OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqahhor Rahimov

Abduqahhor Rahimov 1983 yil, 24 fevralda Marg`ilon shahrida tu`g`ilgan. 1990 yili Marg`ilon shahridagi 3-o`rta maktabga kirib, u yerda 1993 yilgacha o`qidi. Shundan so`ng "Istiqbol" gimnaziyasida 5-sinfdan o`qishni davom ettirdi.

2000 yil tarix fanidan Respublika olimpiadasida uchinchi o`rinni olib , o`qishga beimtihon kirishga yo`llanma oldi. 2005 Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti xalqaro huquq fakultetini bitirgan.

 

MUHABBATNING NASH’ASI BOR

Visolingni ko‘rmoqlikka chog‘lanaman,
To‘xtamasdan o‘z dardimda dog‘lanaman,
Istamagin, lek baribir bog‘lanaman,
Chunki menda muhabbatning nash’asi bor.

Har so‘zingni dilda gavhar deb bilaman,
Xohlasang gar, boshimga ham dor ilaman,
Seni deya, tunda bedor qalb tilaman
Chunki menda muhabbatning nash’asi bor.

Majnun bo‘ldim, Mashrabiydek devonaman,
Rizoliging istab har on ovoraman,
Tong saharda na’ra tortib yplvoraman,
Chunki menda muhabbatning nash’asi bor.

O‘ylamangiz bu so‘zlarim havoyi deb,
Nima bo‘ldi, sevgi deya Navoiy deb,
Aytadurman, muhabbatsiz yovvoyi deb,
Chunki menda muhabbatning nash’asi bor.

SENING ISHQING

Sening ishqing qalbni yoqar hech bir ishqqa o‘xshamas,
Bor vujudni titratsa-da balolardan asragay,
Bunday ishqdan ajralishni inson zoti istamas,
Go‘zal noming yangraganda qalb torlari yayragay.

Jamolingni yodi meni xushyorlikka chorlaydi,
Bu jamolni orzu qilib mijja qoqmam kechalar.
Ming shukurkim sening noming bul yurakda porlaydi,
Eh, bu ishqdan bebahra bo‘lib qolgan nechalar.

To qiyomat bu ishqni asramoqqa va’dam bor 
Vujud yonsin lek bu ishqqa chidamoqqa tayyorman.
Unutsam gar bir soniya ko‘zlarimga dunyo tor
Doim visolingni izlab dunyo kezgan sayyorman.

AYB KIMDA?

Olloh bergan dardga darmon istab inson,
Oq libosli shifokordan kutsa madad,
Rahmon so‘zin olmay, ustun bo‘lib shayton,
Tilla zanjir pulni kutsa u beadad,
Insondami, Zamondami, Kimda ayb?

Ilm istab, tolib bo‘lmoq xohishinda,
Pok qalbi-la ilmgohga borsa odam,
Rahbar hasham shirin hayol og‘ushinda,
Nafs sandig‘in ochib tursa u dam bu dam,
Insondami, Zamondami, Kimda ayb?

Namoz o‘qib, tongda kaftin ochib turib,
Musulmonman degan kishi bersa ribo,
Ayollarda qolmay hayo, bozor ko‘rib,
Ustozlari shayton bersa, darsi-ibo,
Insondami, Zamondami, Kimda ayb?

Bolalikdan katta bo‘lgan do‘st - birodar,
Bir-birini ko‘zga qarab tursa aldab,
Farzandlari kamolini bilmay padar,
Mayning quli bo‘lib tursa, voh beadab,
Insondami, Zamondami, Kimda ayb?

Farz sanalgan ta’lim pulga sotilsa,
Savodsizlik safi borsa kengayib,
Chin haqiqat nodon qo‘lda otilsa,
Olim qo‘rqib tursa bo‘yni engayib,
Insondami, Zamondami, Kimda ayb?

Ziyo kitoblarda bir ibora bor,
Zamon Ollohniki, hech shak-shubhasiz,
Faqat banda uchun nafs bo‘ladi dor,
Nechun inson o`zing, ko‘p qilasan xor
Insondami, Zamondami, Kimda ayb.

QUSH HAM HAVAS QILAR

Afsuslik hissila qushga termuldim
Nechun uchish kuchi berilmas menga,
Qanotim bo‘lsaydi uchib falakka
Yuksakdan qarardim ona zaminga.

