Qadim zamonda O‘zgan shahrida Тo‘ydiboy degan bir odam o‘tgan ekan. U odam juda badavlat ekan. Ammo tirnoqqa zor ekan. Xotinlari tug‘mas ekan. O‘sha shaharda Salimboyvachcha degan bir odam bor ekan. Salimboyvachchaning Qumrixon nomli oqila qizi bor ekan. Ko‘p chiroyli qiz ekan. Тo‘ydiboy shu qizga g‘oyibona oshiq bo‘libdi. Uning ketidan bir qancha sovchi kampirlarni qo‘yib, ko‘p pullar sarf qilib, unga uylanibdi.
Oydan oy, kundan kun o‘tib Qumrixonning bo‘yida bo‘libdi. Тo‘qqiz oy, to‘qqiz kun o‘tganda bir bola tug‘ibdi. Otini Qo‘ldosh qo‘yibdi. Oradan ikki-uch yil o‘tgandan keyin u yana bir o‘g‘il tug‘ibdi. Unga Yo‘ldosh deb ot qo‘yibdi. Тo‘ydiboy qariganda ikki o‘g‘ilning otasi bo‘lgandan boshi osmonga yetib, el-yurtga karnay-surnay qo‘ydirib, odamlarni osh-nonga to‘ydirib, uloqni choptirib, to‘y-tomoshalar qilib beribdi. Qo‘ldosh bilan Yo‘ldosh birin-ketin o‘saveribdi. Kattasi yettiga, kichigi beshga kiribdi.
Тo‘ydiboy bir kuni o‘g‘illarimga bir narsa olib kelay, deb O‘zgan bozoriga chiqibdi. Shu kuni havo bulut bo‘lib, bir damda qattiq yomg‘ir yog‘a boshlabdi. Тo‘ydiboy o‘g‘illariga kiyim-kechaklar olib, endi uyimga ketay, deb bozordan chiqib kelayotganida O‘zgan darvozasi oldida, devor tagida eski-tuski narsalarga burkangan bir bola sovuqdan tishlari takillab yig‘lab yotganini ko‘ribdi. Тo‘ydiboyning bolaga rahmi kelib so‘rabdi:
— Hoy, bola, sen kimning bolasisan, bu yerda nima qilib yotibsan, nimaga yig‘laysan?
Bola javob beribdi:
— Ota-onam o‘lgan, ko‘chada qoldim, qornim och!
Тo‘ydiboy bolani uyiga olib boribdi. Uni yuvintirib, yangi ust-boshlar kiydirib, ovqat yedirib, qornini to‘qlab:
— Sening oting nima? — deb so‘raganda, bola:
— Mening otim Тo‘qli, — deb javob beribdi. Тo‘qli Тo‘ydiboyga o‘g‘il bo‘libdi. Boy ham uni o‘z o‘g‘illariday ko‘rib, tarbiya qilibdi.
Тo‘qli ko‘p esli bola bo‘lib, Тo‘ydiboyning aytgan hamma ishlarini bajararkan. Bundan Тo‘ydiboy xursand bo‘lib, har kuni qo‘liga bir tangadan pul berar ekan.
Тo‘qli otasi bergan pullarni to‘plab ko‘paytiribdi. Shu pulga ot olmoqchi bo‘lib, bozorga boribdi. Ot bozorida ertadan kechgacha yurib, ko‘nglidagidek ot ko‘rmabdi. Unga dallollar, jalloblar yaxshi otlarni ko‘rsatsa ham hech qaysisi yoqmabdi.
Kechki payt bir kampir ot olib kelib qolibdi. Bu ot nihoyatda oriq, qovurg‘alari sanog‘liq ekan. Qoq suyak, yotgan yeridan turolmas ekan, turg‘izib qo‘yilsa, qadamini sanab bosar ekan. Тo‘qliga shu ot yoqib qolibdi. Shu otni olmoqchi bo‘lganda hamma kulibdi. Dallollar:
— Siz katta boyvachcha bo‘lsangiz, sizga shu ot yarashadimi? — deyishibdi.
Тo‘qli:
— Mayli, ola beraman, — debdi. Kampirdan otni o‘n tillaga sotib olib, uyiga zo‘rg‘a olib kelibdi. Otxonaga kirgizib boqa beribdi.
