OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaxshi niyat — yarim davlat

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, niyati buzuq, hammani o‘zidan bezor qilgan bir o‘g‘ri bor ekan. U o‘g‘irlikdan topgan pulini karta o‘ynab yutqazar, hamma vaqt yolg‘onni do‘ndirib, kishilarni aldab ketar ekan. Bir vaqt uning ishi yurishmay qolibdi. Qarasa, hamma o‘zini undan chetga oladigan bo‘lib qolibdi. Bir kuni odamlardan shu yurtda Xotami Toyga o‘xshagan bir kishi borligini va uning kim nima so‘rab borsa, surishtirmay so‘ragan narsasini berishini eshitib, shuning uyiga boribdi. Borsa, oq soqol bir nuroniy odam ko‘rpachada o‘tirgan emish. Salom berib kiribdi. Saxiy odam ham o‘rnidan turib kutib olibdi. Yaxshilab qornini to‘yg‘azibdi-da, keyin: «Xizmat», debdi. Shunda o‘g‘ri yigit:
— Men sizdan uch ming so‘m pul so‘rab keldim, albatta bir vaqti bilan qaytaraman, — debdi.
— Uch ming desang uch ming bor, bolam, — deb saxiy odam uch ming so‘mni sanab yigitga beribdi.
Yigit pulni olishi bilan: «Endi senga pulni qaytarib bo‘pman, topar oyda olarsan!» deb ko‘nglidan o‘tkazibdi-da, jo‘nab ketibdi. Bir oz yurgandan keyin pulni sanab ko‘rmoqchi bo‘lib, cho‘ntagini paypaslabdi. Qarasa, pul yo‘q. Tushirib qo‘ygan bo‘lsam kerak, deb o‘ylabdi. Bu voqeani o‘ziga o‘xshagan bir do‘stiga aytgan ekan, u:
— E, yana bor, u laqmani yana uch mingini olmaysanmi? — debdi.
Yigit saxiy odamning oldiga kelibdi.
— Menga yana uch ming so‘m kerak bo‘lib qoldi, men bir vaqti bilan hammasini qaytaraman, — debdi yigit.
— Mayli, yana uch mingni ol, — debdi saxiy odam. Yigitga uch ming so‘m pulni yana sanab beribdi. Yigit yana buzuq niyatini ishga solib, pul berganni ichida so‘kib, jo‘nab ketibdi. Bir necha daqiqa yo‘l yurib cho‘ntagiga qo‘lini tiqsa pul yana yo‘q emish. Yigit hayron bo‘libdi. Nima balo pulni sanab oldim, cho‘ntagimga soldim... Yigit xafa bo‘libdi, oldiga o‘ziga o‘xshagan do‘stlari kelgan ekan, ularga ham qaramay o‘taveribdi. Oxiri bir cholning oldiga borib bo‘lgan ishlarni aytib beribdi. Shunda chol yigitga:
— Bolam, «Yaxshi niyat — yarim davlat» — deb bejiz aytmaganlar. Niyating yomon bo‘lsa qo‘lingdagini ham oldirasan. Sen hamma yomonliklaringni yerga ko‘m, yaxshi odamlar bilan bo‘l. Shunda sen baxtli bo‘lasan. Sen o‘sha odam oldiga borib yana pul olishing mumkin. Ammo niyating xolis bo‘lsin, — deb yigitga maslahat berib yuboribdi. Yigit «borsammi, bormasammi?» deb o‘ylanib, bir necha kunni oradan kechirib, bir kuni yana pul so‘rab boribdi. Nuroniy odam ham: «Kel, o‘g‘lim kel, kel. Yaxshi kelding, bir yordamlashib yuborsang bo‘lardi, — deb yigitning oldiga bir necha ming pulni tashlab, — bularni sanab ber», deb o‘zi boshqa xonaga kirib ketibdi. Yigit ko‘nglida: «Nega mening oldimga shuncha dunyoni to‘kib ketdi. Mendan gumon ham qilmadi, o‘g‘irlab ketar deb ham o‘ylamadi» — degan gaplarni o‘tkazib, pullarni taxlab, sanabdi. Lekin bir diramni ham cho‘ntagiga solmabdi. Halol sanab, niyatini ham buzuq xayollarga burmabdi. Bir necha daqiqalardan so‘ng uy egasi kelib yigitga: «Xush keldingiz, o‘g‘lim, ovqatdan oling, choy iching, dam oling», — deb, yigitning qornini to‘yg‘azib, dam oldirib, keyin yigitdan so‘rabdi.
