Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Navro‘z qaroqchi degan bir o‘g‘ri bor ekan. Navro‘z qaroqchi o‘g‘rilikka shunday berilib ketgan ekanki, agar biror kecha, biron bir narsani o‘g‘irlay olmay qolsa qo‘shnisining kosovini ug‘irlab chiqar ekan. Qanchalik o‘g‘rilik qilmasin, baribir qorni nonga to‘ymas ekan, chanqovi choyga qonmas ekan. Uning bir o‘qimishli mulla qo‘shnisi bo‘lib, har kuni yegani palov, kiygani atlasu kimxob ekan. Kunlardan bir kuni:
— Men shunchalik o‘g‘rilik qilamanu hamma vaqt bir qoshiq yovg‘onga zorman. Qo‘shnim bo‘lsa har kuni palov yeydi. Endi shu domlani o‘ldirmasam bo‘lmaydi, — deb Navro‘z qaroqchi qo‘shnisinikiga chiqibdi. Uyga kirsa, qo‘shnisi qozondan palovni suzayotgan ekan.
— E, keling qo‘shni, — debdi mulla, — qani, to‘rga marhamat.— Navro‘z to‘rga o‘tibdi. Oshny birgalashib yoyishibdi. So‘ng Navro‘z qo‘shnisiga:
— Men shuncha o‘g‘rilik qilamanu, ammo sizday har kuni palov yeya olmayman. Sizning topishingiz oz bo‘lsa ham har kecha qozonda oshingiz qaynaydi. Ust-boshingiz but. Shuning sababini aytib bersangiz, — debdi.
Shunda mulla:
— Uyingizga borib xotiningizga ayting, bir tandir kulcha yopib bersin. Siz kulchalarni bir xaltachaga solib to oyog‘ingiz yetgan joygacha «halol non», deb yeb boravering. Kulcha tugagach yo‘lni davom ettirmang, — deb maslahat beribdi.
Navro‘z qaroqchi mullaning aytganlarini qilib, bir tandir kulcha yoptiribdi. Ularni xurjunga solib, xotini bilan xayr-ma’zur qilib yo‘lga chiqibdi. «Halol nonim», deb kulchalardan bitta-bitta olib yeb, yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oxiri bir yerga borib, xurjunini yelkasidan olib qarasa, kulchasi tugab qolgan emish. «Endi nima qilar ekanman», deb hayron bo‘lib turgan ekan, bir chol kelib:
— Bolam, mening yerimni ishlab berolmaysizmi, haqini ikki baravar beraman, — debdi.
— Xo‘p, ishlasam ishlay qolay, — debdi Navro‘z qaroqchi.
Keyin cholning yerida bir yil ishlab beribdi, chol hosilni ko‘tarib olgach, Navro‘zning qo‘liga bir nechta tanga berib yana bir yil qolib ishlasang mana uy, mana joy, bordiyu yo‘q, ishlamayman, ketaman desang ham ixtiyor o‘zingda, — debdi.
Navro‘z qaroqchi:
— Men bozorni bir aylanib kelay, undan keyin siznikida qolar yoki qolmasligimni aytaman, — debdi-da, bozorga boribdi.
Bozorni tomosha qilib yurgan ekan, o‘z shaharidan kelgan karvonlarni ko‘rib qolibdi. Ularni ko‘rib o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketibdi, savdogarlar bo‘lsa Navro‘zni ko‘rib: «Ie, Navro‘z qaroqchi ham shu yerda ekan-ku, endi butun mollardan ayrildik», deb xavotirlanib, qo‘rqqanlaridan bezgak tutgan kishiday titrab-qaqshar emishlar. Navro‘z qaroqchi savdogarlarning oldiga borib:
— E hamshaharlar, qo‘rqmanglar, men mollaringga tegmayman, qaroqchiligimni tashlab, bir boboning yerida yil bo‘yi dehqonchilik qilib, oz-moz pul orttirdim, shunga biron narsa olib bersam, o‘g‘limga eltib bersanglar, — debdi. Oldiniga Navro‘zning gapiga «bu yolg‘on aytyapti», deb savdogarlar ishonishmabdi. Navro‘z yalinib-yolvoravergach, olib bergan narsasini o‘g‘liga eltib berishga rozi bo‘lishibdi. Navro‘z qaroqchi nima olishini bilmay bozorni rosa axtaribdi. Keyin, o‘g‘lim mushukni yaxshi ko‘rar edi deb bir yil ishlab topgan tangasiga bitta mushuk bolasini olib, savdogarlarga, «mana shuni o‘g‘limga, otangdan sovg‘a, deb topshiringlar», deb tayinlabdi.
