Burungi zamonda Husayn Boyqaro degan podsho yashagan ekan. U vaziri Sheraliga:
— Qaysi yerda chivin bo‘lmaydi? — deb savol beribdi. Sherali o‘ylanmasdan:
— Odam yo‘q yerda chivin bo‘lmaydi, — deb javob beribdi.
Shunday qilib, bular ikkisi otga minib, odam yo‘q yerlarni qidirib ketishibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib bir sahroga chiqishibdi. Shu yerda bir oz dam olmoqchi bo‘lib o‘tirishibdi.
Sherali choy qaynatibdi, ikkisi choy ichib o‘tirgan vaqtida bir chivin "viz" etib Husayn Boyqaroning piyolasi yonidan o‘tib, etagiga qo‘nibdi. Husayn Boyqaro aytibdi:
— Sherali, odam yo‘q yerda chivin bo‘lmaydi degan eding, mana bu yerda chivin uchib yuribdi-ku, — debdi. Sherali:
— Ha, siz bilan biz odam emasmizmi? — deb javob beribdi. Husayn Boyqaro Sheraliga kissasidan ming tilla chiqarib berib:
— Barakalla, yengding meni, — debdi.