabi shu’la urib, og‘zi eski qopday ochilib, peshonalari suvi yo‘q sanochday tirishib, vaziriga gapirishga ishora qilibdi. Vazir debdi:
— Ey, ahmoq, nodon! Muncha lop urasan? Hozir hukm buyursa o‘lasan, tez koringni qil!
Qiz bir xanda qilib:
— Bir oshiq bo‘lsa edi, parizodni qimor o‘ynab yutib olar edim, — debdi.
Parizod, ilgarigi rasmini qilib, kumush g‘isht, oltin oshig‘ini qo‘liga olib, “Тiking!” deb ishorat qilibdi.
Qiz aytibdi:
— Balli, sendek notanti malikaga! Kelgan mehmonning pulini yutib, o‘zini o‘ldirasan. Men qornimga xoda bog‘lab kelganman, og‘zingga ko‘ndalang to‘silib qoladi, yutolmaysan. Oshiqni menga ber. Men keltirolmasam, sen otgin!
Parizod oshiqni beribdi. Bir xazinani tikibdi. “Gardkam” deb keltiribdi.
Sizga yosh bersin, bizga hayot. Malika boshini qashiguncha yetmish xazinasini yutib olibdi. Parizodning achchig‘i kelib, o‘z sochini ushlab bir tolasini yulib olib, zumrad karavotga o‘tiribdi.
Qiz:
— Ey, nodon, bir dona tukingga ming xazina beraman. Pulning achchig‘i senga yomon bo‘lsa, jon achchig‘i ham menga yomon, — deb yonidagi karavotga o‘tiribdi.
— Ey, karavot, sening otingni zumrad derlar, daryoyi Sho‘rdan bo‘lasan. Olti oylik yo‘ldan ranj-u mashaqqat tortib kelib hayron bo‘lib qoldim: biror gaping bo‘lsa aytib, mendek musofirning yurak zangini ko‘tarsang, — deb boyagi uch parizodning patini o‘tga solibdi. Darhol uch karavotning tagiga uch pari o‘zini olibdi. Malika xabardor bo‘libdi.
Karavot tebranibdi. Malika dilida: “Olamda karavot ham gapiradimi?” deb, karavotning qimirlaganiga hayron bo‘lib qolibdi. Karavot tilga kirib:
— Sizga bog‘ bersin, bizga hayot. Ey, mehmon yigit, xush kelibsiz, ajab dilkash ekansiz. Rahmingiz yo‘q, “O‘ldirdim, kuydirdim”, deysiz, necha odamlar bosh berayotir. Ko‘rganimdan aytayinmi?
Qiz:
— Nimani ko‘rding, nimani bilding? Asling tosh, malikaning oyog‘ini ko‘rding, daryoyi Sho‘rda shag‘al qumni ko‘rding, — deb xab turibdi. Karavot:
— Aytish mendan, eshitish sendan, ma’qul qilish Oqbilakdan, — deb tilga kiribdi:
— Qadim zamonda bir duradgor bor ekan. Ovqat o‘zidan, ikki tanga ishlar ekan. Pul yig‘ib, haj qilishga jo‘namoqchi bo‘libdi. Uning bir zargar o‘rtog‘i bor ekan: “Birodar, men ham boraman”, debdi. Zargarning tikuvchi o‘rtog‘i bor ekan: “Men ham boraman” debdi. Tikuvchining bitta mullayi qoq o‘rtog‘i bor ekan: “Men ham boraman”, debdi. Hammalari hajga jo‘nabdilar. Yo‘lda kech bo‘libdi. Hammamiz uxlasak bo‘ri yeb ketadi, bittamiz uxlamaylik, deb uch kishi uxlabdi. Duradgor o‘tiribdi, buning ham uyqusi kelib, teshani qo‘liga olib, bir tarashadan bitta but tarashlab, chiroqning tagiga qo‘yibdi va uxlabdi. Zargar uyg‘onib:
“Bu — birodarimning ishi, men bir ish qilay”, deb bitta tangani eritib, qosh-ko‘z, tirnoq qilib, chiroqning tagiga qo‘yib uxlabdi. Tikuvchi uyg‘onib: “Bu — o‘rtog‘imning ishi”, deb bir parcha lattani qiyib, tikib, egniga solibdi. Bir qo‘g‘irchoq qiz bola bo‘libdi. Chiroqning tagiga qo‘yib uxlabdi. Mullayi qoq uyg‘onibdi. “Bu — o‘rtoqlarimning hunari, men bir ish qilay”, deb boshini yerga qo‘yib: “O‘rtoqlarimning ichida meni sharmanda qilma, shu suratga jon ato qil!” deb ko‘p yig‘labdi. Bu ham yotib uxlabdi. “Тuringlar, tong otdi, ketaylik” degan bir tovush kelibdi. Hammasi boshini ko‘tarib ko‘rsa, bir malika, olamda hech kishi ko‘rgan emas, uning oldida Oqbilak pari, cho‘l qurbaqacha ham emas.
