OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murqumomo

Bir kambag‘al chol dasht-biyobonlardan o‘tin terib, uni sotib kun ko‘rar ekan. Bir kuni u tush payti o‘tin terib, charchab uxlab qolibdi. Тushida bir qush parvoz qilib uchib kelib, taxlangan o‘tin ichiga kirib tuxum qo‘yibdi-da, yana uchib ketibdi. Chol bir vaqt uyg‘onib o‘tinni ko‘tarmoqchi bo‘lsa, ichidan bir dona tuxum chiqibdi. Chol o‘rnidan turib tuxumni olib bozorga qarab jo‘nabdi. Shaharga kelib bozor tomonga ketayotsa, shu shahar podshosining vaziri taxtda qarab turgan ekan. Cholning qo‘lidagi tuxumni ko‘rib qolibdi. Darrov kirib podshoga cholning qo‘lida qimmatbaho tuxum bor, deb aytibdi. Podsho darrov yasovul yuborib, cholni olib keltiribdi. Cholning qo‘lidagi tuxum juda qimmatbaho gavhar ekan. Podsho cholga:
— Shu tuxumingni qancha mol-u dunyoga almashtirasan? — deb so‘rasa, chol:
— O‘zingizga nima ma’qul kelsa, shuni bering, — deb aytibdi.
Podsho shu tuxum evaziga juda ko‘p mol-dunyo berib, cholni rozi qilibdi. Chol uyga xursand bo‘lib qaytibdi. Cholning ikki o‘g‘li bor ekan. Birinchisining oti Majid, ikkinchisining oti Hamid ekan. Bu boyliklar bilan ular ancha yaxshi yashay boshlabdilar. Chol yana o‘tin tergani dashtga jo‘nabdi, uxlabdi. Тushida yana o‘sha qush kelib o‘tin ichiga kirib gavhar tuxum qo‘yib ketibdi.
Chol uyg‘onib qarasa, yana bir dona gavhar tuxum turgan emish. Chol tuxumni yana podshoga olib boribdi. Podsho tuxumni olib qirq tuyaga zar, qirq xachirga oltin yuklab beribdi. Chunki haligi bir dona tuxumning bahosi bir podsholikning yetti yillik xarajatiga to‘g‘ri kelar ekan. Chol haligi zar, oltinlarni olib uyga boribdi. Butun kambag‘al-bechora, uysizlarni chaqirib uy soldira boshlabdi. Тez orada dashtda salqin, chiroyli uylar paydo bo‘lib, shahar vujudga kelibdi.
Kambag‘allarning bolalarini to‘plab maktablarda o‘qita boshlabdi. Chol shaharga podsho bo‘libdi.
Chol o‘zini shunday baxtli qilgan qushni tutib olib kelmoqchi bo‘libdi. U qushni ko‘rmas ekan. Eski choponini kiyib, sahroga chiqib o‘tin terib, yolg‘ondan uxlagan kishi bo‘lib qushning kelishini kutib turibdi. Bir vaqt qarasa, bir qush kelib o‘tin orasiga kirib ketibdi. Chol o‘rnidan turib choponi bilan o‘tin ustini yopib qushni tutib olibdi. Oltindan taxt yasatib, oltindan qafas qildiribdi. Qafasning ichiga haligi go‘zal qushni solib, taxti oldiga osib qo‘yibdi. Chol bir kuni xotiniga:
— Men bir hajga borib kelay, — deb tayyorlanib hajga jo‘nab ketibdi. Cholning o‘rniga uning xotini podsho bo‘lib qolibdi. Shu shaharda bir usta bor ekan. Cholning xotini uyni ta’mirlash uchun shu ustani chaqirtirsa, u aytibdiki:
— Agar o‘sha Murqumomo qushni menga so‘yib, sho‘rva qilib bersangiz siznikiga boraman, — debdi. Cholning xotini rozi bo‘libdi. Qafasning ichidagi yetti podsho xirojiga teng keladigan go‘zal qushni so‘yishga buyuribdi. Qushni so‘yib, qozonga solib, qaynatib qo‘yishibdi.