Тo‘ydiboy Тo‘qliga har kuni bir do‘ppidan mayiz berar ekan. Тo‘qli shu mayizdan ozginasini o‘zi yeb, qolganini otiga berarkan. Yaxshi bedalar, yemlar ham berib turarkan. Har kuni ustini qashlab, yuvib-tarab yuraveribdi. Shu taxlitda otini olti oy boqqandan keyin, ot semirib, tuppa-tuzuk bo‘lib, o‘ynoqlaydigan bo‘lib qolibdi.
Bir kuni Тo‘ydiboy uzoq bir safarga ketibdi. Uyda uch bola bilan Qumrixon qolibdi. To‘ydiboy boqib olgan o‘g‘li To‘qlini o‘z o‘g‘illardan ham yaxshi ko‘rar ekan. Shuning uchun Qumrixon bolani yo‘qotish niyatida bir jodugar kampir oldiga borib, Тo‘qlini qanday yo‘qotishning yo‘lini so‘rabdi. Jodugar kampir unga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatibdi:
— Menga uchta olma olib kel, biri katta va yaxshi, ikkitasi yomon bo‘lsin, — debdi. Qumri jodugar kampir aytganday uchta olma keltiribdi. Jodugar kampir u olmalardan eng yaxshisini zaharlab, Qumriga berib, unga:
— Sen shu olmalarni uyingga olib bor, mana bu katta, yaxshisini Тo‘qliga ber. U shu olmani yeb o‘ladi. Yomon olmalarni o‘z o‘g‘illaringga ber, — deb tayinlabdi. Bola onasi kelguncha otdan xabar olish uchun otxonaga kirsa, oti yig‘lab turgan emish. Bola otdan:
— Ha, jonivor, nimaga yig‘laysan? — desa, ot tilga kirib:
— Seni bugun onang o‘ldirmoqchi. Uchta olma olib keladi. Eng kattasini senga, kichkinalarini ukalaringga beradi. Sen olmani yesang, o‘lasan. Shuning uchun olmani yema, ukalaringni aldab, ko‘chaga olib chiqib, u olmani katta ukangga ber, — debdi.
Enasi yetib kelib, bolalarini chaqiribdi.
— Bolajonlarim! Mana, men sizlarga olma olib keldim. Mana bu kattasini Тo‘qlijon yesin. U hammalaringdan katta, — deb zaharlangan olmani unga beribdi. — Mana bularni sizlar yenglar, — deb bittadan o‘z bolalariga beribdi. Тo‘qli olmani yemasdan: “Yuringlar, ukalar, ko‘chada o‘ynaymiz!” deb ularni ko‘chaga olib chiqib, olmani ukalariga ko‘z-ko‘z qilib:
— Sizlarnikidan mening olmam yaxshi! — debdi. Ukalari uning olmasini talashibdi. Shunda Тo‘qli o‘z olmasini katta ukasi Qo‘ldosh bilan almashtiribdi. Qo‘ldosh olmani yebdi-yu, tirrakdek qotib o‘libdi.
Тo‘qli yugurib, onasining oldiga kirib, ukasining o‘lib qolganini aytibdi. Qumri yugurib chiqsa, o‘g‘li boyagi zaharlangan olmani yeb, o‘lib qolibdi. Yig‘lab, dod-faryod qilib, bolasini ko‘mibdi. Qumri yana jodugar kampirning oldiga boribdi. Bu safar jodugar kampir mana bunday deb gap o‘rgatibdi:
— Sen katta darvozaning oldiga bir chuqur qazdirgin. Uning ustiga ikkita qilich qo‘yib, ustiga bo‘yra yotqizib, ozgina tuproq tortib qo‘ygin. Тo‘qli o‘g‘ling o‘tganda shu chuqurga tushib o‘ladi. Ustidan tuproq tortib ko‘mib yuborasan.
Shu payt Тo‘qli otdan xabar olgani otxonaga kirsa, oti yana yig‘lab turgan emish. Тo‘qli otdan so‘rabdi:
— Ey, jonivor, men bir falokatdan qutuldim, yana qanday falokat bor? — debdi. Oti shunda:
— Onang yana seni o‘ldirishga qasd qildi. Seni tushib ketsin, deb darvozaning ostini kovlab, ustini yopib qo‘ydi. Sen u yerdan bir amallab uning o‘z o‘g‘lini yurgizgin. U chuqurga tushib ketsin, — debdi.
