O’tgan zamonda bir kishi safarga chiqqan ekan. Bir soydan o‘tishga to‘g‘ri kelibdi. Qish vaqti ekan. Suv muzlagan ekan. Eshakning keyingi oyog‘i muzga toyib, yiqilib beli sinibdi... U kishi xafa bo‘lib, muzga qarab shunday debdi:
— Ey muz aka, sen o‘zing kimdan zo‘rsan?
Muz:
— Men zo‘r bo‘lsam, quyosh meni erita olarmidi? — debdi.
Shunda u kishi kunga qarab:
— Ey quyosh, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Quyosh:
— Men zo‘r bo‘lsam, bulutlar mening yuzimni to‘sa olarmidi? — debdi.
Shunda u bulutga qarab:
— Ey bulut aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Bulut:
— Men zo‘r bo‘lsam, yomg‘irlar meni teshib-teshib o‘tarmidi? — debdi.
Shunda u yomg‘irga qarab:
— Yomg‘ir aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Yomg‘ir:
— Men zo‘r bo‘lsam, yerga singib ketarmidim, — debdi.
U yerga qarab:
— Yer aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Yer:
— Men zo‘r bo‘lsam, o‘tlar teshib chiqarmidi, — debdi.
Shunda o‘tga qarab:
— O’t aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
O’t:
— Men zo‘r bo‘lsam, mollar yulib-yulib yutarmidi? — debdi.
Molga qarab:
— Mol aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Mol:
— Men zo‘r bo‘lsam, bo‘rilar yermidi? — debdi.
So‘ngra bo‘ridan:
— Bo‘ri aka, sen kimdan zo‘r? — deb so‘rabdi.
Bo‘ri:
— Men zo‘r bo‘lsam, merganlar otarmidi? — debdi.
— Mergan aka, sen kimdan zo‘rsan— debdi...
Mergan:
— Men zo‘r bo‘lsam, o‘q soladigan xaltamni sichqon va kalamushlar qirqib tashlarmidi? — debdi. Shunda u kishi sichqonga qarab:
— Sichqon aka, siz kimdan zo‘rsiz? — debdi.
Sichqon:
— Men zo‘r bo‘lsam, qumursqalar qulog‘imdan chimchib-chimchib chaqib olarmidi? — debdi.
— Qumursqa aka, sen kimdan zo‘r? — debdi.
Qumursqa:
— Men zo‘r, men zo‘r, men zo‘r, — debdi. — Otangning olti yuz botmon bug‘doyini olti tog‘dan oshirib yeganman, pochchangning yuz botmon bug‘doyini yetti tog‘dan oshirib yeganman. Men zo‘r, men zo‘r, men zo‘r, — debdi.
— Qorning nima uchun katta? — deb so‘rabdi u kishi: — Jigarim zo‘r, — debdi qumursqa.
— Beling nima uchun ingichka? — deb so‘raganida.
— Mehnatim zo‘r! — deb javob beribdi qumursqa.
— Kallang nima uchun katta? — debdi u kishi.
— Davlatim zo‘r! Mehnatim zo‘r, davlatim zo‘r, men zo‘r, men zo‘r! — debdi qumursqa.