OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Poliz ekinlari va sabzavot

Xo‘ppa semiz,
Bir tuki yo‘q.
(Tarvuz)

Uzoqdan yaldir-yuldur,
Yoniga kelsam qulfi-kalit.
(Tarvuz)

Ko‘kkina qo‘zim, quvanda turib semiradi.
(Tarvuz)

Men ajab hayronman bir narsaga,
Qoziqda boylovli turibdi-yu,
Onasi bolasining qornida.
(Tarvuz)

Jumboq qo‘ydim, jubin top,
Yumaloq biyning otin top.
Tag‘i qo‘ydim, tag‘i top,
Tolli biyning otin top.
(Tarvuz)

Zar-zar to‘ni bor,
Zarbdan panohi bor.
Urdi pichoqni,
Uning ne gunohi bor.
(Qovun)

Bir uyning ichida
to‘rt ko‘rpacha yoyig‘lik turibdi.
Eshigi ham yo‘q, teshigi ham yo‘q,
Mehmon kelsa ochiladi.
(Qovun)

Xilla xiloyim bor,
Janda-kulohim bor.
Boshimga urdilar pichoq,
Mening ne gunohim bor?
(Qovun)

Bozordan bir narsa ol,
Ham o‘zing ye, ham tovug‘ing yesin,
Ham moling yesin.
(Qovun)

Buxorodan kelgan fil,
Orqasidan tasma til.
(Qovun)

Oppoq, semiz, moyi yo‘q,
Terisi qalin, juni yo‘q.
(Oshqovoq)

Qo‘shnimning arqoni devoldan oshib tushdi.
(Oshqovoq)

Pishmaganda mazali,
Pishganda mazasiz.
(Bodring)

Mayda-mayda uzunchoq,
Tashi ko‘k, ichida zirachak,
(Bodring)

Qat-qat to‘nli,
Qarich bo‘yli.
(Karam)

Qat-qat quloq,
Dum-dumaloq.
(Karam)

Yer tagida oltin bosh.
(Sholg‘om)

Yer tagida zar kalapush.
(Sholg‘om)

Kalta bobom ichkarida,
Quloqlari tashqarida.
(Sholg‘om)

Yer tagida chaksa go‘sht.
(Lavlagi)

Yer tagida oltin qoziq.
(Sabzi)

Sari bobom ichkari,
Soqollari tashqari.
(Sabzi)

Qizil qiz yer ostida,
Sochlari yer ustida.
(Sabzi)

Boyning o‘g‘li Boysari,
Soqollari sap-sari.
(Sabzi)

Iyagi yerga qaragan,
Soqoli osmonga qaragan.
(Sabzi)

Past-past bo‘yi bor,
Yetti qavat to‘ni bor.
(Piyoz)

Yer tagida kokilli bachcha.
(Piyoz)

Yer tagida oq sochli boy yotar.
(Piyoz)

Qirq ko‘ylagi bor,
Bir tugmasi yo‘q.
(Piyoz)

Urmasdan yig‘latar.
(Piyoz)

Yer tagida kumush kunda,
Sho‘rva qilsang kelar kunda.
(Piyoz)

Yer tagida yumron qoziq.
(Turp)

Bir barmoqcha bo‘yi bor,
Qizil baxmal to‘ni bor.
(Garmdori)

Qizilgina ko‘zachak,
Ichi to‘la zirachak.
(Garmdori)

Bizlar, bizlar biz edik,
Bizlar bir talay qiz edik,
Bizlarni uzdilar,
Bir ipga tuzdilar.
(Garmdori)

Yer ustida mushtday quyruq.
(Qo‘ziqorin)

Qonga o‘xshash, qoni yo‘q,
Bolasining soni yo‘q.
(Garmdori)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.