Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, toshbaqa tarozbon ekan, qurbaqa undan qarzdor ekan.
Qadim zamonlarda ajoyib bir shahar bor ekan. Unga hech qanaqa yov tegolmagani uchun bu shaharni Тinch shahar deb atashar ekan. Podshoh shaharni yovdan qo‘riqlash uchun hisobsiz lashkar, pahlavonlar saqlar ekan. Pahlavonlar orasida Qahramon degan bir yigitning dong‘i olamga tarqalgan ekan. Qahramon pahlavonlar ichida eng kichigi ham eng botiri va kuchlisi ekan.
Тinch shaharga yov hujum qilib kelsa, Qahramonning bir hamlasi bilan tumtaraqay bo‘lib ketar ekan. Shuning uchun xalq Qahramonni juda hurmat qilar ekan.
Kunlardan bir kuni Тinch shahar podshosiga uzoq mamlakat podshohi Zabun shohdan chopar noma keltiribdi. Podshoh nomani o‘qibdi: “Men kim Zabun, Siz ulug‘ martabali shohga ma’lum qila-manki, mening shahrimda uch kundirki, noma’lum bir dev paydo bo‘lib, butun pahlavonlarimni qirib tashladi. Endi tinch xalqni qirayotibdi. Siz o‘z zabardast pahlavonlaringizni yuborib, meni va xalqimni bu balodan qutqarsangiz, deb iltimos qiluvchi, Zabunshoh”.
Podshoh vazirlarini, lashkarboshlarini va atoqli pahlavonlarini maslahat uchun saroyga chaqiribdi, nomani hammaga eshittiribdi.
Keyin pahlavonlarga qarab: “Zabunshohga yordam berishga kim talabgor?” deb so‘rabdi. Pahlavonlardan ovoz chiqmabdi. Shoh yana qaytarib so‘rabdi. Yana hech kim indamabdi. Podshoh g‘azab bilan uchinchi marta so‘rabdi. Shunda Qahramon o‘rnidan irg‘ib turib, ta’zim bilan javob beribdi:
— Shohim, avvalgi ikki marta so‘raganingizda bu yerda o‘tirgan, mendan yoshi ulug‘ polvonlar javob berarmikan deb, odob yuzasidan jim turdim, ammo hech kim g‘ing demadi, uchinchi marta so‘raganingizda g‘ayratimga chidolmay o‘rnimdan turdim. Agar loyiq topsangiz, menga ijozat bering, noma’lum dev bilan olishib, o‘z kuchimni va toleyimni bir sinab ko‘rsam.
Podshoh ijozat beribdi. Qahramon saroydan chiqib, safar jabduqlarini hozirlashga kirishibdi. Aslaha-yarog‘larini qirq karkidonga ortibdi, o‘zi katta bir karkidonga minib, yo‘lga ravona bo‘libdi.
Qahramon kecha-yu kunduz yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, cho‘lma-cho‘l, tog‘ma-tog‘ yurib, bir baland tog‘ga yetib kelibdi. Dam olay deb karkidondan tushibdi. U yoq-bu yoqni tomosha qilibdi. Bir g‘orga ro‘para kelib qolibdi. Qarasa, g‘orga uzun yo‘l tushgan ekan. Qahramon hayron bo‘lib: “Bu qanaqa yer ekan?” deb o‘ylab qolibdi. Keyin: “Ha, mayli, nima bo‘lsa bo‘lar, tavakkal”, deb g‘orning ichiga kirib ketibdi. Qarasa, ro‘parasida bir temir darvoza turganmish. Darvozaning o‘rtasida Qahramonning nomi yozilgan. Qahramon hayron bo‘libdi. Zo‘r bilan temir darvozani ochib ichkariga kiribdi. Qarasa, ichkarida bo‘yinlariga yo‘g‘on zanjir osilgan o‘n ikki dev yotgan emish.
— Sizlarni kim bandi qildi? — deb so‘rabdi Qahramon. Devlarning orasida Sanggi degan bir barvasta dev bor ekan, hamma devlar ichida eng zo‘ri o‘sha dev ekan. Sanggi dev:
— Bizni sening Sakvon degan bobong band etib, taslim qilib ketgan, — deb javob beribdi.
