O‘tgan zamonlarda Boqijon nomli bir yigit yashagan ekan. Uning ota-onasi o‘lib, ulardan bir tanobcha yer qolgan ekan. Boqijon shu yerda kecha-kunduz ishlab, olgan hosili bilan o‘z ro‘zg‘orini tebratar ekan. Uning ekinlari ayni pishar chog‘ida boylar, sudxo‘rlar suvni o‘z yerlariga burib olib qo‘yishar, ekinlari suvsizlikdan qovjirab qolar ekan. Kambag‘al yigit borib mirob, oqsoqollardan suv talab qilsa, ular qo‘liga qamchi olib, do‘q qilib haydab yuborar ekan. Shunday azob-uqubatda qorni oshga, usti kiyimga yolchimay zo‘rg‘a hayot kechirar ekan. Biroq Boqijon katta yigitcha bo‘lib qolgan, u endi uylanishni, oila qurishni orzu qilib yashar ekan. Boqijon yashagan qishloqda bir kambag‘al dehqonning Guloyim nomli qizi bor ekan. Guloyimning qaddi-qomati kelishgan, qosh-ko‘zi qora, oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor, uning oyday husn-jamoli o‘ziga munosib bir qiz ekan. Boqijon Guloyimni suvga chiqqanida ko‘rib, sevib qolgan ekan. Guloyim ham ro‘molchasini boshiga yelvagay tashlab, Boqijonga bir qiyo boqib, miyig‘ida kulib qo‘ygan ekan. Boqijon Guloyimga bo‘lgan muhabbatini kimga aytishini bilmay, ko‘p tashvish tortib yurar ekan. Boqijon ahyon-ahyonda suvga chiqqanida qizni ko‘rib, salomlashib, hol-ahvol so‘rashib turar ekan.
Bir kuni Boqijon xolasini o‘z uyiga chaqiribdi. Unga o‘z istagini aytibdi. Xolasi Guloyimning uyiga sovchilikka borishga rozi bo‘libdi.
Bir kuni Boqijonning xolasi Guloyimlarnikiga sovchi bo‘lib boribdi. Guloyimning onasi qizining yurish-turishidan xabardor ekan. Hatto guloyim
Boqijonni yoqtirib qolganini onasiga aytgan ekan. Biroq Guloyimning otasi bu ishga qarshilik ko‘rsatibdi. Otasi Guloyimga kelgan sovchilarning birini o‘poq, birini so‘poq deb, rozi bo‘lmay qaytarib yuboribdi. Lekin Boqijonning xolasi sovchilikka boraveribdi, boraveribdi. Nihoyat, Guloyimning ota-onasi rozi bo‘lishibdi. Qishloqda o‘ziga yarasha kichkinagina to‘y qilishibdi va Boqijon bilan Guloyim birga hayot kechira boshlashibdi.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Boqijon bilan Guloyim mehnat qilib, o‘z bog‘-rog‘larida ishlab, olgan hosillari bilan o‘z ro‘zg‘orlarini tebratishar ekan.
