OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherzod va Gulshod

O‘tgan zamonda bir shaharda Hurshod degan podshoh o‘tgan ekan. O‘nta xotin olgan ekan-u, lekin hech farzand ko‘rmagan ekan. Hurshod farzand ko‘rish uchun yana bir marta uylanishni ixtiyor qilibdi. Shahar ulamolarini chaqirib, shu to‘g‘rida maslahat qilibdi. Ulamolar ham podshohning so‘zini ma’qullab fotiha beribdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib uylanibdi. Ikki oydan keyin oqsoch podshoh oldiga kelib, xotini homilador bo‘lganligini aytibdi. Hurshod xursand bo‘lganidan oqsochga bir hovuch tilla berib jo‘natibdi. Podshoh vazirlari va saroy ahllarini chaqirib, tug‘ilajak farzand sharafiga uch kecha-yu uch kunduz to‘y-tomosha, uloq beribdi. Kunlardan bir kuni lashkarlarini olib ovga ketibdi. Ov qilib yurganda to‘qaydan bir sher chiqibdi. Hurshod sherni ko‘rib lashkarlariga:
— Baxtimizga ovimiz o‘ngidan keldi. Hammangiz kamand tashlab shu sherni tiriklayin tutinglar. Kimda-kim shu sherni ushlay olmay, oldidan o‘tkazib qochirib yuborsa, jazolayman, — debdi.
Podshohning o‘zi ham lashkarlari qatorida turib kamandning bir uchini ushlabdi. Lashkarlar kamand tutib sherni o‘rtaga olibdilar. Bechora sher o‘rtada nima qilishini bilmay, jon talvasasida yugurib yurib, kamandning bir uchini ushlab turgan Hurshod podshohni bir urib ag‘darib, qochib ketibdi. Askarlariga: “Agar qochirsangiz jazolayman” degan Hurshod podshoh nima qilishini bilmay g‘azab bilan otiga minib, sherni quvlab ketibdi. Lashkarlari bir qancha vaqt kutib, podshoh qaytib kelmagandan keyin orqasidan qidirib ketibdilar. Bir qancha yo‘l yurib, bir tog‘lik joyda to‘xtab, g‘orning og‘zida bir narsaning qimirlaganini ko‘rishibdi. Ot choptirib g‘orga borib qarasalar, Hurshod podshoh bir sher bilan olishib yotgan emish. Sher lashkarlarning kelayotganini ko‘rib g‘or ichiga kirib ketibdi. Lashkarlar podshoh yoniga kelib qarasalar, shohning badanlari tirnalgan, o‘zi holdan ketib yotibdi. Lashkarlari Hurshodni shaharga olib kelibdi. Podshohning holi og‘irlashib vazir ulamolarini chaqirib: “Men endi dunyodan o‘tayotibman. Qarigan chog‘imda xudo menga farzand bergan edi. Falokat mening hayotimni barbod qilib, shu quvonchli kunni ko‘ra olmay ketyapman. Mamlakat, toj-u taxtimni vaqtincha o‘ng qo‘l vazirim Nodirbekka topshiraman. Ey do‘stlarim, farzandim dunyoga kelgandan keyin yaxshi tarbiya qilinglar. Balog‘atga yetgandan keyin o‘g‘il bo‘lsa o‘rnimga shoh qilinglar, qiz bo‘lsa malika bo‘lsin. Xotinimni o‘ksitmanglar”, deb vasiyat qilib jon beribdi.
Kunlar, oylar o‘tib Malikaning tug‘ish vaqti yaqinlashib qolibdi. Тoj-u taxtga ega bo‘lgan Nodirbekning ko‘ngliga qora niyat tushibdi. Unga kayf-u safolar, toj-u taxtlar qo‘lidan ketayotgandek bo‘lib ko‘rinibdi. Vazirini chaqirib:
— Ey vazir, marhum shohimiz xotinining oy kuni yaqinlashibdi. Тug‘ilgan bola balog‘atga yetgandan keyin albatta bu taxt-u baxtlar sen bilan mening qo‘limdan ketadi. Qanday bo‘lsa ham bir ilojini qilib xotinni yo‘qotish lozim, — debdi. Nodirbekning qora maqsadlariga vazir ham qo‘shilib Hurshod podshohning homilador xotinini yo‘qotish chorasiga kirishibdilar.
