OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

08.12.2004. UKRAINADA UCHINCHI MARTA PREZIDENTLIK SAYLOVI (arxiv)

unda adolat qaror topishi muqarrar

Ukrainada bo‘lib o‘tayotgan saylovning ortidan kelib chiqayotgan siyosiy bo‘hron yana 26 dekabrgacha davom etishi mumkin. Chunki 3 dekabr kuni Ukraina Oliy sudi 21 noyabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi natijalarini bekor qildi. Oliy sud qaroriga ko‘ra, saylovning ikkinchi bosqichi uch hafta ichida, ya’ni 26 dekabrgacha qaytadan o‘tkazilishi kerak.

Mahkama raisi Anatoliy Yeremaning aytishicha, sud qarori qat’iy va u o‘zgarmaydi. Ukraina Oliy sudi muxolifatning prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lib yozgan shikoyat arizasini besh kun davomida ko‘rib chiqdi va nihoyat saylovning ikkinchi bosqichi qaytadan o‘tkazilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Oliy sudning bu qarori muxolifat nomzodi Viktor Yushchenko va uning ikki haftadan buyon uzluksiz namoyishlarni davom ettirib kelayotgan tarafdorlari uchun qaysidir ma’noda g‘alaba bo‘ldi deyish mumkin. Chunki uning tarafdorlari aynan shuni xohlayotgan edi.

Bu sud qarorini muxolifatning minglab tarafdorlari Kiev ko‘chalarida ashula va musiqalar bilan qarshi oldi. Yushchenko esa, bu qarorni «zarg‘aldoq inqilob» deb baholadi. U sud qaroriga munosabat bildirar ekan, «Biz Ukrainada fuqaroviy jamiyat mavjudligini isbotladik», - deb ta’kidladi. Ukraina Oliy sudi raisi Anatoliy Yerema qarorni e’lon qilishi bilan birga, saylovning ikkinchi bosqichi qayta o‘tkazilishi kerakligini ham ma’lum qildi.

«Markaziy saylov komissiyasiga Ukraina prezidentlik saylovi haqidagi qonunning 85- moddasi 1-qismiga ko‘ra, 5 dekabrdan uch hafta o‘tib qayta saylov o‘tkazish vazifasi yuklansin», deyiladi qarorda. Oliy sud qarori e’lon qilingach parlament a’zolari uchrashib, saylovni qayta o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga kirishdilar.

Bundan tashqari Yushchenko tarafdorlari Markaziy saylov komissiyasining 15 nafar a’zosi o‘zgartirilishi va saylovda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini ta’kidlashmoqda. Ular, shuningdek, prezidentlik vakolatlari tugayotgan Leonid Kuchma Yanukovich hukumatini vazifasidan ozod etib, o‘rniga yangi hukumat tayinlashini ham talab qilmoqda. Shu yerda bir narsani eslatib o‘tish kerakki, o‘tgan hafta boshida Ukraina parlamenti Yanukovich hukumati iste’fosi uchun ovoz bergan edi.

Ukraina Bosh vaziri Viktor Yanukovich esa, Oliy sud qarorini mamlakat konstitutsiyasiga zid, deb baholadi. Uning aytishicha, sudning bunday qaror qabul qilishiga ko‘chadagi namoyishchilar bosimi sabab bo‘lgan. Viktor Yanukovichning e’tiroficha Oliy Mahkamaning qarori qanday bo‘lmasin, uning qayta saylovlarda ishtirok etishdan o‘zga chorasi yo‘q.

Sharqiy Ukrainadagi Yanukovich tarafdorlari ham Oliy Mahkama qarorini nohaq, deya o‘z e’tirozlarini bildirmoqdalar. Sharqiy va Janubiy mintaqalar rahbarlari Xarkov shahrida uchrashib, Viktor Yanukovich ham, Viktor Yushchenko ham qayta saylovlardan o‘z nomzodlarini qaytarib olsin, deganlar.

Bu yig‘inga to‘planganlar Sharqiy va Janubiy Ukraina mintaqalari uchun kattaroq muxtoriyat talabini yana takrorlagani haqida ayrim manbalarda aytilmoqda. 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar muxolifat vakillari va g‘arblik kuzatuvchilar tarafidan qonunbuzarliklar bilan kechgan, deya tanqid ostiga olingandi.

Keyinroq esa, Bosh vazir Viktor Yanukovich kichik farq bilan g‘alaba qozongani e’lon etilgach, muxolifat tarafdorlari ommaviy noroziliklarni boshlagandi. Saylov natijalarini bekor qilish borasidagi Ukraina Oliy Mahkamasi qarorini Moskva vakillari mamlakatni ikkiga bo‘lib yuboradigan qadam, deb tanqid ham qilib chiqdi.

Sudning bu qaroridan bir kun oldin Moskvada Ukraina Prezidenti Kuchma bilan uchrashgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin saylovning ikkinchi bosqichini takror o‘tkazish hech qanday natija bermasligini aytgandi.

AQSh hukumati Ukraina Oliy sudi qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda. Oq uy hamda Davlat Departamenti bu qarorga darhol munosabat bildirdi. «Sud qarori xalq irodasiga muvofiq demokratiya tomon tashlangan muhim tinch qadam bo‘ldi. Bu xalq irodasi ustun chiqqani uchun ham muhimdir.

Sudning qarori maqsadga erishish yo‘lidagi siyosiy va huquqiy jarayonning bir qismidir», — dedi AQSh Prezidenti Matbuot vakili Skott Mk-Klellan. Davlat Departamenti matbuot vakili Richard Baucher esa, Ukraina xalqi va hukumatini saylovning ikkinchi bosqichi qayta o‘tkazilishida soxtakorlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Sherzod AHMATOV

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.