OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tinchi chol

O‘tgan zamonda sakson yashar bir o‘tinchi chol bor ekan. Daladan bir ko‘tarim o‘tin terib kelib, uni sotib, xotini bilan tirikchilik o‘tkazar ekan. Bir kuni o‘tinini sota olmasdan bozorga tashlab qaytib kelibdi. Chol eshikdan kirishi bilan, xotini:
— Nima olib keldingiz? Kechadan beri hech narsa yeganim yo‘q, — debdi.
— O‘tinimni sotolmay, quruq qaytdim,— debdi chol.
— Ha, to‘g‘ri, qachon o‘tin sota olsangiz ovqat olib kelasiz-da, bo‘lmasa yo‘q. Mana shunday vaqtda uyda biror narsa bo‘lsa, pishirib-kuydirib yerdik. Endi ertaga ikki qo‘shnini hasharga aytsangiz, ular ikki ko‘tarim o‘tin olib kelsa, uni yoqarmiz, siz olib kelgan o‘tinni sotsangiz ovqat bo‘lar,— debdi.
Kambag‘al xotinining so‘zini ma’qullab, kosiblarni hasharga chaqiribdi. Ular ham rozi bo‘lishibdi. Erta bilan ikki kosib cholning eshigiga kelib chaqiribdi. Uchovi uchta arqon olib, o‘tin terishga chiqib ketishibdi. Daladan o‘tin terib, uchovi uch ko‘tarim o‘tinni orqalayotganda shamol turib, o‘tinlarini uchirib ketibdi. Chol: “Er-xotin kecha och yotgan edik, endi bugun ham och qolamizmi?” deb yig‘labdi. Kosiblar cholni yupatib:
— Ey ota, yig‘lamang, bugun er-xotin ikkovingizga ovqat topib berarmiz. Ertaga shamol tingandan keyin yana kelib o‘tin terib ketamiz,— debdi. Ular qaytib kelayotganlarida bir chinorning tagida chuqur ko‘rishibdi. Qarashsa, ular tergan o‘tinlarni shamol kelib shu chuqurga tashlagan ekan. Kosiblar:
— Ota, mana bizning tergan o‘tinimiz, siz tushib olib berib turing, biz taxlaymiz, — deyishibdi. Chol uch ko‘tarim o‘tinni olib bergandan keyin oyog‘ining tagiga qarasa, uch xum oltin turgan emish. Chol bu oltinlarni sheriklaridan yashirmay, chuqurdan olib chiqib, uch bog‘ o‘tinning orasiga bir xumdan bog‘labdi.
Chol kosiblarga:
— O‘zingiz ko‘targan xumdagi oltinlar o‘zingizga, ammo o‘tinni uyimga olib borasizlar,— debdi. Ikki kosib bir-biriga imo-ishora qilib, cholni o‘ldirib, uning ham oltinini olmoqchi bo‘lishibdi.
Kosiblardan biri:
— Sen cholning o‘tinini bog‘la, men qo‘lini bog‘layman, so‘ng chohning bo‘yiga olib borib so‘yib tashlaymiz-da, ustiga tegirmon toshini bostirib ketamiz. Ammo o‘tinni uyiga eltib beramiz, — debdi. Ikkovi cholni sudray boshlaganda chol ulardan:
— Nimaga meni azoblaysizlar? — deb so‘rabdi. Biri turib:
— Sizni o‘ldirib oltinning hammasini o‘zimiz olmoqchimiz, — deb javob beribdi. Chol:
— Bolalarim, meni o‘ldirmanglar, mening oyog‘imni go‘r tortib qolgan qari cholman, buning ustiga xotinimning yetti oylik gumonasi bor. Qizmi, o‘g‘ilmi shuni bir ko‘rsam, undan keyin o‘lsam armonim yo‘q,— debdi. Ular cholga quloq solmay:
— Yo‘q, o‘ldiramiz, — deyishibdi. Chol yalinib:
— Men bu voqeani hech kimga aytmayman, ishoning. Faqat o‘tinimni uyga olib borib bersangiz bo‘lgani,— debdi. Ular:
— Yo‘q, so‘yamiz, — deyishibdi. Chol turib:
— Bo‘lmasa, xotinimga bir vasiyatim bor. Shuni borib aytinglar: “Chol yo‘lda o‘tin ko‘tarib kela turib, uch joyda shamoldan yiqilib tushganiga achchiqlanib, boshini olib boshqa bir shaharga ketdi. Agar xotinim o‘g‘il tug‘sa, otini Dod qo‘ysin, qiz tug‘sa, o‘zi bilib ot qo‘ysin, deb aytdi”, deng.
Ular cholni o‘ldirib, o‘ligini chohga tashlab, tegirmon toshini bostirib qo‘yishibdi. Uch ko‘tarim o‘tinni oltin bilan ko‘tarib uylariga qarab ketishibdi. Haligi uch ko‘tarim o‘tinni o‘tinchining uyiga keltirib, cholning xotiniga:
— Eringizning fe’li qursin, bizni ham xafa qildi, o‘zi ham uch joyda yiqilib tushib, achchig‘idan boshqa bir shaharga boshini olib ketdi. Keta turib: “Xotinimga aytinglar: bo‘yida gumonasi bor edi. Agar o‘g‘il tug‘sa, otini Dod qo‘ysin, qiz tug‘sa o‘zi bilib ot qo‘ysin”, dedi,— debdilar.
Xotini yig‘lay-yig‘lay o‘tinni olib kirib ketibdi. Kosiblar yarim xumdan oltinni sarf qilib, naqshin saroy solishibdi. Ular har shahardan gumashta orttirib, katta boy bo‘lib, yetti qiron podshohlarga e’tiborli bo‘lib ketibdilar. Adras kiyimlar kiyib, po‘ta belbog‘lar bog‘lashib, kumushdan hassa ushlab yuradigan bo‘lishibdi.