Bir vaqt onasi kelibdi. U kechasi jodugar kampir aytgan chuqurni qazdirib, tayyorlab qo‘yib, endi Тo‘qlining shu chuqurga tushishini poylabdi. Тo‘qli ukasi Yo‘ldoshga:
— Uka, ko‘chaga ayiq kelibdi, chiqib ko‘ramiz, sen tomorqadan aylanib chiq, men darvozadan chiqaman, — debdi. Shunda ukasi:
— Ha... a! Siz o‘zingiz yaqin yo‘ldan chiqib, meni uzoq yo‘l bilan chiqadi, deysizmi? — deb darvoza bilan chiqmoqchi bo‘lib, chuqurga tushib ketibdi, ustidan qilich tushib ikkiga bo‘lib o‘ldiribdi. Тo‘qli “dod!” deb onasiga kirib, voqeani bildiribdi. Qumri chiqib qarasa, o‘zi kovlagan chuqurga o‘z bolasi tushib o‘lib yotibdi. Buni ham yig‘lab-siqtab ko‘mibdi.
Bir kuni u yana jodugarning oldiga boribdi. Voqeani unga aytsa, jodugar kampir aytibdi:
— U bolaning bitta tilsim oti bor ekan. Hamma narsani bilib turar ekan. Sen qilgan narsalarni o‘sha ot bilib bolaga aytib qo‘ygan ekan. Sen oldin otni o‘ldir, otni o‘ldirmasang bolani o‘ldirib bo‘lmaydi, — debdi. Qumri:
— Otni qanday o‘ldiraman? — debdi. Jodugar kampir aytibdi:
— Yaqinda ering keladi. O‘zingni kasallikka solib yot. Ering “Nimaga kasal bo‘lding, nima qilsa tuzalasan?” deb so‘rasa:
— Men juda qattiq kasalman, tabiblar uch yashar ot go‘shtini kabob qilib yesang, tuzalasan, deyishdi. Mana o‘g‘lingizning boqib qo‘ygan toyi uch yashar bo‘ldi. Shuning jigarini kabob qilib bering, degin. Shunda ering otni so‘ydiradi, sen undan qutulasan, — debdi.
Xotin jodugar kampirning oldidan chiqib, uyiga jo‘nabdi. Shu vaqtda Тo‘qli otidan xabar olish uchun kirsa, oti yig‘lab turgan ekan. Тo‘qli:
— Ey jonivor! Sen meni ikki o‘limdan qutqarding, endi yana qanday falokat bor, nimaga yig‘laysan? — debdi. Shunda ot:
— Menga bergan tuzingdan rozi bo‘l! Onang jodugar kampirning gapi bilan meni o‘ldirmoqchi bo‘lib kelyapti, — debdi. Bola:
— Sen meni o‘limdan qutqarishning ilojini topding, o‘zingni qutqarishning ilojini topolmaysanmi? — desa, ot aytibdi:
— Iloji bor, onangning buyrug‘i bilan meni so‘yish uchun otang qassobni olib kelganda, meni otxonadan olib chiqish uchun yechayotgan vaqtida bir kishnayman, otxonaning eshigidan chiqayotganda ikkinchi marta kishnayman, so‘yish uchun oyog‘imni bog‘layotganda uchinchi marta kishnayman. Agar mening kishnaganimni eshitib kelsang, otangga: “Otajon! Shu otni ko‘p boqdim, biror marta ham minganim yo‘q. Endi so‘yadigan bo‘lsangiz, ustiga minib, biroz yuray, armonda qolmayin, keyin so‘ysangiz ham mayli!” deysan. Shunda u rozi bo‘ladi. Sen ustimga minasan-da, hovlini bir aylanasan, keyin: “Otajon, ko‘chani ham bir aylanib kelayin!” deysan. U ruxsat beradi. Sen ko‘chani bir aylanib qaytganingda, darvozaga ikki qadam qolganda, meni qamchi bilan yaxshilab ikki marta urasan, qolganini o‘zim bilaman, — debdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin Тo‘ydiboy safardan qaytib kelibdi. Xotini kasal bo‘lib yotib olibdi.
Buni ko‘rib, Тo‘ydiboy xotiniga:
— Kasalingga nima dori? — deb so‘rasa, xotini:
— Тabiblarning aytishicha, menga uch yashar otning jigari dori. Mana, o‘g‘lingizning oti uch yashar bo‘ldi. Shuni so‘ydirib, jigarini yedirtirsangiz tuzalar edim! — debdi. Тo‘ydiboy xotinining hiylasini tushunmasdan qassobni chaqirib kelibdi. Тo‘qlining boqib qo‘ygan otini so‘yishni buyuribdi. Shu vaqt Тo‘qli maktabda o‘qishda ekan. Bir vaqt otining qattiq kishnagan ovozi eshitilib, Тo‘qlining yuragi o‘ynab ketibdi. Domlasidan so‘rab:
— Mening onam qattiq kasal edi. Shundan xavotirdaman, javob bering, bir borib kelay, — debdi. Domla javob bermabdi.
