OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ko‘rpangga qarab oyoq uzat

Juda qadim zamonda, podsholarning qahru g‘azabi oshib-toshgan kezlarda bir g‘arib ona bilan qizi kichkinagina yerto‘lada yashar ekanlar. Ular odamlarning yumushini qilib kun ko‘rishar ekan.
Kunlardan bir kuni g‘aribgina, juldur kiyimli, yotar yeri qora yer bo‘lgan bir yigit xonning kichkina qizini ko‘rib, shu qizga oshiq bo‘lib qolibdi. Bu yigit cho‘ponlarning ovqatini tashib yurar ekan, lekin xonning qiziga oshiq bo‘lgandan keyin, qiladigan ishini unutib, xonning chorbog‘i yonidan ketmaydigan bo‘lib qolibdi.
Xonning qizi ko‘rinavermabdi, ammo bir kuni ona bilan qiz bechoralar g‘aribgina yigitni ko‘rib qolishibdi. Ona undan:
— Bolam, nima kilib yuribsan? Kiyim-boshingni yuvib beraymi? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q, men xonning qizini ko‘rmoqchiman, — debdi yigit.
— Uni ko‘rib nima qilasan, u seni pisand qilmaydi. Yaxshisi biz bilan birga bo‘l, birdan ikki yaxshi, ikkidan uch yaxshi, ust-boshingni tozalaymiz, — debdi qizning rahmi kelib.
— Men xonning qiziga oshiqman, — debdi yigit.
— Ey, yigit, — debdi qiz, — ko‘rpangga qarab oyoq uzat. U — xonning qizi, sen esa yetim bolasan. U qizning husni kiyim-boshida, yuziga surtgan upasi bilan qoshiga surtkan surmasida, qo‘lidagi xinasi bilan ko‘zingga chiroyli ko‘rinibdi-da. Es-hushingni yig‘ib, uning rang-atvoriga yana bir qara, qani nimasi yaxshi ekan?
Yigit qizning gapidan ta’sirlanib, ularga qo‘shilibdi. Bular uch kishi bo‘lib xonning qizi yashaydigan saroy oldidan o‘tayotsalar, xonning qizi ularni chaqirib:
— Hoy, odamlar, menga arg‘imchoq qurib bersanglar, bir tangadan beraman, — debdi. Uchalasi darrov arg‘imchoq qurishibdi. Xonning qizi ularga bir tangadan beribdi va g‘arib qizga:
— Agar mening arg‘imchog‘imga pot bersang, yana bir tanga beraman, — debdi. G‘arib qiz:
— Menga bir eski ko‘ylagingni bersang, yaxshi pot beraman, — debdi.
Xonning qizi rozi bo‘libdi. G‘arib qiz xon qizi bergan ko‘ylakni kiyib, sochlarini to‘g‘rilab, xonning qiziga:
— Endi bir ro‘moling bo‘lsa ber, qani men qanday qiz bo‘lar ekanman, — debdi.
Xonning qizi o‘zining kiyimlaridan bir qatorini g‘arib qizga beribdi. G‘arib qiz kiyinib, onasi bilan haligi bechora yigitning oldiga chiqqan ekan, xonning qizi uning yonida past bo‘lib qolibdi, bechora yigit o‘zicha, “hamma narsa bu yerda ekan, kishini kiyim-bosh chiroyli qilar ekan-da”, deb o‘ylab qolibdi.
Uylariga kelgach, qiz yigitdan so‘rabdi:
— Xonning qizi qanday ekan? Yigit kulibdi-da:
— “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deganlari shu ekan-da, sen uning yonida ming bor chiroyli ekansan, debdi.
— Ha biz g‘aribmiz, mehnat qilib kamolga yetganmiz, pardoz-andozni bilmaymiz. Ular esa mehnatni bilmaydi, kiyimlarini ham boshqalar kiygizib qo‘yadi. Shuning uchun ular go‘zal ko‘rinadi, lekin go‘zallik kiyimda, husnda bo‘lmaydi, mehnatda, rostgo‘ylik va odamgarchilikda bo‘ladi.
Bechora yigit qizning aqliga, ishchanligiga ofarin aytib, ular bilan butunlay yashab qolibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.