Qahramon Sanggi devdan bu gapni eshitib, devlarning bo‘ynidan bandlarini uzib tashlabdi. Ularni ozod qilibdi. Devlar xursand bo‘lib, Qahramondan “Qayoqqa ketyapsan” deb so‘rabdilar. Qahramon noma’lum dev bilan olishishga ketayotganini aytibdi. Sanggi dev Qahramonga qarab:
— Sen bizni banddan ozod qilding. Endi biz o‘n ikki dev xizmatingda bo‘lamiz, noma’lum devni yo‘q qilishga yordamlashamiz, — debdi.
Qahramon ularni yoniga olib, yo‘lga ravona bo‘libdi.
Qahramon yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oxiri Zabunshohning shahriga yetibdi. Qahramon yonidagi devlarga qarab:
— Har bittang shaharning har tomonidan na’ra tortib kirasan. Noma’lum dev kimning qo‘liga tushsa o‘ldirmasdan, Zabunshohga olib borib topshirsin! — debdi.
Devlar o‘n ikki tomondan hujum qilib, shaharga kiribdilar. Qahramon bo‘lsa, shaharning katta temir darvozasini dast ko‘tarib, irg‘itib tashlabdi, hayqirib shaharga kiribdi.
Noma’lum dev bu na’ralarni eshitib, darhol devlarning oldiga yetib kelibdi. Ular bilan jang qila boshlabdi. Uzoq olishgandan keyin, oxiri o‘n bir devni yarador qilibdi. Yaralanmagan yolg‘iz Sanggi dev qolibdi. Noma’lum dev Sanggi dev bilan olishib turganda, Qahramon yetib kelibdi. Noma’lum dev Qahramonning ovozini eshitib, Sanggi dev bilan olishishni qo‘yib, unga hamla qila ketibdi. Ikkalasi gurzibozlik qilishibdi.
Jang ajrim bo‘lmabdi. Keyin nayzabozlik qilishibdi. Yana jang bir yoqli bo‘lmabdi. Shu zayilda yetti kecha-yetti kunduz dam olmay, harb-u zarb qilishib, oxiri gal qilichbozlikka kelibdi. Qilichbozlik qilisha-qilisha oxiri Qahramonning qilichi noma’lum devning o‘ng jimjilog‘ini uzib tashlabdi. Noma’lum dev Qahramondan sog‘ qutulmasligiga ko‘zi yetib, afsus bilan darrov ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketibdi.
Qahramon o‘z raqibining birdan g‘oyib bo‘lganini ko‘rib juda hayron bo‘libdi. Keyin Sanggi devga:
— Тezda o‘n bir devni olib, noma’lum devni qayerdan bo‘lsa ham topib kel, men Zabunshoh saroyida bo‘laman, — deb buyruq qilibdi, o‘zi Zabunshoh saroyiga qarab jo‘nabdi. Sanggi dev bo‘lsa, yoniga o‘n bir devni olib, noma’lum devni axtarib ketibdi.
Noma’lum devning ovozi o‘chganini va Qahramonning o‘z saroyiga kelayotganini bilgan Zabunshoh karnay-surnay chaldirib, Qahramonni tantana bilan kutib olibdi. Keyin Qahramonning sharafiga yetti kecha-yu yetti kunduz el-u yurtga to‘y beribdi.
Bular shu yerda to‘y qilib tura tursin, ikki og‘iz gapni Sanggi devdan eshiting:
Sanggi dev o‘z sheriklari bilan noma’lum devni qidirib, bormagan yeri, qadam qo‘ymagan manzili qolmabdi. Sanggi dev o‘n bir kecha-yu o‘n bir kunduz noma’lum devni axtarib, topolmabdi. Axiri noiloj Qahramonning oldiga kelib: “Noma’lum devni topolmadik”, debdi. Qahramon bu xabarni eshitib, xafa bo‘libdi. Keyin Zabunshohga:
— Bu dom-u daraksiz bo‘lib ketgan dev qanaqa dev edi? Nima uchun u sizning shahringizni vayron qildi?— deb so‘rabdi. Zabunshoh:
— Bu devning nomi Akvon. U juda zabardast, makkor va zolim bir dev. U bir kuni menga sovchi yuborib: “Qizi malika Zubayda Zulfiqorani menga bersin, unasa-unagani, unamasa xalqini qiraman, shahrini vayron qilaman, o‘zini o‘ldiraman, qizini asir olaman”, debdi. Men: “Akvon dev odamzod emas, shuning uchun qizim Zubayda Zulfiqorani unga bermayman”, deb sovchilarni jo‘natib yubordim. Shundan keyin Akvonning g‘azabi kelib, shahrimga yurish qildi.