— Xo‘sh, xizmat?
— Ota, ozgina muhtojlik bo‘ldi. Bir oz pul berib tursangiz, men sizga keyin qaytarib bersam, — debdi yigit.
— Bolam, istaganingni aytib, keragini sanab olaver, — debdi saxiy odam va yigitning oldiga bir dasta pul qo‘yibdi.
Yigit to‘rt ming so‘m pulni sanab olibdi-da, xayr-xo‘shlashib ketibdi. O’zicha o‘ylabdi: «Bu odamiing oldiga uch marga keldim va har safar ham ko‘nglimga sig‘gan pulni oldim. Lekin biror marta mening na ismimni, na turar joyimni so‘radi. Bunchalik saxiy, yaxshi odam bo‘larkan-da. Agar o‘lmasam olgan o‘n ming so‘m pulimni bir yo‘lasi ustida sovg‘asi bilan qaytaraman, shu nuroniy kishiga bundan keyin bolasiday xizmat qilganim bo‘lsin...»
Bir necha daqiqa yo‘l bosgandan keyin yana qo‘rqa-pisa cho‘ntagiga qo‘lini solibdi. Qarasa pul turganmish. Sevinganidan bozorga boribdi-da, bir kosibga:
— Mening to‘rt ming so‘m pulim bor, menga bir hunar o‘rgating, ham hunarmand bo‘lgunimcha shu pulimni ishlatib turing, — debdi.
Kosib aytibdi:
— Men seni boshqa bir hunarmandga beray, lekin pulingni o‘zim ishlatay. Bir yildan keyin pulingdan qancha foyda chiqsa hammasi o‘zingga buyursin, — deb, kosib yigigni gilamdo‘zga shogird qilib beribdi.
Yigit bir yilda gilam to‘qishni o‘rganibdi. Kosib esa yigit bergan to‘rt ming so‘m pulidan yigirma besh ming so‘m foyda ko‘ribdi. Bir kuni yigitni oldiga chaqirib:
— Bolam, men sen bergan to‘rt ming so‘mdan yigirma besh ming so‘m foyda ko‘rdim. Sen shu pulni ol, — deb yigitga yigirma besh ming so‘m pulni beribdi.
Yigit pulning yarmini olib, yarmini kosibga qaytaribdi-da:
— Agar, siz meni gilamdo‘zga shogird qilib bermaganingizda men hunar o‘rganmagan bo‘lardim, men shaharning eng oldingi gilamdo‘zlaridan biriman. Xalq meni hurmat qiladi. Men baxtimdan shodman. Shuning uchun menga yarmi bo‘ladi, — debdi.
Kosib ham yigitdan xursand bo‘libdi. Yigit pulni olib, o‘zi hunar qilib to‘qigan bir kichik gilamni ko‘tarib, saxiy odamning oldiga boribdi.
— Men sizdan uch yo‘lasi pul oldim va hammasi o‘n ming so‘m pul bo‘ldi, mendan shu omonatingizni oling, — debdi yigit.
— Mendan, — debdi nuroniy odam, — to‘rt ming so‘m pul olgansiz, olti ming so‘m pul esa siz eshikdan chiqar vaqtingizda hovlimga tushib qolgan edi. Faqat so‘nggi olgan pulingizni olaman.
Yigit so‘rabdi:
— Nega, axir? Men sizdan olib cho‘ntagimga soldim, eshikdan chiqdim, qanday tushib qoldi?
— Bolam, avvalgi ikki yo‘la pul olganingizda niyatingiz yomon edi, yomon niyat bilan kelgandingiz, shuning uchun pul sizga yuqmadi. Keyin sizda yaxshi niyat paydo bo‘lib keldingiz va olgan pulingiz foyda berdi. Bolam, niyatingizdan baraka toping, hamisha yaxshi niyat bilan birovning hovlisini bosing, — debdi va yigitdan faqat to‘rt ming so‘m pulni olibdi. Yigit esa o‘zining hunaridan sovg‘a qilib atagan gilampi tutqazibdp. Nuroniy odam gilamni olib, yigitning peshonasidap o‘pib, fotiha beribdi. Shunday qilib niyatini yaxshi qilgani uchun yigit boyibdi va hammaning hurmatiga sazovor bo‘lib yashabdi. U hozir ham mehnat qilib yaxshi yashayotgan emish.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.