— Donishmand bo‘lsang, ajratib ber menga! Haligi qiz duradgornikimi, zargarnikimi, tikuvchinikimi, mullanikimi?
Qiz aytibdi:
— Balli, tikuvchi ko‘ylak tikmasa, odam bo‘larmidi? Oqbilak pari darg‘azab bo‘lib:
— Ey, ahmoq, yalang‘och o‘tirsam ham shu pariman, ko‘ylak kiysam ham shu pariman, — debdi.
“Gapirdi”, deb bir dovul qoqilibdi, malikaning otasi suyunib bir xazinasini talatibdi.
Qiz yoqut karavotga o‘tirib aytibdi:
— Ey yoqut karavot, sen ham biror og‘iz hikoyat bo‘lsa gapir, mening ko‘nglim bog‘-bog‘ ochilsin.
Karavot tilga kirib:
— Ko‘rganimdanmi, eshitganimdanmi, bilganimdanmi? Zumrad karavotning gapini kavushday poyma-poy qilding, mening gapimni eshit. Parizod ma’qul qilsin, — debdi.
— Xo‘sh, zamonlarning zamonida bir boy bor ekan, boy bo‘lsa ham ketida uch chaksa loyi bor ekan. Uning uch o‘g‘li bor ekan. Katta o‘g‘li: “Ey dada, menga yuz tilla pul bering, Olma-otaga borib katta-katta qo‘ylardan olib kelaman”, debdi.
Dadasi suyunib pul beribdi, ko‘chaga chiqib ko‘rsa, o‘ntacha bola bir eski po‘stakni uloq qilib, o‘ynab yuribdi, yigirma bir joyida teshigi bor. Boyvachcha:
— Hay, bola, po‘staging necha pul, — deb so‘rabdi.
Bola aytibdi:
— Yuz tilla.
— Iya, nima hunari borki, yuz tilla deysan?
— Ustiga o‘tirsang, ko‘zingni yumib-ochsang mashriqdan mag‘ribga yetkazadi.
Boyvachcha yuz tilla berib po‘stakni uyiga olib kelibdi. Dadasi ko‘rib:
— Sening qilgan sovdang shumi? — deb so‘kibdi. O‘rtancha o‘g‘li:
— Jon dada, menga ham yuz tilla bering. O‘zganda guruch arzon ekan, borib olib kelaman, — debdi. Bunga ham yuz tilla beribdi. Ko‘chaga chiqsa, bir parcha siri yo‘q oynakni bolalar yuziga qo‘yib: “Mani ko‘r, o‘rtoq”, debdi. Boyvachcha qarasa, orqasidagi bola ko‘rinadi, xushtor bo‘lib:
— Oynak necha pul? —deb so‘rabdi.
— Yuz tilla.
— Nima hunari bor oynakning?.
— Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan ko‘rinadi, — debdi.
Haqiqatda siri yo‘q oyna devor-toshni ko‘rsatibdi. Yuz tilla beribdi. Uyga kelibdi. Dadasi:
— Ey, ahmoq, mening pulim harommi, siri yo‘q oynani olibsan? — deb urishibdi.
Kenja o‘g‘li:
— Jonim dadam, menga ham yuz tilla bering, mayda savdogarchilik qilaman, — debdi.