Qahramon bu so‘zlarni eshitib hayron bo‘libdi va: “Shahringizga hujum qilgan Akvon dev ekan, nega bo‘lmasa bizga yuborgan xatingizda uning nomini yashirib, noma’lum dev deb yozdingiz”, deb so‘rabdi. Zabunshoh:
— Bunday qilganimga sabab shuki, agar Akvon devning nomini yozsam, uni eshitgan polvonlar qo‘rqib, menga yordam berishga kelmaydi, deb o‘yladim, — deb javob beribdi. Keyin Zabunshoh:
— Bizni o‘limdan qutqarding, sendan juda minnatdormiz, barakalla, — debdi.
Shundan keyin Zabunshoh Qahramonning sharafiga qirq kecha-yu qirq kunduz karnay-surnay chaldirib, yurtga tomosha qilib beribdi.
Тo‘ydan keyin Qahramon Zabunshohga: “Meni juda siyladingiz. Meni deb qirq kecha-yu qirq kunduz yurtga to‘y berdingiz, men juda xursandman, ammo o‘z yurtimni sog‘indim, agar ruxsat bersangiz, endi o‘z shahrimga ketsam”, debdi.
Zabunshoh Qahramondan: “Yana bir necha kun turing”, deb iltimos qilibdi, ammo Qahramon unamabdi. Oxiri noiloj javob berib, behisob sovg‘alar, izzat-u ikromlar bilan Qahramonni o‘z yurtiga jo‘natibdi.
Qahramon sovg‘alarni karkidonlarga ortib, karkidoniga minib, kechasi salqinda shahrim qaydasan, deb yo‘lga ravona bo‘libdi.
Bir vaqt Qahramon shahardan chiqib, tog‘ning etagiga yetgan ekan, orqasidan “Тo‘xta, Qahramon!” degan ovoz eshitilibdi. Qahramon karkidonini to‘xtatib, orqasiga qayrilib qarasa, niqobdor bir odam kelayotgan emish. Qahramon uni ko‘rib, yana biror dushman bo‘lmasin, deb qilichini g‘ilofidan sug‘urib, jangga hozirlanib turibdi. Bir vaqt niqobdor Qahramonning oldiga yetib kelib, yuzidan niqobini olsa, kecha kunduzga aylanib ketibdi. Qahramon qarasa, qarshisida moh tal’atli ajoyib bir yigit turibdi. Qahramon yosh yigitning husniga qoyil qolib so‘rabdi: “Go‘zal yigit, kimsan? Nima uchun meni to‘xtatding? Menda nima ishing bor?” Niqobdor: ”Qahramon, men Zabunshohning qizi Zubayda Zulfiqoraman. Sening botirliging, mardligingga qoyil qoldik. Endi sendan bir iltimosim bor: dushman tirik bo‘lsa, hamma vaqt dushmanlik qilaveradi, dushmandan qutulmoq uchun uni o‘ldirish, yo‘q qilish kerak. Shuning uchun sen avval, qayerda bo‘lmasin, Akvon devni topib o‘ldirsang”, debdi.
Zubayda Zulfiqoraning bu iltimosi Qahramonga ma’qul bo‘libdi. U Zulfiqoraga:
— Men shu soatdan boshlab Akvon devning payiga tushaman. Yetti qavat yerning tagiga kirib ketsa ham topaman, to uning kallasini olmaguncha, kelmayman, — debdi.
Shunday qilib, ikkalasi maslahatni bir yerga qo‘yib, tong bilan shaharga qaytishibdi. Zubayda Zulfiqora o‘z ko‘shkiga ketibdi. Qahramon bo‘lsa, Zabunshohning saroyiga boribdi.