Endi bir kalima so‘zni o‘tinchining xotinidan eshiting. Vaqt-soati yetib xotin bir o‘g‘il tug‘ibdi, otini Dod qo‘yibdi. Dod kunda bir yashab, oyda bir yashab yettiga qadam qo‘yibdi. Onasi Dodni ko‘chaga chiqarmay, eshikka qulf solib qo‘yib, o‘zi charx yigirib kun o‘tkazar ekan. Bir kun Dod ko‘chada o‘z tengqurlarining ovozini eshitib yig‘lab, onasiga:
— E ona, men ham chiqib bolalar bilan o‘ynab kelay,— debdi. Onasi:
— Mening gapimga kirsang chiqaraman; betingga niqob tortib qo‘yaman, shu niqobing bilan o‘ynaysan. Bolalar niqobingni och desa “Ochmayman” degin,— debdi. Dod yuziga niqob tortib chiqib, kechgacha bolalar bilan o‘ynabdi. So‘ngra qorni ochib uyga kiribdi:
— Ona, non bering,— debdi. Onasi:
— E bolam, sening tashvishingni tortib o‘tirgan edim, uyda bir burda non yo‘q. Endi otangning hunarini qilmasang bo‘lmaydi. Otang o‘tinchi edi. Endi ikkimiz dalaga borib ikki ko‘tarim o‘tin olib kelsak, birimizniki ovqat bo‘lsa, birimizniki qo‘r bo‘ladi, — debdi.
Ona-bola maslahatlashib, ikkovi arqon olib dalaga borishibdi. O‘tin terib yurib, onasining beli og‘rib qolibdi. Onasi:
— Men birpas yotib dam olay, sen o‘ynab tur,— deb bir daraxt tagida yotib uxlab qolibdi. Uyqusidan uyg‘onib qarasa, bolasi yo‘q.
Bolasini qidirib, “Dod” deb to‘qayga kirib ketibdi. Тo‘qaydan chiqib “Dod” deb tog‘ orasiga qarab izlab ketibdi. Тog‘ orasidan chiqib, “Dod” deb daryo yoqalab ketibdi. Undan cho‘lga qarab “Dod” deb ketibdi. O‘g‘lini topa olmay, bolasining dog‘ida cho‘lda zor-zor yig‘lab ketayotgan ekan, oldidan sakkiz yuz askari bilan kiyik oviga chiqqan bir podshoh chiqib qolibdi. Podshoh xotinning dodini eshitib ikkita yasovulga: “U xotinni chayon chaqqanmi yo ilon zahar solganmi o‘zidan-o‘zi “dod” deb yig‘lab yuribdi, uni olib kelinglar!” deb buyuribdi. Yasovullar xotinni podshohning oldiga olib kelishibdi. Podshoh xotindan:
— Nima uchun dod deb yig‘laysan, ilon chaqdimi, chayon chaqdimi?— deb so‘rabdi. Xotin:
— Bolamni yo‘qotdim, oti “Dod” edi. Otini aytib yig‘lab ketayotib edim,— debdi. Podshoh:
— Boshqa ot qurib ketdimi, shu otni qo‘yasanmi,— debdi. Xotin erining ikki qo‘shnisi bilan o‘tin olib kelishga ketganda bo‘lgan voqeani va erining vasiyatini aytibdi. So‘ngra bolam bilan o‘tin terishga chiqqan edim, belim qotib birpas yotdim, uxlab qolibman. O‘rnimdan turib qarasam, bolam yo‘q,— debdi. Podshoh:
— Ering bilan o‘tin terish uchun hasharga chiqqan qo‘shnilaring hozir bormi? — deb so‘rabdi.
Xotin:
— Bor, ular boy bo‘lib ketgan. Bozor chorsida naqshli saroyda turadigan, kumush kursida o‘tiradigan ikki boy o‘sha qo‘shnilarimizdir.
Podshoh: “Cholni o‘sha qo‘shnilar o‘ldirgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylab, uchta yasovulni chaqirib:
— Uchoving “Dod” deb shaharga uch tomondan kiringlar. Shahar ichida qaysi bola “Ha” desa, tutib, otga mindirib olib kelinglar — debdi. Uchta yasovul “Dod” deb shaharga kirishibdi. Shaharda kabobpazning do‘konida kabob yeb o‘tirgan bir bola “Ha” debdi. Yasovul boladan: “Oting nima?” deb so‘rabdi. Bola:
— Dod, — debdi. Yasovul:
— Dod bo‘lmay o‘l. Cho‘llarda onang Dod deb yig‘lab yuribdi, — debdi-da, Dodni otga mindirib podshohning oldiga olib kelishibdi.
Podshoh niqobdor bolani ko‘rishi bilanoq:
— Betingdagi niqobingni och,— debdi: Bola:
— Ey podshohi olam, betimdagi pardani ochtirib nima qilasiz? Qanday gapingiz bo‘lsa, ayta bering,— debdi. Podshoh:
— Agar otang bilan o‘tinga chiqqan kishilarni chaqirib, otangning o‘ligini toptirib bersam, niqobingni ochasanmi? — debdi.
— Niqobimni ochish ixtiyori menda emas, onamda,— debdi bola.
Podshoh onasini chaqirib:
— Bolangning niqobini ochish ixtiyori senda ekan, niqobini ochsin! — debdi. Onasi podshohga:
— Bu yosh bola bo‘lsa, buning yuzini ko‘rib nima qilasiz?— debdi.
