Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir kampirniig yolg‘iz o‘g‘li bor ekai. Uning oti Yakkadikiltak ekan. Yana bir kampirning to‘qqizta o‘g‘li bor ekan. Ularni To‘qqizto‘qaltaklar deb chaqirar ekanlar.
Yakkadikiltak To‘qqizto‘qaltaklar ham arava yasab, sotishar ekan. Yakkadikiltak yolg‘iz o‘zi to‘qqizta arava yasaganda, To‘qqizto‘qaltaklarning hammasi bittadan to‘qqizta arava yasashar ekan. Tuqqizto‘qaltaklar Yakkadikiltakni hech ko‘ra olmas ekanlar, doim unga hasad qilar ekanlar.
Bir kuni kechasi aka-ukalar Yakkadikiltaknikiga kelishibdi. U uxlab yotganida, yasab qo‘ygan tayyor aravalarini kuydirib ketishibdi. Aravalar kuyib, kul bo‘libdi.
Erta bilan Yakkadikiltak turib qarasa, hamma aravalar kuyib, kul bo‘lib yotganmish. "Ey, bu o‘shalarning ishi" deb, kullarni bir qopga solib, og‘zini bog‘lab, yo‘lga tushibdi. U keyingi qishloqqa yetib borganida namoz vaqti ekan. U ko‘chada yurgan bolalarga:
— Bunga tegmanglar, bu qopda tilla bor, — deb tayinlab, o‘zi namoz o‘qigani kirib ketibdi. Bolalar kiziqib, qopning bir chetini teshib ko‘ribdilar. Qarashsa qopda kul emish. Yakkadikiltak namozdan chiqib, ko‘rsaki, qopining bir chetidan kul to‘kilib yotibdi.
— Voy-dod, mening tillalarimni olib, o‘rniga kul solib qo‘yibdilar, — deb baqira boshlabdi. Odamlar to‘plana boshlabdilar. Ular Yakkadikiltakning gaplariga ishonib:
— Hech jahonda kul ham olib yurarmidi, tilla bo‘lsayam, bordir, — deb odamlarning rahmi kelib unga pul to‘play boshlashibdi.
Yig‘ilgan pullar yarim qopdan oshibdi. Yakkadikiltak pullarni eshakka yuklab, o‘z uyiga qaytayotganda yo‘lda To‘qqizto‘qaltaklarni uchratib qolibdi. U qopini birtepsa, pullari shaldur-shuldur qilib ketibdi. Aka-ukalar xayron bo‘lib qarashibdi va Yakkadikiltakdan:
— Qaerlardan kelyapsan? — deb so‘rashibdi.
— Ey, kechasi sizlar aravalarimni kuydirib, menga foyda qildinglar. Kulni qopga solib, ketaversam, hamma chiqib bir siqimdan olib, pul tashlab ketaverishdi, hamma yog‘im pulga to‘lib ketdi, — debdi Yakkadikiltak.
Aka-ukalarning battar jahli chiqib, boshqa yo‘llarini izlay boshlabdilar. Ular, "hoynahoy, qari onasi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgan bo‘lsa kerak" deb o‘ylab, kampirni o‘ldirmoqchi bo‘lishibdi. Ular kechga yaqin yana Yakkadikiltakning uyiga borishibdi.
Kampirning uyqusi qochib, tashqarida uymalanib yurgan ekan. To‘qqizto‘qaltaklar kampirni o‘ldirib, eshik tagiga tikka qilib o‘tqazib qo‘yishibdi. Yakkadikiltak onasidan xabar olgani eshikka chiqsa, onasi o‘lib yotgan emish. U bu ham To‘qqizto‘qaltaklarning ishi ekanligini sezibdi. Yakkadikiltak onasini eshakka mahkam qilib bog‘lab, tikka qilib o‘tqazibdi va yana yo‘lga chiqibdi. U qishloqqa kirib borib, "o‘lik ketdi, o‘lik ketdi" deb baqiraveribdi. Buni eshitgan odamlar, "bu tentak bo‘lganmi", deb dalaga haydab yuboribdilar.