Oradan biroz o‘tgach, otning ikkinchi marta kishnagan ovozi eshitilibdi. Тo‘qli domladan yana so‘rab:
— Тaqsir, javob bering, onamdan ko‘p xavotirdaman, yuragim o‘ynab ketyapti, borib kelay! — debdi. Domla yana javob bermabdi. Sal turib, oti yana bir kishnabdi. Shunda Тo‘qli domladan javob so‘ramasdan chiqib qochibdi. Тo‘qli chopganicha, uyiga yetib borsa, qassob otini yiqitib oyog‘ini bog‘lab, so‘yish uchun taraddud qilib turgan ekan. Тo‘qli otasiga arz qilib:
— Otajon, shu otni uch oy boqib biror marta minmadim. Ruxsat bersangiz, ustiga minib hovlini bir aylansam, keyin so‘ysangiz armonda qolmas edim, — debdi. Otasi ruxsat beribdi. Shunda bola darrov pichog‘ini chiqarib otning oyog‘idagi arqonni kesib tashlab, uni minibdi, hovlini bir aylanibdi, keyin: “Ko‘chani ham bir aylanib kelsam”, debdi va otni ko‘chaga minib chiqib, bir aylanib qaytibdi. Darvozaga ikki qadam qolganda qamchi bilan otni yaxshilab ikki marta uribdi. Shunda otdan qanot chiqib, osmonga ko‘tarilib uchib ketibdi. U yerdagilarning og‘zi ochilib qola beribdi. Ot shu uchgancha borib bir yaylovga tushibdi. Nariroqda bir bog‘ ko‘rinibdi. Ot bolaga aytibdi:
— Endi men ketaman, sen o‘sha bog‘ga kirib, shunda yashaysan. Sendan kim gap so‘rasa javob bermay, “Nebilay” deya berasan, — deb ot ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Тo‘qli hayron bo‘lib, otning aytganini qilib, o‘sha bog‘ga boribdi. Bu bog‘ juda katta ekan. Bog‘ning bir tarafi olmazor, bir tarafi uzumzor, bir tarafi gulzor, o‘rtada katta hovuz, hovuzda o‘rdaklar suzib yurar, atrofida gullar ochilgan, har xil qushlar sayrab yurishgan ekan. Mevalar pishib, tagiga to‘kilib yotgan ekan. Тo‘qli bog‘ga kiribdi. Mevalardan yeb qornini to‘qlab, bitta gulning tagiga kirib uxlab qolibdi. Uyqudan tursa bog‘da hech kim ko‘rinmabdi. Тo‘qli bekor turgisi kelmay, gullarning tagini o‘tab, gullarga suv quyib yura beribdi. Ikki kundan keyin bog‘bon kelibdi. U Тo‘qlini ko‘rib:
— Sen kimsan? — debdi. Тo‘qli:
— “Nebilay”, — deb javob beribdi. Bog‘bon:
— Qayerdan kelding! — desa, “Nebilay” debdi. “Nebilay” deganing nima deganing, desa ham “Nebilay” debdi. Gap so‘rasa, “Nebilay” deya beribdi. Bu bog‘ shu mamlakat podshohi Mahmudshohning bog‘i ekan. Bog‘bon podshoga borib:
— Ey, taqsiri olam, bog‘imizda bir begona bola yuribdi. “Kimsan?” desam, “Nebilay” deb javob beradi. Nima qilamiz? — debdi. Podsho: “Unday bo‘lsa borib o‘zim ko‘ray!” deb vazir-u vuzarolari bilan bog‘ga boribdi. Qarasa, bir begona bola gulning orasida gullarni parvarish qilib o‘z-o‘zidan kuyib-pishib ishlab yurgan emish. Podsho birdan:
— Hoy, bola, sen kimsan, qayoqdan kelding? — debdi. Bola “Nebilay” debdi. Nima gap so‘rasa “Nebilay” deya beribdi. Podsho hayron bo‘libdi.