Shu vaqt cholning o‘g‘illari Majid bilan Hamid maktabdan qornilari och holda kelishibdi-da, qozonda qaynayotgan qushning tojisini olib bo‘lishib yeb qo‘yishibdi. Bolalar o‘ynagani ko‘chaga chiqib ketishibdi. Cholning xotini go‘shtni ustaning oldiga olib chiqib qo‘yibdi. Usta pishgan qushning go‘shtini ko‘rsa, tojisi yo‘q emish. Usta:
— Men bu go‘shtni yemayman, — debdi. Shunda xotin:
— Nima uchun yemaysiz? — deb so‘rasa, usta:
— Men kitobda o‘qiganman. Agar kimda-kim Murqumomoning tojisini pishirib yesa, o‘sha odam davlatga podsho bo‘ladi, deb yozilgan, — debdi. — Bu qushning tojisini birov yeb qo‘yibdi. Endi o‘sha odam podsho bo‘ladi, — debdi-da, arazlab ketmoqchi bo‘libdi.
Cholning xotini yalinib ustani to‘xtatibdi va qushning tojisini kim yegan ekan, — deb surishtirib ketibdi.
Shu vaqt uyga o‘g‘illari kirib kelibdilar. Onasi ulardan so‘rasa, biz yedik deb aytishibdi. Shu vaqt usta xotinga “Hozir ikkala bolangni o‘ldirsang ularning jigarida toji turibdi. Menga jigarlarini berasan, shundagina sening uyingni ta’mirlab beraman, — debdi. Usta ketib qolishidan qo‘rqqan xotin jallodlardan biriga:
— Uzoq joyga olib borib Hamid bilan Majidni so‘y-da, jigarini olib kel, — deb buyuribdi. Jallod Hamid bilan Majidni otga mindirib jarning oldiga olib boribdi. Lekin bolalarni so‘yishga qizg‘anibdi. Birini so‘yay desa, “Meni so‘ying”, deb ikkinchisi yopishibdi, ikkinchisini so‘yay desa, birinchisi: ”Avval meni so‘ying”, deb yalinibdi.
Bularning nolishlariga rahmi kelgan jallod o‘ylanib qolibdi. Shu vaqt jar tagidan kuchuklarning g‘ingshigan ovozlari eshitilibdi. Jallod darrov jarlikka tushib ikkita kuchukni olib chiqib, so‘yib, qornini yorib, jigarini olibdi. Bolalarni esa otlariga mindirib:
— Boshlaringiz oqqan tomonga qarab ketinglar, — deb qo‘yib yuboribdi.
Ikki bola birgalikda ketishibdi. Ularning oldilaridan ikki yo‘l chiqibdi. Bir yo‘lga “Borsa kelmas” deb yozilgan, ikkinchi yo‘lga “Borsa kelar” deb yozilgan ekan. Majid o‘ylab turib:
— Aka, sen “Borsa kelar”ga borgin, men “Borsa kelmas”ga boraman — debdi. Majid boshqa yo‘lga, Hamid boshqa yo‘lga jo‘nabdi.
Hamid yo‘l yursa ham mo‘l yurib, oxiri bir shaharga kirib boribdi. Xuddi shu kunlarda shaharning shohi o‘lib, xalq davlat qushini uchirib turgan vaqt ekan. Uchib yurgan qush hali otdan tushib ulgurmagan Hamidning boshiga qo‘nibdi. Kishilar kelib qarasalar, qush bir musofir yigitning boshiga kelib qo‘nib turgan emish. Qushni yana uchirishibdi. Qush yana Hamidning boshiga kelib qo‘nibdi. Bu hol uch marta takrorlanibdi. Oxiri Hamidni podsho qilib ko‘tarishibdi. Hamid podsholik davrini suraversin, endigi so‘zni Majiddan eshiting:
Majid ketaverib juda ko‘p yo‘l yuribdi. Yo‘lda uch kishi qonlariga belanib urishayotgan ekan. Majid ularni urishishdan to‘xtatibdi. So‘ngra ulardan nima uchun urishayotganliklarini so‘rabdi. Ular urishishning sababini aytibdilar. Ular otadan uch o‘g‘il bo‘lib, otalari o‘lgach, ularga bir hassa, qalpoq va to‘rt tevaragiga turli so‘zlar yozilgan gilam meros qolgan ekan. Shu merosni bo‘lisha olmay urishayotgan ekanlar. Majid o‘ylanib turib:
— Xo‘p, bu narsalarning qanday xosiyati bor? — deb so‘rabdi. Shunda kattasi turib bu narsalarning xosiyatlarini so‘zlab beribdi:
— Kimki hassani ushlasa, bir qadami ming qadam bo‘ladi, qalpog‘ini kiysa, kishi ko‘ziga ko‘rinmaydi. Gilamga o‘tirib, xatlarini o‘qib xohlagan joyining nomini aytsa, o‘sha yerga olib boradi. Hassaning yana bir xususiyati shuki, ko‘r ko‘zga surtsa, ko‘zi ochiladi.