Podshoh ikki yasovuliga boylarni olib kelishni buyuribdi. Yasovullar boylar oldiga boribdi, ularga siyosat qilib “Podshoh sizni chaqirdi”, deb ikki boyning qo‘llarini orqasiga bog‘lab, otga mindirib podshohning oldiga olib kelibdi. Podshoh ularning oyoq-qo‘llarini yechtirib yerga tushirtiribdi. Podshoh ikki boydan:
 — Shu bolaning otasini qayerda o‘ldirdinglar? Rostini aytsangiz, sizga zulm yo‘q,— debdi. Boylar:
“Bizga zulm yo‘q ekan”, deb cholni o‘ldirganlariga iqror bo‘lishibdi:
— Chinor tagida o‘ldirdik, chohga tashladik, — deyishibdi. Podshoh:
— Nima sababdan o‘ldirdinglar? — deb so‘rabdi. Boylardan biri bo‘lgan voqeani birma-bir aytib, chuqurda topilgan oltinning hammasini olmoqchi bo‘lib, cholni o‘ldirmoqchi bo‘lganlarini, oxirida cholning: “Meni o‘ldiradigan bo‘lsalaring, bir vasiyatim bor, borib xotinimga shunday deb aytinglar: eringizning fe’li qursin, bizni ham xafa qildi, o‘zini ham xafa qildi. Uch joyda shamoldan yiqilib tushdi. Achchig‘idan boshini olib boshqa shaharga ketdi. Keta turib, agar xotinim o‘g‘il tug‘sa, otini “Dod” qo‘ysin, qiz tug‘sa otini o‘zi bilib qo‘ysin”, dedi. Biz “vasiyating shumi” deb uni o‘ldirib, chinor tagidagi chohga ko‘mib, ustiga tegirmon toshi bostirib ketdik. Oltinni uyimizga olib borib, bir yarim xumdan bo‘lib oldik. Cholning xotiniga o‘tinni olib borib berib, cholning vasiyatini aytdik. Shu bilan biz boyib ketdik! — debdi. Ikkinchi boy:
— Ey podshohi olam, sultoni bokaram, dunyo shirin ekan. Shu ishlarni qildik. Nima zulm qilsangiz, mana, oldingizda turibmiz, — debdi. Podshoh:
— Ikki xum oltin turibdimi?— debdi. “Тuribdi”, deyishibdi boylar.
Podshoh:
— Ikki xum tillani olib kelinglar,— deb ikki yasovulga buyuribdi. Yasovullar ikki xum oltinni olib kelishibdi. Podshoh Dodni chaqirib:
— Mana bu bir xum oltin otangning o‘ldirilgani uchun, mana bu bir xum oltin otangning o‘z haqi, ol, rozimisan? — debdi. Dod:
— Men otamning xunidan kechdim. Otamning o‘z haqi — bir xum oltinni bering, boshqasi kerak emas,— debdi. Dod bir xum oltinni ko‘tarib onasining oldiga olib boribdi. Podshoh bir xum oltinni boylarning o‘ziga bo‘lib beribdi. Podshoh Dodni chaqirtirib:
— Otangning o‘ligini topib berdim. Endi yuzingdan pardangni och, ko‘ray! — debdi. Dod:
— Qanday podshohsiz, men yetti yashar bola bo‘lsam, yuzimni ko‘rib nima qilasiz?— debdi. Podshoh “Niqobingni ochmaysanmi?”— deb qilichini sug‘urib, Dodga hamla qilibdi. Bola qilichdan qo‘rqib, yuzini ochib yuboribdi. Podshoh bolaning yuzini ko‘rib otning tagiga yiqilibdi. Bola sarkardalarni chaqirib:
— Ulug‘laring behush bo‘lib yiqildi. Daryo bo‘yiga olib borib hushiga keltiringlar, — debdi. Sarkardalar kelib, podshohni yelpib hushiga keltirishibdi. Podshoh “Dod qayerda?” deb so‘rabdi. Dodni keltirishibdi. Podshoh:
— Ey bolam, qaysi bog‘ning gulisan, devmisan, parizodmisan, qanday gavhar donadan paydo bo‘lding? — debdi. Dod:
— Mana shu kampirdan bino bo‘lganman,— debdi. Podshoh:
— Yetti iqlim podshosi bo‘lib, sendek husndorni Ko‘hiqofdan ham topmadim. Mening o‘g‘lim ham yo‘q, qizim ham yo‘q. Sen menga o‘g‘il bo‘l, olib ketay. Avg‘on bog‘larimda, saltanat taxtlarimda o‘tir, seni podshoh qilay,— debdi. Dod turib:
— Men yetti yashar bolaman, ena sutim og‘zimdan ketgani yo‘q, o‘rdaga loyiq emasman, odamning sarasini ajrata olmayman. Menga shu cho‘llarning ixtiyorini bersangiz, men ariq chiqartirib, imorat soldirib, beva-bechoralarga bersam, ming tanob yerni bog‘ qilib, yetti yilda obod qilsam. O‘n to‘rt yoshga kirganimdan keyin kelib olib ketarsiz,— debdi.
Podshoh Dodga bir sanoch oltin berib “endi ota-bola bo‘ldik”, deb askarlarini, vazir-sarkardalarini, yasovul-yuzboshilarini olib tog‘ga kiyik oviga ketibdi. Dod enasiga qarab:
— Ey onayi mehribonim, sizga shu yerga bir tol yog‘ochdan kapa qilib beray, siz shu yerda istiqomat qilib turing. Men bir-ikki ming mardikor olib kelay,— debdi. Ertasi bir qancha mardikor olib kelib Qo‘qon viloyatidan ariq chiqartiribdi; imorat qildirib beva-bechoralarga beribdi. Yetti yilda ming tanob yerga bog‘ qildiribdi. Bu bog‘ Dodning bog‘i deb mashhur bo‘libdi.
Bog‘ni tayyor qilib o‘tirganda, podshoh qirqta sarkardasini yuborib Dodni tilla qafasga, enasini kajava savatga solib oldirib kelibdi. Dodning onasiga qirqta zinasi sangi-marvarid toshdan yasalgan ravoq beribdi. Enaga xotin, qirqta kaniz, qirqta cho‘ri, qirqta qul uning xizmatini qilibdi. Har kun Dodning enasiga qirqta qo‘yning iligidan osh qilib beribdi.
