Bir zamonda bir topqinchi dehqon bor ekan. U birov biror narsani yashirib qo‘yib, “Bu nima?” deb so‘rasa, ko‘rmasdan topib berar ekan. U, kunlarning birida, o‘lim yostig‘iga bosh qo‘yib, dunyo bilan xayrlashibdi. Dehqon o‘lgandan keyin ikki ho‘kiz bilan biroz yer uch o‘g‘liga qolgan ekan. Uch og‘a-ini bir kuni bir yerga yig‘ilib: “U yerni bo‘lib, ovoti menga, novvoti senga”, deb janjallashib turmaylik. Biri-miz qo‘sh qo‘shib yerni tayyorlaylik, birimiz ekin ekib, chopig‘ini chopib, hisobini topib pishiraylik. Birimiz o‘rib olib xirmonga solib yanchib, sovurib, bog‘lab, hosilini qoplab bo‘lib olaylik”, deb kelishibdi. Hash-pash deguncha, bahor ham kelib qolibdi. “Qani, endi qo‘shni kim qo‘shadi?” deb, ular bir-biriga maslahat solibdi. Kichigi turib:
— Qo‘sh qo‘shmoq bizdan bo‘lsin, — deb ho‘kizlarni olib, bo‘yinturuqni ilib, dalaga borib, besh kun qo‘sh haydab, uyga kelibdi. Ho‘kizlarini tashqariga bog‘lab, yem-xashakni joylab, yotib uxlab qolibdi. Kechasi darvoza ochiq qolib, o‘g‘ri kelib ikkala ho‘kizni olib ketibdi. Qo‘shchi ertasi uyg‘onib qo‘shga boray desa, ho‘kizlari bog‘langan joyida yo‘q emish. Hayron bo‘lib, yota beribdi.
Ertalab ichkaridan ikkala akasi chiqib:
— Nega qo‘shga bormading, ho‘kizlar qani? — debdi. Qo‘shchi ukasi:
— Kechasi o‘g‘ri kelib, ho‘kizlarni olib ketibdi, — debdi. Akalari:
— O‘g‘rini ko‘rmadingmi? — debdi.
Ukasi:
— Ko‘rmadim, — deb javob beribdi.
Shunda eng katta akasi:
— Otamiz bir narsani ko‘rmasdan topadigan topqinchi edi. Otamizning xususiyati bizda bo‘lsa, ho‘kizlarni topsak kerak. Uka, ko‘rmagan o‘g‘rini nimaga o‘xshatding? — debdi.
Kichik ukasi:
— Ko‘rmagan o‘g‘rining ko‘zini ko‘kka o‘xshatdim, — debdi.
O‘rtancha akasi:
— Agar shu o‘g‘rining ko‘zi ko‘k bo‘lsa, soqoli sariq bo‘lsa kerak, — debdi.
Katta akasi turib:
— Agar o‘g‘rining ko‘zi ko‘k, soqoli sariq bo‘lsa, oti Muso bo‘lsa kerak, — debdi.
Bundan keyin uchalasi:
— Ko‘chalar, bozor, guzarlarni qaraylik, u yerdan kimning ko‘zi ko‘k, soqoli sariq bo‘lsa, to‘xtatib otini so‘raylik, — deb maslahatlashib, ko‘chama-ko‘cha, guzarma-guzar, bozorma-bozor qidirib yurganlarida, ko‘zi ko‘k, soqoli sariq bir odam ko‘rinibdi. Bular u odamning oldiga borib:
— Aka, otingiz nima? — deb so‘rabdilar, u odam:
— Otim Muso, — deb javob beribdi. Og‘aynilar uni mahkam ushlab, biqiniga mushtlab, “Ho‘kizimizni topib ber!” deyishibdi. U odam:
— Men sizlarning ho‘kizlaringizni olganim yo‘q, — debdi. Keyin uch birodar “Ho‘kizlarni topib berasan”, deb yana mushtlay beribdi. Bu g‘avg‘oga to‘rt tomondan yig‘ilgan odamlar janjalning sababini so‘rabdilar.
Uchta og‘ayni:
— Biz ho‘kizimizni o‘g‘irlatdik. Bu odam o‘g‘irlagani uchun tutdik. Mollarimizni topsa topgani, topmas ekan, o‘g‘riligini yopgani, — deyishibdi.
Odamlardan biri:
— Nima sababdan bu kishini o‘g‘ri deysizlar? Qanday asoslaring bor? — deb so‘rabdi.
Og‘aynilarning kattasi turib:
— Biz qo‘limiz bilan ushlamasak ham, ko‘zimiz bilan ko‘rmasak ham topadigan topqinchi-bilgirmiz. O‘g‘ri shu, ho‘kizlarimizni shundan toptirib olib, undan keyin qo‘yib yuboramiz, — debdi. Yig‘ilgan odamlar:
— Bu janjalni podsho yechmasa, biz yecholmas ekanmiz, — deyishibdi.
Bu so‘z bilan uchta og‘ayni haligi odamni sudrab, to‘rtta bo‘lib podsho oldiga borishibdi. Podsho:
— Nima arzingiz bor? — deb so‘rabdi.
Muso ta’zim bajo keltirib:
— Ey, podshohi olam, birov yo‘lda ketayotsa, birovi yo‘lda kelayotib “Oting nima?” desa, “Muso” desa, “Ho‘kizimni topib ber, desa, ushlasa, biqiniga mushtlasa, shunday dashnom bersa, tutib olib kelsa, yur bu yoqqa”, deb oldiga solib kelsa. Ey, hukmi jahon, bunday zulmga jazo bormi? Arzim shu, taqsir, — debdi.
