Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podshoning qizi bor ekan. U vazirning Qorasochxon degan go‘zal qizi bilan birga maktabda o‘qir ekan. Podshoning qizi uncha chiroyli emas ekan. Kunlardan bir kuni o‘rtoqlari o‘rtasida “Podshoning qizi chiroylimi yoki vazirning qizimi”, degan tortishuv bo‘libdi, oxirida “Vazirning qizi chiroyli”, degan natijaga kelib-dilar. Buni eshitgan podshoning qizi uyiga qaytganda otasiga yig‘lab:
— O‘rtoqlarim meni “Sen Qorasochxondan xunuksan”, deb uyaltirdilar, — debdi. Podsho g‘azabga kelib, Qorasochxonning otasini chaqirtiribdi:
— Qizing mening qizimni o‘rtoqlarining oldida uyaltiribdi, endi qizingni jallodga topshir! — debdi. Vazir:
— Ey, podshohi olam, bitta-yu bitta qizimni o‘ldirmasligingizni so‘rayman. Agar siz uni menga topshirsangiz, bu yerdan jo‘natib yuboraman, yosh narsa bekorga nobud bo‘lmasin, — deb podshoning oyog‘iga bosh urib yig‘lab iltimos qilibdi. Vazir yalinib iltimos qilgandan keyin podsho Qorasochxonni mamlakatdan chiqarib yuborishga ruxsat beribdi.
Vazir bir oyga yetadigan ovqat bilan qizini sandiqqa solibdi. Shu bilan birga, sandiqning ichini tilla va turli qimmatbaho toshlar bilan to‘latibdi.
Vazir sandiqni xalq to‘plangan joyga — bozorga olib chiqib:
— Kim shu sandiqni yuz tillaga sotib oladi? — debdi.
Hech kim sandiq ichida nima borligini bilmabdi.
Ba’zilar qimmatbaho mol bordir deb, boshqalari hech narsa yo‘q, faqat tosh to‘ldirib kelgandir, deb o‘ylabdilar.
Savdogarlar o‘ylab sandiqqa xaridor bo‘libdilar. Axiri to‘plangan xalq ichidan oyoqyalang, sochlari o‘sib qoshiga tushgan, churik kiyim kiygan bir kishi chiqib:
— Men o‘n yildan beri suvchilik qilib, shu hunarim orqasidan topgan pulim yuz tilla edi, shunga sandiqni ola qolay. Mayli, tavakkal, — debdi. Bunga hech kim ishonmabdi. “Bu jinni bo‘lib qolgan kishiga o‘xshaydi”, deb suvchini itarib tashlab, sandiq oldiga yo‘latmabdilar. Lekin suvchi sandiq egasiga yuz tilla sanab berib, sandiqni olib chiqib ketibdi.
Suvchi o‘zining turadigan joyiga borib sandiqni ochib qarasa, unda bir xushsurat qizni ko‘ribdi, sevinib, u bilan uch-to‘rt kun yashabdi, yana uni sandiqqa solib, Bag‘dod shahriga, onasiga yuboribdi.
Suvchining onasi Bag‘dod shahrida o‘g‘li yuborgan sovg‘alar bilan hayot kechirar ekan. Ona o‘g‘lidan ko‘pdan beri darak yo‘qligiga va hech narsa kelmaganligiga juda xafa bo‘lib yurgan vaqtida bir odam o‘g‘lidan sandiqni sovg‘a qilib olib kelibdi. Sandiq ichidan Qorasochxon chiqib, kampirga qulluq qilibdi. Kampir uning kimligini so‘rabdi. Qiz bo‘lgan voqeani aytib, unga kelin bo‘lganini bildiribdi.
Kampir sevinib, Qorasochxonni yaxshi kutib olibdi.
Qorasochxon bir necha vaqt o‘z qaynonasi bilan umr kechiribdi. O‘zi birga olib kelgan qimmatbaho toshlarni va tillalarni sarflabdi. Avval u kampirning yiqilib ketay deb turgan uylari o‘rniga to‘rt qavatli ark soldiribdi. Bu arkni qurishda ba’zan o‘zi loyga tushib, binokorlarga yordam beribdi. Ark tez kunda bitibdi. Arkni qurish vaqtida ustalardan Usta Olim degan kishi Qorasochxonni yoqtirib qolibdi.
Ark bitgach, Qorasochxon usta va mardikorlarga pul berganda Usta Olim pul olmay ketibdi va bir necha kundan keyin Qorasochxonga sovchi yuboribdi. Qorasochxon sovchilarga eri borligini aytibdi va Usta Olimga tegmabdi.
Qorasochxonga qasd bo‘lib qolgan Usta Olim Bag‘dod shahridan suvchining oldiga borib:
— Sen qanday yuzsiz insonsan! Sening onangga yuborgan sovg‘ang bir buzuq xotin ekan. U Bag‘dod shahridagi kishilarga isnod keltirdi. Yomonlik bilan nom chiqardi. U buzuqlikdan topgan puliga to‘rt qavatli ark soldirdi va o‘zi shu arkda Bag‘dodning yigitlari bilan aysh-ishrat qilmoqda, — debdi.