Shul dam qalb qo‘ridan otildi bir sas,
Butun vujudimni qamrab alanga,
Ey, odam yashagin sabru-iymon-la,
Qush xam havas qilar hazrat insonga.

TUSHUNMASLAR

Bu dunyoni foniy desang kularlar-u tushunmaslar,
Bor ne’matga shukur qilmay yurarlar-u tushunmaslar.

Kayfu-safo orzusinda haromdan hech hazar qilmay,
Zarni olib davru-davron surarlar-u tushunmaslar.

Iskandar ham bu dunyodan qo‘li ochiq ketsa hamki,
Hashamga boy binolarni ko‘rarlar-u tushunmaslar.

Qiyomatning haqligiga ishonmasdan e’tiborsiz,
Bo‘lsa bordir deya yuzni burarlar-u tushunmaslar.

O‘ZGACHA

Tongda esgan shamollarning shavqi o‘zgacha,
Gullayotgan daraxtlarning lavhi o‘zgacha,
Sokin tanni dardman etib, uqubatlarga,
To‘lib toshgan muhabbatning zavqi o‘zgacha.

Qarilikda eslanuvchi yoshlik o‘zgacha,
Ezgu niyat amallarga boshlik o‘zgacha,
Dunyo ummoniga g‘arq bo‘lganingda
Suyaguvchi qarindoshlik, do‘stlik o‘zgacha.

Mard insonning hayotdagi ori o‘zgacha,
Suyib yashaganning dildori o‘zgacha,
Imoni mukammal aziz insonnning,
Yaratganga bo‘lgan zori o‘zgacha.

TO‘RTLIKLAR

Qalb yonadi dunyo torligin ko‘rib
Qarab to‘yolmayman dunyo kasriga.
Dunyoda yashasak vijdon birla gar
Aylanib qolamiz dilning asriga.

* * *

Hayot o‘zgaradi tun-kun almashar
Inson hayollari bo‘lar parishon.
O‘ylamay insonni vaqt doim shoshar
Lek inson qalbida oltin, sharaf-shon.

* * *

Yuraklarning sadoqati yig‘lab bo‘zladi,
Faqat o‘lim dargohidan malham ko‘zladi,
Dard qa’riga singib ketgan butun umrini 
Yashirdi, lek bu qorong‘u tunga so‘zladi.

O‘TINCH

Yomg‘irjon yog‘aver shitirlab,
Zaminning chanqog‘in qondirib,
Chaqmoqjon chaqaver qalblarda,
Shaytoniy hislarni yondirib.

Quyoshjon nuringni ayama,
Sovuqdan titragan tanadan,
Oymomo yoritgil tunlarni,
Ilohiy nur tarat panadan.


DO‘PPI

Do‘ppi kiyib yurar o‘zbeklar,
O‘zga ellar ko‘zin kuydirib,
Ona yurtda kiymay qo‘ydi-ku,
Kepkasini boshga qo‘ndirib.

Or qildikmi do‘ppi kiyishdan,
Yarashmaydi boshimizga deb,
Xar xilini kiydik uyalmay,
Shlyapa-la boshga berib zeb.

Ajdodlarning ko‘zi qiymagan,
Do‘ppisini yechgani har kech,
Unutmaylik do‘ppi kiymagan,
O‘zbekman deb kerilmasin hech.

DA’VOGAR

Kim o‘zarga tinmay maskanlar qurib,
Yetim haqqin bilmas, uyma-uy yurib,
“Mo‘minman” der mushtin ko‘ksiga urib,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Sharob bo‘lgan joydan hech ham qolmaydi,
“Sog‘liq uchun” maqtab og‘zi tolmaydi,
Xadisni-ku qulog‘iga olmaydi,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Otasidan yashiradi nosvoyni,
Sigaret chekmoqqa topadi joyni,
Izlar “muboh” degan xotamitoyni,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Kasb - hunarda xalol-xaromni bilmas,
Pora va levadan hech hazar qilmas,
O‘zganing haqqidan qo‘rqmas, tiyilmas,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Jigarining xol-axvolin bilmaydi,
Qo‘shnilarin nazariga ilmaydi,
Nochorlarga xayr-exson qilmaydi,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Qeksalikka surib qo‘yar toatni,
Unutadi sabrni, qanoatni,
Ustun qo‘yar irim-sirim, bid’atni,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Tun-kun xayolida pul topish dardi,
Molu-mulki yetti pushtga yetardi,
Topilmaydi exson qiluvchi mardi,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Faqat Ramazonda o‘qiydi namoz,
Farzandiga nasihat qilar oz-moz,
Kibrlanib sadaqa berar biroz,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.

