OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoqma — pisharsan, qazma — tusharsan

Qadim zamonda bir saxovatli odam bo‘lgan ekan. U odam hamisha elga osh-non ulashar va el xizmatini qilar ekan. Dasht-sahrolarga borsa, qo‘y boqishga yordam berar, daryoga borsa — baliqlarga non-go‘sht tashlab o‘tar ekan.
Uning bir o‘g‘li bor ekan. Otasi o‘lib ro‘zg‘or shu bolaningboshiga tushibdi. Bola beva qolgan onasi bilan kun kechira boshlabdi.
Kunlardan bir kuni bir savdogar xalqqa kelib:
— Kim mening bir kunlik xizmatimni bajarsa, olti oy boqaman va ro‘zg‘origa olti oylik ovqatini beraman, —debdi.
Savdogarning gapini eshitgan bola ham bir kun xizmat qilib, olti oylik ovqat va haqini olishga orzumand bo‘libdi.
Savdogar ham bolani o‘zi bilan birga olib ketibdi. Bolani olti oy boqibdi, olti oylik haqini, oziq-ovqatlarni ham ro‘zg‘origa beribdi va uni chaqirib shunday debdi:
— Endi kelishganimizdek, olti oy yeb-ichding, dam olding, haqingni ham olding, endi bir kunlik xizmatimni joyiga qo‘yasan, — debdi.
— Ma’qul, — debdi bola ham.
Savdogar qirq tuya, qirq to‘rva, qirq xurjun olibdi-da, bolani bir tuyaga mindirib, o‘zi bir tuyaga minib yo‘lga tushishibdi. Tongdan yo‘lga chiqib yarim tungacha yo‘l bosib, bir quduq oldiga kelib to‘xtabdilar.
Savdogar bolaga qarab:
— Endi seni shu quduqqa tushiraman, qirq xurjun bilan qirq to‘rvani ham yuboraman. Qo‘lingga nima ilinsa, shu xurjun va to‘rvalarga solib, menga yuboraverasan, — debdi.
— Xo‘p, — debdi bola.
Savdogar bolaning beliga ikki yuz gazlik arqonni bog‘lab quduqqa tushiraveribdi, bola ham hali yetarman, hali yetarman deb tushaveribdi. Oxiri bolaning oyog‘i yerga tegibdi. Savdogar xurjunni ham, to‘rvani ham quduqqa tashlabdi.
Bola qo‘liga ilingan narsalarning nima ekanligini o‘zi ham bilmay-ko‘rmay, to‘rvalarni, keyin xurjunlarni ham to‘ldirib yuqoriga yuboraveribdi. Bir vaqt bola qarasa, na xurjun, na to‘rva qolibdi, na yuqoridan arqon tushibdi. Shunday qilib, savdogar bolani quduqda qoldirib, o‘zi oltin-kumush, gavhar-marvaridlarni olib ketib qolgan ekan.
Bola savdogarning hiylasini sezibdi-da, "taqdir shu ekan-da" deb, bir necha kechani o‘tkazibdi. Bolani o‘lim vahimasi bosib kelaveribdi. U yoq-bu yoqlarda yotgan odam kallalarini ko‘rib qo‘rqibdi.
Bola xafa bo‘lib, boshini yerga solib o‘tirsa, vag‘ur-vug‘ur ovoz kela boshlabdi. Bola:
"Bu ne ovoz?" — deb boshini ko‘tarib qarasa, oldida bir yigit turganmish.
— Do‘stim, yur izimdan, — debdi yigit.
Bola yigitning orqasidan boraveribdi. Yigit bolani bir daryoga olib borib, bir qayiqqa o‘tqazibdi va:
— Qayoqqa desang, shu yoqqa olib boraman, — debdi.
— Men o‘z elimga borishni istayman, — debdi bola. Yigit qayiqni hayday turib, bolaga:
— Endi ko‘zingni yum, och desam, ochasan, — debdi. Bola ko‘zini yumibdi va yigit "och" deganda, ochgan ekan, u o‘zini daryo qirg‘og‘ida ko‘ribdi.
— Endi, xayr, — debdi yigit.
— To‘xta, sen kim bo‘lasan, menga buncha yaxshilik qilgan? — deb so‘rabdi.
— Men sening ko‘p non-tuzingni yeganman. Otang menga turli narsalar keltirib berar edi, endi shuning xizmatini bajardim. Xayr, — debdi-da, yigit bir baliq suratiga xirib, daryoga cho‘kib ketibdi.
Bola otasi tufayli qaytgan yaxshilikka xursand bo‘lib, uyiga yo‘l olibdi. Kelib qarasa, uyda na non, na bir chaqa pul bor ekan. Bola "yonimda non puli bormi, yo‘qmi", deb qarasa, cho‘ntagidan gavharlar to‘kilaveribdi. Qarab tomosha qilgudek, bir fursatda ro‘zg‘or yaxshilanib ketibdi.
Kunlardan bir kun yana o‘sha savdogar murid istab:
— Kimki bir kun xizmat qilib bersa, olti oylik haqini oladi, — deb jar solib kelibdi.
Bola o‘ylabdi: "Agar men bormasam, boshqasi borar, o‘lib ketar yo omon qolar, kel, bu qotilning joyini topdirib qo‘yay". — debdi-da, savdogarning yoniga borib,
— Men boraman, — debdi.
Savdogar bolani o‘zi bilan birga olib ketib, olti oy rosa izzatda tutibdi. Olti oy o‘tgandan keyin avvalgi gapini takrorlab:
— Endi xizmatga! — debdi.
Bola savdogar bilan o‘sha tanish quduq bo‘yiga boribdi. Savdogar yana bolaning beliga arqonni bog‘layotgan ekan, bola:
— Xo‘jam, avval bu quduqning ichiga qanday tushishimni o‘zingiz bir ko‘rsatib bering, — debdi.
— Ey, shuni ham bilmagan anqov bulasanmi, mana qarab tur, — deb savdogar o‘zining beliga arqonni bog‘lab quduqqa ozgina tushgan ekan, bola arqonni kesib yuboribdi-da:
— Endi shu makon ham go‘ring, ham do‘zaxing bo‘lsin,— debdi.
Tuyalarni ham qo‘yib yuboribdi. O‘zi esa qutilganiga shukur qilib elatga qaytib kelibdi va to‘ylar qilib, uylanib, bola-chaqali bo‘lib, yaxshi yashab, murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.