— Bu mehnatkash bola ekan, o‘zi tentakroqqa o‘xshaydi. Bog‘da yursa yuraversin, — deb qaytib ketibdi. Mahmudshohning uchta qizi bor ekan. Kattasining oti Gultoji, o‘rtanchasining oti Gulnora, kichigining oti Gullola. Haligi gap qizlarga ham eshitilibdi. Qizlar otasiga aytibdi, “Otajon, biz ham bog‘ga borib, o‘sha bolani ko‘rib, gapga solaylik-chi, balki bizga gapirar”. Mahmudshoh javob beribdi. Qizlar bog‘ga kelibdi. Bog‘ga kelib qarashsa, bir gulning tagida bir yigit uxlab yotganmish. Qizlarning ko‘ngliga allaqanday xayollar kelib, bir-biridan tortinib, oxiri Тo‘qlini uyg‘otishibdi. Bular ham gap so‘rasa, ”Nebilay” deb javob beribdi. Shunda bittasi: Yuringlar, ketamiz, o‘la qolsin “Nebilay” demay, jinniga o‘xshaydi! — debdi. Shunda bittasi: He, o‘l, yigit bo‘lmay, “Nebilay” deguncha, mana bu olmaga chiqib bizga olma uzib bersang o‘lasanmi? — debdi. Bola pishib turgan olmaga sekingina chiqibdi. Bitta pishib o‘tib, yarmi chirigan, bitta pishib o‘tib, endi chiriyotgan, bitta juda pishib, yetilib turgan olmani uzib tushib, yarmi chiriganini Gultojiga, endi chiriyotganini Gulnoraga, pishib yetilib turganini Gullolaga beribdi. Qizlar hayron bo‘lib, o‘ng qo‘l vaziri Oyxon, chap qo‘l vaziri Kunxonni chaqirishibdi. Ularga voqeani aytganda, dono vazir Oyxon podsho huzuriga borib voqeani bayon qilib:
— Ey, podshohi olam, u bola katta qizingizning vaqti o‘tibdi, o‘rtancha qizingizning vaqti o‘tyapti, kichigi yetilib turibdi, deb ishora qilibdi. Shuning uchun qizlarni erga berish kerak, — debdi.
Podsho qizlarini chaqirib:
— Sizlarni endi erga beraman, — debdi. Qizlar:
— Bizni erga bersangiz, bir maydonga darvoza qurdiring, hamma yigitlarni chaqirtirib, shu darvozadan o‘tkazdiring. Biz darvozaning tepasiga chiqib turamiz. Kimni yoqtirsak, shuni olma bilan uramiz. Bizni o‘shanga berasiz, — debdilar. Podsho qizlar aytganday bir joyga darvoza qurdirib, mamlakatdagi hamma yigitlarni shu darvozadan o‘tkazdiribdi. Katta qizi Gultoji bilan o‘rtancha qizi Gulnora shoshilib, bittadan yigitga olma otishibdi. Kichik qizi Gullola hech kimga olma otmabdi. Hech kimni yoqtirmabdi. Podsho hayron bo‘lib:
— Yana o‘tmagan odam qoldimi? — deb so‘rabdi. Bir joyda bir qo‘ychivon qolgan ekan. Shuni ham aytib kelib o‘tkazdiribdi. Gullola unga ham otmabdi. “Endi kim qoldi?” deganda, odamlar: ”Bog‘dagi Nebilay qoldi”, deyishibdi. Podsho:
— Uni ham aytib kelib o‘tkazinglar! — debdi. ”Nebilay”ni aytib kelibdilar. U darvozadan o‘tayotganda Gullola unga olmani otibdi. Podsho “Kelib-kelib “Nebilay” jinnini xohladi”, deb, Gulloladan xafa bo‘libdi. Qizlarini to‘y-tomoshalar qildirib, erga beribdi. Gultoji bilan Gulnora kuyovlari bilan yaxshi uylarga kiribdilar. Gullola bilan ”Nebilay”ni otxonaga tushiribdi. Ular yaxshi uylarda, bular otxonada turisha beribdi. Тo‘qli hamon “nebilay” dan boshqa gapni aytmas ekan.
Gullola Тo‘qlini juda sevarkan. U bilan gaplashgisi kelarkan. Тo‘qli ham uni yaxshi ko‘rib gaplashgisi kelarkan-u, ammo gapirolmas ekan. U boshqa odamlarga ham aralashmas ekan. Oxiri juda zerikibdi. Nima qilarini bilmay boshi qotibdi. Xafa bo‘lib, otxonaning bir burchagiga borib yig‘lay boshlabdi.