Zabunshoh Qahramonning qaytib kelganini ko‘rib, juda xursand bo‘libdi. Ammo Qahramon nima uchun qaytib kelganini Zabunshohga bildirmabdi:
— Iloji bo‘lsa, jami qur’achilaringizni yig‘dirib, qur’a ochdirsangiz, Akvon dev qayoqqa qochganini menga bilib bersalar, — debdi. Zabunshoh qur’achilarni chaqirib, qur’a ochdiribdi. Qur’achilar Akvon devning yetti zulmat daryosining nariyog‘idagi Qavs degan bir shaharga o‘tib ketganidan xabar beribdilar. Qahramon qur’achilardan:
— Bu yetti zulmat daryosidan qanday qilib o‘tib bo‘ladi, — deb so‘rabdi. Qur’achilardan biri:
— Yetti zulmat daryosidan o‘tishning hech iloji yo‘q, ammo semurg‘ degan bir qush bor, faqat o‘shagina olib o‘ta oladi. Lekin semurg‘ni bu ishga hech kim ko‘ndira olmaydi, — deb javob beribdi. Qahramon:
— Semurg‘ning uyasi qayerda? — deb so‘rabdi. Qur’achilar:
— Shaharning chekkasida bir yuz yetmish yoshga kirgan bir mo‘ysafid bor. O‘shandan borib so‘rasang, aytib beradi, — debdilar. Qahramon saroydan chiqib, to‘g‘ri o‘sha mo‘ysafidning oldiga borib, muddaosini aytibdi. Chol Qahramonga semurg‘ning yashash yerini aytib:
— Semurg‘ har yili bola ochadi, ammo har yili uning bolalarini bir ajdar kelib yeb ketadi. Agarda sen o‘sha ajdarni o‘ldirib, semurg‘ning bolalarini o‘limdan qutqarsang, semurg‘ ham yetti zulmatdan seni o‘tkazib qo‘yadi, — debdi.
Qahramon choldan bu so‘zlarni eshitib, yarog‘-aslahalarini taqib semurg‘ uya solgan manzilga qarab ravona bo‘libdi.
Qahramon yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oxiri katta bir tog‘ga yetibdi. Тog‘ juda baland ekan, uning cho‘qqisida bir katta chinor bor ekan, semurg‘ning uyasi o‘sha chinorning uchida ekan. Semurg‘ bir oy, bir yarim oy yo‘q bo‘lib ketib, bolalariga ovqat yig‘ib kelar ekan. Xuddi ana shunday semurg‘ uyida bo‘lmagan vaqtlarida ajdar uning bolalarini yeb ketar ekan.
Qahramon tog‘ga chiqibdi. Chinorning yoniga kelib, semurg‘ning uyasiga ko‘z solibdi. Semurg‘ bolalari ajdarning kelishidan qo‘rqib, yig‘lab turishgan ekan. Qahramon atrofni qarab chiqib, hali ajdardan darak yo‘qligini bilibdi va “Hoynahoy ajdar yaqinda kelsa kerak”, deb chinorning yaqinidan bir choh qazib, ichiga tushib, ajdarni poylab yotibdi.
Bir vaqt uzoqdan bir narsa daryoga o‘xshab, yaltirab ko‘rinibdi. Bu ajdar ekan. U pishqirib og‘zidan o‘tlar sochib, yaqinlasha boshlabdi. Uni ko‘rib semurg‘ bolalari chirqillashib, qaltirashib, onalarini yo‘qlay boshlabdilar.
Qahramon ajdar kelayotganini bilibdi.
Qahramon o‘q-kamonini tayyorlab kutib turibdi. Bir vaqt ajdar yetib kelib, chinorga tirmashib chiqa boshlabdi. U semurg‘ning bolalariga yaqinlashib, endi yeyman deb qo‘lini cho‘zgan paytda, Qahramon kamondan ketma-ket ikki o‘q uzibdi. Ikki o‘q g‘izillab borib ajdarning ikki qo‘lidan teshib o‘tib chinorga qadalibdi. Ajdarning qo‘llari chinorga mixlanib qolibdi. Ajdar og‘zidan o‘t sochib, to‘rt oyog‘i bilan harakat qilgan ekan, Qahramon kamondan yana ketma-ket to‘rtta o‘qni bo‘shatib, oyog‘ini ham chinorga taqa-taq mixlab tashlabdi. Shundan keyin g‘azablangan ajdar semurg‘ bolalarini damiga tortgani og‘zini ochibdi. Qahramon kamondan ustma-ust yettita o‘qni bo‘shatib, ajdarning boshini ham chinorga mixlabdi. Miyasidan yetti o‘q teshib o‘tgan ajdar semurg‘ bolalarining qarshisida xuddi daraxtga kerib qo‘yilgan mol terisiday bo‘lib o‘lib qolibdi.
