OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

04.12.2004. UKRAINA SAYLOVLARI DUNYO NIGOHIDA (arxiv)

Ukrainada o‘tgan prezidentlik saylovi butun dunyoni o‘ziga qaratdi. Ukrainada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichidan so‘ng yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronni hal qilishga qaratilgan harakatlar esa, davom etmoqda. Ukraina parlamenti – deputatlarining ko‘pchiligi Bosh vazir Viktor Yanukovich hukumati iste’fosini istamoqda.

450 nafar deputatdan 229 nafari Yanukovichning iste’foga chiqishi uchun ovoz bergan. Parlamentda yashirin ovoz berilgani bois, kimlar unga qarshi ovoz berganini bilish qiyin. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Yanukovich tarafdorlarining ayrimlari Yushenko tarafiga o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina konstitutsiyasining 115-moddasiga ko‘ra, parlamentning hukumat iste’fosini talab qilgan qarorini prezident bekor qila olmaydi. Ukrainaning amaldagi prezidenti Kuchma parlament hujjatini qabul qila olmasligini bildirgandi. Huquqiy tomondan qaraganda prezident Kuchma haq. Chunki mavjud qonunlarga ko‘ra parlament faqat bir yil faoliyat olib borgan hukumatga ishonchsizlik bildirishi mumkin. Hukumat faoliyatiga esa, endi yetti oy to‘ldi.

Seshanba kuni Viktor Yanukovich agar saylov qaytadan o‘tkazilsa, unda ishtirok etmasligini bildirgandi. 
Xabaringiz bor, shu hafta boshida MSK Viktor Yanukovichni saylov g‘olibi deb e’lon qilgan edi. Hozirda Yushenko tarafdorlari prezidentlik saylovini qayta o‘tkazish kerakligini ta’kidlamoqda.

Ularning aytishicha, yangi saylov 12 dekabrda bo‘lib o‘tishi lozim. YeIga boshchilik qilayotgan Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Bernardt Bot prezidentlik saylovini qayta o‘tkazish kerakligini ta’kidlab, u qancha tez o‘tkazilsa, shuncha yaxshi, deb aytdi.

Ayni vaqtda Ukrainaning turli hududlarida norozilik namo-yishlari davom etayotganini aytib o‘tish lozim. Muxolifat tarafdorlari hukumat va Verxovniy Rada binolarini yana qurshovga olmoqda. Ukrainaning bu bo‘hrondan chiqib ketishi uchun xalqaro tashkilotlar ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q.

AQSh prezidenti Jorj Bush Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlarning Ukrainadagi siyosiy bo‘hronni hal qilish yo‘lida qilayotgan harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Hatto Jorj Bush Ukrainadagi vaziyatni Polsha prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy bilan telefon orqali o‘tkazgan suhbatida muhokama qildi. Polsha rahbari Ukraina poytaxtiga vositachilik missiyasi bilan safar qildi.

Xuddi shunday maqsad bilan Kievga Litva prezidenti Valdas Adamkus, YeXHT Bosh kotibi Yan Kubish ham tashrif buyurdi. Ular bevosita Kievda Ukraina prezidenti Leonid Kuchma bilan uchrashdilar. Shu bilan bir qatorda Yevropa Itifoqi rahbariyati a’zosi Xaver Solana ham Kievda Leonid Kuchma bilan uchrashib, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, Leonid Kuchmaning Ukrainadagi siyosiy inqirozni bartaraf etishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvatlashini bildirdi. Moskvada Kuchma bilan Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy Moskva Ukrainani bo‘linishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatdan qattiq tashvishda ekanini bildirgan. Shu bilan birga prezidentlik saylovining takror o‘tkazilishi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin, deya fikr bildirdi Rossiya prezidenti. «Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichini takror o‘tkazish ham hech qanday natija bermasligi mumkin. Demak, tomonlardan biri istagan natijaga erishgunga qadar uni uchinchi, to‘rtinchi yoki 25-marta o‘tkazish kerak bo‘ladimi?» – deb fikr bildirgan Putin.

Bundan tashqari Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Germaniya tashqi ishlar vaziri Estoniyaning Pyarnu shahrida uchrashib, Ukrainadagi voqea-hodisalarni muhokama qilishdi.

Estoniya tashqi ishlar vaziri Kristina Ojulandning aytishicha, uchrashuv ishtirokchilari bir ovozdan Ukrainadagi demokratik kuchlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ular shuningdek, voqealar tinch yo‘l bilan hal qilinishi va iloji boricha tezroq yangi saylovlar o‘tkazilishiga umid bildirishdi.

Hozirda Oliy sud muxolifatning prezidentlik saylovi jarayonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqmoqda.

Sherzod AHMATOV

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.