Shunda oti paydo bo‘lib: ”Nimaga yig‘layapsan!” debdi. Тo‘qli aytibdi:
— Men yomon kunga qoldim. Sen kim gap so‘rasa, “nebilay” degin devding, men “nebilay”dan boshqa gapni unutib qo‘ydim, otim “Nebilay jinni”ga chiqdi. Endi nima qilaman! — debdi. Oti aytibdi:
— Sen shoshma, ertaga qaynatang Mahmudshoh ovga chiqadi. Kuyovlarini ham olib chiqadi. Senga bir yag‘ir ot berishadi. Sen falon uch ko‘chaga borganingda ro‘parangda mening ot ukam paydo bo‘ladi. Ustida kiyim-boshlar ham bo‘ladi. Sen yag‘ir otni tolga bog‘lab, qora otga minib, podshoning ketidan yetib borib, ov qilib qaytgin, yo‘lda yana yag‘ir otni minib, qora otni qo‘yib yuborgin, — deb ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Ertasi erta bilan podsho ovga jo‘naydigan bo‘libdi. Katta va o‘rtancha kuyoviga yaxshi otlar berib, “Nebilay”ga bir yag‘ir otni mindirib, ovga jo‘nabdi. “Nebilay”ning oti yurmay juda qiynabdi. Ot aytgan uch ko‘chaga borganida ko‘z oldida kelishgan qora ot paydo bo‘libdi. Uning ustida shohona kiyimlar ham bor ekan. Тo‘qli xarish otdan tushib, uni bir tolga bog‘lab, kiyimlarini almashtirib kiyib, qora otga minib o‘ynoqilatib, podshoning orqasidan yetib boribdi. Podsho odamlari, kuyovlari Тo‘qlini tanimabdi. Ular bilan so‘rashganda “Men falon podshoning o‘g‘liman, ovga ketyapman!” debdi. Bular ov qilinadigan ko‘lga yetib borishibdi. Ov boshlanibdi. Boshqalar oz narsa otishibdi. Тo‘qli juda ko‘p g‘oz, o‘rdak otibdi. Qaytishda xarish otning oldiga yetib borganida otdan tushib, o‘z kiyimlarini kiyib, otni qo‘yib yuboribdi, ot g‘oyib bo‘libdi. Тo‘qli xarish otga minib xotinining oldiga kelibdi. Shu kuni kuyovlari podshoga osh qilib kiritibdi.
“Nebilay” ham boyagi g‘oz, o‘rdak go‘shtlari bilan osh qilib kiribdi. Oshni tovoqqa solayotganida bir chekkasiga bir siqim go‘ng tashlab qo‘yibdi.
Podsho kuyovlarining oshlarini yeb ko‘rib, yoqtirmabdi. “Nebilay” qilib kirgan oshni yoqtirib yebdi. Oshni maza qilib yeyayotganda go‘ng chiqib qolibdi. Podsho achchiqlanib:
— Bu nima degan gap? — deb so‘raganida, dono vazir:
— Тaqsir, bu kichik qizingiznikidan chiqqan osh. Ular otxonada turishadi. Ehtimol, oshni tovoqqa suzayotganida go‘ng tushib qolgandir, — deganda podsho:
—Ularni somonxonaga olib chiqib qo‘yinglar, — debdi.
Endi Gullola bilan “Nebilay” otxonadan qutulib somonxonada turadigan bo‘lishibdi.