Bu gapga podshoning g‘azabi kelib: “Jallod!” deb chaqiribdi. Jallod yetib kelib: “Qilichim o‘tkir, tig‘im burro, xizmat”, debdi. Podsho uchta og‘a-inini o‘limga buyuribdi. Jallod ularni oldiga solib chiqib ketayotganda, podshoning yonida o‘tirgan vaziri:
— Тaqsir, birovidan gap so‘radingiz, ammo u uchovidan hech gap so‘ramadingiz. Ulardan ham bir og‘izdan gap so‘rang. Qani, nima deb javob berar ekanlar. Ularning ham dalili bordir, — debdi.
Bu so‘zdan keyin podsho bu uchta aka-ukani qaytarib keltirib, ulardan so‘rabdi:
— Yo‘lda ketayotgan odamga “Sening oting nima?” deganlaringda, “Otim Muso”, deganda, “Ho‘kizlarni topib ber” deb nima vajdan bu odamni mening oldimga olib keldinglar, qani, arzlaringni aytinglar, — debdi.
Katta aka turib:
— Bizning otamiz topqinchi edilar. U kishi ko‘zi bilan ko‘rmagan narsani “Bu nima?” desa, topib berar edilar. Otamiz o‘lib, undan bizga ikki ho‘kiz qolgan edi. Kichik ukam kechasi uxlab yotganida ho‘kizlarni o‘g‘ri olib ketdi. Biz ukamizga “Tur, qo‘shga bormaysanmi?” desak, u “Ho‘kizlarni o‘g‘ri olib ketib qoldi”, dedi. Keyin men “Bizning otamiz ko‘zi bilan ko‘rmagan narsani topib beradigan topqinchi edilar. Shu otamizning topqinchilik xislati bizda bo‘lsa, “Sen o‘g‘rini nimaga o‘xshatding?” deb kenja ukamdan so‘rasam, u turib: “Menimcha o‘g‘rining ko‘zi ko‘kka o‘xshaydi”, dedi. O‘rtancha ukam: “Uning ko‘zi ko‘k bo‘lsa, soqoli sariqqa o‘xshaydi”, dedi. Men turib: “Uning ko‘zi ko‘k bo‘lsa, soqoli sariq bo‘lsa, oti Muso bo‘lsamikan?” dedim. Shundan keyin ko‘zi ko‘k, soqoli sariq, oti Muso bo‘lsa, o‘sha odam o‘g‘ri deb, bozor, guzarda izlab yurib edik, bir ko‘chada ko‘zimizga shu odam ko‘rinib qoldi. Razm solib qarasak, ko‘zi ko‘k, soqoli sariq ekan. Yaqiniga kelib: “Oting nima?” desak, “Muso” dedi. Biz topqinchilik vajidan shu turgan odamning olganligiga ko‘nglimiz qaror topib, huzuringizga keltirdik. Bo‘lgan ahvol shu, — deb gapini tugatibdi.
Podsho:
— Bo‘lmasa, to‘rtovingizni bir uyga qamab qo‘yaman. Bir kosa tagiga bir narsani yashirib qo‘yaman, to‘rtovingni olib chiqib, yigirma qadam nariroqqa qo‘yaman. “Shu kosaning tagida nima?” deb so‘rayman, shu kosa tagidagi narsaning nima ekanligini uchoving topsang, bu turgan kishining olganligiga ishonib, hukm qilaman. Agar topolmasalaring hukmim hukm, sizlarni jallodning qo‘liga topshiraman, — debdi. Uch og‘ayni rozi bo‘libdi.
Podsho to‘rtovini bir uyga qamab qo‘yishni buyuribdi. So‘ngra podsho bir anorni keltirib, ustiga bir kosani to‘ntarib, to‘rtovini olib kelishni buyuribdi. Ular kelib podshodan yigirma qadam narida to‘xtashibdi. Podsho:
— E, topqinchilar, bu kosaning tagiga yashirilgan narsa nimadir? — deb so‘rabdi. Og‘a-inilarning kattasi turib:
— Kosa, uni bu yoqqa olsa, tagida yumaloqqa o‘xshagan narsa qolsa kerak, — debdi. Keyin o‘rtanchasi turib:
— Kosa, uni bu yoqqa olsa, tagida yumaloqqa o‘xshagan narsa qolsa, u yumaloq bo‘lsa, ichi qizil bo‘lsa kerak, — debdi.
Eng oxirida kichigi turib:
— Kosa, uni bu yoqqa olsa, tagida yumaloqqa o‘xshagan narsa qolsa, u yumaloq bo‘lsa, ichi qizil bo‘lsa, anorning o‘zi bo‘lsa kerak, — deganidan keyin, podsho kosani olib Musoga:
— Bularning topqinchiligi rost ekan, bularning gapi to‘g‘ri, sen ho‘kizni olgan o‘g‘ri. Ho‘kizlarni olganmisan, olmaganmisan, rostini ayt, — debdi.
Muso:
— Dushanba kuni olganman, — deb, o‘g‘riligini bo‘yniga olibdi. Shunday qilib, uch og‘aynilar o‘limdan qutulib qolibdilar. Muso jazoga tutilib qolibdi. Podsho ho‘kizlarini toptirib, oldiga solib yuborgan ekan. Ular haydab ketgan ekan, murodiga yetgan ekan.