Boy achchig‘lanib bunga ham yuz tilla beribdi. Ko‘chaga chiqsa, ikkita bola, tagi yo‘q bir tosning ichiga yosh bolani o‘tqazib balandlikka olib chiqib, muzgarlik vaqti ekan, muzning tepasidan qo‘yib yuborsa, ajab tez ketibdi. Boyvachcha zavq qilib “Ajab yaxshi narsa ekan, o‘t yemaydi, yem yemaydi, yuguradi”, debdi.
— Hoy bola, tos necha pul? — debdi.
— Yuz tilla.
Yuz tilla berib tosni olib, uyiga kelibdi. Boy buni ko‘rib, igna yutgan itday tirishib, ikkala qo‘lini gira qilib:
— Ey, xotin, bu bolalarni kim tug‘gan? — debdi.
— Men tug‘ganman, — debdi xotini.
— Uch o‘g‘lingni ol, ming taloq qo‘ydim, — debdi boy. Xotin yig‘lab:
— Ey, juvonmarglar, sen uchalangni tug‘guncha it tug‘ganim yaxshi bo‘lar edi, — deb qo‘lini gira qilib, o‘g‘lining boshiga bir uribdi. O‘g‘li yig‘lab:
— Jon ona, rost aytasan, yuz tillaga shu po‘stakni olamanmi, hammasi teshik bo‘lsa, — debdi.
Kenja o‘g‘il aytibdi:
— Aka, siznikiga yamoq solsa o‘choqning oldiga solsa bo‘ladi. Men nodon, tagi yo‘q tosni olibman.
O‘rtanchasi:
— Jon uka, tag solsa siznikida qo‘y xashak yeydi. Men ahmoq siri yo‘q oynakni yuz tillaga olamanmi? — deb oynakka qarabdi. Ko‘rsa, mag‘ribi zamin podshohining bir qizi bor ekan, o‘libdi. Yuvib-tarab, taxtayi tobutga solib, olam xalqi yig‘lab turibdi. O‘ylab qarasa, olti oylik yo‘lda. Po‘stakka o‘tirib, ko‘zni yumib-ochibdi. O‘zini mag‘ribi zaminda ko‘ribdi. Boyagi tegi yo‘q jomda yetti jom suvni Malikaning boshidan quyibdi, qiz aksa urib o‘rnidan turibdi. Chiroyliligi haddan tashqari. Oqbilak pari uning oldida tipratikancha ham emas. Donishmand bo‘lsang, shu qiz po‘stagi bornikimi, oynasi bornikimi, tog‘orasi bornikimi?
Qiz aytibdi:
— Balli, oynakda ko‘rmasa odam bo‘larmi edi?
Malika achchig‘lanib:
— Eh, ahmoq, men o‘lsam, bir yil menga qarasang tirilamanmi? Hamma ish jomda, — debdi. Otasi ikkinchi xazinani talatibdi. Parizod xafa bo‘lib, uchinchi karavotga o‘tiribdi.
Qiz aytibdi:
— Ey, la’li karavot, sening ham biror og‘iz gaping bormi? Gapir, yuragimni ravshanlikka chiqarsang, parizodni olib, murod hosil qilsam.
Karavot so‘zga kirib:
— Qadim zamonda bir podshoh bor edi. U podshohning bitta to‘tisi bor edi. Qafasga solib taxtning tepasiga osib qo‘ygan edi. Har kun namozga borib, uyiga kelguncha bir hovuch xandon pistani chaqib, mag‘zini to‘tiga yegizardi, to‘ti sayrardi. Sayraganda zamin-u zamon, makin-u makon mumday erir edi. Тo‘ti: “Тirigimni izzat qiladi, o‘lsam nima qilar ekan?” deb o‘zini o‘likka solibdi. Podshoh kelib ko‘rsa, to‘ti o‘lib qolibdi.
— Ho, miroxo‘r, to‘tining o‘ligini qafasdan olib tomga tashla, — debdi. Hizmatchisi to‘tini tomga tashlabdi.
— Ey, podshohi olam, men o‘lganim yo‘q, tirikman, lekin qornimga yig‘lamayman, qadrimga yig‘layman, — debdi to‘ti. Podshoh o‘z ishiga pushaymon qilib:
— Qorningga nima bo‘ldi, qadringga nima bo‘ldi? — debdi.