Bir kuni Boqijon qattiq qasal bo‘lib, yotib qolibdi. Butun uy-ro‘zg‘or, yer ishlari — dehqonchilik faqat birgina Guloyim boshiga tushibdi. Bechora Guloyim erta tong-saharda turib to xuftongacha tinmay mehnat qilar ekan. U Boqijonni yaxshilab davolash, ro‘zg‘orga qarash, ekinlarni sug‘orish, kir yuvish, hamma yoqni supurish-sidirish kabi ishlarni ham bajarar, hech tinmas ekan. Boqijonning kasaliga hech qanday tabibning dorisi kor qilmabdi. Uning yarasi zo‘rayib, o‘zi cho‘pday ozib, hech qimirlamay qolibdi. Guloyim ham bu dard-u g‘am, tashvishdan oriqlab, nima qilishini bilmay, kimdan yordam so‘rashga hayron bo‘lib yuraveribdi. Guloyimning ota-onasi nihoyat kambag‘al bo‘lgani uchun bularga hech qanday yordam ko‘rsata olishmas ekan. Guloyim Boqijonning kasalini tuzatishga ko‘p urinibdi, natija chiqmabdi. U boylarning uyiga borib, ularning kirini yuvib, xizmatlarini bajarib, topgan non va oziq-ovqatlari bilan Boqijonni boqib yuraveribdi. Endi qishloqda duv-duv gap tarqalibdi. Boqijonga yomon yara chiqqanmish, odamlarga yuqarmish. Uni bu qishloqdan boshqa joyga, chetga chiqarib yuborish zarur emish. Bu gapni qishloq oqsoqoli, boylar va ellikboshilar tarqatishibdi. Bu gaplar Guloyimning qulog‘iga ham yetibdi. U Boqijonga bildirmay rosa yig‘labdi.
Kunlardan bir kuni eshikni birov qattiq taqillatibdi. Guloyim chiqib:
— Kimsiz, nima uchun keldingiz? — deb so‘rabdi, Ular esa qishloq oqsoqoli, bir ikkita og‘zi katta korchalonlar ekan. Ular Guloyimga:
— Senlar shu kundan boshlab qishloqni tashlab chiqib ketishlaring shart. Chunki ering yuqumli kasal bilan og‘rigan, bir necha yildan beri yotibdi. Bizlarga ham yuqadi. Shuning uchun shu bugundan qolmay qishloqni tashlab ketinglar, boshqa gap yo‘q! Agarda ketmasalaring, o‘zimiz ot-arava olib kelib sizlarni dala-dashtga chiqarib tashlaymiz, — deb do‘q urishibdi. Bechora Guloyim: "Endi bizlarga bu azob ham bormidi", — deb ho‘ngrab yig‘lab, Boqijonning yoniga borib nima deyishini bilmay:
— Bugun biz o‘z qishlog‘imizdan, uyimizdan boshqa joyga ketishimiz kerak ekan. Qishloq kattalari kelib tayinlab ketishdi, —debdi. Boqijon yotgan joyida yig‘lab, ne qilarini bilmay, hech qanday iloj topolmay:
— Xo‘sh, bu yerdan qaerga boramiz va qanday yashaymiz? — deb Guloyimdan so‘rabdi. Guloyim:
— Bir ilojini toparmiz, peshonamizga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘raveramiz-da, — debdi. O‘sha kuni tunda Guloyim Boqijonni yuvintiribdi, so‘ngra uni opichlab qishloqdan chiqib ketibdi. U Boqijonni ko‘tara-ko‘tara oxiri bir dasht-biyobonga kelib, bir daraxt tagida dam olishga o‘tiribdi. U nihoyatda charchagan ekan, uxlab qolibdi. Ertalab turib yuz-qo‘lini yuvib, Boqijonni ham yuvintirib, bitta non bilan nonushta qilishibdi. Ular mana shu daraxt tagini makon etib, chodir tikib olishibdi. Boqijon chodir ichida yotar, Guloyim esa shaharga, atrof-qishloqlarga ish axtarib ketar ekan. Har kimning ishini bajarib, topgan-tutganini Boqijonga keltirar ekan.
Bir kuni Guloyim ish topolmay, yeyarga non-ovqati bo‘lmay, nima qilishini bilmay, hayron bo‘lib qaytar ekan, yo‘lda unga bir savdogar uchrabdi. U savdogar ayol Guloyimga:
— Sochingizni menga sotmaysizmi? — debdi. Guloyimning sochi yigirma besh jamalak bo‘lib, orqa trvoniga tushar ekan. U noiloj besh jamalagini sotishga rozi bo‘libdi. Guloyim uyga pulga non va boshqa oziq-ovqatlar olib, Boqijonning yoniga kelibdi. Boqijon bu voqeadan bexabar qolibdi. Guloyim ham bu sirni yashiribdi.