Bu shum xabarni eshitgan suvchi haddan tashqari g‘azablanib, Bag‘dodga borishga va Qorasochxonni o‘ldirishga shoshilibdi. Bag‘dodga kelgan suvchi o‘z hovlisida qurilgan katta bir arkni ko‘rib, o‘zi eshitgan xabarning rost ekanligiga ishonibdi va hech kimdan surishtirmay, hatto onasiga ham uchramay arkka borib, Qorasochxonni ark tepasidan tepib yuboribdi.
Arkdan dumalab tushgan va behush yotgan Qorasochxonni bir kishi kelib, ko‘tarib aravaga solib olib ketibdi. Bu kishi Bag‘dodning mashhur tabiblaridan biri ekan. U Qorasochxonni o‘z uyiga olib borib davolabdi. U tez kunda tuzalibdi.
Qorasochxon tuzalgandan keyin tabibning uyida bir necha oy yashabdi. Kunlardan bir kun tabib Qorasochxondan o‘ziga tegishni talab qilibdi. Qorasochxon unamabdi. Тabib: “Seni olmasdan qo‘ymayman”, debdi. Qorasochxon: “Men shu qari cholga tegarmidim, undan ko‘ra o‘lganim yaxshi”, deb qochmoqqa jazm qilibdi.
Qorasochxon boshqa iloj topolmay tabibning bog‘i yonida oqayotgan daryoga o‘zini tashlabdi. Daryo to‘lqinlari o‘z bag‘riga tashlangan Qorasochxonga rahm qilganday uni asta-sekin suv yuzida olib borar, Qorasochxon esa tinmay suzishda davom etar ekan. Qorasochxon suzaverib, suzaverib charchabdi. Shu vaqtda kemada borayotgan uch kishi suvda oqib borayotgan bir qizni ko‘rishibdi.
Ulardan biri suvga o‘zini tashlab, qizni halokatdan qutqaribdi va qirg‘oqqa olib chiqishibdi.
Bu yo‘lovchilar uch aka-uka ekan. Ular qizning go‘zalligini ko‘rib, bir-birlari bilan talasha boshlabdilar. Bu talashuv ustiga o‘sha shaharning bir siрohi otda kelib qolibdi va ularning nima uchun janjallashayotganliklarini surishtiribdi. Sababini bilgan siрohi uch aka-ukaga qarab:
— Men qo‘limdagi o‘q-yoyimni otaman! Kimki o‘sha o‘q-yoyni oldin olib kelib menga topshirsa, qiz o‘shaniki, — debdi.
Bunga ko‘ngan yigitlar o‘q-yoy otilishi bilan chopib ketibdilar. Bundan foydalangan siрohi o‘z kiyimlarini qizga kiydirib, qizni olib qochibdi. Siрohi shaharga yaqinlashgach, otdan tushib, qizga o‘z uyining tayinini aytib, to‘ppa-to‘g‘ri borishni buyuribdi. Qiz bo‘lsa ot minib erkakcha kiyingani holda siрohining uyiga bormay, to‘ppa-to‘g‘ri shaharning gavjum yeriga qarab jo‘nabdi.
Bu mamlakat xalqi podsho o‘lsa, “Baxt qushi” degan qushni uchirib, shu qush kimning boshiga qo‘nsa, o‘sha kishini podsho qilib qo‘yar ekan. Erkakcha kiyim kiygan qizning shaharga kirish vaqti “Baxt qushi”ni uchirish vaqtiga to‘g‘ri kelgan ekan. Qiz ham o‘sha mamlakatning xalqi kabi, otdan tushib bir yerda turibdi, uchirilgan “Baxt qushi” to‘g‘ri qizning boshiga kelib qo‘nibdi. Lekin amaldorlar qushning musofir “yigit” boshiga qo‘nishiga qarshilik ko‘rsatib, qushni uchirib yuboribdilar. Ammo “Baxt qushi” uch marta uchirilsa ham hech kimga qo‘nmay, musofir “yigit”ning boshiga kelib qo‘nibdi. Qiz o‘sha mamlakatning podshosi bo‘lib qolibdi.
Qiz podsho bo‘lgandan keyin ham o‘zining kimligini hech kimga bildirmay, doim qalpoq va erkakcha kiyim kiyib yuribdi.
U podsho bo‘lgach, mamlakatda katta o‘zgarish qilibdi. O‘z qo‘li ostidagi qullarni ozod qilibdi va mahbuslarni qamoqdan bo‘shatibdi. U mamlakatning obodonchiligi uchun ishga kirishibdi va katta-katta binolar, bog‘lar barpo qilibdi. Тaxt tagiga ham katta gulbog‘ qildirib, uning o‘rtasiga hovuz qazdiribdi.
Kunlardan bir kun qiz bir suratchini o‘z yoniga chaqirib, podsholik kiyimini yechib, o‘z suratini bo‘y barobar qilib soldiribdi va suratchiga:
— Bu suratni bitkazib, podshoga topshirasan, — debdi, suratchi ham qizning rasmini tayyorlab, podshoga taqdim etibdi. Podsho bu suratni eng qimmatbaho toshlar bilan bezatib, o‘zi yasatgan hovuzning o‘rtasiga o‘rnashtiribdi va hovuz o‘rtasiga qorovul qo‘yibdi. Podsho:
— Agar kimki hovuzdan suv ichib turib, qizning suratiga ko‘p tikilib qarasa, darrov u zindonga solinsin, — deb buyruq beribdi.