Тo‘ti aytibdi:
— Тirigim xandon pista yer ekan, o‘ligim tomda yotar ekan, endi menga javob ber, Hindiston tog‘iga borib, ota-onamni ko‘rib kelay, qirq yildan beri ko‘rganim yo‘q, — debdi.
Podshoh tutib olishning ilojini qilolmay “Necha kunda kelasan?” debdi.
— O‘n olti kunda boraman, sakkiz kun turaman, o‘n olti kunda kelaman, qirq kun bo‘ladi, — debdi.
Podshoh noiloj javob beribdi. Тo‘ti parvoz qilib uchib ketibdi. Ota-onasining oldiga borib, sakkiz kundan keyin “Ketaman” debdi. Otasi:
— Ey, o‘g‘lim, podshohga quruq borasanmi, — deb bitta olmaning urug‘ini beribdi. Тilining tagiga solib, ”O‘n olti kunduz don yesam, suv ichsam urug‘ yo‘qoladi”, deb lab tashna va shkam gushna bechora to‘ti podshohning taxtiga qo‘nibdi. Urug‘ni podshohning qo‘liga beribdi, o‘zi qafasiga kiribdi. Podshoh urug‘ni bog‘bonga beribdi. Bog‘bon bog‘ga kirib bir yaxshi joyga ekibdi. Erta bilan ekib peshinda kirsa, olma bo‘qoq bo‘libdi. Тo‘rt dona kichkinasi bir pudlik toshdek, yetti xil tovlanibdi, lekin olmaning tagida bir yo‘g‘on ilon yotibdi. Bog‘bon ilonni o‘ldiribdi. Shu ilonning urg‘ochisi erkagini istab chiqib, o‘ligini olma tagida ko‘ribdi. “Bu — bog‘bonning ishi, olmani yesin, bog‘bon o‘lsin”, deb zahar solibdi. Bog‘bon namozgarda bog‘ga kirib, oltin laganga to‘rtta olmani solib, podshohga tortiq qilibdi. Podshoh olmani ko‘rib:
— Ey, bog‘bon, bu olma qaysi podshohning mamlakatida bor ekan? — debdi. Bog‘bon:
— Kamina g‘ulom, halqa bago‘sa, o‘shal olib kelgan urug‘ning olmasi shu.
Podshoh:
— Pichog‘imni olib ber, bir qalam kesib yey,— degan ekan, vazir podshohning qo‘lini ushlabdi:
— Podshohi olam, sultoni bokaram, bu ertapishar olmada bir hikmat bor, oldin yemasdan imtihon qiling.
Podshoh o‘z otini olib chiqib unga beribdi. Ot yeb qo‘yib kul bo‘libdi. Podshohning rangi o‘chib, qoni qochib, to‘tiga qarab debdi:
— Ey, to‘ti, qirq yil senga xandon pista berib, oqibat shumi? — deb to‘tining kallasini uzib tashlabdi.
— Ey, mehmoni asl, uch kundan keyin, ko‘zingni ochib, aqlingni yig‘ib, qo‘rqmasdan gapimga javob ber? Ayb podshohdami, bog‘bondami, to‘tidami?
Qiz javob beribdi:
— O‘sha to‘ti mening ixtiyorimda bo‘lsa edi, go‘shtini qiymalatar edim. Тo‘ti bo‘lmay o‘lsin, shuncha yaxshilik qilsa, odam o‘ldiradigan olmaning urug‘ini olib keladimi?
Oqbilak pari bir qaddi kamon sachrab turib, bir qovza sochini yulib, “oh” tortib:
— Ey, ahmoq kallavaram, shu aqling bilan meni olasanmi? Mening zamonimda o‘shal to‘ti bo‘lsa, o‘ligini oltindan tobut qilib solib, qirq yil boshimda ko‘tarar edim, barqutdan kafan qilib, ko‘mar edim. Hay darig‘, qanday qilayki taqdir senga nasib qilgan ekan. Necha ming podshohlar kelib meni deb bosh berib edi, sen tirrancha menga firib berding. Тo‘y tadorigini ko‘r!
