Qadim zamonda bir boy bor ekan. Bu boyning bir korandasi bor ekan. Uning bolasi yo‘q ekan. Boyning zulmidan koranda uyiga ham borolmas ekan. Koranda qo‘sh haydayotganida xotini ovqat pishirib olib borar ekan. Bir kuni xotin ovqat pishirib turganda no‘xatday bola tug‘ibdi, ancha kuchidan ketibdi. Xotin bolaga qarab: “Sen no‘xatday o‘lgurni tug‘ib darmonim ketib qoldi, qanday qilib otangga ovqat olib boraman?” deb o‘ylab tursa, haligi tug‘ilgan bola qozonning yoniga kelib:
— Ovqatni men o‘zim olib boraman,— debdi. Onasi:
— Ho‘, xudo olsin seni, o‘zing no‘xatdaysan-u qanday qilib ovqatni ko‘tarasan,— debdi.
Onasining bu so‘ziga No‘xatvoyning achchig‘i kelibdi-da, xurmachaning tagiga kirib ko‘taribdi, pildirab ketaveribdi. Buni onasi ko‘rib hayron qolibdi.
Otasining qo‘sh haydab turgan joyiga birdan xurmachada ovqat borib qolibdi. Otasi ham hayron bo‘lib tursa, xurmachaning tagidan birov:
— Ota-ota, men sizga ovqat olib keldim,— debdi.
Otasi xurmachani olsa, hech kim yo‘q emish. Ovqatni olib yeya boshlabdi; No‘xatvoy qo‘shning oldiga borib, qo‘shni haydayveribdi. Koranda qarasa, qo‘sh o‘zidan o‘zi haydalib ketayotgan emish. No‘xatvoy hech kimga ko‘rinmas ekan. Otasi ovqatni yeb bo‘lib, qo‘shning oldiga boribdi. No‘xatvoy darrov qo‘shni qo‘yib, xurmachani ko‘tarib, onasining oldiga olib kelibdi. Otasi: “Bu nima voqea bo‘ldi ekan?”— deb sarosimaga tushib, kechqurun uyiga kelibdi. Kelgandan keyin xotinidan so‘rabdi:
— E xotin, bugun ovqatni menga kim olib bordi?
Xotin erining so‘zini eshitib, xandon tashlab kulibdi-da:
— Ovqatni olib borgan sizning o‘g‘lingiz bo‘ladi, — debdi. Korandaning jahli chiqib:
— Qayoqdagi bo‘lmagan gaplarni gapirasan, mening o‘g‘lim qayoqda-yu, ovqat olib borish qayoqda. Mening o‘g‘lim bo‘lsa, ko‘zga ko‘rinmaydimi?— debdi.
Xotini eridan bu so‘zni eshitib, “xafa bo‘lmasinlar tag‘in” deb:
— No‘xatvoy, No‘xatvoy, — deb chaqiribdi. Eri:
— Xotin, sen qayoqdagi gaplarni gapirasan? No‘xatvoy deb kimni chaqiryapsan. Shunday ham ot bo‘ladimi?— deb kulibdi. Xotini:
— Voy o‘lay, boy bo‘lgur, qayoqdagi gaplarni gapirasan emish-a! Axir, kecha bir o‘g‘il tug‘dim. O‘zingiz boshim qorong‘iligini bilgan edingiz, to‘g‘rimi? Bolamiz xuddi no‘xatday; ko‘zga ko‘rinmaydi,— deb kulibdi. Bunga eri ajablanib turgan ekan, No‘xatvoy:
— Assalomu alaykum, dada,— deb salom berib kelibdi.
Otasi bunday qarasa, yerda bitta no‘xatday narsa pildirab ketayotgan emish. Shunda xotini aytibdi:
— Ana shu No‘xatvoy bo‘ladi. Buni eri ko‘rib, hayron bo‘libdi.
“Barakalla, bolam” — deb ko‘rishibdi. Bolasining gapiga qarasa, ma’noli gaplar emish. Koranda suyunganidan No‘xatvoyni darhol xo‘jayini — boyning oldiga olib chiqibdi. Boy No‘xatvoyni ko‘rib oldin kulibdi, keyin jahli chiqib:
— Yo‘qot buni, bu qanday qilib odam bo‘ladi? Buni Qurdim daryoning narigi yog‘iga olib borib tashlanglar,— debdi. Bu gapni eshitib koranda bilan xotini xafa bo‘lib yig‘lashsa ham, boyning xizmatchilari No‘xatvoyni chinqirtirib Qurdim daryoning naryog‘iga olib borib tashlashibdi. No‘xatvoy daryoning narigi yog‘ida besh-olti kun yuribdi. Unda ajoyib odamlar yashar ekan. No‘xatvoy ular bilan og‘ayni bo‘lib olibdi. Ular No‘xatvoyni o‘zlariga boshliq qilibdilar.