Shunda Majid:
— Men sizlarga bir shart qo‘yaman, shu shartni bajarsalaring uchala narsa o‘shanga tegadi, — debdi. Aka-ukalar ko‘nibdi.
— Kim soydagi chiroyli toshlardan bir etak terib keltirsa, bu meroslar o‘shanga tegadi, — debdi Majid. Meros narsalar Majidning oldida qolibdi.
Uchala aka-uka yugurib ketishibdi. Shu zamon Majid hassani ushlabdi, qalpoqni kiyibdi-da, gilamga o‘tirib, xatlarni o‘qibdi. Shu vaqt gilam osmonga ko‘tarilibdi. Gilam uchib to‘g‘ri bir podshoning juda shinam bog‘iga borib tushib, katta hovuz oldidagi supaga solinib qolibdi. Shu vaqtda podshoning go‘zal parilardek qizi qirq kanizi bilan bog‘da sayr qilib yurishgan ekan.
Shohning qizi supaga solingan gilamni ko‘rib, uni tomosha qilmoqchi bo‘lib o‘tiribdi. Majidni ko‘rmabdi, chunki Majid qalpoqni kiyib olgan ekan. Majid darrov gilamning xatini o‘qibdi. Gilam shu payt osmonga ko‘tarilib shohning qizini ham olib uchib ketibdi. Gilam juda uzoq uchib bir daryo yoqasiga qo‘nibdi. Majid boshidan qalpog‘ini olibdi. Qiz yigitni ko‘rib, unga salom beribdi. Majid qizni sevib qolib:
— Birga turmush qilaylik, — debdi. Podshoning qizi avval ko‘nmabdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, qiz rozi bo‘libdi. Yigit unga uylanibdi. Ikki yil o‘tgach, bir qiz, bir o‘g‘il ko‘ribdilar.
Majid juda mehnatsevar ekan, u tinmay mehnat qilib uy quribdi. Har kuni ovga borib, kundalik ovqatlarini topib kelar ekan. Shohning qizi otasining shahriga ketishni istabdi. Bir kuni malika gilamning sirini so‘rabdi. Majid shu vaqtga qadar gilam, qalpoq, hassaning sirini aytmagan ekan. Endi ikki bolasi bilan qayerga ketardi, deb gilamning sirini aytibdi. Bir kun Majid ovga ketgach, xotini bolalarini olib gilamga o‘tiribdi va gilam tevaragidagi xatni o‘qibdi. Gilam ko‘tarilib, otasining shahriga qarab uchibdi. Gilam borib bog‘dagi supaga yozilib qolibdi. Qiz otasinikiga kelib turaversin, gapni Majiddan eshiting.
Majid ovda ko‘p o‘ljalarni olib kelsa, uyda chiroqlar yoqilgan, biroq hech kim yo‘q ekan. Uyga kirsa, sehrli gilam yo‘q. Shunda xotini bolalari bilan otasining yurtiga uchib ketganini bilibdi. Majid darrov berkitgan yeridan hassa bilan qalpoqni olibdi, qalpoqni kiyib, hassani qo‘lga olib, bolalarini izlab ketibdi.