Vazir zindonga borib mahbuslarga:
— Ikki kundan keyin o‘rmonzorga borasiz. U yerga bir xotinni olib borishadi. Shu xotinni o‘ldirsangiz zindondan ozod bo‘lasiz, — debdi.
Mahbuslar rozi bo‘libdi. Ikki kundan keyin mahbuslarni zindondan olib chiqib, qo‘llariga pichoq berib o‘rmonga yuborishibdi. Makkor vazir xotinning yoniga kiribdi, hol-ahvol so‘ragandan so‘ng:
— Bugun sizni bir sayohat qildirib kelmoqchimiz. Marhum shohimiz sizni tez-tez sayohat qildirib turishni vasiyat qilgan edi. Agar qarshilik qilmasangiz bir tomosha qildirsak, — debdi. Xotin juda xursand bo‘lib, aravaga chiqib o‘tiribdi. Vazir xotinni o‘rmonzorga olib borib: “Shu yerda biroz damingizni olib turing, men bir ov qilib kelay” deb uni yolg‘iz qoldirib ketibdi. Shu vaqt mahbuslarning ba’zilari xotinni o‘ldirishga botinmay, achinib chetlashibdi. Bir nechasi vazirdan qo‘rqib xotinni pichoqlabdi. Xotinning dod-voyiga qaramay qornini yoribdi. Vazir kelib xotinning o‘lganiga xursand bo‘lib, mahbuslarning hammasini ozod qilibdi.
Mahbuslardan biri daraxt orqasiga berkinib olgan ekan. Hamma ketgandan keyin qip-qizil qonga belanib yotgan xotin oldiga kelib qarasa, xotinning yonida bir bola yig‘lab yotibdi. Mahbus bolani onasiga emizdiribdi. Bola yig‘idan to‘xtab onasi bag‘rida uxlab qolibdi. Mahbus Nodirbekning zulmini ko‘rib xotinga qattiq achinibdi. Bo‘lgan voqeani tasvirlab bir qog‘ozga yozibdi. Bir lattaga o‘rab, bolaning bo‘yniga taqib ketibdi. Mahbus ketishi bilan o‘rmondan bir sher chiqib kelibdi. Qonga belanib yotgan xotin yoniga kelibdi-da, bolani tumshug‘i bilan itarib yuborib xotinni yeya boshlabdi. Yana orqasidan bir sher chiqib kelib qarasa, xotinning yonida bir bola yotibdi. Bu ona sher bolani o‘z bolalari yoniga olib boribdi. Urg‘ochi sher o‘z bolalarini qanday boqqan bo‘lsa, bu bolani ham shunday yaxshi tarbiyalabdi. Bola katta bo‘lib yura boshlabdi. Bir kuni sher bolani yelkasiga mindirib yurganda bir to‘da karvonlar uchrabdi. Karvonlar sher ustidagi odam bolasini ko‘rib hayron qolib, sherni tutmoqchi bo‘lishibdi. Karvonlar kamand tashlab sherni o‘rtaga olib bolani olmoqchi bo‘lishibdi. Bola qo‘rqib sherga chirmashibdi. Sher ham bolani berishni istamay olishibdi. Axiri karvonlar sherni bog‘lab, bolani ajratib olishibdi. Bolani o‘z boshliqlari Saidkarvonga olib kelib berishibdi. Saidkarvon bolaning bo‘ynidagi xatni o‘qib, bo‘lgan voqeani anglabdi. Bu sirni hech kimga aytmabdi.