Podshoh Dodga:
— Endi qo‘limga tushding, ota-bola bo‘ldik, betingdagi niqobingni olib, taxtimga o‘tir! — debdi.
Dod:
— Menga onamdan javob olib kelishga ruxsat bering, undan keyin niqobimni ochay,— debdi. Podshoh ruxsat beribdi. Dod onasining yoniga yugurib borib:
— E onam, mehribonim, podshoh “yuzingni och”, dedi. Unda donolar, vazirlar, qirqta sandalnishinlar1, yasovullar, ponsodlar2, yuzboshi-sarkardalar o‘tiribdi. Ular oldida yuzimni ochsam, podshohning yana hushi ketib qolsa, biror dushman chiqib podshohni o‘ldirib ketsa, men javobgar bo‘lib qolmay tag‘in,— debdi.
Shunda onasi:
— Ey, Dod bolam, og‘zingni och bo‘lmasa,— debdi. Dod og‘zini ochibdi.
Enasi bir tuflabdi:
— Bor bolam, endi borib niqobingni ochib o‘tira ber,— debdi. Dod podshohning saltanat taxtiga chiqib podshohning o‘ng tomoniga borib, niqobini yuzidan olib o‘tiribdi. Shunda odamlar Dodning husni-jamolini ko‘rib tahsin-ofarin o‘qib, podshohga: ”O‘g‘lingiz qutlug‘ bo‘lsin”, deyishibdi. Podshoh bular ustidan dur sochibdi. Dod Avg‘on bog‘iga ov qilish uchun kiribdi. Dodning husnini o‘rdaklar, churraklar tomosha qilib, ketidan yurishibdi. O‘rdak, churrakdan qochib tuyaxonaga kiribdi, unda ham karvonlar Dodning husnini tomosha qilishibdi. Undan chiqib ichkari o‘rdaga kiribdi, undagi qizlar Dodning husnini ko‘rib, uni quvlab ketishibdi. U yerdan ko‘cha darvozasiga chiqqan ekan, eshikdagi qirq-ta shotir uning husnini tomosha qilib quva beribdi. Undan podshohning chillaxonasiga kirib qutulibdi. Chillaxonada bag‘rini zaxga berib yotib uxlab qolibdi. Тushida Ko‘hiqofdan bir parizod bir qo‘lida kabob, bir qo‘lida sharob ushlab uchib kelib, sharobni ichirib, kabobni yedirib ketibdi. Podshohzoda cho‘chib uyg‘onib o‘ng tomoniga, so‘l tomoniga qarasa, yonida parizod yo‘q emish. Dod shikastalik bilan o‘rnidan turib qushxonaga kirib, podshohning qushini qo‘liga qo‘ndiribdi. Chakasni beliga qistirib, kamon, o‘q-yoylarni beliga taqibdi, podshohning otxonasiga kiribdi. Тulpor otni yetaklab chiqibdi. Unga minib, yor ishqida tog‘ ichiga kirib ketibdi. Тog‘ma-tog‘, cho‘lma-cho‘l, ko‘lma-ko‘l yurib bir tilsimli tog‘ga kirib qolibdi. Unda uch kecha-yu uch kunduz yuribdi. Oxirida tog‘ orasidan bir kiyik chiqib cho‘lga qochibdi. Dod kiyik orqasidan quvlab, u ham cho‘lga chiqib qolibdi, kiyikni topa olmay yo‘l yuribdi. Yolg‘iz o‘zi cho‘lma-cho‘l, ko‘lma-ko‘l, yetti kecha-yu yetti kunduz yo‘l yurib, bir daryoning bo‘yiga yetibdi. Belidagi chakasni yerga suqib, qushni qo‘ndiribdi. Daryo bo‘yida dam olib o‘tirsa, ro‘parasida sallasining pechi yelkasiga, soqoli ko‘ksiga tushgan, qo‘lida xassa ushlagan malla to‘nli, betidan nur yog‘ilib turgan bir mo‘ysafid chol paydo bo‘libdi. Dod mo‘ysafidga salom beribdi. Mo‘ysafid:
— O‘g‘lim Dod, bu tilsim daryosi oldida turmang, bunda devlar bor. Siz oshiqlikning ishqida kelgan ekansiz. Sevgan qizingiz parilardan. Lekin buni olib chiqishning iloji yo‘q,— debdi. Dod cholga qarab yig‘lab bayt o‘qibdi. Cholning rahmi kelib:
— Men topib beray. Ko‘zingni yum, yetti damdan keyin och,— debdi.
Dod ko‘zini yumib, yetti damdan keyin ochib qarasa, o‘zini daryoning narigi tomonida ko‘ribdi. Chol:
— O‘g‘lim, hov o‘sha ko‘ringan tanasi zumraddan, shoxi la’li-yoqutdan, bargi zabarjaddan bo‘lgan daraxt yonidagi qo‘rg‘onning ichiga kirsang, unda jami devlar-parilar uxlab yotganini ko‘rasan. Oyog‘ing tagida gavhar shamchiroqlar bo‘ladi, unga nazar ko‘zingni solmay, undan o‘tganingdan keyin, qirq bir hujra bor, unda ham gavhar shamchiroqlar bor, bunga ham qarama. Oxirgi hujraga kirsang, tokchada uchta qovoq turibdi. O‘rtadagi qovoqni menga olib kelib ber, — debdi.
