Bir kuni yetti ahmoq bozorga o‘ynagani chiqishibdi. Yurib-yurib qornilari ochibdi. Ular pul yig‘ishib yettita xurmacha qatiq va yettita non olishibdi. Endi olgan narsalarini yeyish uchun joy izlashib, bir chekkaga o‘tishibdi. Ular atrofga qarasalar, qo‘llarini yuvish uchun suv ko‘rinmabdi. Shunda ularning eng kattasi boshqalariga suv keltirishni buyuribdi. Ular bir-birlariga sansalorlik qilib, hech qaysisi unamabdi.
Shunda ahmoqlar bir-biriga shart qo‘yishibdi: «Agarda kim gapirsa, o‘sha qo‘lga suv olib kelib quysin», deyishibdi. Shunday qilib, ahmoqlar indamasdan o‘tiraverishibdi.
Shu payt, bir gadoy kelib tilanibdi. Unga hech kim javob bermabdi. U nonii olib yeb, qatiqni ichib, idishning yuqini ahmoqlar betiga surkab ketibdi.
Bir ozdan keyin bir it kelib, qolgan non ushoqlarini yesa ham ular indamay o‘tiraverishibdi. It non ushoqlarini, idish yuqlarini yalabdi. Oxiri itning qorni to‘ymay qolib, bir chekkadan ahmoqlarning betidagi gadoy surkab ketgan qatiqlarni yalay boshlabdi. It oltita ahmoqning betini yalab yettinchisini yalayotganda, itning tili og‘ziga kirib ketibdi. Shunda haligi ahmoq: «Ket!» deb yuboribdi. Shunda haligi oltita ahmoq birdaniga: «Tur qo‘lga suv keltir!» deb qichqiribdi. Qarashsaki, oldilarida na non bor va na qatiq.