Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir kambag‘al dehqon bor ekan. Uning atigi bir tanobgina yeri bor ekan. Dehqon shu yerda kechayu kunduz tinmay mehnat qilib kun ko‘rar ekan. Bahor kelib qolibdi. Dehqon yer hayday boshlabdi. Yerni ikki marta haydab bo‘lib, yaqinidagi katta soyning bo‘yida salqinlab o‘tirsa, osmonda uchib ketayotgan bir laylak yiqilib tushibdi. Dehqon qarasa, laylakning qanoti siniq emish. Dehqon haligi laylakni darrov uyga olib borib, siniq qanotiga taxtakach bog‘lab bir qancha vaqt uni boqibdi. Laylak sog‘ayib, uchib ketibdi.
Bir kun dehqon chigit ekib yursa, laylak pastlab uchib o‘tibdi. Dehqon esa chigitni ekaveribdi. Biroq laylak yana pastlab o‘tibdi. Shu o‘tishda uch dona tarvuz urug‘i tashlab ketibdi.
Bir necha kundan keyin chigit bilai baravar tarvuz urug‘i ham unib chiqibdi. Ekinni vaqtida o‘tabdi, sug‘oribdi, chopibdi. Shunday qilib, hosilni yig‘adigan payt ham kelibdi. Bir kuni tarvuzdan uchtasini uzib, uyiga olib ketibdi. Tarvuzlar juda katta ekan. Dehqon o‘zining yaqin karindoshlarini va oshna-og‘aynilarini mehmon kilib chaqiribdi. Bir mahal tarvuzga pichoq ursa, pichoq sira botmas emish. Uni qo‘yib ikkinchisini so‘ymoqchi bo‘libdi, pichoq o‘tmabdi, uchinchisi ham shunday bo‘libdi. Dehqon ham, mehmonlar ham hayron bo‘lishibdi. Yerga bir urib yorib qarasalar ichi to‘la tilla emish. Qolgan ikkitasini ham yorib ko‘rishibdi. Ularning ichi ham tilla emish. Kambag‘al sevinib ketib, hammasini mehmonlarga ulashibdi, ular ham xursand bo‘lib, uy-uylariga tarqabdilar. Uch tup tarvuzning har biri o‘ntadan solgan ekan. Dehqon qolgan tarvuzlarni ham yig‘ib olibdi. Shunday qilib kambag‘al dehqon juda boyib ketibdi.
Uning bir boy dehqon qo‘shnisi bor ekan. U haligi kambag‘al dehqondan: «Sen nima qilib boyiding?» deb so‘rabdi.
Dehqon voqeani aytibdi: «Qo‘shni, mening yerimni o‘zingiz bilasiz. Erta bahordan yerni haydashga kirishdim. Bir kun charchab, soy bo‘yida salqinlab o‘tirsam, osmonda uchib ketayotgan bir laylak yiqilib tushdi. Qarasam bir qanoti singan ekan. Rahmim kelib, ko‘tarib uyga olib keldim. Qanotini taxtakach bilan bog‘lab, dori-darmon bilan parvarish qildim, boqdim. Laylak bir necha kundan keyin tamom sog‘ayib uchib ketdi. Kunlardan bir kun yer haydab bo‘lib, chigit ekib yursam, haligi laylak tepamdan uchib o‘tdi. Ishimni qilaverdim. Bir ozdan keyin laylak orqasiga qaytdi. Qaytishda pastlab uchib yerga uch dona tarvuz urug‘i tashlab o‘tdi. U urug‘lar yerdan unib chiqdi. Uni g‘o‘zalarim bilan baravar parvarish qila berdim. Tarvuzlarni so‘ysam, ichidan tilla chiqdi. Shunday qilib boyib ketdim», — debdi.
Buni eshitgan boy dehqon: «Zora men ham shunday oltinlarni qo‘lga kiritsam», deb soyga borib turibdi. Bir vaqt boy nariroqda bir laylakni ko‘ribdi. U sekin borib, poylab turib laylakning oyog‘iga tayoq otibdi. Laylakning oyog‘i sinib, ucholmay qolibdi. Boy darrov uni tutib, uyga olib kelibdi, oyog‘iga taxtakach bog‘lab, parvarish qilibdi. Bir necha kundan keyin laylakning oyog‘i tuzalib uchib ketibdi. Boy dehqon har kuni dalaga chiqib, laylakni kutaveribdi. Kunlarning birida uning tepasidan tanish laylak o‘ta turib ikki dona urug‘ tashlab ketibdi. Urug‘i ko‘karib chiqib tarvuz solibdi. Tarvuz pishishi bilan boy dehqon hamma qarindosh-urug‘ini mehmonga chaqiribdi. Tarvuzga pichoq urgan zamon ichidan katta-katta qovoq arilar chiqib, o‘tirganlarni talay boshlabdi. Boy tura solib ularni haydamoqchi bo‘lganda, arilar uni boshi demay, yuzi demay chaqib tashlayveribdi. Oradan sal o‘tgach, boyning kallasi, burni, lablari shishib ketibdi. Buning alamiga chidolmay, o‘zini katta suvga tashlab cho‘kib ketibdi.
Kambagal dehqon halollik bilan murodiga yetibdi, boy dehqon o‘z qilmishiga yarasha jazosini tortibdi.