Dod cholning aytganiday borib oxirgi hujraga kiribdi, o‘rtadagi qovoqni olib kelib cholga beribdi. Chol:
— Ey bolam, sening tushingda ko‘rgan yoring shu. Endi ko‘zingni yum, — debdi. Birozdan keyin “ko‘zingni och!” debdi. Dod ko‘zini ochib qarasa, o‘zini oti oldida ko‘ribdi. Chol yana: “Sen o‘n to‘rt kunlik yo‘lni bosib kelding, endi men senga bir duo o‘rgatay, tez yetasan”, deb unga duo o‘rgatibdi. Dod qovoqni qo‘ltig‘iga qisib otiga minibdi. Chol: “O‘g‘lim, olgin — oldirma, to‘lgin — to‘kilma, yo‘lda hargiz qovoqqa hazil qilma, yana o‘z boshingga jabr-u jafoni ortdirma”, debdi. Dod yo‘lda chol o‘rgatgan duoni o‘qibdi, bir qancha yo‘l bosgach, otining boshini to‘xtatib: “Men tushimda parizodni ko‘rgan edim. Jodugarga uchrabman. Quruq qovoqni nima qilaman”, deb yerga tashlamoqchi bo‘lib ushlaganda, qovoqning ichidan “Voy, nozik badanim” degan tovush eshitilibdi. Dod darrov tilla qilichini sug‘urib olib qovoqni bandidan ochibdi. Qarasa: oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor, shirindan-shakar so‘zi bor, o‘ng betida chaparasta xoli bor, necha alvonlar kiygan, qirq kokiliga duri javohirlar taqilgan bir parizod qiz o‘tiribdi. Yigit parini ko‘rib, hushidan ketib yiqilibdi. Parizod uni yelpib hushiga keltiribdi. Dod:
— Bo‘yingdan aylanib ketay gavharim, topilmas qimmatbaho durri g‘altonim.1 Qaysi bog‘ning gulisan, qaysi chamanning bulbulisan, devmisan, parimisan, ins-jinsmisan, qaysi gavhar donadan paydo bo‘lgansan? — deb so‘rabdi. Parizod:
— Cholning so‘zini qulog‘ingizga olmay o‘zingizga jabr-jafo orttirdingiz. Endi meni uch xil yo‘l bilan uyingizga olib borasiz, — debdi. Dod:
— Zarvaraq to‘nimni yopib, zarrin ro‘molni parda qilib, otga mindirib olib ketaman, — debdi. Qiz:
— Men otga minishga munosib emasman, soyabon aravaga munosibman, — debdi. Yigit:
— Bo‘yingdan aylanay, gavharim. Shahar yaqin qoldi. Shaharga yetganda sizni bir tomga chiqarib qo‘yib, otam saroyidan qirqta qiz-juvonlarni aravaga solib kelib, karnay chaldirib olib ketaman. Sakson zinali ravoqqa qo‘yaman. Ravoqning zinalari marmar toshdan, tepasi qizil marjondan, kunguralari la’li-yog‘utdan, — debdi. Malika rozi bo‘lib, otning orqasiga mingashib shaharga jo‘nashibdi. Shaharga yaqin qolganda bir tomga qizni qo‘yib, o‘zi shaharga arava olib kelishga ketibdi. Parizod betidagi pardasini ochib atrofga tabassum bilan qarabdi. Bu joyning ro‘parasidagi uyda bir kampir turar ekan. U jodugar ekan. Bir yeganda qirqta qo‘yning go‘shtini yeb, har suv ichganda bir mesh suv ichar, nafasiga bir juvoz aylanar ekan. Shu kampirning uyiga bir yorug‘ shu’la tushibdi. Kampir, “Bu qanday shu’la ekan, bilay-chi”, deb suv oladigan ko‘zasini ko‘tarib, ko‘chaga chiqibdi. Jodugar kampirning ko‘zi parizodga tushibdi. Qiz kampirga salom beribdi. Kampir:
— Ha, onang aylansin, pastga tushib shu ko‘zada ariqdan suv olib ber, — debdi. Qizning achchig‘i kelib:
— Men sizning cho‘ringiz emasman,— debdi. Kampir:
— Sen menga suv olib bergani buloq boshiga borsang shu’lang suvga urib qolsa, men shu shu’lang yorug‘ida charx yigirib, ovqat qilarman, degan edim,— debdi. Parizod kampirga:
— Men parizodman, bir dumalayman ilon bo‘laman, bir dumalayman kaptar bo‘laman, bir dumalayman kampir bo‘laman,— debdi.
Kampir:
— Bunchalik hunaring bo‘lsa, qani kaptar bo‘l-chi,— debdi. Parizod bir yumalab oyog‘i qizil marjondan, qanoti la’li yoqutdan, tumshug‘i zabarjaddan bir kaptar bo‘libdi, yana yumalab qadimgi asl holiga kelib parizod bo‘libdi.
— Meni Dod qancha mashaqqatlar bilan topib olib keldi. Siz menga suv olib ber, deysiz,— debdi.
Kampir, “Qo‘y, olib bermasang o‘zim olaman”, deb zarda bilan ko‘zasini ko‘tarib buloq boshiga ketibdi. Malikaning kampirga rahmi kelib:
— Тo‘xtang, ona, men o‘zim olib boray,— deb kampirning orqasidan boribdi. Kampirning qo‘lidan ko‘zasini olib, buloqdan suv olayotganda, kampir kelib qizning orqasidan bir tepibdi. Qiz suvga tushib, g‘oyib bo‘libdi. Kampir ko‘zasini yerga urib sindirib tomga chiqibdi. Qizning zarrin ro‘molini yuziga parda qilib o‘tiribdi. Birozdan keyin Dod besh yuz sarkarda, qirq qiz-juvon bilan har xil o‘yinlar qilib kelib qolibdi. Kelib qarasa, qizning o‘rnida ko‘zi chaksa guruch damlaydigan qozonday bir kampir o‘n to‘rt kishilik joyni egallab o‘tirgan emish. Yigit yuzini ochib qarabdi, qo‘rqqanidan o‘zini pastga tashlab yuboribdi.