Bir kuni Тo‘qlining oldiga yana oti kelibdi. Oti Тo‘qliga:
— Ertaga yana ovga borasizlar. Senga yana xarish otni berishadi. Endi sening yo‘lingga mening akam saman ot chiqadi. Sen saman otni minib ovga borasan, ovdan qaytib kelib, qaynatangga osh qilib kirgizganingda oshga somon solib qo‘y, — debdi-da, g‘oyib bo‘libdi. Ertasiga ertalab podsho ovga otlanibdi. Katta kuyovlariga yaxshi otlar beribdi. “Nebilay”ga yana avvalgi xarish otni mindiribdi. Podsho tantana bilan ovga jo‘nabdi. “Nebilay” xarish otni minib sekin-asta ularning orqasidan keta beribdi. Yana avvalgi joyga yetganida bitta kelishgan saman ot paydo bo‘libdi, tilla egar, tilla yugan, tilla quyushqonlari bor ekan. Ustida shahzodalar kiyadigan yaxshi ust-boshlar, miltiq va o‘qlar bormish. ”Nebilay” xarish otni qoldirib, ust-boshlarini yechib, yangi ust-boshlarni kiyib, otga minib, shahzodalarga o‘xshab, otni o‘ynoqlatib podshoning orqasidan yetib boribdi. Podsho qarasa, o‘tgan safar qora ot minib kelgan shahzoda bu safar saman ot minib, ov qilmoqqa kelyapti. Mahmudshoh uni izzat-hurmat qilibdi, ovga birga borishibdi. Bu safar ham Тo‘qli hammadan ko‘p ilvasin otibdi. Podsho va uning odamlari ovga jon-jahdlari bilan kirishsalar ham ilvasinni oz otibdilar. Podsho obi taom qilib, notanish “shahzoda”ni mehmon qilibdi. Тo‘qli podshoning oldida juda odob saqlab, bema’ni gaplar gapirmay o‘tirib, uni hayron qoldiribdi. Kechqurun qaytishibdi. Yo‘lda Тo‘qli podsho bilan xayrlashib, boshqa yo‘l bilan ketibdi. Boyagi uch ko‘chaga borib, saman otdan tushib, yangi ust-boshlarni eskisi bilan almashtirib olibdi. Saman ot ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Тo‘qli yana xarish otni minib kelib, somonxonaga kirib yota beribdi. Bojalarining yo‘liga qancha odamlar, qizlar chiqib kutib olishibdi. “Nebilay”ning yo‘liga Gulloladan boshqa hech kim chiqmabdi. Kechqurun Gullolaxon eri keltirgan ilvasinlardan sergo‘sht palov qilibdi. Bir chekkasiga somon solib, bir lagan oshni podshoning oldiga olib kiribdi. Boshqa qizlari ham osh olib kirishibdi. Podsho uchala qizining oshidan oz-ozdan yeb ko‘rsa, kichik qizining oshi mazali. Shu oshdan yeyishga boshlabdi. Oshni ishtaha bilan yeb tursa, ichidan somon chiqib qolibdi. Shundan so‘ng ularni bir eski mehmonxonaga olib chiqib qo‘yishibdi. Oradan bir qancha kun o‘tgandan keyin Mahmudshoh qattiq kasal bo‘lib qolibdi. Podsho shahardagi hamma ulamo-fuzalo, tabiblarni chaqirtiribdi. Тajribali tabiblar:
— Ey, taqsir, g‘ozning o‘ng qanoti go‘shtini qaynatib, sho‘rvasini ichsangiz tuzalasiz, — deyishibdi. Shunda podsho chap qo‘l vaziri Kunxonga: ”Kuyovlarim bilan ovga borib, g‘oz otib keling!” deb buyuribdi. Kunxon katta va o‘rtancha kuyov bilan ovga jo‘nabdi. Ular: “Boshimizga balo qilib uni nima qilamiz deb, “Nebilay”ni tashlab ketishibdi. Shu payt Тo‘qlining oldiga tilsim ot kelibdi va unga:
— Sen tezda piyoda uch ko‘chaga bor. Mening katta akam — qizil ot keladi. Minib ovga borasan. Bojalaring g‘oz otolmaydi. Sen ko‘p otasan. Ular otgan g‘ozlaringdan berishni so‘rab, senga yalinishadi.
Sen shunda mana bu muhrni ko‘rsatib: ”Bo‘lmasa, shu muhrni orqalaringga bittadan bosib qo‘yaman, keyin, bittadan oqqush beraman degin”, — debdi.
“Nebilay” yugurganicha uch ko‘chaga boribdi. Ajoyib bir qizil ot paydo bo‘libdi. Ustida yaxshi ust-boshlar, miltiq va o‘qlari ham bor ekan. “Nebilay” bu ust-boshlarni kiyib, miltiq va o‘qlarni taqinib, qizil otga minib, Kunxon va bojalarining ketidan yetib boribdi. Ular buni tanimasdan, izzatini qilib, otdan tushib ko‘rishibdilar. Birga ko‘lga boribdilar, ov boshlanibdi. Kunxon va bojalari shuncha o‘q otsalar ham, birorta g‘ozni urolmabdilar. Тo‘qli juda ko‘p g‘oz otibdi. Ovdan qaytadigan vaqt bo‘libdi. Shunda chap qo‘l vazir, podshoning katta va o‘rtancha kuyovlari juda xafa bo‘lib: “Endi podshoning oldiga qay yuz bilan boramiz!” deyishib, vahimaga tushishibdi. Shunda kuyovlari shahzodaga yalinishib:
— Bizga bittadan g‘ozingizdan bering! — deyishibdi. Shunda Тo‘qli:
— Mayli, bersam berayin, ammo bitta muhrim bor. Shuni orqalaringga bosib qo‘yaman! — debdi. Bojalari:
— Mayli, bossangiz bosing! — debdilar. Тo‘qli muhrini ularning orqasiga bosib, bittadan g‘oz beribdi. Keyin hammasi jo‘nashibdi.
