Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st bo‘lgan ekan. Birining ismi Omon, ikkinchisining ismi Yomon ekan. Ularning ikkalasi ham oilali, bola-chaqali ekan.
Omon to‘g‘ri so‘z, kamtar, rahmdil ekan. Yomon esa, yolg‘onchi, baxil ekan, do‘sti Omonning baxtini hech ko‘rolmas ekan. Yomonning ko‘pdan beri Omonning xotiniga ko‘zi kuyib yurar ekan, Omonnnng xotini ham Yomon bilan qiziqib qolgan ekan Omonning esa bundan xabari yo‘q ekan.
Bir kuni qishda, Omon kechasi eshikka chiqsa, chorbog‘da, qorning ustida bitta handalak palagi dumalab yotgan ekan. Handalak palagi gullagan va hatto bittasi yetilgan ham ekan.
Omon hayron bo‘lib, ko‘rgan narsasini xotiniga kirib aytibdi. Xotini ham tashqariga chiqib, handalakni ko‘rib, eriga shunday debdi:
— Siz machitga borib, bu sirni odamlarga aytsangiz, ishonmaydilar. Shunda siz ular bilan shartlashing. Siz, albatta, yutasiz.
Omon ertalab machitga borib, ko‘rgan narsalarini odamlarga aytibdi. Odamlar ishonmabdilar. Omonning xotini eri machitga ketishi bilan darrov handalakni yulib olib, Yomonning uyiga boribdi. Handalakni unga berib, bo‘lgan voqealarni aytib beribdi,
Yomon ham darrov machitga boribdi. Machitda hamma Omonning gapidan hayron, "Qishda handalak yetilmaydi-ku, Omon ham yolg‘onchi ekan-da", deb turishgan ekan. Omon:
— Gapim rost, ishonmasanglar men bilan shartlashinglar, —debdi. Shu payt Yomon:
— Omon yolg‘on gapiryapti. Qishda ham handalak bo‘larkanmi? Omon bilan men shart o‘ynayman, — debdi.
Omonning achchig‘i kelibdi. Odamlar nimadan shart o‘ynar ekanlar, deb hayron bo‘lib qarab turibdilar.
Yomon shartni aytibdi:
— Agar chorbog‘ingda handalak palagi bo‘lmasa, men uyingga kirib, birinchi nimani ushlasam, o‘sha ushlagan narsam meniki bo‘ladi. Agar sening gaping rost bo‘lsa, sen menikiga borasan va birinchi ushlagan narsang seniki bo‘ladi. Boshqa ikkinchi narsani ushlash mumkin emas. Agar ochko‘zlik qilib, ikkinchi narsa ushlansa, o‘sha narsa bilan o‘lguncha urish.
Machitdagi odamlar Omonga uch soat vaqt beribdilar. Uch soatdan keyin hammalari uning uyiga borishga kelishibdilar. Omon kelib qarasa, uyidagi handalak palagi yo‘q emish. Omon xotinidan so‘rabdi. U bilmasligini aytibdi. Omon nima qilishini bilmay, xafa bo‘lib tursa, so‘rining tagidan itining mushuk bilan suhbatini eshitib qolibdi. Mushuk:
— Ey, do‘stim it, ko‘rdingmi xo‘jayinimiz juda xafa. U machitda shart o‘ynagan edi. Handalakni esa xotini Yomonnikiga olib borib bergan. "Sen kelib, birinchi bo‘lib meni ushlaysan", degan. Endi Yomon kelib xo‘jayinning xotinini birinchi ushlaydi va olib ketadi. Omon esa, yutqazib sharmanda bo‘ladi, — debdi. It:
— Ey mushukvoy, agar Omonning esi bo‘lsa, hozir xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yadi, Yomon kelib, shotining birinchi pog‘onasiga oyog‘ini qo‘yib, keyingilarini ushlaydi. Xo‘jayin esa, darrov Yomonni tortib tushirib, shotini birinchi pog‘onasini berib, qolgan pog‘onasi bilan uni uradi, — debdi.
Omon it bilan mushukning gaplarini eshitib, darhol xotinini yasantirib, tomga chiqarib qo‘yibdi va xotiniga:
— Men ruxsat berganimdagina pastga tushasan. Agar so‘roqsiz tushsang yoki qamirlasang, o‘ldiraman, — debdi.
Uch soat o‘tgandan keyin machitdagi kishilar bilan Yomon kelibdi. Kishilar qarashsa, handalak yo‘q ekan.
— Endi shartingni bajargin, — debdi kishilar Yomonga. U Omonning xotinini qidirib uyni qarasa yo‘q, tomning tepasida o‘tirgan emish. Yomon shoshilib darrov shotilarni ushlab tomga chiqa boshlabdi. Omon shotini tepib, Yomonni yiqitib yuboribdi. Odamlarga qarab:
— Nimaga Yomon ochko‘zlik qilib birinchi ushlagan narsasini olmay, boshqa narsalarni ushlaydi, — debdi Omon.
Shartga muvofiq Yomonga shotining birinchi ushlagan pog‘onasini shotidan sug‘urib qo‘liga beribdilar. "Ochko‘zlik qilganing uchun" deb Omon uni shotining boshqa pog‘onalari bilan rosa uribdi.
Omon odamlarga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Yomonni uyidagi handalakni olib kelib, kishilarga ko‘rsatibdi. Hamma Omonning qilgan ishidan quvonibdi. Yomonni esa haydab yuborishibdi.