Sarkardalar Dodning yuziga suv purkab hushiga keltirishibdi. “Ey podshohzoda, sizga nima bo‘ldi?” deb so‘rashibdi. Dod ularga kampirning ta’rifini aytishga nomus qilib, o‘rnidan irg‘ib turib, kampir oldiga borib:
— Sen o‘sha parizodmisan yo o‘zgamisan? — debdi. Kampir:
— Men o‘sha siz olib kelgan parizodman,— debdi.
— Bo‘lmasa, yana yuzingni ko‘ray, —debdi. Kampir:
— Men sizga hozir yuzimni ko‘rsatmayman, qachon meni nikohingizga olasiz, mendan bir o‘g‘il ko‘rasiz, shu o‘g‘il yetti yoshga kirganda otangiz to‘y qilib beradi, shu kuni yuzimni ko‘rsataman. Ungacha yuzimni ko‘rsatmaslikka qasam ichganman. Menda hali hunar ko‘p: bir yumalayman kaptar bo‘laman, bir yumalayman ilon bo‘laman, bir yumalayman kampir bo‘laman, bir yumalayman tag‘in parizod bo‘laman, mana, hozir bir yumalab kampir bo‘ldim,— debdi. Dod:
— Bir yumalab ilgarigi parizod bo‘ling, men sizni podshoh saroyiga olib boraman,— debdi. Kampir:
— Xohlasangiz shu, xohlamasangiz ko‘k kaptar bo‘lib Ko‘hiqofga uchib ketaman,— debdi. Dod o‘ylab turib:
— Yetti yil kutish yigit kishiga nima gap, aravaga tushing!— debdi.
Kampir:
— Aravaga o‘zingiz ko‘tarib soling! — debdi. U kampirni ko‘taraman deb yetti yumalab ag‘darilib tushibdi. Enaga xotinlar ko‘plashib podshohzodani ko‘tarib olishibdi. Kampir podshohzodaga:— Otni o‘zingiz minib oling,— debdi. Dod otga minib “chuv” deb bir qamchi urishi bilan, quduqning ichidan bir qora ot chiqib, uning oldiga kelib gir-gir aylana beribdi. Shu yerdagi odamlar otni ko‘rib ofarin qilibdi. Dod o‘zi mingan otdan tushib, quduqdan chiqqan otning bo‘ynidan quchoqlab silay beribdi. Kampir buni ko‘rib:
— Bu otni chiqarib, quduqdan chiqqan qora otni aravaga qo‘shing! — debdi. Enagalar qora otga tilla yuganlar kiygizib, aravaga qo‘shibdi. Podshohzoda otga minib bir qamchi urib o‘rdaga ketibdi. Har qirq odimni bir odim qilib o‘rdaga yetibdi. Podshoh bularga durri javharlar sochibdi. Qiz-juvonlar o‘lan aytishib kelishib, kelinni ravoqning tepasiga olib chiqib ketishibdi. Kampir zarrin ro‘molni yuziga parda qilib, chimildiqning ichida yuzini ko‘rsatmay o‘tiribdi. Dod quduqning ichidan chiqqan otni yakka qoziqqa boylab qo‘yibdi. Ot suvlig‘ini chaynab turibdi.
Podshohzoda ot oldidan keta olmay otning betidan, ot Dodning betidan yarim kechagacha silab chiqibdi. Kampir kanizaklarga aytib podshohzodani chaqirtiribdi. Dod kampirning oldiga salom berib kiribdi. Kampir turib:
— Ey podshohzoda, yo o‘sha qora otni deng, yo meni deng. Bo‘lmasa ko‘k kaptar bo‘lib uchib ketaman, meni desangiz vaqtliroq nikohingizga oling, farzand ko‘rishning orzusini qiling,— debdi.
Podshohzoda kampirdan bu so‘zni eshitib, qo‘liga zarrin ro‘molcha olib zor-zor yig‘lab, otasining saltanat taxtiga chiqibdi. Podshoh o‘g‘lining holini ko‘rib:
— Sizga kim zulm, alam yetkazdi. Zulm yetkazganlarni olib kelib kallasini olib, kallani minoraga uraman,— debdi. Podshohzoda:
— E podshoh, men Ko‘hiqofdan bir qovoq olib kelayotib, yo‘lda ochdim. Ichidan bir qiz chiqdi. Shaharga kirganda uni bir tomga qo‘yib o‘zim o‘rdadan soyabon arava olib kelgunimcha, qizning o‘rnida bir kampir paydo bo‘lib qolibdi. Kelib yuzini ochib qarasam, ko‘zi chaksa guruch damlaydigan qozonday bir kampir o‘n to‘rt kishilik joyni egallab o‘tiribdi; bu kampir bir yumalayman kampir bo‘laman, bir yumalayman ilon bo‘laman, bir yumalayman, ko‘k kaptar bo‘lib o‘n sakkiz ming olamni aylanib kelaman, bir yumalayman parizod bo‘laman, deydi. Men kampirga: “Yana parizod bo‘ling, do‘st-dushmanning oldida men sizni qanday qilib shu holingizda o‘rdaga olib boraman”, dedim. Kampir: “Men husnimni ko‘rsatmaslikka qasamyod qilganman, meni shu holimcha nikohingizga olasiz, o‘g‘lingiz yetti yashar bo‘lib, otangiz to‘y qilib bergan kuni asli husnimni ko‘rsataman. Xohlamasangiz bir yumalab ko‘k kaptar bo‘lib, Ko‘hiqofga uchib ketaman”, deydi. Endi men yig‘lamay kim yig‘lasin. Uni asli parizodligida yaxshi ko‘rib qolgan edim. Yo‘lda bir quduqdan qora ot chiqib gir-gir aylanib turdi. Otdan tushib qora otni quchoqlab silay berdim. Jami odamlar otni ko‘rib tahsin qilishdi. Shunda kampir ilgarigi otni aravadan chiqarib quduqdan chiqqan otni aravaga qo‘shtirdi. Ot qirq odimni bir odim qilib o‘rdaga yetkazdi. Kelgandan keyin ham ot bilan o‘ynab tursam, kampir chaqirib “Тezda nikohingizga oling”, dedi. Men qanday qilib bu kampirni nikohimga olaman, har kim sevganini oladi-da,— debdi. Podshoh aytibdi:
— Ko‘p xafa bo‘lmang, bir ilojini qilarmiz. Rasmi parizodlar duo o‘qib har turga kira beradi, o‘g‘lim. Bir iloj qilib o‘g‘il ko‘rishga harakat qiling! — debdi. Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y tomosha qilib nikoh o‘qitibdi.