Shu kundan boshlab bolani Sherzod deb atabdilar. Said Sherzodni farzand qilib olib, shaharga kelibdi. Sherzod Saidkarvonning oilasida yaxshi tarbiyalanib yetti yoshga to‘libdi. Тo‘rt yil o‘qib oq-qorani taniydigan bo‘libdi. Sevib o‘ynaydigan o‘yini qilichbozlik, urush o‘yini bo‘libdi. Saidkarvon o‘g‘liga jang qilish hunarini o‘rgatibdi. Sherzod katta bo‘lgandan keyin shu shaharning nomi chiqqan qahramonlari qatoriga kiribdi. Hatto o‘rgatgan ustozlari ham Sherzodning hunarini ko‘rib qoyil qolibdi. Bir kuni shu shahar podshohi Saidkarvon bilan Sherzodni o‘z saroyiga chaqiribdi. Podshoh ularni yaxshi qabul qilib, Sherzodni o‘ziga lashkarboshi qilmoqchi bo‘lganligini aytibdi. Bu taklifni Sherzod ham qabul qilibdi. Shu bilan Sherzod lashkarboshi bo‘lib yaxshi xizmat qila boshlabdi. Kunlardan bir kuni Sherzod o‘z lashkarlari bilan ovga chiqibdi. Ov qilib yurganda o‘rmonzordan bir sher chiqib bular tomon kela boshlabdi. Sherzod sher bilan yolg‘iz o‘zi olishmoqchi bo‘lib, qilichini yalang‘ochlab sher tomonga yuribdi. Sher ham pisand qilmay yaqinlashib kelaveribdi. Ikkovi bir-biriga yaqin kelib olisha boshlabdi. Sherzod qilichi bilan sherni ikkiga bo‘lib tashlabdi. Qarasa, oldidan yana bir sher yerga surkalib, boshini tebratib kela beribdi. Sherzod buni ko‘rib hayron bo‘libdi. Urg‘ochi sher hech qanday hujum qilmasdan ko‘zidan yoshini to‘kib yerga surkala-surkala kelibdi. Sherzod ham qo‘lidagi qilichini qiniga solib yolg‘iz o‘zi sherning oldiga boribdi. Sher ham Sherzod yoniga kelib kiftini oyog‘iga surkay boshlabdi. Sherzod o‘zining yoshligida sher ustida yurganini eslab, sherning nima demoqchi bo‘lganini fahmlab, sherning ustiga chiqib olibdi. Sher xursand bo‘lib maydonni bir aylanib chiqibdi. Sherzod ham ovidan xursand bo‘lib, sherni o‘zi bilan birga shaharga olib ketibdi. Saidkarvon o‘g‘lining bu ishini ko‘rib juda xursand bo‘libdi. Saidkarvon hamma lashkarlarini o‘z oldiga chaqiribdi. Sherzod ham kelibdi. Saidkarvon hammaning oldida Sherzodning sarguzashtini gapirib beribdi. So‘zining oxirida “Mana shu sher seni boqib o‘stirgan onang bo‘ladi. Biz seni shu sherdan olib ketgan edik. Shuning uchun seni Sherzod deb atagandik”, deb Sherzodning bolalik vaqtida bo‘yniga osib qo‘yilgan xatni uning qo‘liga beribdi. Sherzod xatni o‘qigandan keyin, o‘rnidan turib, ona sherni quchoqlab yig‘labdi. Keyin otasi Saidkarvonni quchoqlab rahmat aytibdi. Sher ham Sherzodning yuziga yuzini surkab erkalanibdi.
Sherning bunday qilishi “O‘g‘lim, nega onangni o‘ldirganlardan o‘chingni olmaysan?”, degandek bo‘libdi.
Sherzod kechasi uxlab tush ko‘ribdi. Тushida o‘z onasi Sherzodga qarab “Bolam, bergan sutimga rozi emasman”, debdi.
Sherzod cho‘chib uyg‘onibdi. Irg‘ib o‘rnidan turib podshohning roziligi bilan askarlarini to‘plabdi. Askarlarga bosh bo‘lib Nodirbekka qarshi yurish qilibdi. Bir necha kun yo‘l yurib shaharga kelibdi. Nodirshoh Sherzodga elchi yuboribdi. Sherzod kelgan elchiga:
— Nodirshoh yaxshilik bilan toj-u taxtini topshirsin, bo‘lmasa jang qilib taxtini olaman, — debdi.
— Elchi Nodirshohga Sherzodning maqsadini kelib aytibdi. Nodirshoh askarlarini to‘plab jang boshlabdi. Uzoq vaqt jang bo‘libdi.
Oxiri Sherzod Nodirshohni asir olibdi. Sherzod Nodirshohning oldiga kelib:
— Umringda gunoh qilganmisan? — debdi. Nodirshoh Sherzodning gapiga hayron bo‘libdi. Sherzod yana:
— Mening onamni kim o‘ldirgan? — debdi. Nodirshoh indamabdi.
Shunda Sherzod cho‘ntagidan xatni olib otasi Saidkarvonga berib:
— Shu xatni xalq oldida o‘qib bering, — debdi. Saidkarvon xatni o‘qib beribdi, undan keyin xalq Nodirshohga qarshi talpinibdi. Nodirshoh Sherzodning oyog‘iga yiqilib, gunohini kechirishni so‘rabdi.