Oxiri xotini turgan podsholikka yetib kelibdi. Shu shaharning bir chetida bir chol bilan kampir turishar ekan. Chol har kuni azonda borib podsho taxtining oldidagi maydonni supurar va shuning evaziga tirikchilik o‘tkazar ekan. Podsho saroyida yurib, u yerda bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘lib turar ekan. Majid borib shu chol bilan kampirnikiga tushibdi. Ular bilan hol-ahvol so‘rashgach, chol:
— O‘g‘lim, nima qilib yuribsan? — debdi.
Shunda Majid boshidan o‘tgan hamma voqealarni birma-bir so‘zlab beribdi. Chol gapni tinglab bo‘lgach, shunday debdi:
— O‘g‘lim, qayg‘urma, gilam podshoning xazinasida, bolalaring sog‘ va salomat, bog‘da o‘ynab-kulib yurishibdi. Erta sahar men bilan borasan. Senga xazinaga kirish yo‘llarini aytib beraman, — debdi.
Ertasiga chol Majidga xazinaga kirish yo‘lini ko‘rsatibdi.
Majid qalpoqni kiyib olgan ekan, hech kim uni ko‘rmabdi. U to‘g‘ri xazinaga kirib gilamni ko‘ribdi. Gilam yerda yozig‘liq turgan ekan. Gilamga o‘tirib xatlarni o‘qibdi. Shu vaqt gilam uchib xazina darchasidan chiqib ketibdi va borib bog‘dagi supaga tushibdi.
Hovuz bo‘yida bolalari o‘ynab yurishgan ekan. Gilamni ko‘rishlari bilan bolalar yugurib kelishibdi. Bolalarni gilamga o‘tqazib olib ketibdi. Bu holni ko‘rgan podsho va uning qizi dod-voy deganlaricha qolaveribdilar. Majid to‘g‘ri ukasi Hamid podsholigiga qarab uchibdi. Ukasi bilan ko‘rishib, gaplashibdi. Majid:
— Yur, uka, ota-onamiz oldiga boramiz. Ular sog‘-salomatmikan, — debdi. Maslahatlashib ota yurtiga qarab uchib ketishibdi. Bular uchib ketishaversin. So‘zni ota-onasidan eshiting:
Jallod onaga kuchuk jigarini olib kelgach, ustaga yediribdi. Usta yeb olgach, butun boyliklarni olib qochib ketibdi. Xotin:
— Cholim kelib bolalar qani, desa nima deyman, yaxshisi ikkita go‘r qilay-da, qaroqchilar o‘g‘illaringni o‘ldirdi, deyman, deb o‘ylab, ikkita go‘r qazitib, katta sag‘ana qildiribdi. Biriga Majid, biriga Hamid deb yozdiribdi. O‘zi esa, shu go‘r oldida “yig‘lab” o‘tiribdi. Bir necha vaqtlar o‘tgach, chol hajdan qaytib kelibdi. Bu voqealarni ko‘rib nihoyatda qayg‘uribdi. Chol ham tarki dunyo qilib, bolalarining “go‘ri” oldida yig‘lab o‘tiribdi. Ikkalasining ko‘zlari ham yig‘layverib ko‘r bo‘libdi. Shundan keyin bolalari gilamda uchib kelibdi. Ko‘rishsa, shaharlar vayron, izlab yurishib, go‘r oldiga kelib qarashsa, biriga Majid, ikkinchisiga Hamid deb yozib qo‘yilgan emish. Yonida esa ota-onasi yig‘lab ko‘r bo‘lib yotgan emish. Butun voqeani darrov bilib olibdilar. Ota-onasining oldiga borib ko‘rishibdilar. Majid xosiyatli hassani otasining ko‘ziga surtibdi. Otasining ko‘zi ochilibdi. Lekin onasining ko‘ziga surtmabdi. Butun bo‘lgan voqeani otasiga gapirib berishibdi. Ular gilamga ota-onasini o‘tqazishib, Hamid podsho bo‘lgan mamlakatga uchib ketishib, murod-maqsadiga yetishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.