Bir kun hovuzdan suv ichayotganlardan biri qizning suratiga ko‘proq tikilib qolibdi. O‘sha zahotiyoq qorovul bu kishini ushlab, zindonga solibdi. Bundan besh kun o‘tgach, yana bir kishi suratga tikilib qolibdi, qorovul uni ham zindonga tashlabdi. Shu holda bir oyning ichida qizning suratiga tikilib, zindonga tushganlar olti kishi bo‘libdi.
Bundan keyin podsho hovuz chetiga qorovul qo‘ymaslikni va hech kimni zindonga solmaslikni buyuribdi. Keyin zindondagilarni birma-bir chaqirtirib, so‘ray boshlabdi. Birinchi galda faqat bir kishini olib chiqib so‘rabdi:
— Nega seni zindonga soldilar?
— Janob podsho, bir mamlakatda tabibchilik qilar edim. Bu shaharga sayohatga kelgan edim. Faqat mening aybim, sizning hovuzingizdan suv ichganim bo‘ldi, — debdi qaltirab u kishi. Podsho:
— Hovuz o‘rtasiga o‘rnatilgan suratdagi qizni taniysanmi? — debdi.
— Yo‘q-yo‘q, umrimda bunday odamni ko‘rgan emasman. Meni qutqarishingizni iltmos qilaman, — debdi yig‘lab tabib.
Shunga o‘xshash bir necha savol-javoblardan keyin podsho tabibni eshikka chiqib turishga buyuribdi. Podsho o‘z-o‘ziga: “Meni bu tabib o‘limdan qutqazgan edi”, debdi va vazirni chaqirib, tabibga bosh-oyoq sarpo qilib, zindondan bo‘shatib yuborishni buyuribdi.
Ikkinchisida uch kishini chaqirib:
— Nega sizlar zindonga tushdingiz? — debdi podsho.
— Ey, podsho, — debdi eng kattasi, — biz uch og‘a-ini daryoda baliq tutamiz. Bu yerdagi hovuzning ta’rifini eshitib, suv ichgani kelgan edik, nima uchundir bizni zindonga soldilar, — debdi zor yig‘lab.
Podsho:
— Hovuz o‘rtasiga o‘rnatilgan suratdagi qizni taniysizlarmi? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q-yo‘q, umrimizda bunday kishini va suratni ko‘rgan emasmiz, — debdi uch og‘a-ini.
Podsho o‘z-o‘ziga: “Bu uch og‘a-ini ham meni o‘limdan qutqargan edilar”, deb ularga ham bosh-oyoq sarpo kiygizib, chiqarib yuboribdi. Uchinchisida yana bir kishini chaqirib:
— Nega seni zindonga soldilar? — debdi podsho.
— Janob podsho, men qo‘l ostingizda siрohigarchilik qilaman.
Mening aybim hovuzdan suv ichganim bo‘ldi. Boshqa jinoyatim yo‘q, meni qutqarishingizni iltimos qilaman, — debdi. Podsho:
— Hovuz o‘rtasiga o‘rnatilgan suratdagi qizni taniysanmi? — debdi.
— Yo‘q-yo‘q, umrimda bunday odamni ko‘rmaganman ham, — debdi siрohi tiz cho‘kib. Podsho siрohini ham bo‘shatib yuborishga buyruq beribdi.
Тo‘rtinchisida yana bir kishini chaqirtirib, g‘azab bilan:
— Nima qilib yuribsan bu yerda? — debdi podsho.
— Men bag‘dodlik suvchi bo‘laman. Bu yerga o‘z yorimni qidirib keldim, — debdi.
— Hovuz o‘rtasiga o‘rnatilgan rasmdagi qizni taniysanmi?
— Albatta, taniyman, u mening o‘n yil mehnat qilib erishgan xotinim bo‘ladi, uni men o‘lgunimcha qidiraman, — debdi dadillik bilan suvchi.
— Ismi nima edi.
— Ismi Qorasochxon edi?
Qorasochxon yigitning so‘zlarini eshitib, uni tanib:
— Mana men bo‘laman, siz istagan Qorasochxon! — deb boshidagi tojini olibdi. O‘z xotinini qidirib oxirida topgan suvchi sevinchi ichiga sig‘may: “Mening Qorasochxonim”, deb unga tashlanibdi.
Qorasochxon boshidan kechirgan sarguzashtlarini eriga aytib beribdi, suvchi ham o‘z gunohini kechirishni xotinidan so‘rabdi. Bir necha kundan keyin qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, Qorasochxon suvchiga qo‘shilibdi. Usta Olimni ig‘vogarligi uchun dorga osibdilar.
Qorasochxon podsholik taxtini o‘z eri — suvchiga beribdi.
Shunday qilib ikkalasi murod-maqsadiga yetibdi.