Sherzod:
— Men bugun onamni rozi qilmoqchiman, sendan o‘chimni olaman, — deb Nodirni jallodga topshiribdi. Otasi Saidkarvonni shu shaharga podshoh qilib qo‘yibdi. O‘zi Saidkarvon shahriga — ona sher oldiga ketibdi.
Sherzodning g‘ayrati, botirligi boshqa mamlakatlarga ham yoyilibdi. Hatto boshqa shahar podshohlari Sherzodni o‘zlariga kuyov qilmoqchi bo‘lib elchi yuboribdi. Kunlardan bir kuni Sherzodning eng yaqin o‘rtog‘i Battalg‘ozi degan bir shohning Gulshod degan qizini maqtabdi. Sherzod buni eshitishi bilan g‘oyibona oshiq bo‘libdi. Sherzod Battalg‘ozining qizini so‘rab elchi yuborish to‘g‘risida podshoh bilan maslahatlashibdi. Podshoh:
— Battalg‘ozi juda kuchli podshoh. Sening sevging orqasida boshimizga ko‘p falokatlar kelishi mumkin. Hatto ko‘p shaharlardan elchilar kelganda ularning boshini kesish, jang qilish bilan javob bergan. Uning bilan baravar kelish qiyin, — debdi. Sherzod podshohga yalinib, jang bo‘lgan vaqtda ham o‘zining g‘olib kelishiga inontiribdi. Shoh noiloj rozi bo‘libdi. Gulshodni so‘rab Battalg‘oziga elchi yuboribdi. Battalg‘ozi kelgan elchilarning hammasini o‘ldiribdi. Bu ishga shoh bilan Sherzodning g‘azabi kelib, Battalshohga “Yaxshilik bilan qizing Gulshodni ber, agar bermasang, jang qilib olamiz”, deb xat yozibdilar. Battalg‘ozi xatni olib javob xat yozibdi. Xatda: ”Mening hayvon tarbiyasini olgan odamga beradigan qizim yo‘q. Jang qilishga tayyorman”, debdi.
Sherzod lashkarlarini to‘plab, ona sher bilan birga Battalg‘ozining jang maydoniga boribdi. Sherzod sher va lashkarlarini qoldirib, otiga minib qal’a yaqiniga kelibdi. Devor yoqalab borayotganida qal’a ichidagi baland arkka ko‘zi tushibdi. Ark juda chiroyli bezalgan, atrofida gullar o‘sib yotardi. Gulshod ham Sherzodning ta’rifini eshitibdi. Otasining zolimligidan nohaq nobud bo‘lib ketgan yigitlarga, shu qatorda Sherzodning nobud bo‘lib ketishiga achinibdi. Qanday bo‘lsa ham Sherzodni ko‘rishni orzu qilib, kechasi bilan uxlamay o‘tirgan ekan, sekin joyidan turib, sochlarini orqasiga tashlab, arkning sanoqsiz zinalaridan tushayotib, devor yonida ot ustida turgan Sherzodni ko‘ribdi. Sherzod ham Gulshodni ko‘rib nima deyishini bilmay, unga qarab kulibdi. Gulshod pastga tushib devor yoniga kelibdi-da, bir chiroyli gulni uzib Sherzodga tashlabdi. Sherzod ham devor yoniga kelib, o‘zining unga oshiq bo‘lib qolganligini, ismi Sherzod ekanligini aytibdi. Gulshod jangda Sherzodga yordam berishini va’da qilibdi.
Ertasi kuni tong yorishi bilan jang boshlanibdi. Bir qancha janglardan keyin Sherzod askarlari yengila boshlabdi. Shunda Sherzod birdan sherni qo‘yib yuboribdi. Sher orqasidan askarlari bilan Sherzod ham jang maydoniga kiribdi. Sherzod ot ustida turib to‘rt tomondan kelganni chopib tashlayveribdi. Sher esa na’ra tortib duch kelganni bo‘g‘ib tashlabdi. Shu payt Sherzod arkda tomosha qilib turgan Gulshodni ko‘rib qo‘lini ko‘taribdi. Gulshod bir piyola sharbat olib tushib, Sherzodga beribdi. Sherzod sharbatni ichishi bilan g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilib, dushmanga omon bermay haydabdi. Oxiri Battalg‘ozi yengilib taslim bo‘libdi. Xalq Sherzodni podshoh qilib ko‘taribdi. Sherzodning yengganini Saidkarvon eshitib kelibdi. Sherzod bir necha kun to‘y-tomosha qilib, Gulshodni olibdi. Shu bilan murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.