Yakkadikiltak dalada yurib, bir xirmonga to‘g‘ri kelibdi. U xirmonga bug‘doy uyulgan ekan. Yakkadikiltak eshagini qo‘yib yuborib, o‘zi esa bir chekkada pisib o‘tiraveribdi. Eshakni ko‘rgan odamlar:
— Hoy kampir, eshagingni ol! — deb baqiribdilar, lekin kampir indamabdi. Odamlar uning yoniga kelib:
— Hoy, kampir, eshagingni olasanmi, yo‘qmi, — deb bir itarishgan ekan, kampir yiqilib tushibdi.
Buni ko‘rgan Yakkadikiltak yugurib kelib:
— Mening onamni o‘ldirib qo‘ydilaring! — deb ayyuhannos solibdi.
Buni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketishibdi va unga pul to‘plab berishibdi. Hammalari birga kampirni ko‘mishibdi. Keyin Yakkadikiltak yo‘lga tushibdi, yana To‘qqizto‘qaltaklarga duch kelibdi.
— Qaerdan kelyapsan? — deb so‘rashibdi aka-ukalar.
— Ey, kechasi sizlar onamni o‘ldirib ketganinglardan keyin, ta’ziyaga odam aytib yursam, ular onangni tavob qilamiz, bir aylantirib yurgin, deyishdi. Keyin onamni eshakka mindirib, qishloqlarga olib bordim. Hamma onamni tavob qilib pul berdi, — debdi Yakkadikiltak.
Bu gaplarni eshitgan aka-ukalar hayron bo‘lib, endi Yakkadikiltakning o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lishibdi. Ular yana bir kuni kechasi Yakkadikiltak uxlab yotganini poylab uyiga kirishibdi. Uni qopga solib, daryoga tashlamoqchi bo‘lishibdi.
Yo‘lga chiqishibdi, daryogacha hali bor ekan. Yo‘lda, "bir oz dam olaylik", deb to‘xtab, uxlab qolishibdi.
Bir vaqt Yakkadikiltak uyg‘onib ketibdi, ko‘zini ochib qarasa, qopning ichida yotganmish. U yumalab-yumalab "aka-ukalardai uzoqlashibdi va odamlarning qadam tovushi kelayotgan tomonga qarab surilaveribdi. U yo‘lovchilarga:
— Meni shu qopdan chiqarib yuboringlar, meni daryoga tashlashmoqchi, — debdi.
Ular qopning og‘zini ochib qarashsa, bir yigit o‘tirganmish. U qopning ichiga katta-katta toshlarni solib, og‘zini boyagiday qilib bog‘lab, aka-ukalarning yoniga olib borib qo‘yibdi. Uzoqdan cho‘pon qo‘ylarini boqib yurganini ko‘ribdi. U cho‘ponning yoniga borib qo‘ylarini daryoning u betiga o‘tkazishga yordam berib tursa, yana To‘qqizto‘qaltaklarni uchratibdi.
Ular qarashsa, yana o‘sha Yakkadikiltak. Aka-ukalar bilmaslikka olib so‘rabdilar:
— Qaerlardan kelyapsan? Shuncha qo‘ylarni qaerdan olding?
— Ey, sizlarning hamma qilgan ishlaring menga foyda keltirdi. Men daryoning ostidan shuncha qo‘ylarni haydab chiqdim, o‘ho‘, hali yana qancha qo‘ylar bor u yerda, — debdi Yakkadikiltak.
Ular hayron bo‘lishibdi. Hammalari birin-ketin o‘zlarini daryoga tashlabdilar. Suzishni bilmaganlari uchun cho‘kib ketaveribdilar.
Shunday qilib To‘qqizto‘qaltaklar o‘libdi, Yakkadikiltak bo‘lsa ulardan qutulib, o‘z murod-maqsadiga yetibdi.