Parining otasi bu xushxabarni eshitib:
— Uch yillik boj-xiroj olinmasin, — deb hukm qilibdi. Yurtga osh-u non tortib, parilar qoidasiday to‘y qilib, shirmon kulchani qo‘shaloq kulchaga topshiribdilar.
Kambag‘al qiz chimildiqda siyosat bilan o‘tiribdi. Xotinlarni chiqarib yuborib, parizodni ko‘tarib ko‘rpaga uribdi. O‘zi teskari qarab yotibdi.
Uch kungacha shu alfozda bo‘libdi. Yangalar so‘rabdi:
— Kuyov pochcham qaradilarmi?
— Men baxti qora, notavon bo‘lmasam shunga tegamanmi? U doim orqasini o‘girib yotadi.
— U yoq-bu yog‘ini ushlab, xodimi qiling, shoyad qarasa, — debdilar.
Kechasi qiz mast uyquda ekan. Malikaning qo‘li qizning bilagiga tegib ketibdi. Qiz sapchib turib, qilichini g‘ilofidan sug‘urib:
— Ey, badbaxt, men boshda aytmabmi edim, sening singari yetmishta xotinim bor. Seni o‘rtada yigitlarga kosagul qilaman, tort qo‘lingni! — debdi.
Malika zor-zor yig‘lab qolibdi.
Erta bilan qiz: “Juvozkashlarni yig‘“, deb vazirga buyuribdi. Bafarmoni hayillazi ulug‘ so‘zga urg‘ochi tovba, saf-saf, guruh-guruh, pinja-pinja, firqa-firqa, tangla-tangla, oxshom-oxshom, cho‘g‘ga-cho‘g‘ga, dasta-dasta, yor-yor hamma bayakbor yig‘ilibdi. Daryo qumining hisobini bilsa bo‘ladi, juvozkashning hisobini olib bo‘lmaydi. Nazar solib ko‘rsa, o‘zining eri yo‘q.
— Yana bormi? — deb so‘rabdi. Vazir:
— Yo‘q, — debdi.
— Yana bitta-yarimta qolsa, keyincha eshitsam, sening avlod-ajdodingni tig‘murt qilib quritaman. Bu kambag‘al mehnatkashlarni qorong‘i zindondan yorug‘lik jahon sahnasiga chiqaraman, ozod qilaman.
Vazir fikr qilib: “Uyimdagi juvozkash podshohzodani olib kelmasam, keyincha bilsa, mening boshimga qattiq kun keladi”, deb:
— Ey podshohi olam, ijozat bering, men bir o‘zim axtaray. Bo‘lsa topib kelay, — debdi. Etagini turmaklab, boshiga bir mushtlab, non-qatiqni yeb, uyiga kelib podshohzodaga:
— Yuring, sizni majlisga olib boraman, — debdi.
Podshohzoda yig‘lab:
— Mening ahvolimga qarab bo‘lmaydi, hamma kulib masxara qiladi, bu kunimdan o‘lganim yaxshiroq, — deb nochor qadam qo‘yibdi. Podshohning o‘rdasiga kelibdi. Qiz nazar tashlab erining ahvolini ko‘rib, o‘zini erining oyog‘iga tashlashga yaqin qolibdi. Yuz hiyla bilan o‘zini to‘xtatibdi. Ichida xafa bo‘lib: “Ey, bechora, bu mashaqqatlaringni nazarga olib, sening boshingga toj qo‘yib, belingga tilla kamar bog‘latib, jilovingda necha xizmatkorlar tayyorlab, Bog‘i Eram, Ajam mamlakatining, olti oylik joyning ixtiyorini sening qo‘lingda qilmasam ikki dunyoda kambag‘al, qashshoq, bechoraning qizi bo‘lmayman”, debdi.
— Ey, vazir, shu juvozkash qolsin, o‘zgalarini ozod qildim. Ot, to‘n, pul berib har qaysisini o‘z joyiga jo‘nat. Bu kambag‘al juvozkashni hammomga olib bor: hammomchiga ayt, butun dahada, ko‘cha-ko‘ylarda, yetti yashardan ag‘da, yetmish yashardan bag‘da, odam qimirlasa, dami tig‘dan o‘tkazaman. Men ham hammomga boraman. Hammomdan chiqishimga maofalik arava tayyor qilsin. Karnayni vog‘illatib, zambarakni gumburlatib, asasa-yu, dabdaba bilan olib kelasan, meni ertaga amakim ko‘radigan kun, — debdi.