Boshi ro‘molidan qiladi hazar,
Uyalmasdan xar taraf tashlar nazar,
Tanasiga sig‘may ketar zebu-zar,
Musulmonman deya da’vo qilganlar.


O‘YLAR

-    Ochiq chehrali va xushmuomalada bo‘lish kerakligini boshqalardan talab etamiz-u, o‘zimiz jiddiylashib, xo‘mrayibroq yuramiz.

-    Bir zamonlar eri ko‘ziga qarashga botina olmagan onalarning qizlari bugun xunuk so‘zlar bilan so‘kinadigan, eri bilan aytishadigan, hatto unga qo‘l ko‘tarishgacha borayotgani achinarli. To‘yi bo‘layotgan kelinning begona erkaklar ichida o‘tirishi va kuyovjo‘ralar bilan bemalol raqsga tushishi esa odatiy tusga kirmoqda.

-    Yaqinda bir o‘rtog‘im bilan ko‘chada ketayotib, yo‘lning boshqa tarafidan kelayotgan uch nafar o‘zbek qizi bilan yo‘limiz kesishib qoldi. Shu payt ikki qiz oldimizni kesib o‘tib ketaverdi, faqatgina bittasi bizga “o‘tinglar” deb yo‘l berib, turgan joyida to‘xtadi. Momo va buvilarmizdan qolgan yaxshi odatlarimizni tark etmayotgan qizlar ham bor ekan. Haqiqatan buvilarimiz erkak kishini mo‘tabar sanashgani, xatto yosh o‘g‘il bola bo‘lsa ham uni oldilariga tushirib yurishganini ko‘pchiligmiz ko‘rganmiz va eshitganmiz. Yaxshi odatlarimiz yo‘qolmasin ekan.
 
-    Bugungi kunda xatto uy xayvonlari (mol, qo‘y, echki v x.k.) shom vaqtida o‘z makoniga qaytib kelayotgan bir paytda, ko‘plab odamlar tirikchilik deb ko‘cha kezish odatini chiqargan bo‘lsa, yana ba’zi insonlar diskoteka, bar, restoran va tungi kafelarda tunlarni tonglarga ulamoqda. Yoshligimda kattalardan “shomdan keyin ko‘chaga chiqishi durust emas” deb eshitardim.

-    Agar barcha narsani tirikchilikka bog‘laydigan bo‘lsak, o‘g‘ri ham tirikchilik uchun o‘g‘rilik qilishi, firibgar ham tirikchilikni ro‘kach qilishi va xakozolar ma’lum bo‘ladi. Shu sababli, tirikchilik deb e’tiqod va aql chegarasidan chiqmagan ma’qul. Chunki rizq yaratgandan, garchi inson 24-soat tirikchilik bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, bir tishlam ham non topa olmasligi mumkin.  

-    Luqmaning xalolligi, ya’ni xalol kasb orqali tirikchilik qilish, avvalo o‘zimizning, qolaversa farzandlarimizning kelajagiga ta’sir etishini xayotning o‘zi isbotlamoqda.

-    Qarang, bugungi kunda qiz bolalarning to‘y ko‘ylagini ijaraga berish va ayollarning ichki kiyimlarini sotish bilan tirikchilik qiladigan erkaklar toifasi shakllanib ulgurdi.

-    Odamzod doimo o‘z tanasi uchun mas’ul ekanligini his etib yashashi zarur. Qo‘llar, oyoqlar, yurak, ko‘z va barcha boshqa tananing ichki va tashqi a’zolarini asrab-avaylaylik.

-     “Ko‘rsatuv 2013 yil 31 dekabrdan takroran namoyish etildi” - bu jumlani nufuzli telekanalda qayta - qayta namoyish etilganini ko‘rib, yangi o‘zbek tili shakllanayapti ekan deb o‘ylab qoldim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.