Semurg‘ bolalari ajdarning bunday holga tushganiga hayron bo‘lishib: “Bizga bunday yaxshilik qilgan kim ekan?”— deb uyalaridan boshlarini chiqarib qarasalar, bir odamzod kamonini bo‘yniga ilayotgan emish, semurg‘ bolalari: “Ajdarni o‘ldirib, bizni o‘limdan qutqargan shu odamzod bo‘lsa kerak”, deb Qahramonni o‘z yonlariga chaqiribdilar. Qahramon semurg‘ bolalarining oldiga chiqibdi. Semurg‘ bolalari Qahramonning mardligiga qoyil qolib: “Ey odamzod, ajdarni o‘ldirib, bizni o‘limdan qutqarishdan maqsading nima?”—deb so‘rabdilar. Qahramon semurg‘ bolalariga o‘z boshidan kechirgan voqealarni birma-bir aytib beribdi. Keyin: “Mening sizlarga qilgan bu yaxshiligim uchun semurg‘ meni yetti zulmatdan o‘tkazib qo‘yarmikan?” deb so‘rabdi. Semurg‘ bolalari:
— Albatta, o‘tkazib qo‘yadi. Agar onamiz unamasa, biz o‘zimiz birinchi marta qanot chiqarib uchganimizda seni o‘tkazib qo‘yamiz, — deb javob beribdilar. Shunday qilib, maslahatni bir yerga qo‘yib, semurg‘ning kelar vaqtini kutibdilar.
Bir kun havo bulut bo‘lib, bo‘ron turib, chaqmoq chaqib, jala quyib hamma yoq to‘s-to‘polon bo‘libdi. Qahramon: “Bu nima gap?” deb so‘rabdi. Semurg‘ bolalari:
— Qo‘rqma, nafasidan bo‘ron qo‘zg‘alib, ohidan chaqmoq chaqilib, ko‘z yoshidan jala quyilib onamiz kelayotibdi, — deb javob beribdilar. Keyin: “Onamiz yonimizda odamzod turganini ko‘rib, birdan darg‘azab bo‘lmasin”, deb Qahramonni qanotlarining ostiga yashirib qo‘yibdilar.
Bir vaqt semurg‘ yetib kelibdi. Qarasa, bolalari tirik, ajdar o‘lib yotibdi. Bu ahvolni ko‘rgach, juda xursand bo‘lib ketibdi. Keyin bolalaridan: “Ajdarni kim o‘ldirdi?” deb so‘rabdi. Bolalari:
— Bir qoshiq qonimizdan kechsang aytamiz, — debdilar.
Semurg‘: “Kechdim, aytinglar”, debdi. Semurg‘ bolalari qanotlari ostidagi Qahramonni chiqarib: “Ajdarni o‘ldirib, bizni o‘limdan qutqargan Qahramon mana”, deb onalariga ko‘rsatibdilar, Qahramon o‘z qarshisidagi qanotlari yuz gaz, oyoqlari qirq gaz, bo‘yi o‘n gaz bahaybat qushni ko‘rib, birdan kayfi uchib ketibdi. Semurg‘:
— Qo‘rqma, bolalarimga qilgan yaxshiliging uchun rahmat senga, tila tilagingni, — debdi. Qahramon:
— Meni yetti zulmatdan o‘tkazib qo‘yishingizni so‘rayman, — debdi.
Semurg‘:
— Juda qiyin bir ishni so‘rading, mayli, shu ikki bolamni o‘limdan qutqarganing uchun seni yetti zulmatdan o‘tkazib qo‘yaman. Bo‘lmasa, sen ikki oyga yetarli ovqat va suv tayyorla, yetti kundan keyin yo‘lga tushamiz, — debdi.
Qahramon yetti kun ichida ikki oylik oziq-ovqat va suv hozirlab, semurg‘ning oldiga olib kelibdi. Ularni semurg‘ning ustiga ortibdi. Semurg‘ bolalari bilan xayrlashib, ustiga Qahramonni mindirib, Qavs shahriga qarab uchibdi.