Savdogarlar mushukni olib, yo‘lga tushibdilar. Yurib-yurib, tunash uchun bir shaharda qo‘nibdilar. Bu payt shahar aholisi juda notinch ekan. Shaharda sichqon shunchalik ko‘payib ketgan ekanki, hatto kishilar o‘tirib ovqat yeya olmas ekan. Dasturxonlarning ustini ham sichqon bosib ketar ekan. Bu shaharning aholisi sichqonlarga qarshi kurashishni bilmas, mushukni esa ko‘rgan emas ekanlar. Savdogarlar olib kelgan mushuk bir nafasda saroydagi sichqonlarni tutib yeb qo‘yibdi. Bu voqeani ko‘rgan kishilardan biri podshoga xabar beribdi. Shunda podsho:
— O’sha savdogarlarni saroyga keltiringlar, — deb buyruq qilibdi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmasdan savdogarlar haligi mushuk bilan podsho saroyiga keltirilibdi. Mushuk bir nafasda saroydagi sichqonlarni ham yeb bitkazibdi. Buni ko‘rib podsho:
— Bu sichqoner maxluqlaringni bir tuya oltinga almashtiringlar, bizning shaharimiz uchun juda kerakli ekan, — deb iltimos qilibdi.
Savdogarlar oldiniga nima qilishini bilmay boshlari qotib hayron bo‘lishibdi. Rozi bo‘lgani Navro‘zdan qo‘rqishibdi. Savdogarlar o‘ylab-o‘ylab turib, keyin «Navro‘z uchun ham bitta mushukdan bir tuya oltin afzal-da», deb, «mayli, almashtirsak almashtira qolaylik», deyishibdi. Podsho xursand bo‘lib, bir tuya tillani berib, mushukni olib qolibdi.
Savdogarlar tuyadagi oltinni olib, Navro‘zning xotiniga keltirib berishibdi. Xotin oltinni olib, juda boyib ketib, dang‘illama ichki-tashqi binolar qurdiribdi.
Xotinni boyishda, imoratlar soldirishda qo‘yinglar, ikki og‘iz gapni Navro‘z qaroqchidan eshiting:
Navro‘z qaroqchi yana bir yil mardikor ishlab, topgan tangasiga choldan ikki dona anor olibdi. Anorni olib usha bozorda yurgan ekan. Mushuk berib yuborgan savdogarlarni ko‘rib qolibdi. Anorni qo‘liga olib, savdogarlar bilan birgalashib o‘z shahariga jo‘nabdi. Yo‘l yurishibdi, po‘l yurishsa ham mo‘l yurishibdi, oxiri bir shaharga yetib borishibdi. Tunash uchun bir karvon saroyga tushishibdi. Saroybondan:
— Shaharda nima gaplar? — deb so‘rashgan ekan, u:
— E, nimasini aytasizlar, podshohimizning yakka-yu yagona qizi o‘lim to‘shagida yotpbdi. Anor degan mevaning suvi davo emish, uni ichsa tuzalar emish. Podsho butun dunyoni aylanib chiqib, ikki-uchta anor topolmadi, — debdi.
Bu gapni eshitib Navro‘z:
— Tezda meni podshoning huzuriga olib boringlar, — debdi.
Saroybon Navro‘zni yetaklab podsho saroyiga olib boribdi. Navro‘z qo‘ynidagi ikki anorni siqib, suvini bir idishga quyibdi-da, qizga ichiribdi. Birpasda podshoning qiziga qon kirib, yuziga qizil yugurib ko‘zi ochilib, tili gapga kela boshlabdi.
Podsho juda xursand bo‘lib, Navro‘zga bir tuya oltin berib yuboribdi. Navro‘z savdogarlar bilan yana yo‘lga tushibdi. Yurib-yurib, oxiri uyiga kelib, hovlisini taniy-olmabdi. Eski-tuski tomlari o‘rnida ichkari-tashqari qasrlar emish. Keyin bir tup tutidan tanib, uyiga kiribdi.
Uyda xotini bir yigitcha bilan uxlab yotgan emish. Men ketgandan keyin xotinim yosh bir yigit bilan turmush qilgan ekan-da, deb yonidan xanjarini sug‘uribdi:
— Hozir har ikkovining kallasini tanasidan judo qilaman, — debdi. Keyin: «Avval yaramas, biri ikki bo‘lmagan bir qaroqchi eding, endi halol mehnating bilan bir oz odam bo‘lding, shaytonga hayf berib, bulardan gap so‘ra-chi, o‘ldirish qochmas», deb o‘zicha fikr qilibdi.
Xotinini uyg‘otgan ekan, bola ham uyg‘onib ketib, «dada!» deb bo‘yniga osila ketibdi.
Xotini gap boshlabdi:
— Siz yuborgan tuyadagi oltinlarga ko‘rib turgan uylaringizni soldirdim. Ana u yerdagi xizmatkorlar, bu esa o‘g‘limiz, — debdi.
Navro‘z qaroqchi xotinidan xursand bo‘libdi. Tuyasidagi tillalardan maslahat bergan donishmand yon qo‘shnisiga ham berib, tinch-farog‘atda yashay boshlabdi. Pul kerak bo‘lib, ko‘ngli o‘g‘rilikni qo‘msasa savdoga ketar emish. Savdoda yurib, ko‘pni ko‘rib, yaxshi-yomonni ajratib, yana yurtiga qaytarmish.