Bir kuni Boqijon qarasa, Guloyimning sochi bir oz kamayganga o‘xshabdi. Shunda Guloyimdan so‘rabdi. Guloyim esa:
— O‘zi to‘kilib ketyapti, — debdi. Shunda Boqijon:
— Siz meni deb aziz joningizni qiynab, shu ahvolga keldingiz. Endi men bir tuzalmas baloga yo‘liqdim. Siz yosh umringizni xazon qilmang, ota-onangiz qoshiga boring, men umrim tugaguncha shu joyda yashab, tuzalsam bir kunimni ko‘rarman, — desa, Guloyim yig‘lab:
— Siz meni kim deb o‘ylaysiz? Men sizni shu ahvolda tashlab ketganimdan ko‘ra, o‘lganim ming marta yaxshiroq emasmi? Men sizni tuzatmay, hayotimizni tiklamay bu yerdan, qoshingizdan jilmayman, siz bilan umrimning oxirigacha birgaman. Unday gaplarni aytib, o‘zingizni va meni qiynamang. Tanimda jonim bor ekan, sizning xizmatingizga doimo tayyorman, — debdi.
Oradan bir necha oylar o‘tgach, Guloyim ish axtarib ketganida, Boqijon qoshiga bir mo‘ysafid kelibdi. Boqijon cholga o‘z boshidan kechgan kunlarni so‘zlab beribdi. Nihoyat, mana shu dardga mubtalo bo‘lganini, tuzala olmay yotganini, shu kasal tufayli o‘z vatanidan judo bo‘lganlarini aytib beribdi. Boqijonning so‘zlariga quloq solgan chol unga shunday debdi:
— O‘g‘lim ko‘p qayg‘urma, mana shu yo‘l bilan borganingda, taxminan bundan uch to‘rt tosh uzoqlikda, bir tog‘ bag‘rida katta chinor bor. Chinor tagidan bir chashma suvi qaynab chiqib turibdi. Suvi issiq. Agarda borishga ilojing bo‘lsa, tunda borib, o‘sha buloqqa tushib cho‘milib ko‘r-chi, zora shifo topsang.
Guloyim kelib qarasa, erining chehrasi ochiq.
— Ha, o‘zi nima gap, bugun xursand ko‘rinasiz? — deb so‘rabdi Guloyim. Shunda Boqijon mo‘ysafid bilan bo‘lgan suhbatini aytibdi. Guloyim Boqijonni ko‘tarib chashma tomon yo‘l olibdi. Qidira-qidira chashmani topishibdi. Boqijonni chashma suviga cho‘miltiribdi. Ular o‘sha chashmaga yaqinroq joyni makon qilishibdi. Oradan bir-ikki oy o‘tgach, haligi chashma suvidan Boqijon shifo topa boshlabdi, tuzala beribdi. Nihoyat, Boqijon, oyoqqa turadigan, keyin yuradigan, nihoyat, mehnatga yaroqli holga kelibdi. Guloyim ikkisi o‘sha joydan quruq yer tanlab olib, ikkisi mehnat qilib, suv chiqarib uy-joy qurishibdi. Hovlining atrofini bog‘-rog‘ qilishibdi. U joyda bir qo‘rg‘on paydo bo‘libdi. Hovli, bog‘lariga turli mevalar ekib, gullar o‘tqazishibdi. Boshqa odamlar ham u yerga ko‘chib kelib, uy-joy qurib yashay boshlashibdi. U yerning xalqi yig‘ilib, bu qo‘rg‘onga "Gulobod" deb nom qo‘yibdi. Boqijon Guloyimning ota-onasini chaqirtiribdi. Ular Boqijon bilan Guloyimning hayotini ko‘rib nihoyatda sevinishibdi. Ular bola-chaqali, uvali-juvali bo‘lib, oshlarini oshab, yoshlarini yashab, murod-maqsadlariga yetishibdi.