Podshohzodani mast qilib kampirning oldiga kirgizishibdi. Podshohzoda ertasiga yana qora ot yoniga chiqib, bo‘ynidan quchoqlab silay beribdi. Bir oxurga sharbat, bir oxurga shakar to‘kib beribdi. Oylardan oy o‘tib kampirning haligi qora otga boshi qorong‘i bo‘lib qolibdi. Podshohzodani chaqirib:
— Qassobni olib kelib, shu qora otni so‘ydirib ber. Go‘shtini kabob qilib yeyman, — debdi. Podshohzoda noiloj, qassobni chaqirtirib kelib:
— Shu otni so‘yib beringlar, — deyishi bilan qassobning qo‘lidan pichog‘i bilan boltasi tushib ketibdi. Qassobning ko‘ziga ot parizod bo‘lib ko‘rinibdi.
— Тaqsiri olam, bu ot emas, parizod-ku. Men bu otni so‘ya olmayman, men o‘z jonimdan qo‘rqaman,— deb qassob qaytib ketibdi. Xizmatchilar yana boshqa qassobni olib kelishibdi. Podshohzoda qassobga:
— Shu otni so‘yib bering! — debdi. Otni ko‘rishi bilan bu qassobning ham qo‘lidagi pichog‘i bilan boltasi tushib ketibdi, o‘zi behush bo‘lib yiqilibdi. Qassob o‘rnidan turib:
— O‘rdangizda shunday bir parizod yursa, shuni so‘ydirmoqchisiz, jinni bo‘ldingizmi? — debdi. Podshohzoda: “Bu nima gap, mening oldimga jinni qassoblar keladi. Ikkovi ham bu otni parizod deb so‘ymadi”, deb qassobga qarab:
— Shu otni qanday qilib bo‘lsa ham so‘yasiz! — debdi. Qassob podshohzodadan qo‘rqib:
— Men otni so‘ysam, boshimga kelgan balolarga balogardon bo‘lasizmi?— debdi. Podshohzoda:
— Albatta, balogardondirman,— debdi. Qassob “Qanday qilay, hukmi podshoh vojib ekan”, deb otning oyog‘iga arqon solishi bilan ot o‘zi beozor yiqilibdi. Qassob otning bo‘yniga pichoq tortibdi. Otning bo‘ynidan uch joyga uch tomchi qon sachrabdi. Shu uch tomchi qon o‘rnidan uch tup terak ko‘karib chiqib, har biri besh qulochdan bo‘libdi.
Kampirning oldidan bir kaniz chiqib:
— Otning jigaridan berar ekansiz, — debdi. Qassob jigarini olib beribdi. Qassob bir yon nimtasini teridan ajratayotganda yana bir kaniz chiqib:
— Otning bir sonini berar ekansiz,— debdi. Shunday qilib kampir otning go‘shtini yeb tamom qilibdi.
Podshohzoda otidan ajralganiga xafa bo‘lib, yig‘lab taxtiga chiqibdi. Oylardan oy o‘tib, to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat, to‘qqiz daqiqadan keyin bir o‘g‘il tug‘ilibdi. Bolani beshikka belaydigan bo‘lishibdi. Kampir podshohzodani chaqirib:
— Bolangizni beshikka belashadi. Shu teraklarni kesib, mana bu ravoqning to‘rt tarafidan to‘rt eshik va bir beshik qilib bering, — debdi. Podshohzoda daraxtni kestirib eshik ham, beshik ham qildirmoqchi bo‘lib usta chaqiribdi. Usta kelib, daraxtlarni ko‘rishi bilan arra, teshasi qo‘lidan tushib ketibdi.
— Ey podshohzoda, bular parizod-ku, o‘rdangizda shu uch parizod yashasa nima qiladi? — debdi. Podshohzoda:
— Kessangiz ham kesasiz, kesmasangiz ham kesasiz! — debdi. Usta turib:
— Boshimga tushgan balolarga giriftor bo‘lsang kesay, — debdi. Podshohzoda qabul qilibdi. Shunda oltita arrakash uch terakka arra qo‘yibdi. Тeraklar beozor o‘zlari yiqila beribdi. Daraxtlardan taxta tilibdi; beshik yasaydigan beshik yasabdi, duradgorlar eshik yasabdi, eshikni kampirning ravog‘iga olib chiqib qurib beribdi. Duradgorlarga bir dona gavhar beribdi, ular chiqib ketibdi. Beshikni olib kelib, bolani yo‘rgaklab, beshikka solib, ustidan durlar sochibdi. Bolani beshik siqib o‘ldiribdi. Kampir dod deb yig‘lab, qochib chiqmoqchi bo‘lganda, eshik kampirni siqib qolibdi. Dod kelib kampirni ajratib olibdi. Dod beshikdan bolani ko‘tarib chiqib kelayotganda enagalar unga:
— Ey podshohzoda, hali yoshsiz, ko‘p bola ko‘rasiz, o‘likni ko‘targaningiz bilan tiriladimi? Qora kigizni yuvgan bilan oqaradimi? — deb bolani qo‘lidan tortib olishibdi.