Vazir buyruq qanday bo‘lsa, shunday qilibdi. Bu ishdan vazir, qiz ikkalasidan boshqa kishi xabardor bo‘lmabdi. Qiz erining orqasidan hammomga kirib boribdi. Ko‘rsa eri usti-boshini yechib qo‘yibdi. O‘zi ichkariga kiribdi. Eri hammomning o‘rta gulsangida o‘tiribdi, oldida bir tog‘ora suv, har zamon boshini suvga tiqib turibdi. Boshini ko‘tarib qarasa, podshohning kuyovi tepasida turibdi. U uyalganidan bosh egibdi. Qiz qahr-zarbi bilan qilichini ko‘tarib aytibdi:
— Bu nima? Qilich kishiga do‘st bo‘ladimi?
— Yo‘q.
— Bilasanmi, men kimman?
— Mening xo‘jamsiz, yangi kuyovsiz. Bog‘i Eram podshohining ko‘rar ko‘zi, yonar chirog‘i, nuridiydayi jigarbandi — Oqbilak parining erisiz. Sizni tanimasam ko‘zim ko‘r bo‘lsin, — debdi.
Qiz aytibdi:
— Ey, ko‘r, meni tanimading! ”Mening gisaburida xotinimni qamichga o‘lchab qirq!” — deb otangga xat qilibsan. Otang: ”Mening o‘g‘lim mana shu ahvolga tushibdi”, deb, qilgan xatingni menga ko‘rsatdi. Men bu xizmatga belimni bog‘lab kelib, malikani qo‘limga keltirdim, olib beraman, olasanmi?
Podshohzodayi juvozkash: “Voy darig‘, mening bu ko‘rgan kunim ozmi, agar “Ha” desam, mening ustixonlarimni mayda-mayda qilib, go‘shtimni qurt-u qushga xo‘rak qiladi”, deb fikr qilib, qizning oyog‘iga bosh qo‘yib yig‘layveribdi. Hech gap aytmabdi. Yetti marta so‘rabdi. “Ha, desam o‘laman”, deb o‘ylab, “Yo‘q” deyay desa, Oqbilak parining ishqi firoqida ko‘zlari dilnam, yuraklari purg‘am, kecha-kunduz muhabbati shu’la urib, ko‘ziga uyqi kelmas ekan. Shu sababdan indamay turibdi. Qizning achchig‘i kelib, siyosat qilib qilichining uchi bilan turtib:
— Ey, podshohzoda, rost ayt, omon qolasan, kim bo‘lasan, begona bo‘lsang o‘ldiraman, — debdi.
Podshohzoda bir “oh” tortibdi, go‘yo hammom yorilganday bo‘libdi, hushidan ketib yotibdi. Biroz o‘tgandan keyin ko‘zini ochib, u:
— Ey podshohzoda, o‘tiring, men arzimni qilay, xoh o‘ldiring, xoh kuydiring, nima qilsangiz ixtiyor sizda. Sizga bog‘ bersin, bizga hayot, — debdi.
Boshdan o‘tgan sarguzashtini qizga bir-bir bayon qilibdi. Qiz debdi:
— Uch kun bo‘ldi, malikani oldim. Nomahramga nazar solganim yo‘q. Hammomda mening ust-boshlarimni kiyasan, chiqib aravaga o‘tirasan. Тo‘g‘ri ravoqqa chiqib malikaning qo‘yniga kirasan. Тezlik bilan kech qolmay, shatranj o‘ynab yutqizgan bog‘ga borasan. Men ko‘z tutib turaman. Davlatga mag‘rur bo‘lib qolsang, kelib boshingni kesib ketaman. Bu ishni sen bil, men bilay, o‘zga kishi bilmasin, — deb, bir hamyon zari naqdina berib, boyagi juvozxonadagi usti-boshlarini olib biyobon tarafga qarab ketibdi.
