OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulloh Mehmon o'g'li

KO'Z YOSH

Diydam ancha qotib qolibdi
Qur'on o'qib yig'lay olmasam
Yuzimga qirq izin solibdi
Nahot Haq deb yig'lay olmasam.

Ummat debon Rasul (s.a.v) yig'ladi
Jannat debon Haqqul yig'ladi
Jahannamdan jasur yig'ladi
Nahot men bir yig'lay olmasam

Do'zax otin so'ndirar ko'z yosh
Dildan gunoh ko'chirar ko'z yosh
Jannatga yo'l ochirar ko'z yosh
Shunda hamki yig'lay olmasam

Mana hayol Haq tomon uchdi
Yiglay deb qo'lim Qur'onni quchdi
Varog'imga bitta yosh tushdi
Nahot duv-duv yig'lay olmasam

Yig'laydigan ishlarimiz mo'l
Tongda turdim yostig'im g'ilch xo'l
Ey Abdulloh sen ham yig'lab ko'r
Hayf, gar Haq deb yig'lay olmasang.


YARATGANGA IBODAT QIL

Bo'lmay desang holi xarob
Ona poyin ayla tavof
Qilar ishing bo'lsin savob
Yaratganga ibodat qil!

Aslo tark etma Jumani
Ranjitmagin ma'sumani
Yomonlama marhumani
Yaratganga ibodat qil!

Tark qilganing minnat bo'lsin
Izlganing sunnat bo'lsin
Maqsading gar jannat bo'lsa
Yaratganga ibodat qil!

Do'stim senga so'nggi so'zim
Kech itoat etdim o'zim
Shukr, ochildiku ko'zim
Sen tez Haqqa itoat qil,
Yaratganga ibodat qil!


TA'RIFIMDA QUR'ON

Yaratganning bizga ulug' inoyati,
Zamirida butun borliq sinoati.
Unda jamdur mo'minlarning shafoati,
Dardga davo, qalblarga nur, shifo Qur'on.

Undan toping har savolga javobingiz,
O'qib, hushu' ila qiling tavofingiz.
Kechalari o'qib tolsin oyog'ingiz,
Kaftda tutib yuzga surting-duo Qur'on.

Oyatlarin har birida minglab hikmat,
Ko'zlaringiz yoshga to'lgay qilib fikrat.
Kimga do'zax olovi-yu, kimga jannat,
Fozillarga rag'bat, yovga jazo Qur'on.

"Ya Sin" o'qing nurga to'la qalb topasiz,
"Taborak"dan qabringizda tinch yotasiz.
"Al-Hashr"dan Haq nomlarin yod olasiz,
Har surasi shafqat, mehrigiyo Qur'on.

Bandalarin ogoh qilib berdi habar-
Ogoh bo'ling ohiratdan ahli bashar!
Rasuliga-salom Haqqa bo'lsin Hamdlar,
Kalomlar ichinda eng rost Kalom Qur'on.


ZAMONA

Boylik, obro' ko'zim boylagan mahal,
Yaqinim ko'rmabman yiroqqa qarab.
Tanda issiq jonim kalovlansa sal
Sendan o'zga yaqin topmadim yo Rab.

Qo'limni cho'zmadim hech bir faqrga
Kelganda qoshimga gado non so'rab
Endi o'zim zorman-sig'mas aqlga
O'zingdan o'zgasi qaramas yo Rab.

Siqilibman biroz kamaysa pulim
Yuguribman darrov chet elga qarab
Iymon bilan o'tdimikan bir kunim?!,
Asli iymonim sen ekansan yo Rab.

"Obro'li" ulfatim mehmon qilibman
Hokisor onamni kulbaga qamab
Puldorni o'zimga do'st deb bilibman
Chin do'stim asli Sen ekansan yo Rab.

Ortga o'girilsam yaxshilik tugul
Namoz o'qimabman tinchligim tilab
Baland imoratni o'ylabman nuqul
Iymon binoyim sen ekansan yo Rab.

Qiyomatda qaro qilma yuzimni
Xijolatdan oldingda qolmay titrab
Ha, deguncha qiyomat davri kelmay
Haqqa yolvoraylik shafoat so'rab.
O'zingdan o'zgaga zor qilma yo Rab.


RAMAZON

Kunda besh vaqt namozga chorlaganiday-azon,
Hush kelding qalbimizga rahmat oyi Ramazon.

Gunohlardan tiyilgum, biroz savob ham qilgum,
Har mo'min musulmonga toat oyi Ramazon.

Birodarlar iffati, aka-uka hurmati,
Mo'minning dil sharbati izzat oyi Ramazon.

Suv ichmayman yonsamda, tuz totmam och qolsamda,
Iftorgacha tolsamda toqat oyi Ramazon.

Musulmonlar vaslisan, chin savobning aslisan,
Sen ming oydan yaxshisan hikmat oyi Ramazon.

Sinalsakda o'ttiz kun, iymonimda bir ustun.
Haq rahmati tufayli rohat oyi Ramazon.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.