Dod ko‘z yoshini oqizib, tashqariga chiqib ketibdi. Eshikdan chiqsa, bir qalandar turgan emish. U qalandarga cho‘ntagidan bir dona dur olib uzatibdi. Qalandar durni olmay aytibdi:
— Ey, podshohi a’zam, shu tarasha, shox-shabbalarni menga bersangiz, men uni yoqib, haqingizga duo qilsam,— debdi. Dod:
— Ol, yoqaver, — deb qalandarga besh arava shox-shabba, tarashalarni in’om qilibdi. Qalandar ularni yig‘ishtirmoqchi bo‘lib turganda shox-shabba, tarashalar osmonga ko‘tarilib uchib ketibdi. Podshohzoda bilan qalandar hayron bo‘lib qolibdi. Qalandar o‘z yo‘liga ketibdi. Uyiga kelsa, o‘zining chordevori o‘rnida qirq zinali katta saroy paydo bo‘lib qolibdi. Qalandar saroyni ko‘rib, hushidan ketibdi; yana hushiga kelib o‘z uyini aniqlash uchun qo‘shnilarinikiga kiribdi.
Qo‘shnisining uyida besh kishi o‘tirgan ekan. Qo‘shnisi qalandarni ko‘rib:
— Uying boshingni yesin. Uyingni dev-parilar bosib ketdi, — jonimizni hovuchlab o‘tiribmiz, — debdi. Qalandar uyidan xabar olay deb ichkariga oyoq uchi bilan kiribdi. Qarasa, ravoqning tepasidan bir parizod ikki dev bilan tushib kelyapti. Parizod uyning egasi qo‘rqib kira olmay turganini ko‘rib, devlarga javob berib yuboribdi. Parizod qalandarni uyga taklif qilib:
— Ey mehribon ota, kiravering, shu joy, shu davlatlar sizniki, endi shunga loyiq usti-bosh kiying, — deb bir bo‘xcha zarrin kiyimlar berib kiyintiribdi. Qalandar davlatli bo‘libdi.
Kunlardan bir kun qiz qalandarga:
— Ey ota, ichkari kirib sandiqni oching, undagi durri-gavharlardan olib sarf qilib mamlakatga osh bering. Podshohlarni ham chaqiring, podshohzoda Dodni ham chaqiring. Har qaysisiga zarvaraq to‘nlar kiygizib yuboramiz, — debdi.
Qalandar qirq kunlik xarajatni uch kunda tayyor qilibdi. Qirqta doshqozon quribdi. Avg‘on bog‘da qirq kecha-yu qirq kunduz tuynugidan tutun chiqarmaydigan kambag‘algacha osh beribdi. Podshoh “gadoynikiga boramanmi?” deb kelmay, qirqta sarkardasi bilan podshohzoda Dodni yuboribdi. Podshohzoda zar-saltanat bilan kelibdi. Qalandar qiz oldiga kirib:
— Qizim, podshohning o‘zi kelmadi, shahzoda qirqta sarkardasi bilan keldi, — debdi. Qiz:
— Podshoh kelmasa ham mayli. Ziyofatni katta qiling. Mehmonlarga yetti iqlimga arziydigan kiyimlar kiygizing. Podshohzodaga shohona libos kiygizing, chiqib ketish oldida imoratlarni tomosha qildiring, keyin podshohzodani mening ravog‘imga olib chiqing, — debdi.
Qalandar podshohzodaga imoratlarni tomosha qildiribdi. Qizning ravog‘iga olib chiqibdi. Parizod necha alvon kiyimlar kiyib, o‘ziga oro berib o‘tirgan ekan.
Podshohzoda bilan parizod bir-birlariga salom berib, ikkisi ham hushlaridan ketib qolibdi. Podshohzoda hushiga kelib parizodga qarab, uni sevib, sahrolarda kezib yurganlarini, yuragi zardobga to‘lganini aytib bayt o‘qibdi. Parizod:
— Ha, podshohzoda, kalla deb qovoqni kiyib olgan ekansiz-da. Bitta jodugar kampirning so‘ziga kirib, bola qilganingizga rahmat. Quduqning ichidan chiqqan qora ot men bo‘laman, bilmay aravaga qo‘shdingiz. Qirq odimni bir odim qildim. Qora otni jodugarga so‘yib berganingizda uch terak bo‘lib ko‘karib chiqdim. Beshik bilan eshik qildirdingiz, beshikdagi bolani qisib o‘ldirdim, eshikda kampirni siqqanimda ajratib oldingiz — bilmadingiz, uyalganimdan qo‘yib yubordim. Bolaning dog‘ini tortib, ko‘zdan yosh oqizib tashqariga chiqdingiz. Qalandar keldi, shox-shabbani unga in’om qildingiz. Shox-shabba o‘zicha yig‘ishtirilib osmonga chiqib ketib, qalandarning hovlisiga tushdi, — deganda, Podshohzoda:
— Тo‘xtang, malikam, bundan ortiq menga gap yo‘q, — deb o‘qday otilib pastga tushibdi. Otiga minib o‘rdaga kelibdi. Kampirning oldiga kirib:
— Ha, jodugar, qani, hunaringni ko‘rsat, kaptar bo‘lib ko‘r-chi, — debdi. Kampir:
— Men hali hunarimni ko‘rsatmayman. Hali tag‘in o‘g‘il ko‘raman, shuning to‘yida ko‘rsataman, — debdi. Podshohzoda kampirning bosh yuvib o‘tirgan joyidan sochidan burab pastga olib tushibdi. Jallodlarni keltirib kampirni bir enlikdan qirqib tashlatibdi. Podshohzoda otasi oldiga chiqib:
— E ota, mehribonim, suyunchi bering, yorimni topdim, — debdi. Podshoh darhol karnay-suray qo‘ydiribdi. Dod qirqta soyabon aravaga qiz-juvonlarni solib, o‘yin-kulgilar bilan yorini olib kelibdi. Qirq kecha-kunduz to‘y qilib, Dod parizodga uylanibdi. Podshoh Dodni o‘z o‘rniga podshoh qilibdi. Murod-maqsadga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.