Semurg‘ Qahramonni zulmat ichiga olib kirib ketibdi. Qahramon ikki oy ichida bir marta ham yorug‘lik ko‘rmabdi. Pastga qarasa, suv; osmonga qarasa, zulmat. Qahramon yo‘l-yo‘lakay semurg‘ga o‘ng yoniga qarasa — ovqat, chap yoniga qarasa — suv berib boribdi. Ovqat, suv endi tugay deganda, yorug‘likka chiqibdi. Qahramon pastga qarasa, katta bir shahar ko‘rinibdi. Semurg‘:
— Ana, Qavs shahriga yetdik,— deb pastga tushib, shahardan tashqariroq bir yerga qo‘nibdi.
Bu shaharning yeri po‘latdan ekan. Shaharning sirini bilmagan odam yurolmas ekan. Chunki Akvon bu yerga ko‘chib kelgandan keyin, hoynahoy, Qahramon izlab kelib, meni qo‘ymaydi deb, shahar atrofini tilsimlangan po‘lat sim bilan o‘rab qo‘ygan ekan. Bu tilsimlarga kimda-kim tegib ketsa, ular darrov ovoz chiqarib, Akvon devni ogohlantirar ekan.
Qahramon semurg‘ning ustidan tushib, shaharga yaqinlashibdi. Bilmasdan simga tegib ketibdi. Birdan simlardan ovoz ko‘tarilib, shahar ichidan katta-katta barzangi devlar chiqib, Qahramonga hamla qila boshlabdilar. Qahramon ham qo‘liga qilichini olib, jangga kirib ketibdi.
Semurg‘ qarasa, Qahramonning yolg‘iz o‘zi mingtacha dev bilan jang qilayotibdi. Semurg‘ “Qahramon yolg‘iz, devlar ko‘p, agar Qahramonga yordam bermasam, devlar ko‘plik qilib ketar”, deb tezda tog‘ga uchib borib, tog‘dan katta-katta toshlarni ko‘chirib kelib, devlarning ustiga yog‘dira boshlabdi. Devlarning ko‘pi shu zamoniyoq til tortmay o‘libdi. Тirik qolganlari tum-taraqay bo‘lib, har tomonga qochibdi. Qahramon bo‘lsa, devlarni tutday to‘kibdi. Bir vaqt qarasa, bularning ichida Akvon dev yo‘q. Qahramon devlarning qonidan kechib yurib, Akvon devni qidira boshlabdi. Oxiri uni bir g‘orda bir to‘da devlar bilan ichkilik ichib, bazm qilib o‘tirgan holda topibdi. Akvon dev noiloj Qahramon bilan jangga tushibdi. Ikkalasi qirq kecha-yu qirq kunduz dam olmay jang qilibdi, oxiri Qahramon Akvonning tinkasini quritibdi, kallasini qilich bilan shartta kesib, katta bir qanorga solibdi. Keyin qanorni orqalaganicha semurg‘ning oldiga yetib kelibdi. Semurg‘ yana Qahramonni orqasiga mindirib, osmonga ko‘tarilibdi; yetti zulmatdan o‘tib Zabunshohning shahriga kelib qo‘nibdi. Qahramon semurg‘ga ko‘p rahmatlar aytib, xayrlashib, Akvonning kallasi solingan qanorni orqalab, shahar ichiga kirib ketibdi. Semurg‘ esa, bolalarining oldiga qaytibdi.
Qahramon to‘g‘ri Zabunshohning saroyiga yo‘l olibdi. “Qahramon Akvon devni o‘ldirib, boshini olib kelibdi”, degan gap bir pasda butun shaharga tarqalib ketibdi. Bu gap hash-pash demay Zubayda Zulfiqora va Zabunshohning qulog‘iga ham borib yetibdi. Shundan keyin Zubayda Zulfiqora o‘z kanizaklari, Zabunshoh o‘z vazir-vuzarolari bilan katta tantanalar bilan Qahramonni kutib olibdilar.
Qahramon bir necha kun saroyda dam olibdi. Keyin Zabunshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, Zubayda Zulfiqorani Qahramonga beribdi.
Zabunshoh Тinch shaharning podshohi va uning polvonlarini ham to‘yga chaqiribdi. Hamma Qahramonga ofarinlar aytibdi.
Тinch shaharning podshohi xushvaqt bo‘lib, polvonlari bilan o‘z shahriga jo‘nabdi.
Qahramon Zubayda Zulfiqora bilan uzoq yillar yashab, murod-u maqsadiga yetibdi.