OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yamoqchi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda Ma’ruf yamoqchi degan bir odam bo‘lgan ekan. U faqat yamoqchilik qilib, arang kun kechirar ekan. Ma’ruf domla-imomning maslahati bilan Ruzvon otin degan bir tul (beva) xotinga uylanibdi. Ruzvon otin juda firibgar xotin ekan. Uning kasbi rom ochish, fol boqish kabi xurofiy ishlar ekan.
Ruzvon otin erining yamoqchilik qilib topgan puliga qanoat qilmas ekan.
Bir kun Ma’ruf yamoqchi bozorda kun bo‘yi ishsiz o‘tirib, kechqurun uyiga qup-quruq qaytibdi. Ruzvon otin erini qarg‘ab-qarg‘ab uydan haydabdi.
Ma’ruf yamoqchi ham rosa jonidan to‘ygan ekan. U shahardan chiqib ketibdi. Karvonlarga qo‘shilib, ularning tuya, otlarini boqib, qorovullik qilib, ming azob-uqubatlar bilan Xo‘tan shahriga yetib boribdi.
Xo‘tanda Ma’rufning tanishlaridan Ali degan bir katta savdogar bor ekan. U Ma’rufni ko‘rib qolib, uni tekinga ishlatmoqchi bo‘lib, hiyla-nayrang bilan uyiga olib boribdi.
Uni darhol hammomga tushirib, yangi kiyim-bosh kiydirib, katta ziyofat qilibdi. Ertasiga Ma’rufga alohida do‘kon ochib beribdi.
Ma’rufning qo‘li juda ochiq ekan. U oldiga tilanib kelgan gadoylarga do‘kondagi mollardan, puldan berib jo‘nataveribdi. Xullas, o‘sha kunning o‘zidayoq do‘konning ming tillalik dastmoyasini shahardagi gadoylarga, yetim-yesirlarga berib, tamom qilibdi.
Ertasiga Ali Ma’rufga yana ming tillalik mol berib, “Endi bunday qilmagin” deb jo‘natibdi. Ma’ruf xo‘jayinning gapiga kirmay, do‘kondagi mollarni tilanib kelgan gadoylarga yana berib tamomlabdi. Ma’rufning ovozasi Xo‘tan podshosiga yetibdi. Podshoh uni chaqirtiribdi. Ma’rufning kelishiga dasturxonlar yozilib, rang-barang taomlar hozir qilinibdi. Ovqatdan so‘ng podshoh Ma’ruf yamoqchidan qaysi shahardan kelganini, kasbi-kori nima ekanini so‘rabdi.
Ma’ruf katta savdogar ekanini aytibdi. Podshoh uni sinash uchun qo‘lidagi uzugini chiqarib, ko‘zi qanday toshdan ekani va narxi qancha ekanini so‘rabdi.
Ma’ruf uzukni tishi bilan sinab ko‘raman deb, sindirib qo‘yibdi. So‘ngra podshohga:
— Shohim, bu yaramas tosh ekan, ming tillaga arzimaydi. Menda yuz ming tillaga arziydigan asl toshlar bor,— debdi. Podshoh uzukni ming tillaga olgan ekan.
Podshoh vazir bilan maslahatlashib, yamoqchi ta’rif qilgan yuz ming tillali qimmatbaho toshlarni olish uchun qizi Jahonoroni Ma’rufga bermoqchi bo‘libdi.
Vazirlar Ma’rufdan podshohning yagona qizi Jahonoroni xotin qilib olishini iltimos qilibdilar. Ma’ruf “Mening mollarim, tuyalarim yo‘lda, ular kelgandan keyin to‘y qilsak, qanday bo‘lar ekan” desa ham ko‘nmabdilar. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, Ma’rufga Jahonoroni olib beribdilar.
Ma’ruf Jahonoro bilan uch oy turmush kechiribdi. So‘ngra “Yo‘lda kelayotgan mollardan xabar olib kelaman” deb, Xo‘tan shahridan chiqib ketibdi, shu bilan boshini o‘limdan saqlab qolmoqchi bo‘libdi.
Ma’ruf yamoqchi Xo‘tandan chiqib, ancha yo‘l yuribdi. Yo‘lda ketayotganida qarasa, dehqonlar yer haydayotgan ekan.
Ma’ruf yo‘l yuraverib, juda charchabdi, ochlikdan qiynalibdi, bir dehqondan non bilan qatiq so‘rabdi. Dehqon: “O‘g‘lim, mening uyim hov anavi tepalikda, sen ho‘kizlarimga qarab turgin, men borib non bilan qatiq olib kelaman” deb uyiga jo‘nabdi. Ma’ruf biroz dam olib, “Dehqon kelguncha yerni haydab turay” deb, yer hayday boshlabdi. Bir vaqt qarasa omoch tishi bir narsaga qadalibdi. Ma’ruf shuncha harakat qilsa ham, ho‘kizlar yurolmasdan to‘xtab qolibdi. Ma’ruf o‘zicha: “Endi meni xudo urdi, peshonam sho‘r ekan. Dehqon kelsa nima deb javob beraman” deb qayg‘urib, omoch tishini chiqazib olishga unnabdi. Lekin omoch tishi bir marmar toshga taqalib qolganidan sira siljimabdi.