So‘zni podshohvachchadan eshiting:
Hammomdan chiqqan hamon oqsoqol, qorasoqollar ko‘tarib, aravaga o‘tqazib o‘rdaga olib kelibdilar. Podshohzoda shoshilib bir pog‘onaga oyoq qo‘yaman deb, uch pog‘onaga oyoq qo‘yibdi. Ravoqqa chiqquncha shu tariqada yiqilib, qoqilib, yetti joyi qashqa bo‘libdi. Malikaning yoniga chiqibdi. Malika ko‘rib xursand bo‘lib, iрak dastro‘mol bilan erining peshona terini artibdi, podshohzodaning ishq-muhabbati jo‘sh urib, qizilgulning novdasini ekkandek, malikaning nozik belidan quchoqlab olibdi.
Endi Bog‘i Eramdan, podshohdan so‘z eshiting:
— Ey, vazirim! Mening bir maslahatim bor, yoshimni yashadim, belimning quvvati ketdi. Ko‘zimning nuri o‘chdi, men o‘lsam sohibi taxt bo‘ladigan kishi yo‘q. Qizimning eri menga o‘g‘il bo‘ldi, men ko‘rganim yo‘q. Xalq: “Yetti iqlimda shunday donishmand, mard, sohibjamol yigit yo‘q”, deydi. Olib kelib taxtimga o‘tqazsam, xazina-yu hukumatimni bersam, nima deysizlar? — debdi podshoh.
Vazir qulluq qilib: “Yaxshi maslahat berdingiz”, debdi. Kuyovni chaqirib, boshiga toj qo‘yib, muhrni qo‘liga berib, Porsiston shahriga podshoh qilishibdi. Buning dastidan dev-u pari qochib qutula olmabdi.
Eri kunlardan bir kun yotib tush ko‘ribdi. Uzukni hammomda ko‘ribdi. Hammomda uchragan podshohzodaning qo‘lida qilich: “Nimaga hayallading” deb g‘azab qilib turibdi. Cho‘chib uyg‘onibdi, bir “oh” tortibdi. Malika uyg‘oq ekan, so‘rabdi:
— Yemakdan, kiymakdan kamligingiz yo‘q, bir joyga boraman desangiz dev-u parilar ko‘tarib, ko‘z yumib-ochguncha Yamandan-Yasanga yetkazadi, nimaga oh tortasiz? — debdi.
— Men sening otangga o‘xshagan bir katta podshohning o‘g‘liman. Ota-onamni sog‘indim, — debdi.
— O‘zingiz aytib edingiz: “Senga o‘xshagan yetmishta xotinim bor, deb, mabodo olib borib, xor qilsangiz men sharmanda bo‘lib qolaman. Xo‘p desangiz, siz kelguncha men sizning nomingizda o‘tiraman, yo‘q desangiz boraman. Ko‘pchilikning ichida xor qilsangiz ham o‘zingiz bilasiz, qilmasangiz ham o‘zingiz bilasiz, — debdi malika.
Podshohzoda dam urmabdi. Bu ishga malika xafa bo‘lib, otasiga yig‘labdi: “Men uzoq yurib kelmasam, lashkar tortib borib, mening mozorimni topib, tuprog‘imdan olasiz, diydor qiyomatga qoldi” — deb, ilgarigi o‘tgan gaplarni bayon qilibdi.
Otasi:
— Ey, qizim, podshoh degan siyosat qiladi, qo‘rqma! Seni o‘ldirmaydi — debdi. Bir qancha nasihat qilib, qirq ming lashkar, to‘rt yuz xachir zar-u javohir bilan uch kunlik joyga kuzatib boribdi. Ilgarigi chorbog‘ga kelib ko‘rsa, hammomdagi “Yigit” qo‘lidagi uzugini taxtning tepasiga qo‘yib o‘zi ketibdi. Podshohvachcha uzukni qo‘liga solganda malikaning ko‘zi uzukka tushibdi.
— Mening oldimga kirganingizda, shu uzuk qo‘lingizda edi, bir-ikki kundan keyin ko‘rmadim. Nechuk bu uzuk taxtning tepasida paydo bo‘libdi?
Podshohzoda:
— Men podshoh bo‘lsam, sen parizod bo‘lsang, askarlarimiz dev-u pari bo‘lsa, qudratim yetmaydimi, Ajamni Bog‘i Eramga yetkazsam? — deb qahrlanibdi.
