OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Parishonxotir

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir parishonxotir odam bo‘lgan ekan. Bir kuni parishonxotir xotiniga:
— Ertaga saharda turib, sayilga boraman. Kiyimlarimni tayyorlab qo‘ygin, — debdi.
— Kelishda menga birorta sovg‘a olib keling, — deb iltimos qilibdi xotini.
Ertalab turgach, parishonxotir xotinini uyg‘otib so‘rabdi:
— Xotin, mening poxol qalpog‘im qaerda?
— Qoziqda, — debdi ko‘zi uyquda xotini. Ikkita qoziq bor ekan, bittasida uning qalpog‘i, ikkinchisida poxol savat osig‘liq turgan ekan. Parishonxotir "qalpog‘imni olaman" deb, poxol savatni olib, boshiga kiyib olibdi. Paypog‘ini ham qidirib topibdi va bir poyini o‘ng oyog‘iga kiyibdi, ikkinchi poyini pastda yotgan tayoqqa kiydiribdi. O‘ng oyog‘iga poxol sandali, chap oyog‘iga kovushini kiyib olibdi. O‘ziga-o‘zi "endi jo‘nasam ham bo‘ladi" deb o‘ylabdi. "Endi belimni bog‘lab olsam bo‘ldi" debdi.
— Xotin, tur, shohi belbog‘imni topib bergin, — deb qistabdi.
— Narigi uyda, qoziqqa ilib qo‘yilgan, — debdi xotini uyqu aralash.
Bir qoziqda uning belbog‘i, ikkinchisida xotinining ro‘moli bor ekan. Chorsimni olaman deb, xotinining ro‘molini olib boylabdi. Parishonxotir, "hech narsani esimdan chiqarmidimmikan" deb o‘ylab, "yo‘lda har xil odamlarga duch kelishim mumkin, xanjarni ham olishim kerak" deb xotinidan so‘rabdi:
— Hoy, xotin, xanjar joyida turibdimi?
— Ha, oshxonada osig‘liq turibdi, deb javob beribdi xotini.
Xanjarning yonida xotinining soyaboni osig‘liq turar ekan. "Xanjarni olaman" deb, xotinining soyabonini olibdi.
Keyin yo‘lga tushibdi. Yo‘lda duch kelgan barcha odamlar uni masxaralashibdi. "Toza tentak ekan, qalpoq o‘rniga poxol savat kiyib olibdi" deb orqasidan kulib kelaverishibdi. Parishonxotir ham "kim boshiga poxol kiygan, qani o‘sha tentak?" deb atrofdan qidira boshlabdi. Orqasiga qarasa, bir gala odamlar "zo‘r qalpog‘i bor ekanmi?" deb o‘zini ko‘rsatishayotganmish. Qo‘li bilan paypaslab ushlab ko‘rsa, qalpoq o‘rniga poxol savat kiyib olgan ekan. Achchig‘i chiqib, poxol savatni shartta olib yerga uribdi va orqasiga qaramay ketaveribdi. Nariroqqa borganida orqasidan odamlarning "voy tentak-ey, bir oyog‘iga poxol sandal, ikkinchisiga kovush kiyib olibdi-ya", deb kulishayotganlarini eshitib qolibdi. Parishonxotir indamay ularni ham yechib ketaveribdi. Saldan keyin bir yo‘lovchi to‘xtatib undan so‘rabdi:
— Birodar, nega bir oyog‘ingizga paypoq kiyib oldingiz?
Parishonxotir qarasa, uning gapi to‘g‘ri ekan. Jahli chiqib, bir poy paypog‘ini ham yechib tashlabdi. Yo‘lda sholipoyaga to‘g‘ri kelibdi. Dehqon sholi o‘rayotgan ekan, uni ko‘rib:
— Nega shunday issiq havoda bosh-yalang yuribsan? Hech bo‘lmasa, soyaboningni tutib olsang-chi, — debdi.
— Agar soyabonim bo‘lganida, sen aytmasang ham, o‘zim tutib olgan bo‘lardim, — debdi parishonxotir.
— Belingga qistirib olganing nima, unda? — deb so‘rabdi dehqon.
Parishonxotir qarasa, belida xotinining ro‘moli, soyaboni emish. Alam bilan ro‘molni olib irg‘itibdi, soyabonni esa tizzasiga bir urib sindiribdi. U xafa bo‘lib uyiga qayta boshlabdi. Bu ishlarning hammasiga xotinim aybdor, uyga borgach, rosa adabini beraman, deb kelaveribdi.
U o‘zining qishlog‘iga yetib kelgach, o‘zimning uyim deb o‘ylab qo‘shnisinikiga kirib baqirib ketibdi:
— Ahmoq, sening kasofatingga sayilga ham borolmadim. Sen meni hammaga kulgi qilding!
— Ey qo‘shni, es-hushingizni yig‘ib oling. Men sizga nima yomonlik qildim? — deb qo‘shnisi turgan emish.
U qo‘shnisini urushayotganini ko‘rib, tezda unikidan chiqib ketibdi. Shunda choyfurush o‘tib ketayotgan ekan, undan bir quti choy sotib olibdi. Men qo‘shnimni bekordan-bekorga urushib berdim, endi shu choyni unga kirgizib beray, deb o‘ylab, choyni olib, Qo‘shnisinikiga kirib:
— Meni kechiring, sizni xafa qilganim uchun. Shuning uchun sizga choy olib keldim, — debdi.
— Qachon meni xafa qilgan edingiz? Sayildan muncha tez qaytdingiz? — deb xotini so‘rab turgan emish. Parishonxotir qo‘shnisinikiga kiraman deb, bu safar o‘z uyiga kirib qolgan ekan. Shunda parishonxotir darrov o‘zini tutib olib, xotiniga:
— Xotin, senga sovg‘aga bir quti choy olib keldim. Bitta yaxshilab choy damlagin, ichaylik, — debdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.