Kunlardan bir kuni podsho vazirga:
— Menga dunyoda eng yaxshi go‘shtdan kabob qilib keltiring, — debdi.
Vazir boshi qotib uyiga kelibdi, «eng yaxshi go‘sht qaysi molning go‘shti ekan?»—deb rosa o‘ylabdi. U xunob bo‘lib o‘tirgan ekan, qizi:
— Otajon, nimadan xafasiz, yoki podshodan yomonroq gap eshitdingizmi? — deb so‘rabdi.
— Qizim, podsho menga, eng yaxshi go‘shtdan kabob buyurdilar, nimaning go‘shti yaxshi va shirin ekanligini bilmay boshim qotib turibdi, — debdi vazir.
— Shunga ham ota go‘ri qozixonami? Bitta qo‘yni so‘ydiring-da, tilini kabob qilib olib boring, gunohkor qilsa men kafil, — debdi qizi.
Vazir qizining gapi bilai bir qo‘yni so‘ydirib uning tilini kabob qilib, podshoning oldiga kiritgan ekan, podsho vazirga qarab:
— Endi eng yomon go‘shtdan kabob qilib keltiring, — debdi.
Vazir yana qizining oldiga kelib:
— Qizim, yaxshisini qildik, qutuldik, yomoni qaysi go‘sht? — debdi. Qizi:
— Yana bir qo‘yni so‘ydiring-da, tilini kabob qilib olib boring, — debdi.
Vazir yana shunday qilib podshoning oldiga kiritgan ekan, podsho aytibdi:
— Qilgan ishingiz joyida, bu sizning yaxshi bilimdon ekanligingizdan dalolat beradi, — desa, vazir:
— Taqsir, gunohimdan o‘tsangiz to‘g‘risini aytay, — debdi va podshoga bu ishni kimning aqli bilan qilganini aytibdi. Shunda podsho vazirning qizini chaqirib:
— Qizim, nima uchun tilni ham yomon, ham yaxshi go‘shtlarga sanadingiz? — debdi. Shunda qiz:
— Podshohim, kishining boshiga yaxshilik ham, yomonlik ham tildan keladi. Elda bir maqol bor: «Tish tilning qal’asi, til boshning balosi». Bu gapni eshitib podsho vazirning qiziga ajoyib bir bog‘ in’om etgan ekan.