Ma’ruf tuproqni kavlab, toshni olib tashlamoqchi bo‘libdi. Axiri toshni bazo‘r ko‘tarib, bir chetga irg‘itibdi. Qarasa, toshning tagida bir zinapoya bor ekan.
Ma’ruf o‘z baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘lib, ko‘zini chirt yumib, zinapoya bilan chuqurga tushaveribdi. Qadami yerga tekkanda ko‘zini ochibdi. Qarasa, hamma yoq kunduzdek yop-yorug‘ emish. Lekin u yerda na chiroq bor emish, na sham. Ma’ruf hayron bo‘lib, buning sirini bilolmabdi, ammo eshik qubbalariga o‘rnatilgan gavharlarni ko‘rib, yorug‘lik shulardan ekanini bilibdi.
Ma’ruf bu joyda qirq uy ko‘ribdi. Ularning eshiklari qimmatbaho yog‘ochlardan yasalgan bo‘lib, eshiklariga oppoq pardalar tortilgan emish. Shu uylarning biriga kirsa, qator-qator sandiqlar turgan emish. Har qaysi sandiqning kaliti burnida emish.
Ma’ruf darhol bir sandiqni ochib qarasa, ichi oltin-lal kabi qimmatbaho narsalar bilan liq to‘la emish. Oxirgi uyga kiribdi. Bu uy hammasidan katta bo‘lib, judayam yaxshi bezatilgan emish. Ammo bu uyda sandiq, oltin yo‘q emish. Uyning to‘rida taxt bo‘lib, u eng qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan emish. Тaxt ustidagi bir oltin sandiqcha ichida zumrad ko‘zli kumush uzuk porlab turgan emish.
Ma’ruf uzukni olib, barmog‘iga taqibdi. Uning ko‘zini sinchiklab ko‘rmoqchi bo‘lib, qo‘li bilan silagan ekan, birdaniga qattiq gulduragan tovush eshitilibdi. Ma’ruf qo‘rqib, hushidan ketayozibdi.
Qaysi ko‘zi bilan ko‘rsin, ikkita billur shoxli katta bir dev uning oldida ta’zim qilib turgan emish. Dev Ma’rufga qarab:
— Ey Said, nima xizmat buyurasiz, tog‘larni daryoga uraymi yo shaharlarni suvga g‘arq qilaymi? — deb ikki bukilibdi.
Ma’ruf qo‘rqa-pisa undan:
— Sen o‘zing kimsan? — deb so‘rabdi. Dev:
— Ey Said,— debdi, — meni Ra’diqosif deydilar. Ko‘hiqofdagi devlarning podshosi bo‘laman. Yetti yuz ming lashkarim bor. Kimki shu uzukni qo‘liga olsa, men uning xizmatkori bo‘laman. Xohlasa bir shaharni ko‘chirib, daryoga tashlayman, xohlasa bir lahzada cho‘llarda shaharlar barpo qilaman, — deb yana ikki bukilib ta’zim qilibdi.
Ma’ruf es-hushini yig‘ib turib, devga bunday debdi:
— Darhol to‘qqiz yuz eng yaxshi ot, to‘qqiz yuz eng yaxshi nor tuya hozirlab, shu yerdagi oltin va qimmatbaho toshlarni ortib, tashqariga shohona chodir tikasan. O‘n mingta jangchi polvonlarni hozir qilasan, dunyoda hech kim kiymagan shohona kiyim-boshlar, qimmatbaho toshlardan qilingan yaroqlar tayyor qilib qo‘yasan!
Ra’diqosif ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim qilibdi va “Buyrug‘ingizni darrov bajo keltiraman” deb ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Ma’ruf tashqariga chiqsa, Ra’diqosif hamma narsani hozirlab, Ma’rufni kutib turgan emish. Ma’ruf darhol qimmatbaho ust-boshlarni kiyib, Ra’diqosif tayyorlagan taxt ustiga chiqib o‘tiribdi. Uning atrofida odam suratiga kirgan devlar, Ra’diqosif olib kelgan kishilar, chiroyli qizlar qo‘l qovushtirib, farmonga hozir bo‘lib turgan emishlar.
Endi so‘zni dehqondan eshiting.
Dehqon bir kuvacha qatiq bilan to‘rtta qotgan non olib kelar ekan, uzoqdan o‘z yeriga qurilgan chodirlar va ajoyib otlarni ko‘rib, esini yo‘qotayozibdi. Ma’rufning amri bilan dehqonni ichkariga olib kiribdilar. Dehqon Ma’rufni podshoh deb o‘ylab, unga ta’zim qilibdi, quruq kelgani uchun kechirim so‘rabdi.
Ma’ruf o‘rnidan turib, dehqonni quchog‘iga olibdi.
— Otajon, sizning bu olib kelgan non bilan qatig‘ingiz menga yetti iqlim podshohligidan ham ortiq. Тilang tilagingizni! — debdi.
