OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ynang, kuchugim, o‘ynang!

O‘tgan zamonda bir cholning uchta qizi bo‘lib, o‘g‘li yo‘q ekan. Kunlardan bir kuni, chol juda og‘ir kasal bo‘lib qolibdi. Cholning kasalini bironta tabib ham tuzata olmabdi. Nihoyat, tabiblar cholga olmurut shoxini qaynatib ichganidagina sog‘ayib ketishini aytishibdi. Olmurut shoxini olib kelish uchun cholning katta qizi yo‘lga chiqibdi. U yigitlarning kiyim-boshini kiyib, qora sochini qalpog‘i tagiga bostirib olib, otni minib yo‘lda ketaveribdi. Qiz yo‘lda uzoq yurgandan so‘ng, katta bir cho‘l-biyobondan chiqib qolibdi. Cho‘lda bahaybat bir sher bor ekan, qiz unga duch kelibdi. Qiz undan qo‘rqib uyiga qaytib kelibdi.
Buni ko‘rgan o‘rtancha singlisi “Men boraman”, deb otasining so‘ziga kirmay, safar taraddudiga tushibdi. O‘rtancha qiziga yo‘lda katta bir ajdaho duch kelibdi, u ham qo‘rqqanidan orqasiga qaytibdi. Cholning uchinchi kenja qizi, “Dada, endi men boraman”, debdi. Dadasi unamabdi. Biroq kenja qiz otasining gapiga quloq solmasdan jo‘nabdi. Bu qiz ham qop-qora sochini qalpog‘i ostiga bostirib olib, uzun to‘n kiyib, uning ustidan shohi belbog‘ni beliga mahkam bog‘lab, navqiron sho‘x yigitlar kabi ot minib, kuchukchasini ergashtirib, yo‘lga ravona bo‘libdi.
Yo‘lda ko‘p qiyinchiliklarga uchrabdi. Ajdarho va sherlardan ham qo‘rqmay, ularning qarshisiga dadillik bilan borib, o‘tkir qilichi bilan ularni chopib o‘ldiribdi.
Kenja qiz yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir shaharga yetib boribdi. Bu shaharning yigitlari har kuni mehmonxonada gap yeyishar ekan.
Qiz kishining suqi kiradigan darajada suluv, go‘zal ekan. Qiz shaharga yetib kelgach, uch-to‘rt yigit bilan tanishib qolibdi. Ular yigitning musofirligini bilib, uni mehmonxonaga taklif qilibdilar. U:
— Men bu yerga bir zarur ish bilan kelganman, agar o‘sha narsa topilsa, tezroq olib ketsam: mening otam og‘ir kasal. Unga faqat olmurut shoxini qaynatib ichirsak, dori bo‘lar ekan. Shunga kelgan edim, topib bersalaringiz, olib ketardim, — debdi.
Mehmonxonadagi barcha yigitlar uning o‘g‘il bola ekanligiga shubha bilan qarabdilar. Ular qizga javob bermabdilar, mehmonxonaga uni boshlab kiribdilar. Yigitlar undan qizmi yoki o‘g‘il ekanligini so‘ramoqchi bo‘libdilar, lekin mehmon xafa bo‘lmasin, deb uning qiz ekanini turli yo‘llar bilan aniqlamoqchi bo‘libdilar. Biroq qiz sir boy bermay, yigitlar bilan birga bir hafta yashabdi.
Shunda yigitlarning biri:
— Hammamiz cho‘milgani boramiz, uning o‘g‘il yoki qizligini o‘shanda bilib olamiz, — debdi. Yigitlar bu maslahatga ko‘nishibdi. Bularning gaplarini qizning kuchugi eshitib turgan ekan. Kuchuk qizning oldiga kelib, bu gaplarning hammasini unga aytib beribdi.
Qiz juda xavotir bo‘lib turganda, kuchuk:
— E, opa, sen hech xafa bo‘lma, men sizlar cho‘milgani borib, yechingan vaqtlaringizda bir vovillayman, shu paytda hamma tomonni qora tuman bosadi, sen shu vaqtning o‘zida cho‘milib chiqasan, ular bilolmay qoladilar, — debdi.
Qiz bu maslahatga ko‘nibdi. Ertasi tong otishi bilan yigitlarning hammasi non-choy ichishib bo‘lib, qizga:
— O‘rtoq, bir cho‘milib kelmaymizmi, o‘ynab ham kelamiz, — deyishibdi. Qiz rozi bo‘libdi. So‘ng hammasi cho‘milgani borishibdi. Daryoning qirg‘og‘ida hammasi yechinibdi. Qiz yechinmay turibdi. Qizning kuchugi daryoning narigi qirg‘og‘ida turib bir uvillabdi. Hech kimni ko‘rib bo‘lmaydigan tuman tushibdi. Qiz ham darrov yechinib, o‘zini suvga tashlabdi, bir sho‘ng‘ib suvdan chiqib, tezda kiyim-boshini kiyib olibdi. Yigitlar qizni birinchi sinovda bilolmabdilar, uni o‘g‘il bola ekan, deb shaharga qaytib kelibdilar.
Ertasi kuni yana yigitlar:
— Bu yigit emas, yigit bo‘lsa, bunchalik go‘zal bo‘lmaydi, buni yana sinab ko‘rmoq kerak, — deyishibdi.
Shunda bir yigit o‘rnidan turib:
— Biz bir dona egar, bir dona qo‘g‘irchoqni chiroyli qilib yasab, eshikning ikki tomoniga qo‘yaylik, agar u egarni olsa o‘g‘il bola, qo‘g‘irchoqni olsa qiz bola bo‘ladi, — debdi. Bu maslahat ham ularga ma’qul kelibdi. Ular juda chiroyli bitta mag‘or egar bilan bitta qo‘g‘irchoqni topib olib kelishibdi. Bularning bu harakatidan qizning kuchugi xabardor ekan, buni darrov qizga aytibdi.
Qiz ertasi kuni ichkari uyning eshigi orqasida egar bilan qo‘g‘irchoq turganini ko‘ribdi, lekin qo‘g‘irchoqning behad chiroyliligiga qaramasdan, darrov egarga qarabdi va yigitlarga qarab:
— Zap egar ekanmi, bizga bersalaringiz bo‘lar ekan, sotmaysizlarmi? — debdi.
Yigitlar bir-birlariga qarashib, o‘g‘il bola ekan, deb o‘ylashibdi.
— Mayli, sizga egar kerak bo‘lsa beraylik, — deyishibdi-da, egarni qizga berishibdi. Qiz egarni olib, ichkariga kirib o‘tiribdi.
Yigitlar uning o‘g‘il bola ekaniga ishonmasdan yana sinamoqchi bo‘lishibdi.
— Endi qanday qilib sinaymiz? — deyishibdi.
Yigitlardan biri turib:
— Endi buni shunday qilib sinaymiz: hammamiz bog‘da bittadan gul olib kelib, tunda o‘rnimizga qo‘yib yotamiz, qani, uning o‘rnidagi gul so‘lib qoladimi, yo‘qmi? Agar gul so‘lmagan bo‘lsa, o‘g‘il, so‘lib qolgan bo‘lsa, qiz bola bo‘lib chiqadi, — debdi. Qizning kuchugi ularning bu maslahatini ham eshitib olib, darrov qizga aytibdi:
— Opa, seni yigitlar yana sinashmoqchi, ular sen yotganingda tagingga gul tashlab qo‘yib, sinashmoqchi bo‘lishyapti. Gul tunda so‘lib qoladi, o‘sha vaqtda darrov menga gulni tashlaysan, men u gulni tashlab, ular qayerdan olgan bo‘lsalar, o‘sha yerdan senga boshqa yangi yashnab turgan gul olib kelib beraman.
Yigitlar kech kirgandan keyin bog‘ga kirib har bittasi bittadan gul uzib kelibdi. Yigitlar bilan kuchuk ham ergashib kirib, gulni qayerdan olganlarini bilib olibdi. Kechqurun hammasi tagiga gul tashlab yotibdi. Qiz sahar uyg‘onib gulni qarasa, gul so‘lib qolganmish, u gulni darrov kuchukka tashlabdi. Kuchuk gulni tishlab olib, o‘sha gulzorga borib, yangi ochilgan guldan olib kelib beribdi. Qiz gulni o‘zining tagiga tashlab yotibdi. Тong otib, yerga yorug‘ tushgach, yigitlarning har qaysisi o‘z gullarini ko‘rishibdi. Ular qarashsa, hammalarining guli sal-pal so‘lib qolibdi-yu, qizning guli kechqurun qanday bo‘lsa, erta bilan ham o‘shanday yashnab turgan emish. Yigitlar uning o‘g‘il bola ekaniga ishonishibdi.
Shunday qilib, qiz bu yerda bir necha kun turgandan keyin yigitlardan javob so‘rabdi. Yigitlar qizga olmurut shoxini topib berib, shundan keyingina unga javob berishibdi. Qiz esa olmurut shoxini olib, otini minib, kuchugini ergashtirib yo‘lga tushibdi. Yo‘lda bir necha kun yuribdi. Qiz o‘zining Zimzim shahriga borib, sog‘-salomat qaytib kelayotganiga suyunibdi. O‘zining yonida ergashib kelayotgan kuchugiga qarab:

O‘ynang, kuchugim, o‘ynang,
Zimzim shahriga borib,
Qiz bordim-u, qiz qaytdim.
O‘ynang, kuchugim, o‘ynang, —

deb kuchugini o‘ynatib ketayotganida, yo‘lda bir chol uchrabdi. U Zimzim shahriga ketayotgan ekan. Qizning bu so‘zlarini eshitib, hayron bo‘libdi. Chol shaharga yetganda, yigitlar hali uylariga kirib ket-magan ekanlar. Chol: bir otliq odam ketyapti, yonida kuchugi bor, kuchugiga:

O‘ynang, kuchugim, o‘ynang,
Zimzim shahriga borib,
Qiz bordim-u, qiz qaytdim.
O‘ynang, kuchugim, o‘ynang, —

deb, kuchugini o‘ynatib ketayotibdi, — debdi. Yigitlar esa uni sinab bilisha olmaganiga juda pushaymon bo‘libdilar.
Qiz esa yurtiga yetib boribdi. Borsa, otasi hali ham kasal ekan. Olmurut shoxini qaynatib, otasiga ichkizgandan keyin otasi tuzalib ketibdi. Shundan keyin ota-ona, opa-singil, hammasi sog‘-salomat yashab, murod-maqsadlariga yetgan ekanlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.