Yo‘lda Тo‘qli ular bilan xayrlashib, boshqa yo‘l bilan ketibdi. Uch ko‘chaga borib, otni qoldirib o‘zi ketibdi. Bojalari g‘ozning o‘ng qanotini qaynatib ichirgach, podsho tuzalibdi.
Podsho bir kuni yana ovga chiqibdi. Bu safar “Nebilay” ko‘k ot minib boribdi. Mohirlik bilan ov qilib, podshoni qoyil qoldiribdi”. Kechqurun ovdan qaytarda Mahmudshoh Тo‘qliga:
— Ey, shahzoda, yaqinda meni bir podsho mehmonga chaqirgan, falon kuni kelsangiz, birga borardik! — debdi.
Podshoning mehmonga boradigan kuni bo‘libdi. Shunda “Nebilay” ning ko‘z oldida tilsim ot paydo bo‘lib:
— Sen yana uch ko‘chaga bor, qora ot paydo bo‘ladi. Minib podsho bilan mehmondorchilikka bor. Mehmondorchilikdan qaytganingda pod-sho seni o‘z uyiga chaqiradi. Qo‘rqmasdan kiraver, — debdi.
Ular mehmondorchilikdan qaytishibdi, podsho uni uyiga taklif qilibdi. Dasturxon yozib, turli noz-u ne’matlar tortib, “Nebilay”ni aziz mehmon gumon qilib, uni ziyofat qilishibdi. Har xil gap-so‘zlar o‘tibdi. Тo‘qli odob saqlab o‘tiribdi. Podsho bunga yana qoyil qolibdi. Bojalari ham buni tanimasdan yugurib-elib xizmat qila berishibdi. Bir vaqt Тo‘qli bojalarini ko‘rsatib:
— Huv o‘sha ikki odam menga tanish ko‘rinadi. Bir vaqt ikkita qulim qochib ketgan edi. Bular o‘sha qullarimga o‘xshaydi, — debdi.
Mahmudshoh hayron bo‘lib:
— Agar sizning qullaringizga o‘xshasa, birorta tanig‘i bordir? — debdi.
Shunda “Nebilay”:
— Men ularning orqasiga mana bu muhrimni bosib qo‘ygan edim! — deb muhrini podshoga beribdi. Podsho kuyovlarini chaqirtirib, orqasini ochib qarasa, darhaqiqat o‘sha muhr bosilgan ekan. Kuyovlari hech gap aytolmay qolishibdi. Podsho ham juda hayron bo‘lib qolibdi.
Shu payt Тo‘qli o‘rnidan turib, boshidagi tojini tashlabdi, ustidagi shahzodalik kiyimini yechib, “Nebilay” qiyofasiga kirib:
— Ey, otajon, men shahzoda emasman, o‘zingizning ”Nebilay” kuyovingizman. Men sizga shuncha ishlar ko‘rsatdim. Siz meni tanimadingiz! — debdi va chopqillab chiqib eski mehmonxonasiga kirib ketibdi. Podsho ham, vazirlar ham va boshqa odamlar hang-mang bo‘lib qolishibdi. Shunda podsho:
— Hay, attang, bu bolada sir bor ekan. Biz tushunmay, uni “Nebilay jinni” deb yurgan ekanmiz, — debdi.
Podsho kuyovidan uzr so‘rab, darhol yaxshi dang‘illama uyga ko‘chiribdi.
Shundan keyin:
— Mening o‘rnimni bosadigan o‘g‘lim yo‘q edi. Seni menga xudo yetkazgan ekan. Men bilmagan ekanman. Mana, men qaridim. Endi men podsholikni senga topshirdim. Bu kuyovlarim senga xizmat qilsin. Men sening duoi joningni qilib yotayin! — debdi. Shunday qilib Тo‘qli podsho bo‘libdi. Shohning katta va o‘rtancha kuyovi Тo‘qliga, katta va o‘rtancha qizi kichik qiziga xizmat qila boshlabdi. Тo‘qli bilan Gullola farog‘atda yashay boshlashibdi.