Dehqon Ma’rufga ta’zim qilib, debdi:
— Podshohim, men bu yerni ekish uchun bir boydan ijaraga olganman. Boy meni ko‘p xo‘rlaydi. Menga turli-tuman jabr-zulmlar qiladi. Olgan hosilimdan to‘qqiz hissasini boy tortib oladi, o‘zimga atigi bir hissa qoladi. Yil bo‘yi bola-chaqam bilan ishlayman, oxiri och-yalang‘och qolamiz. Тilagim shuki, siz o‘sha zolim boyning jazosini bersangiz, toki men ham ro‘yobga chiqsam.
Ma’ruf darhol uzuk ko‘ziga qo‘l tegizibdi. Shu onda hozir bo‘lgan Ra’diqosif ta’zimni bajo keltirib, yer o‘pib xizmatga tayyor turibdi.
Ma’ruf devga shu yer egasini olib kelishni buyuribdi.
Boy Ma’rufni podshoh deb o‘ylabdi. Ma’ruf sudxo‘r boyga qarab:
— La’nati, sen nega dehqonlarni ezasan?— deb xitob qilibdi.
Boy esankirab, Ma’rufning so‘rog‘iga javob berolmabdi. Ma’ruf devlarga buyurib, boyning boshini tanasidan judo qildiribdi. Yerni dehqonga umrbod vasiqa qilib beribdi.
So‘ngra dehqonga qarab bunday debdi:
— Otajon, endi yer o‘zingizniki bo‘ldi. Sizga hech kim zug‘um qilolmaydi. Men sizga o‘n sandiq tilla ham beraman. Siz shu sudxo‘r boyga o‘xshab, boshqa kambag‘al dehqonlarni ezmasdan, tillalarni boshqa kambag‘al dehqonlarga ham bo‘lib bering, o‘zingiz ham bahuzur xarjlab yuravering.
Shu bilan Ma’ruf dehqonga o‘n sandiq tilla beribdi.
Endi so‘zni Xo‘tan podshosidan eshiting.
Ma’rufning qochib ketganini Xo‘tan podshosi bilib qolibdi.
Podshoh darhol Ma’ruf orqasidan choparlar yuborib, uni qayerda topsalar ham bog‘lab, kishanlab olib kelishga buyuribdi.
Podshoh qasamyod qilib: “U nobakorni shunday azob berib o‘ldirayki, bu voqea boshqalarga katta ibrat bo‘lsin, bundan keyin hech kim meni aldayolmasin!” debdi.
Xo‘tan podshosining choparlari ot qo‘yib, Ma’rufni izlab ketibdilar. Ular bu yerdagi shohona chodirlarni ko‘rib, hayron qolibdilar, chunki umrlarida bunday qimmatbaho chodirlarni aslo ko‘rmagan ekanlar. Choparlar otdan tushib, ruxsat so‘rab, chodir ichiga kiribdilar, Ma’rufga ta’zim qilibdilar. Ma’ruf ularga qarab:
— Xush kelibsiz, Xo‘tan shohining choparlari! Xo‘sh, nima xizmat bilan keldingiz? — debdi. Choparlar yer o‘pib:
— E shahanshoh, janobingizning qaynotalari yo‘lga chiqib sizni kutib olish uchun yubordilar,— deb ikki bukilib ta’zim qilishibdi.
Ma’ruf o‘sha onda xazinachini chaqirib: “Har bir choparga ming tilladan pul berilsin” deb buyuribdi. Choparlar oltinni olib, Ma’rufga qulluq qilibdilar, so‘ngra podshohga xabar berish uchun jo‘nab ketibdilar.
Choparlar orqasidan Ma’ruf ham o‘ziga qarashli odamlarni yasantirib, chiroyli otlarga mindirib, dunyo-dunyo oltinlar, qimmatbaho toshlar, la’l-gavharlarni nor tuyalarga yuklab, Xo‘tan shahriga ravona bo‘libdi.
Choparlar tezlik bilan podshoh huzuriga borib, Ma’rufning davlatini, shon-shavkatini podshohga shunday ta’rif-tavsif qilibdilarki, Xo‘tan podshosining og‘zi ochilib qolibdi. Choparlar ertasi erta bilan Ma’rufning shaharga kelishini podshohga ma’lum qilibdilar.
Ertasiga choshgoh paytida shaharning kunchiqar tomonida chang paydo bo‘libdi. Oradan sal fursat o‘tmay, yaxshi otlarga mingan chiroyli yigit-qizlar, Rustamdek polvonlar, yuk ortilgan nor tuyalar yaqinlashib kelaveribdilar. Bularning oldida qanchadan-qancha soqchi askarlar bilan birga shohona kiyingan Ma’ruf as’asai-dabdaba bilan kelmoqda ekan.
Ma’ruf shaharga jar soldirib, g‘arib-faqirlarni o‘z yoniga chaqiribdi, ularga qanchadan-qancha mol-dunyo berib, xursand qilibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.