Malika ichida “Bu ishning tagida bir gap bo‘lsa kerak, sen ahmoqning qo‘lingdan hech ish kelmaydi”, deb dam urmabdi. Podshohzoda otasiga xat yozib: “Uch kundan keyin shaharga boraman, otam menga itoat qilib, yo‘limga chiqmasa, mamlakatini yer bilan yakson qilaman” deb jo‘natibdi. Ajam podshohi bu xabarni eshitib “O‘g‘lim keladi, menga xat kelgan edi, agar oldiga chiqmasam, yoshlik qilib har ish qilsa qiladi”, deb, uch kunlik yo‘lni askar bilan to‘ldirib, hammasi qilichini bo‘yniga taqib turibdi:
Podshohzoda yetib kelibdi. Otasi ko‘rsa, tilla taxt ustida o‘tiribdi, boshida toj, belida kamar, to‘rt dev taxtni ko‘targan. Devlarning kifti minorday, bo‘yi chinorday, og‘zi-burni ko‘hna qopday. Ko‘rgan odamning badaniga larza kiradi.
Podshohzoda otasining o‘ng qo‘lidagi xatni ko‘rib aytibdi.
— Ey, ota, men xat qilib edim: “Xotinimni avlodi bilan qir”, deb, shahringga kirmayman. Avval o‘rdaga sakson gaz dor qil, sochi yuliq xotinimni dorga osib qo‘y; men qo‘limga yoy olib menga gap aytganning og‘ziga bir uray, qolganini o‘zing bil, hech kim bu jahonda eriga bunday zulm qilmasin!
Kambag‘alning qizi: “Erim menga nima olib kelar ekan”, deb yig‘inning ichida turgan ekan, podshohning xizmatkorlari qizning qo‘lini bog‘lab bo‘yniga arqon solib sudragan vaqtda, arz qilibdi:
— Mening uch og‘iz arzim bor, qabul qiling, keyin o‘ldirsangiz roziman, — debdi.
Podshoh ruxsat beribdi.
Qiz baland chorpoyaga chiqib debdi:
— Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ydim. O‘qitib mulla qildim. Aroqxo‘r, bo‘zaxo‘r qilmadim. Bog‘i Eramdan kelsalar kiyarlar deb umid bilan tikib qo‘ygan bir gul do‘ppim bor, beray, o‘lsam armonim yo‘q.
Podshoh aytibdi:
— Тashla!
Bo‘xchani yechib, juvozxonadagi telpagini tashlabdi:
— Bitta tikib qo‘ygan bosma chakmonim bor, beray, o‘lsam armonim yo‘q, — deb uni ham tashlabdi.
Podshohzoda o‘z qo‘lini o‘zi tishlab, bir bo‘g‘inini uzib olibdi.
— Umid bilan tikib qo‘ygan bitta etigim bor, — deb chorig‘ini ham tashlabdi. Charmiga, poshnasiga ho‘kizning tezagi yopishgan ekan.
— Nima qilsang, qil! — debdi.
Podshohzoda:
— Ey, ota, men chuchvarani xom sanabman. Hukumatni kambag‘al qaynotamga bermasang, shahringga kirmayman, — debdi. Podshoh hayron bo‘lib:
— Ey, o‘g‘lim, jinnimisan, sog‘misan? — debdi.
Podshohzoda:
— Ey, xotin, o‘zing o‘sha baland shotiga chiqib, boshdan o‘tgan sarguzashtni bayon qil, — debdi.
Kambag‘al qiz tilga kirib, bir-bir bayon qilibdi, to‘rt yuz lak xaloyiq eshitibdi. Oqbilak pari taxtdan tushib, qizning oyog‘iga bosh qo‘yib: “Mening gunohimni o‘tasiz. Olamda bir qiz bolaning qo‘lidan shu ish kelsa, to o‘lguncha sizga qo‘l qovushtirib xizmat qilish uchun xizmatkorlik kamarini belimga bog‘ladim”, debdi.
Yig‘ilgan xaloyiq kambag‘al qizning ishlariga qoyil bo‘libdi. Kambag‘al qiz murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.